QO‘ShRABOT
Qo‘shrabot. Bu — men tug‘ilib, kindik qonim tomgan tuproq. Bu — Ergash Jumanbulbul, Rahmatullo Yusuf o‘g‘li kabi bulbullarning yurti. Bu — akademik Toshpo‘lat Shirinqulovni yetishtirgan go‘sha. Hozirgi kunda taniqli rahbar va mohir mutaxassis bo‘lib yetishganlarning ko‘plari shu tog‘u dasht, yastanib yotgan yaylovlarning beg‘ubor havosiyu mehrini, zilol bulog‘u, muzdek quduq suvini simirib ulg‘aygan insonlardir.
Shu maqtanishnamo ta’rifning o‘ziyam ancha tasavvur berar. Biroq Nurota tog‘ tizmasining etaklari aro suvli, aniqrog‘i buloq suvi chiqqan sayxonlik hamda adirlar bo‘ylab joylashgan o‘nlab qishloqlar, g‘allazor, keng yaylov hamda qo‘shrabot, Zarkent, Jo‘sh qo‘rg‘onlarida yashab mehnat qilayotganlar — yuz mingdan ortiq aholi — shu Qo‘shrabot, shu —qo‘shrabotliklar. Mamlakatimizning deyarli barcha o‘quv va ilmiy dargohlarida faoliyat yuritayotgan o‘nlab fan doktori, professor, minglab fan nomzodlari (bu gapni mubolag‘asiz aytayotirman) asl fidoyilar, shoiru qalamkash, jurnalistlar. Bular ham Qo‘shrabot farzandlari.
Xususiy tomorqalarni aytmasa boshqa joylar hammasi lalmikor yerlar. Bu yerlarga asosan boshoqli don ekinlari: bug‘doy, arpa, qisman maxsar ekiladi. Bug‘doyning ham lalmiga mos “surxok” navi ekiladi. Boshqa navlardan hosil undirish qiyin.
Bultur tumandagi fermerlar chakki hosil olishmadi. Tuman hokimi T.Astonovning ta’kidlashicha, 30 tsentnerdan oshirib hosil ko‘targanlar ham bo‘ldi. Bu yaqin yillar ichida quloq eshitmagan gap.
Lalmikor yerda yashayotganlar yaxshi biladi: bular — osmonga qarab Xudodan imdod kutib yashaydigan odamlar. Ko‘klam quruq kelsa — ishlar pachava. Endigina quloq yozgan maysalar ham sarg‘ayib joyida qotadi. Dag‘al xashakning tayini bo‘lmaydi. Yantoq, qo‘ziquloq, birda-yarim shuvoq so‘ppayib qad ko‘taradi, xolos. Qayoqqa qaramang — tap-taqir. Chang-to‘zon ko‘tarib shamol o‘ynaydi. Buloqlarning suvi kamayib, ba’zan qurib ham qoladi. Odamlar tashvishga tushadi. Ayniqsa, dashtda g‘allaning bo‘yi o‘smay qolib ketsa, bundan battari yo‘q. Sababi aholi ham dondan, ham somondan quruq qoladi. Ro‘zg‘ori obodligi chorva hamda bug‘doyga bog‘liq odamlar qiynalib qolishini tasavvur qilavering. 2000 yildan 2003 yilgacha qatorasiga uch yil qurg‘oqchilik kelib, qo‘shrabotliklar qay ahvolga tushganlarini ko‘zim bilan ko‘rganman. Minglab odamlarning ko‘nglida unsiz bir o‘tinch yotadi: “Yomg‘ir yog‘dir, Xudoyim!”
YuRT SARI
Qayerda bo‘lsang ham oq sut berib o‘stirgan onang, beshikda big‘illab yig‘laganing paxsadevor uying, bolalik qadrdonlaring — teng-to‘sh jo‘rayu qarindoshlaringni sog‘inasan, ko‘nglingning bir chekkasi doim ularga tortib turadi. Go‘dakligingda chang to‘zitib o‘ynaganing so‘qmog‘u yolg‘izoyoq yo‘l, daraxt, butayu tosh, jaru sayhonlar, buloqlar — bari-bari go‘yo tirik qadrdoningdek oylar, yillar osha o‘ziga chorlaydi, chorlayveradi.
Bu gal ham xizmat safari bahona atayin bola-chaqa bilan yo‘lga chiqdim. Navro‘z o‘tdi. Qo‘shrabotda Navro‘z o‘ziga xos saylga aylanadi. Samarqand yo‘li bilan qirlar osha Qo‘shrabotga tushib kelaversang, dastavval Qo‘shyog‘och qishlog‘iga duch kelasan. O‘ng tomon nish urib ko‘kargan g‘allazor, chap tomoning katta qir, adirlardan iborat dasht. Ana xuddi shu joyda katta-katta ikki kamar bor. Kamar deganimiz oyoq tomoni yalangligu qolgan tomoni qirlar bilan o‘ralgan joy. Birinchi kamar keng, yoyiq. Xuddi shu joyda ertalabdan tomoshalar, ashulachiyu sportchilarning chiqishlari karnay-surnay sadolari ostida boshlanib ketadi. Soat o‘n-o‘n birlarga qarab keyingi kamarda ko‘pkari o‘yini boshlanadi. Chavandozlarning asl, halol olishuvi. Bu yerga samarqandliklardan tashqari qo‘shni Jizzax, Qashqadaryo viloyatlaridan ham polvonlar tashrif buyuradi. Adirni to‘ldirib ot chopayotgan yuzlab chavandozlarning “hayo-huyt” ovozlari, tomoshabin bo‘lib turgan minglab yoshu qarining “Hayda, falonchi polvon!”, “O‘rga qarab hayda!”, “O‘ngga qarab bur!”, “Jilovni qo‘y, qamchini bos, qamchini!” degan da’vatli qiyqiriqlariga qo‘shilib ketadi.
Ko‘pkari. A’zaldan, ota-bobomizdan qolgan xalq o‘yini. Asl polvonman deganlarning halol olishuvi. Shu olishuvlar bois “polvon” deb nom chiqarganlar qancha: Ismat polvon, Mustafo polvon, Elibek polvon, Ko‘liboy polvon. Ular chopgan otlar ham o‘zlaridek mashhur: qorabayir, qizil saman, Ergashning to‘rig‘i… Laqablari-chi: “Pistolet”, “Suvilon”, “Kon’yak”…
U polvonlardan bugun kim bor, kim yo‘q. Ismat polvon o‘n yetti yil avval ko‘z tegib ko‘pkarida vafot etdi. Bugun uning ikki o‘g‘li Nizom polvon va Jalol polvonlar har qanday to‘dadan uloqni uzib chiquvchi haqiqiy chavandozlarga aylanishdi. Bular qatorida bugun Sherali, G‘affor,Husan polvonlarni ko‘rish mumkin.
Bu yilgi Navro‘zda naq yer yorilib odam chiqdi. Taxminan ellik-oltmish ming odam to‘plandi-yov. Bu xalqning o‘z o‘yinlariga naqadar ixlosmandligini, qolaversa, kayfiyatini ifodalamaydimi?
YILBOShI
Qadimda xalqimiz Navro‘zni Yilboshi ham degan. Bu nom qo‘shrabotda hanuz saqlanib qolgan. Qishlog‘imizni Quvkalla deyishadi. Unga yondosh kichik qishloqcha tag‘in boshqacha — Zulmon ota. U yerda o‘ttiz xo‘jalik istiqomat qiladi. Yilboshida hamqishloqlar qishloq mollari uchun cho‘pon tayin qilishadi. Ahil qishloq qirda, bo‘zloqda bola-chaqa, ahli ayolu yoshu qari ko‘klam taomlari: pidina pichak, oshkadi pichak, makka go‘ja, sumalak, so‘ngra samarqandcha sersabzi palovni tushirib olib, qo‘llarini artgach, muddaoga ko‘chadilar: xo‘sh, bu yil mollarimizni kim boqadi?
Albatta, bunday chog‘da o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloq odamlari ichida bo‘lsam ham, darhol begonaligim yohud bu kishilar “Toshkentdan kelgan mehmon” oldida bu masalani muhokama qilishga iymanayotgani seziladi. “Bir chekib kelish” bahonasida o‘choq boshidagi tengqurlarim yoniga chetlanaman…
Bir vaqt sakson besh yoshni qarshilagan hoji Ashur bobo meni imlab qoladi:
— Hoy, Sobir, bermon kel, masalamiz hal!
Borsam, Nurjon degan yigit – jo‘jabirday ushoq mollarni boqishni osongina bo‘yniga olibdi. Qoramolga ega chiqmabdi. Mayli, buni navbati bilan o‘zimiz boqarmiz, bir oyda bir marta navbat kelar ekan, eplarmiz, deyishibdi.
— O‘zimiz yomon bo‘pketganmiz, Sobirboy, — deydi Ashur bobo. — Nafsimiz chatoq, qiru o‘rdagi qancha yer bo‘lsa haydatib, chetan o‘rab oldik. Bir xillar azbaroyi boshqalardan qizg‘angani uchun yer egallab olgan, biron narsa ekmaydiyam, yer buzilgani uchun ichida boshqa xashak-pashak ko‘karmaydiyam. Axir shu joylar avval yaylov edi-ku. Davlatning o‘n minglab qo‘ylari, yuzlab qoramolu yilqilari bemalol o‘tlab yurardi-ku. Endi faqat tosh-chag‘at joylargina qoldi. Mol jonivor o‘tlay deb chetan oshib ketsa bormi — ko‘ring g‘urbatni. Shu tufayli cho‘pon bo‘laman deb ko‘krak kerib chiqadigan ham qolmadi.
Gap aylanib qishloq oqsoqoli haqida so‘z bo‘ldi. Xudoga shukr, Zarmitan konining ish hajmi kengayib, yuzlab yoshlar ish bilan ta’minlanyapti. Katta miqdorda maosh ham olishyapti. Ammo to‘ylarimiz bor — bularni tartibga olmasa bo‘lmaydi. Yo‘llarimiz buzilib ketdi — tuzatish kerak, har yili sel kelib ko‘priklarni olib ketadi — hashar qilib bo‘lsayam odamlarni uyushtirib, bu ishlarni qilish kerak va hokazo.
Yoshligida chavandoz polvon bo‘lgan Berkin aka Bekqulov cho‘zib o‘tirgan oyoqlarini yig‘ishtirib birdan gapga tushib ketadi.
OQSOQOL
— Og‘ayni, odamzotga bosh kerak, bo‘lmasa qiyin ekan. Mana, Prezidentimiz Islom akaning otasiga rahmat! O‘zbekning boshini qovushtirib, manaman degan davlat qildi-ku. Shu inson omon bo‘lsin, bizni qiyinchiliklardan olib chiqadi, ana ko‘rasan, der edim. Hay, tepamda Xudo, shunday ajoyib kunlargayam yetdik — birovdan kam joyimiz bormi, a? Ayt, kimdan kammiz?
Biz endi dunyo ko‘rmaganmiz. Bola-chaqa, ko‘pkari deb, u yer-bu yerni sindirib, oxirgi vaqtda tayyorlov idorada ishlab, birovdan nari, birovdan beri — shu joyga yetdik. Xudoyimga ming shukr, bolalar uyli-joyli, eng muhimi — zamonimiz tinch. Non, uy, maishat — tinchlik bo‘lib tursa o‘zi kelaverar ekan eshigingni qoqib.
Endi, jo‘ralar, men bir o‘tirik aytay.
Ko‘p yillar “Pangat” xo‘jaligining, “Biopunkt”ning direktori bo‘lgan rahmatli Husan Hakimovni hamma yaxshi eslaydi. Badjahl, qo‘rs deb aytishar edi. To‘g‘ri, birov bilan el bo‘lib qo‘ltiqlashib ketavermas edi. Tayyorlov idorasida ishlagan vaqtimda ikkovimiz bir-ikki hamsuhbat bo‘ldik. U odam uncha-munchani xush ko‘ravermasdi, lekin meni ikki marta o‘zi izlab kelib, hangoma qilib ketdi. Shu o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman, qo‘y so‘yay deyman, “O‘tir, gaplashaylik, tashvish tortma”, deydi. Oxirgi gal bir kosa sho‘rvaga tegirmoni nonni bo‘ktirib olib, aka-uka obdon gurungni urdik. “Berkinboy, — deydi, — men o‘zim ishini, qilgan yaxshiligini minnat qiladigan odamni yomon ko‘raman. Biroq ikkitagina minnatimni aytib qo‘yay: bir o‘zim bilaman, bir Xudoyim biladi, bu yog‘i yosh ham ketdi, qaridim, senga aytsam bo‘laverar. Ko‘p bilan ishlash og‘ir, halol odamning boshini siladim, biroq nafsi hakalak otganlarni jilovlashday qiyin ish yo‘q dunyoda. Raykom qo‘ymadi, Yo‘ldoshboyni xirmon mudiri qilib ishga oldim. Mavsum yarim bo‘lmay ming sintir g‘alla yo‘q-da — sotib yeb qo‘yibdi. Hamma ishni to‘xtatdimu, borib, “Jami g‘allani taroziga solasan”, deb turib oldim. Sovuq o‘tib ketgan boladay dag‘-dag‘ qaltiraydi. Naq ming sintir kam. “Aka, uyim kuydi!” deb yig‘laydi. “Nafsingga o‘t tushsin, uying kuysin! Qamalasan endi!” dedim. Idoraga kelib o‘yladim: rostdanam qamalib yo‘q bo‘pketadi-ku. Shartta “Qizil qo‘shin” bo‘limining mudiri Jomonboyni chaqirtirdim. Besh yuz sintir g‘allaga akt yozib kelasan dedim. Peshonasidan o‘qlog‘day-o‘qlog‘day ter otildi. Nega demadi. Akt ham, nakladnoy ham opkemay yuraverdi. Bir to‘yda ushlab oldim. Qani qog‘oz dedim. Gap nimadaligini bilgan ekan. Avval direktor nafsiga qilayapti deb o‘ylagan, Yo‘ldoshboyning shov-shuvi yoyilgach, battar joni chiqqan, chunki ikkovi bir-birini yomon ko‘rardi. Lekin noiloj, o‘zining ham o‘pirib yegan joyi ko‘p, kissasidan qog‘ozni chiqarib berdi. Yana bir-ikki muttahamgayam shu talabni qo‘ydim, ular xat-qog‘oz qilishdi, shuytib bachchag‘ar Yo‘ldoshboyni qamoqdan opqoldim. Qaridim, balnisada yotiblar chiqdim — qalaysan deb bir marta hol so‘ramadi.
Yana birini aytay. Nakurtlik Xurram tentakniyam ombor mudir qilib olishga to‘g‘ri keldi. “Raykom bova, — deyman, — buning oshqozoni chatoq”. “Xo‘sh, oshqozoniga ne bo‘pti?” deydi. “Bitta emas, ikkita sovxozni odam-podami bilan qo‘shib tiqsangizam to‘ymaydi”, deyman. O‘qrayadi, meni yomon ko‘radi. Ishga oldim. Orqasida chuvi bilan keldi. Ferma mudirligida yuzta qoramol, ikki yuzta qo‘y-echkini yeb-yutib yuborgan ekan. Uniyam yopdim. Omborni qabul qilgandan bir oy o‘tmay qishlik yemning, urug‘lik arpa-bug‘doyning yarmi yo‘q-da. Shuytib yana muttahamlarga kunimiz qoldi-da. Amallab boshqalarning hisobidan buning ham jinoyatini yopdik. Lekin keyin bir og‘iz rahmat eshitmadim. Shunday qilgan edim deb birovgayam bir og‘iz aytganim yo‘q, mana, faqat senga aytayapman.
Husan aka nega keldi, qo‘lida ishlamagan bo‘lsam ham nega bu gaplarni menga aytdi — sira tushunmadim. Mana, o‘ziyam ketdi-bordi chin dunyoga. Lekin, tan olish kerak, Qo‘shrabotda necha bog‘ bo‘lsa shu odam yaratdi, gullatdi. Pangatning o‘zini tog‘-qirlargacha suv opchiqib yashnatib yubordi. Yilqini ko‘paytirib, Respublikada birinchi o‘ringa opchiqdi. Qo‘shrabotga Samarqand tomondan kirish joylarini qarang: necha o‘n gektar dashtni daraxtzor qilgan. hosilga kirdi. Ko‘klamda qanday chiroyli gullab yotar edi. Mana, oqsoqol ketganiga o‘n bir yil bo‘pti. Daraxtlari birin-ketin quriyapti, kesilyapti. Undan beriyam ikki hokim ishladi, birovi bitta bog‘ yaratdimi. Yaxshining qadrini o‘tgandan keyin bilar ekansan-da. Ammo o‘sha gaplarini eslab, o‘ylab turib aytaman: haqiqiy oqsoqol o‘sha odam ekan. Badjahl deymiz. Birovni urgandir, birovni so‘kkandir, ammo burnini qonatmadi. Xo‘jaligidan bir insonning qamalganini eshitganmisiz, yo‘q, eshitmagansiz. Birovning kesilib ketishini isnod deb bilardi, bola-chaqasini o‘ylardi. U odam hammaning boshini qo‘shishni yaxshi bilardi. To‘g‘rilik bilan ishlatishni, oxiri yaxshilik bilan tugaydigan ishlarga boshlab oxirigacha olib borishni eplardi. Uxlamasa uxlamasdi, lekin ishlatmay qo‘ymasdi. Shunga yarasha maoshiniyam undirib berardi.
Ana — oqsoqol! Ana — odam! Biz qarib go‘r bo‘ldikmi — o‘ttiz xo‘jalikli qishloqqa bir cho‘pon tayin qilolmaymiz. Hay, attang…
ZARKENT QO‘RG‘ONI
O‘tgan asrning 70-yillarida Chormitan deb ataluvchi yakkam-dukkam uylardan iborat adir-qishloqcha tez orada o‘sha davrning zamonaviy shaharchasiga aylanib qoldi. Sababi, bu yerda geologiya-qidiruv ishlari natijasida katta oltin rudasi zahirasi aniqlangan edi.
Ko‘p o‘tmay shaharcha atrofida oltin qazib oluvchi ikkita shaxta tashkil etildi. Geologiya-qidiruv ishlari yana qizidi. Shundan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Chormitan «Zarmitan» deb nom oldi. Oltin qazib oluvchi ishchilar yashaydigan alohida qo‘rg‘oncha qurilib, unga «Zarkent» deya nom berildi. Vazirlar Mahkamasining 2002 yildagi qaroriga ko‘ra Zarmitan va Marjonbuloq oltin qazib oluvchi rudniklari Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasi tarkibiga kiritildi. Bu qaror kon ishchilari hayoti va faoliyatiga keng imkoniyat eshiklarini ochgani bilan tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur ob’ektning barcha bo‘limlarida rekonstruktsiya, modernizatsiya va joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. 2005 yilning avgust oyida Respublika Prezidentining Zarmitan oltin koni hududining xom ashyo bazasini o‘zlashtirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bugungi kunda Zarkent qo‘rg‘oni ulkan qurilish maydonini eslatadi. Qisqa muddat ichida ishchilar uchun maxsus yotoqxona, 5 ta ikki, to‘rt qavatli uylar qurib bitkazildi, ishlab chiqarish va qurilish ishlari hajmi yanada kengaydi.
Mazkur qo‘rg‘on hududida oltin rudasini yuvishga mo‘ljallangan yangi zavod qurilishi jadal sur’atda davom etyapti. Ayni chog‘da Zarmitan oltin koniga maxsus o‘quv kurslarini bitirgan mahalliy yoshlar qazuvchi, haydovchi, liftchi va boshqa ishlarga qabul qilinmoqda.
— Yil boshidan beri ikki yuzdan ortiq yoshlar ishga joylashishdi, — deydi kon direktori Baxtiyor Ibragimov. — Bugungi kunda maxsus o‘quv kurslarini tamomlayotgan mutaxassis yoshlarga ehtiyoj katta. Zarkent qo‘rg‘onida ishga tushgan yangi Sanoat va kasb-hunar kollejini ikki yil ichida bitirgan talabalar ham bizga ishga qabul qilinadi. Kollejni har yili ikki yuz nafar atrofida talaba bitiradi. Shunga yarasha ish hajmi ham kundan-kunga ortib borayapti.
Ha, bu konning imkoniyatlari juda katta. Muhimi, mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanayapti. Oladigan maoshlari yuqori. Bundan tashqari oylik rejalar bajarilishiga qarab mukofot pullari berib boriladi.
Ishchilar uchun turli yo‘nalishlarda maxsus avtobuslar qo‘yilgan. Ular ishchi-xizmatchilarning o‘z vaqtida korxona va uylariga yetib olishlari uchun qulayliklar tug‘diradi.
Qo‘shrabotda bu yil ham bahor yaxshi keldi. Demak, g‘alla hosilidan ko‘ngil to‘q. Uzumchilikka ixtisoslashgan Oqtepa xo‘jaligida hozir ish qizg‘in. Darvoqe, tumanda asta-sekin kichik korxona, xususiy tsex, g‘isht zavodi, mevani qayta ishlash mini zavodlari birin-ketin ish boshlayotir.
Yoshlar qo‘l qovushtirib turish, boqimandalik bilan kun kechirib bo‘lmasligini anglab yetdilar. Yurtga olimlar, rahbarlar hadya etayotgan bu dashtlar yaqin kelajakda ishlab chiqarish bilan ham ko‘zga ko‘rina olishiga ishonging keladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 18-sonidan olindi.