Vahob Rahmonov. Sohibqiron suhbatiga erishgan alloma (2010)

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining o‘tgan yil oktyabr oyida amalga oshirilgan rejasidan Kunar shahrining o‘rin olishiga «Boburnoma»dagi ushbu satrlar sabab bo‘lgandi:

«Yana bir tuman Kunardur. Bu tuman Lamg‘onotdan boshqacharoq bunyod topgandir… Mir Sayyid Ali Hamadoniy rahmatulloh sayohat qilib kelib, Kunardan bir shar’iy (3km.) yuqoriroqda vafot etganlar. Muridlari bu yerdan Xatlonga eltibdilar. Olamdan ko‘z yumgan yerlari hozir bir mozor bo‘lib qolgan. 925 (1519) yili kelib Chag‘onsaroyni olganimda, bu joyni tavof qilib edim».

Ushbu ma’lumotni o‘qiganimda ulug‘lar haqidagi qaydlarda «siz»lashni qo‘llamagan Bobur Mir Sayyid Ali Hamadoniy haqida nega bunchalik katta ehtirom izhor etgan ekan, deb o‘ylab qoldim. Va bu andisham bejiz emasligini taniqli afg‘on olimasi Shafiqa xonim Yorqin nashrga tayyorlagan «Bobur Devoni» kitobidagi Boburning Mir Sayyid Ali Hamadoniyga bag‘ishlangan she’rini ko‘rganimdan so‘ng anglab yetdim. Ruboiy mazmuni:

Bu maqbara sohibini har sohada oqil bil.
Har qayg‘uyu hasratda u barchani qo‘llaydi.
Men senga aytayinu sen buni anglab olgin,
Ali farzandiyu Hamadon amiridir.

Hamadoniy maqbarasini ziyorat etishga musharraf bo‘ldik.

 

Buyuk alloma maqbarasi…

Mir Sayyid Ali Hamadoniy (Hamadon shahri hokimi Sayyid Shahobuddin oilasida 1314 yili dunyoga kelgan va 1386 yilda vafot etgan) Badaxshon va Hindiston, xususan, Kashmir o‘lkalarida islom dini va ma’rifatini yoygan mashhur siymo bo‘lgan.

U islom ma’rifatida o‘zi kabi ko‘plab sobit shogirdlar yetishtirdi: Xoja Ishoq Xatloniy, Nuriddin Ja’fari Badaxshiy, Mir Sayyid Bayhaqiylar shular jumlasidandir. Ulug‘ allomaning ikki yuzga yaqin islom va tasavvuf, axloq, fiqh va falsafaga oid asarlari ma’lum. Shulardan yirik va muhimlari «Zaxirat ul-muluk» (Podshohlar xazinalari), «Mir’ot ut-tolibin» (Toliblar ko‘zgusi), «Sayr ut- toibin» (Toiblar sayri), «Risolai zikriya», «Odob ul-mashoyix» (Shayxlar odobi), «Maktuboti amiriya», «Maqomoti so‘fiya», «Haft vodi» (Etti vodiy), «Risolai istilohoti so‘fiya» (So‘fiylik istilohlari risolasi), «Minhoj ul-orifin» (Oriflarning to‘g‘ri yo‘li), «Sharhi fusus ul-hikam» va boshqalardir.

Axloq-odob masalasi hamma zamonlarda hayot-mamot masalasi bo‘lib kelgan. Kishining baxtiyor yoki baxtsiz bo‘lishi uning axloqi natijasidir. Shuning uchun Mir Sayyid Ali Hamadoniy kishilarni yumshoq tabiatli, hayoli, odobli, kechirimli bo‘lishga da’vat etadi.

«Minhoj ul-orifin» asari ezgu pand-nasihatlarga boy kitoblardan biridir. Alloma Imom Ja’fari Sodiqdan rivoyat keltirib, u kishi besh toifadagi odamlar bilan do‘stlashmaslik kerakligini uqtirganlar, deydi.

Mir Sayyid Ali Hamadoniy diniy ma’rifat, iymon, insof, ma’naviy kamolot, darveshlik odobi va mohiyati, fiqhiy masalalarda ham muhim fikrlarni o‘z asarlarida yoritgan.

 

Amir Temur va Mir Sayyid Ali Hamadoniy

Mir Sayyid Ali Hamadoniy yashagan zamonda uning ona shahri Hamadon ham Amir Temur tasarrufida edi. Sohibqiron bobomizning harbiy safarlari sahifalariga nazar solsak, aziz-avliyo qabr-maqbaralarini ixlos bilan tavof qilgani, tirik so‘fiy, darvish yoki pirlarni safarlarda kamoli ehtirom bilan ziyorat etgani, Samarqandda — poytaxtda esa nufuzli majlislarining ziynati Amir Temurning pir-murshidlari va boshqa donishmandlar bo‘lganliklari ma’lumdir. “Tarixi Rashidiy” tarjimasiga rasm-miniatyuralar izlayotgan paytimizda «Sharq miniatyurasi» (G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1980) kitobidan aynan biz kutgan voqea: Amir Temur va Mir Sayyid Ali Hamadoniyning suhbatlashib o‘tirgan rasmlari chiqib qoldi.

XV asr oxirlari va XVI asr boshlarida Hirotda fors tilida yozilgan «Majolis ul- ushshoq» (Oshiqlar majlisi) nomli kitob Markaziy Osiyo ilmiy markazlarida ko‘p nusxada saqlangan. Kataloglarning biriga qarasak, bu kitob muallifi Sulton Husayn Boyqaro deb ko‘rsatiladi; boshqasini varaqlasak, bu kitob ijodkori Kamoliddin Husayn Gozurgohiy deb qayd etilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu borada “Boburnoma”ni varaqlasak: Zahiriddin Muhammad Bobur mualliflik masalasini Kamoliddin Husayn Gozurgohiy foydasiga hal qilgan.

«Sharq miniatyurasi» kitobining «Majolis ul-ushshoq»dan olingan bizga kerakli sahifadagi izohlarni ko‘chiramiz: «Amir Temurning Amir Sayyid Ali Hamadoniy bilan bo‘lgan bahsda yenggani». O‘rta Osiyo uslubi. 1606 yil. «Majolis ul-ushshoq» (Oshiqlar majlisi). Sulton Husayn Boyqaroga nisbat beriladi… Xattot Mir Solih.

Endi «Majolis ul-ushshoq» kitobidan olingan parcha tarjimasi bilan tanishamiz: bir kun u hazrat (Mir Sayyid Ali Hamadoniy)dan buyuk Amir Temur so‘radilar: «Nega boshingizga qora mato chirmagansiz? Bunda qanday hikmat bor? Va buning ma’nosi nimada?” Mir Sayyid Ali Hamadoniy hazratlari aytdilarki: «Nafsimni o‘ldirib, unga motam tutyapman». Hazrat Amir Temur so‘radilarki: «Nafs o‘ldiriladiganmidi yoki o‘ldirilmaydiganmidi? Agar o‘ldirilmaydigan bo‘lsa, nega uni o‘ldiradilar? Agar o‘ldiriladigan bo‘lsa, nega unga motam tutadilar?»

Shunchalik yirik kamolot egasi bo‘lgan alloma ushbu savol-javobda ojiz qoldilar.

Bu yerda kechayotgan fikr shohmoti tahliliga kirishaylik: «Alloma: «O‘ldirilgan nafsimga motam tutyapman», dedi. Odatda, komil insonlar nafsni o‘ldirishni yuksak g‘alaba deb biladilar va bundan quvonadilar. Shayx esa, aksincha, motam tutmoqda. Ana shu mantiqqa zid holatdan Amir Temur zukkolik bilan foydalanib, «O‘ldirilgan nafsga nega motam tutasiz?», degan e’tirozli savol bergan va alloma o‘z fikriy ziddiyati tuzog‘iga ilinib qoladi.

Biz ushbu rasm va kitob matnini o‘quvchilarga havola etar ekanmiz, maqsadimiz buyuk allomaning Sohibqiron Amir Temurdan yengilganini qayd etish emas, albatta.

Amir Temur o‘z atrofiga, majlislariga taniqli ulamolar, mutafakkirlarni jalb etgani ushbu rasmdagi manzaradan ko‘rinib turibdi. Amir Temur Mir Sayyid Ali Hamadoniyning izzat va hurmatini juda o‘rniga qo‘yib, o‘zaro ilmiy suhbat uyushtirgan. E’tiborlisi shundaki, Amir Temur savoli chuqur ilohiy yoki irfoniy mavhum masala yuzasidan emas, balki shundoqqina ochiq-oydin, olim boshidagi sallaning rangi-tusi haqida, xolos. Hamadoniy javobi esa, olimona, juda orifona: «O‘ldirilgan nafsimga motam tutyapman». Endi Amir Temur savolni mantiqan teranlashtirib beradi va alloma bu teranlikning tubiga yetolmay, lol qoladi.

Rasmda Hamadoniyning shuhrati uning yonidagi darveshlarning zikru samoga tushib turganliklarida ham yaqqol sezilmoqda.

Miniatyuradan biz ikki o‘rtadagi suhbat odobini kuzatamiz: Amir Temur yuksak taxtda emas. Shunchaki ostida to‘shak bor. Unda hukmdorga xos hashamatli kiyim ham, dabdabayu as’asa ham yo‘q. Amir odmigina kiyimda butun diqqat-e’tiborini olimga qaratgan. Uning yonida davlat arkonlari ham ko‘rinmaydi. Rassom suvrat markaziga olim va ilmparvar shohni yonma-yon qo‘ygan. Tasvirda hatto davlatning dindan ustunligiga ishora qiluvchi biror detal ham yo‘q (agar Amir Temur ostidagi to‘shakni aytmasak). Faqat Amir Temurning mantiqiy zakosi Hamadoniydek allomani hayratga solgan va javobga ojiz qoldirgan.

Kamoliddin Behzod maktabiga mansub bo‘lgan rassomning ushbu miniatyurasidan san’atshunoslik nuqtai nazaridan bir necha nuqsonni kuzatish mumkin. Eng qo‘polrog‘i ikkita:

birinchisi: savolda salla qora rangda edi, rasmda esa… Mir Sayyid Ali Hamadoniy oq sallada.

ikkinchisi: miniatyuradagi sharqona noziklikka so‘rining qizilyog‘och panjaralari singishmay turibdi.

Bulardan qat’i nazar, musavvir mahoratiga tan beramiz: mavzu, g‘oya puxta ishlangan.

Rassom san’atga — tasvirga tazod, zidlash usulini olib kirgan. Muhitda hukmfarmolik — Hamadoniy boshliq guruhda. Amalda esa Amir Temur osudaligi va zakosi tufayli to‘la-to‘kis g‘alaba qilgan.

Bizga Amir Temurning hayoti sahifalari, jangi jadallari, tuzuklari, tajribalari va o‘gitlari ma’lum edi. Miniatyurachi musavvir Sohibqiron Amir Temur siymosining bahsda o‘ta madaniyatli bo‘lgan yangi qirrasini ham bizga namoyish eta olgan.

Vahob Rahmonov,

Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 15-sonidan olindi.