Qadimgi turkiy adabiyotning ulug‘ va mo‘tabar obidasi “Qutadg‘u bilig” (“Qut berguchi / qutlantirg‘uchi bilim”) asarining yaratilganiga 940 yil to‘ldi. Balasag‘unlik Yusuf Xos Hojib uni 1069/1070 yili Koshg‘arda yozib tugatgan. Asar o‘n uch ming misradan ortiqroq bo‘lib, turkiy adabiyot tarixida masnaviyda bitilgan ilk yirik she’riy asardir.
Yusuf Xos Hojib o‘zining ilg‘or falsafiy qarashlari, davlat va jamiyat boshqaruvi, yurtning kirim-chiqimiyu oldi-berdisi, ishlab chiqarishida nimalarga e’tibor qaratilmog‘i kerakligi, qoraxoniylar davlatidagi turli mansab egalarining burchi, ularga qo‘yiladigan talablar, bilim va uquvning qadri, halollik, kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, oqibat, o‘g‘il-qiz odobi, ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi o‘y-fikrlarini asarqahramonlarining so‘rog‘u javoblari, munozara-tortishuvlari asosida yoritib beradi. Asarning har bayti biz uchun o‘rnak bo‘larli. “Qutadg‘u bilig”ni hijjalab o‘qigan, muallif so‘zlarining mag‘zini chaqqan kishi undan ko‘p narsa o‘rganadi. Undagi o‘gitu yo‘rig‘lar kishini bilim olishga, insof va adolat, to‘g‘rilik, o‘zaro mehr-oqibatga chaqiradi; inson qadrini dunyoning bor ikir-chikiridan – boylik, mansabu manmanlik, o‘tkinchi maishat, g‘iybatu hasad – hamma-hammasidan ustun qo‘ymoqqa chorlaydi.
“Qutadg‘u bilig” – buyuk falsafa. Bobolarimizning yuzyilliklar osha yiqqan olam va tiriklik to‘g‘risidagi qarashlari, oqilu bilgalarning bizga aytar so‘zu o‘gitlari jamul-jam bo‘lgan ushbu kitobda.
Quyida olimlarimizning ushbu asar to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini keltiramiz.
“Qumaru” – qadimgi turkiyda “yodgorlik” degani. “Qutadg‘u bilig”mangulikka daxldor yodgorlikdir.
Asarning ilk, o‘z davri qo‘lyozmalari saqlanmagan. Uning keyinchalik ko‘chirilgan uchta yirik qo‘lyozmasi qolgan, xolos: biri uyg‘ur, ikkisi arab xatida. Arab yozuvli qo‘lyozmalari manbashunoslikda Namangan (yoki Farg‘ona) va Qohira nusxalari deya nom olgan. Esizki, bu ikki qo‘lyozmaning ko‘chirilgan yili, o‘rni va kotibi ma’lum emas. Xat uslubiga qaraganda ular, chamasi, XIII–XIV asrlarda ko‘chirilgan ko‘rinadi. Uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmaning ko‘chirib tugallangan yil-oy-kuni, yeri va kotibi aniq: uni 1439 yili Hirotda Hasan Qora Sayil Shams baxshi ko‘chirgan. Bu kimsaning otiga qo‘shilayotgan “baxshi” so‘zi “kotib” degani; o‘sha chog‘larda uyg‘ur xatida bituvchi kotiblarni shunday atashgan. Asli bu so‘z islomdan burungi budda diniy matnlarida “ustoz; o‘qituvchi”ni bildirgan. Keyinchalik, ma’noda siljish yuz berdi. Temuriylar zamoniga kelib arab xatida bituvchi kotiblardan farqlash uchun eskilar udumini saqlagan xattotlarga nisbatan ushbu istilohqo‘llanildi. Tarixiy manbalarda kimsaga ta’rif berilganda, uning kelib chiqishi, nasl-nasabi to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, “uyg‘ur baxshilari”, “u uyg‘ur baxshilaridan edi” degan qaydlar uchrab qoladi. Bunday ta’kidlarning ostida ham “uyg‘ur xatida ko‘chiruvchi bitigchilar” ko‘zda tutiladi. “Qutadg‘u bilig”ning uyg‘ur xatidagi qo‘lyozmasi fanda Hirot yoki saqlanayotgan yeriga nisbat berib Vena nusxasi deb yuritilmoqda.
O‘tmishdan qolgan turli topilma va kitoblarda asardan olingan baytlar ham uchraydi. Jumladan, Rossiyaning chet bir qishlog‘idagi qadimgi Oltin O‘rdaga tegishli xarobadan sirtiga “Qutadg‘u bilig”dan olingan to‘rtlik bitilgan ko‘zacha chiqqan. Yoki Anqara Ma’orif muzeyida saqlanayotgan bir majmuada ham dostondan olingan baytlar bor: ular uyg‘ur xatida bitilib, har bir qatorining o‘qilishi arab xatida yozib chiqilgan. XV yuzyillikning o‘rtalariga kelib, ayniqsa, bir alifbodan boshqasiga ko‘chish sharoitida bundayin qo‘lyozmalar Turkistonda ham, Usmonlilar saltanatida ham keng yoyilgan edi.
“Qutadg‘u bilig”ning so‘zboshisida ta’kidlanuvicha, kitob muallifi uni Mashriq maliki Tavg‘ach Bug‘raxonga tortiqqilgan. Malik Bug‘raxon shoirni siylab, unga o‘rdaning xos hojiblik lavozimini berdi. Asarni o‘qib chiqqan Chinu Mochin olimlarining bari e’tirof etdilarkim, Mashriq viloyatida, butun Turkiston elida, turkiy tilda hech kimsa bu kitobdan yaxshiroq tasnif qila olmadi. Kitob qay podishohliqqa, qay iqlimg‘a yetsa, g‘oyat yaxshilig‘idan o‘sha ellarning fozillari, olimlari unga turlicha ot berdilar: chinliklar “Adab ul-muluk” atadilar; Mochin malikining hukamolari “Ayin ul-mamlakat” dedilar; mashriqliqlar “Ziynat un-umaro” deb aytdilar; eronliklar “Shohnoma-yi turkiy”, ba’zilari “Pandnoma-yi muluk” dedilar; turonliklar uni “Qutadg‘u bilig” deya atadilar. Ushbu ma’lumotlar o‘tmishda doston Sharq ellarida g‘oyat dovrug‘qozongani, asar qo‘lyozmalari keng tarqalganligiga ishora. Anglashiladiki, uning muallif buyurtmasi bilan ko‘chirilgan ilk nusxasi xonga tortiqqilingan. Doston xonga yoqqanligi turtki bo‘lib, undan yangi-yangi nusxalar ko‘chirtirilgan va qo‘shni o‘lkalarga jo‘natilgan. U butun Mashriq, turku chin ellarida shuhrat qozondi. So‘ngroq, o‘rtada bir sabab chiqib, asarning tayanch nusxasi tuzilgan ko‘rinadi. Yuqorida tilga olganimiz – kitobning dovrug‘i, turli otlar bilan atalganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shu nusxaga qo‘shilgandi. Kitobning yangi qo‘lyozmalari ana shu tayanch nusxa asosida yuzaga kelgan. Bizgacha yetib kelgan uch yirik qo‘lyozma ham o‘shalardan.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari o‘rta asrlarda turk dunyosidagina emas, butun Sharq adabiyotida shoh kitob sifatida dovrug‘qozondi. Uning “Shohnoma-yi turkiy” deya e’tirof etilganligi ham ana shundan. Adabiyot tarixida Shoh kitobga aylangan asarlar sanoqli. Bundayin kitoblardan bir nechtasini bilamiz, xolos.
Bizgacha saqlangan asar qo‘lyozmalarining XIII–XV asrlarga tegishli ekani, ayniqsa, uyg‘ur yozuvli nusxaning temuriylarning yirik madaniy, adabiy markazlaridan bo‘lmish Hirotda ko‘chirilgani o‘ta ahamiyatlidir. Bu narsa uning qoraxoniylar zamonidagina emas, keyingi asrlarda ham turkiy adabiyotda katta o‘rin tutganidan dalolat beradi. “Qutadg‘u bilig” Hirot adabiy muhitida ma’lum va mashhur edi. O‘sha kezlarda asarning bizgacha yetib kelmagan nusxalari bo‘lgani tabiiy. Hasan Qora Sayil Shams baxshi ham Hirot nusxasini bizga ma’lum bo‘lmagan qaysidir qo‘lyozmadan ko‘chirgan.
Yana uyg‘ur yozuvli Hirot qo‘lyozmasining oxiriga uning XV asrning 70- yillarida Abdurrazzoq baxshi uchun Istanbulga yuborilgani qayd etib qo‘yilibdi. Abdurrazzoq baxshi ushbu qo‘lyozmadan yangi nusxa ko‘chirganmi-yo‘qmi ekanini bilmaymiz. Lekin ushbu nusxani qo‘liga olib, undan foydalangani aniq. O‘sha davrlarda O‘rta Osiyoning yirik adabiy-madaniy markazlari bilan Istanbul o‘rtasida uzluksiz madaniy, adabiyaloqalar kechgan. Buning ta’sirini ikkov muhitda yaratilgan boshqa yodgorliklar, badiiy asarlar misolida ham kuzatamiz.
Asarning mavjudqo‘lyozmalari ichida arab yozuvli Namangan va Qohira nusxalari eskiroqdir. Arab yozuvli nusxalar bo‘la turib, uyg‘ur xatida yangi bir nusxaning ko‘chirilgani qiziq. Bu hodisa yozuv amaliyoti, xususan, o‘sha kezlar turk-islom madaniy muhitida uyg‘ur va arab yozuvlarining tengma-teng ishlatilganligi bilan bog‘liq.
Aytgancha, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida o‘zi yashagan chog‘larda ishlatiladigan turkiy yozuv to‘g‘risida so‘z yurita turib, arab xatini emas, uyg‘ur yozuvini keltiradi; uni “turkcha yozuv” deb ataydi. Bu xatni Alisher Navoiy ham yaxshi bilgan. U Badiuzzamonga yozgan maktublarining birida bu yozuvni eslaydi va uni “turkcha xat” deydi. Yana XV asrning o‘rtalarigadayin yashab o‘tgan mumtoz ijodkorlarimiz, o‘qimishlilar, hatto Lutfiy, Sakkokiy singari shoirlar o‘z asarlarini uyg‘ur xatida bitgani, ularning xat-savodi ayni yozuvda chiqqanini eslashimiz o‘rinli. Chiqaradigan xulosamiz ham ana shunga qaratilmog‘ikerak. Kuzatuvlarimizga qaraganda, muallif o‘z asarini uyg‘ur xatida yozgan, keyinchalik u arab yozuviga ham o‘girilgan. Shu yo‘sun XI–XV yuzyilliklarda asarning uyg‘ur hamda arab yozuvli qo‘lyozmalari keng tarqalgan. Shularga tayanib, “Qutadg‘u bilig”ning kunimizga qadar yetib kelmagan boshqa nusxalari ham ikki xil yozuvda bitilgan deya tusmollasa bo‘ladi.
E’tiborni tortadigan yeri shundaki, uchala nusxaning matni bir-biriga to‘la mos kelmaydi. Qo‘lyozmalarning biri boshqasidan ko‘chirilgan emas. Ularga butkul boshqa-boshqa nusxalar asos bo‘lgan. Shu o‘rinda mavjud qo‘lyozmalarning qay biri qadimiyroq nusxadan (yuqorida ta’kidlaganimiz tayanch nusxadan?) ko‘chirilgan, degan so‘roqning tug‘iluvi tabiiy. Bu xususda uyg‘ur yozuvli Hirot qo‘lyozmasi, keyingi davrga tegishli esa-da, boshqalariga ko‘ra eskiroq nusxadan ko‘chirilganligini ta’kidlamoq kerak. Chamasi, unga asos bo‘lgan qo‘lyozma ham uyg‘ur xatida edi. Hasan Qora Shams baxshi uni bizgacha yetib kelgan arab yozuvli nusxalardan-da eskiroq bo‘lgan boshqa bir uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmadan ko‘chirgan.
Bu aziz kitobning mag‘izi to‘rt ustunga tayanadi. Avvali – adldir; ikkinchisi – qut – davlat; bunda kuch-qudrat timsoli ham bor (“qut” so‘zining ma’nolari to‘g‘risida ayni sahifada berilayotgan Q. Omonov maqolasida yaxshi gaplar bor); uchinchisi – aql – uqush erur; to‘rtinchisi – qanoat. Yana ularning har biriga bilga kishilarning oti berilgan. Adlning oti – Kuntug‘di. Asarda u elig (ya’ni podishoh) bo‘lib keladi. Qutu davlatning oti – Oyto‘ldi, u vazirdir. Aqlni O‘gdulmish atalgan, u vazirning o‘g‘li. Qanoatga esa O‘zg‘urmish ot berilgan, u vazirning qarindoshidir. Adl, qut, aql va qanoatning asarga asos qilib olinuvining chuqur ma’nosi bor. Yusuf Xos Hojib davlatning kuch-qudratini, gullab-yashnashini, ezgulikni, kishining baxtu saodatini adolat, aql-zakovat hamda qanoat birligida deb biladi.
Doston qahramonlariga berilgan otlar teran ma’noga ega. Kuntug‘di otining lug‘aviy ma’nosi “tuqqan Kun; chiqqan quyosh” degani. Oyto‘ldining ma’nosi – “to‘lun oy”; O‘gdulmish– “aqlga to‘lgan”; O‘zg‘urmish esa “qanoatli” degani.
Yusuf Xos Hojib davlat va jamiyat boshqaruvida adolat ila siyosatni bosh o‘ringa qo‘yadi. Kuntug‘di elig timsolida bu narsa yaxshi berilgan. Elig so‘zining ma’nosi, ayrim olimlar ta’kidlaganidek, “ellig, eli bor” so‘zidan emas, balki “elituvchi, yo‘l boshlovchi” degani. Til tarixida –gqo‘shimchasi otdan emas, fe’ldan ot yasaydi. Bu o‘rinda so‘zning o‘zagi eli-, unga ot yasovchi qo‘shimchasini qo‘shib elig so‘zi yasalgan. Hozirgi o‘zbekchadagi elit- degan so‘zimiz ham o‘shandan.
Muallif o‘zining tenglik, adolat to‘g‘risidagi qarashlarini Kuntug‘di tilidan beradi. Uning uqtirishicha, to‘g‘rilik (adolat) oldida hamma barobar. Kuntug‘di elig tilidan buni shunday ta’riflaydi:
Ko‘nilik uzala kesar-men ishig,
Adirmas-ma begsig ya qulsig‘ kishig.
(Ishni to‘g‘rilik yuzasidan hal qilaman,
Beg yo qulni farqlab o‘tirmayman.)
Adib siyosatni, davlat qonunlarini yuqori tutadi. Qonun va intizom ostida mamlakat obod, xalq erkin-emin yashaydi, degan g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. U o‘tmish adib va mutafakkirlari orasida birinchilardan bo‘lib davlat va jamiyat boshqaruvining demokratik asoslarini, tenglik printsiplarini ishlab chiqdi, o‘z davri davlat boshqaruvining yo‘l-yo‘riqlarini, to‘ru-tuzuklarini yaratdi. “Qutadg‘u bilig” davlat nizomi darajasiga ko‘tarilgan asar edi.
Yusuf Xos Hojib kishilik ma’naviyati tarixida birinchilardan bo‘lib “komil inson” tushunchasini ko‘tarib chiqdi. U “komil inson”ni tugal er deb atagan. Mutafakkir kishining ma’naviy yuksalishida ikki bosqichni ajratadi: birinchisi – balog‘at; bunga, ixlos qilsa, har bir bilimli, uqushli kimsa erishuvi mumkin. Kishi kamolotining ikkinchi bosqichi tugallikdir. Unga har kimsaning yetishuvi mushkul. Adibning ta’kidlashicha, tugal erda ikki sifat uyg‘unlashmog‘i kerak: biri – bilim; ikkinchisi – uqush (zakovat). Ana shu sifatlari bilan kishi tugallikka erishadi:
Bu ikki biriksa, bo‘lur er tugal,
Tugal er ajunug‘ tamam yer tugal.
(Bu ikkisi biriksa, kishi tugal bo‘ladi,
Tugal er olamni tugal qo‘lga oladi), –
deb yozadi mutafakkir.
Til va nutq, nutqning yozma va og‘zaki shakllari to‘g‘risidagi qarashlar tilshunoslikning doimiy e’tiborida turadi. Buning haqiqatini Yevropa tilshunoslari XIX yuzyillikka kelib tushunib yetgan bo‘lsalar, Sharq, xususan, o‘zbek tilshunosligi tarixida bu tushunchalar eskidan bor. Yorqin misolini “Qutadg‘u bilig”da kuzatamiz. Yusuf Xos Hojibning til bilimida yozma til va nutq farqlanadi. U yozma tilni bitig so‘z deb atagan edi. Qadimgi turkiy tilda bitig – “bitig, yozuv; xat, kitob; yozma hujjat” anglamiga ega. U “yozmoq, bitmak” ma’nosidagi biti– fe’lidan yasalgan. Bitig so‘z istilohi “bitilgan so‘z; kitobiy so‘z; matn”, tilshunoslik tili bilan aytganda, “yozma til, adabiy til” ma’nosini beradi. Mana o‘sha istilohining baytdagi misoli:
Balag‘at bila xat tengashsa qali,
Edi edgu til bu bitig so‘z tili.
(Balog‘at bilan xat tenglashsa agar,
Yozma til juda ezgu til bo‘ladi.)
“Yozma til fikrni ifodalashning eng yaxshi yo‘lidir” deya ta’kidlaydi shoir:
Neku ter eshitkil Ila sir tengi,
Edi edgu yang bu bitig so‘z yangi.
(Ila-sir tengi[ya’ni yoshi Ila daryosiday uzun, ko‘pni ko‘rgan donishmand] bu to‘g‘rida nima degan, eshitgil:
Yozma til usuli[ya’ni fikrni matnda ifoda etish yo‘li] juda yaxshi usuldir.)
Yusuf Xos Hojib “og‘zaki til, nutq”ni til so‘z yoki tilin so‘z deb atagan. Mana o‘sha istilohning misoli:
Yo‘q ersa bitig bu kishilar ara,
Tilin so‘zka kim butgay erdi, ko‘r-a.
(Bu kishilar orasida yozuv yo‘q ersa,
Og‘zaki so‘zga kim ham ishongan bo‘lar edi, ko‘rgin.)
Adib Ahmad Yugnakiy o‘zining “Hibat ul-haqoyiq” asarida “nutq”ni ag‘iz til degan. Ushbu istilohdagi ag‘iz – “og‘zaki” degani, ag‘iz til esa “og‘zaki til”, ya’ni “nutq” degan ma’noni anglatadi. Mana o‘sha istilohning misoli:
Ag‘iz til bezagi ko‘ni so‘z turur,
Ko‘ni so‘zla so‘zni, tilingni beza.
(Nutqning bezagi to‘g‘ri so‘z turur,
To‘g‘ri so‘zla so‘zni, tilingni (nutqingni) beza.)
“Qutadg‘u bilig” fanga kirib kelgandan buyon uning qator ilmiy, shuning bilan birga, xalqchil nashrlari yaratildi. Biroq, uning ilmiy nashrini tayyorlashda turk olimi Rashid Rahmati Arat va o‘zbek olimi Qayum Karimovdan o‘tadigani chiqmadi. Yaqin oradaasarni ulardan o‘tkazib nashrga tayyorlaguchi, bu ikki olimga tenglashadigani chiqishi qiyin. Bu so‘zlar nashr masalasida endi biror kimsaning qo‘l urishi foydasiz degani emas, aksincha, uni nashrga tayyorlash uchun ularning darajasiga erishmaklik kerak, degani bo‘ladi. Asarni o‘rganishda bu ikki olimning xizmati nihoyatda ulug‘ (ikkovlarini Olloh rahmat qilsin).
Asarning talqini, badiiyati, til o‘zgachaligi, ahamiyatito‘g‘risida aytilayotgan mulohazalarning eng oldi ham go‘yo usta g‘avvos cheksiz ummonga sho‘ng‘ib, uning bir chetidan qo‘liga ilingan injuni ko‘tarib chiqqanday gap. Demoqchi bo‘lganimiz: ilm kishilari uchun asar yuzasidan bajarilmog‘i kerak ishlar hali oldinda turibdi.
Qosimjon Sodiqov,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 50-sonidan olindi.