Kitob o‘qishning, kitobxonlikning ahamiyati haqida ko‘p gapiramiz, yozamiz. Biroq kitobxonlik madaniyati, xususan, mumtoz she’riyatimizdan chinakamiga lazzatlanish baxtiga barchamiz birday muyassar bo‘la olayapmiz, deb aytolmaymiz.
Zero, mumtoz she’riyatimizdan badiiy-estetik zavq olish kitobxondan, avvalo, har bir baytni tushunib o‘qish, “qiyin” so‘zlar ma’nosini aniqlab, so‘ngra g‘azal tahliliga kirishishni talab etadi. Bu jarayonda, shuningdek, baytning zohiriy-dunyoviy mazmunini tushunish, nuktasini aniqlab olish lozim. Nukta — yangi fikriy kashfiyot, demakdir. Ya’ni bir hayotiy xulosa, ohorli o‘xshatish yoki istiora, kutilmagan mubolag‘a, maqol va matal vositasida fikrni jonlantirish, favqulodda yangi fikr aytish nukta bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, baytdagi badiiy tasvir vositalari: ma’naviy, lafziy va harfiy san’atlar ishtirokini aniqlash, ularning ko‘pma’nolik, ta’sirchanlik xususiyatlarini his etish lozim. Baytning botiniy-tasavvufiy mazmunini idroklash, bayt g‘azalda voqeabandlikka tobemi yoki mustaqilmi, bayt nuktalimi, nuktasizmi — bularni bilish, o‘rganish kitobxonda nuktadonlik — fikriy kashfiyotlarni idrok etish qobiliyatini shakllantiradi.
Gazetxonlar boburiylarning so‘nggi hukmdori Bahodirshoh Zafar haqidagi kinofilmning bir lavhasini eslashsa kerak. Unda Bahodirshoh g‘azal o‘qiyotganida har bir baytdan so‘ng bir muddat to‘xtaydi. Tinglovchilar bir ovozdan uni “Vah! Vah! Vah!”, deya ol- qishlaydilar, ya’ni bayt mazmuni va undagi ohorli fikriy kashfiyotga — nuktaga qoyil bo‘lganliklarini shu tariqa izhor etadilar.
Men olimlar, shoirlar, talabalar va o‘quvchilarimizga mumtoz she’riyatimiz namunalaridan ana shunday lazzatlanish odati yor bo‘lishini orzu qilaman. Chunki g‘azalning har bir baytida hayotiy bir falsafiy fikr, jozib bir tuyg‘u, ko‘ngildagi ruhiy tugunning ajib ifodasi yoki yechimi, kuchli axloqiy-ta’limiy fikr lo‘nda talqin etilgan bo‘ladi.
Ushbu mulohazalarni yozishga O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Sayfulloh nashrga tayyorlagan mumtoz shoirimiz Atoyining “Devon”i (“Fan” nashriyoti, 2008) turtki berdi. S.Sayfulloh “Devon”ga so‘zboshi yozgan, uni lug‘at va izohlar bilan ta’minlagan. Nashrga filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqulov mas’ul muharrirlik qilgan.
Hazrat Alisher Navoiy Mavlono Atoyining quyidagi bir g‘azalini o‘qib, bejiz “Vah! Vah!”, deb yubormaganlar-da, axir:
Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek o‘lturur, G‘oyati nozuklugindin suv bila yutsa bo‘lur.Qarang, qanday ajoyib jozibali manzara, sehrli shoirona talqin va xalqona o‘tkir o‘rinli ifoda! Bir baytdagi, to‘g‘rirog‘i, shohbaytdagi shoir mahoratiga tan bermay iloj yo‘q.
O‘sha g‘azalning navbatdagi baytiga kelsak:
To magarkim, Salsabil obina javloni qila, Keldi jannat ravzasindin obi Kavsar sori hur.Mazmuni: aftidan, jannat bog‘idan chiqqan hur Salsabil bulog‘ida cho‘milib olib, Kavsar hovuzi qirg‘og‘iga kelganga o‘xshaydi.
Go‘zalning pokligi ana shu baytda ajoyib tashbeh vositasida kitobxonga yetkazilgan. O‘quvchi shoirga, uning mahoratiga lol qoladiki, Atoyi hurni jannat bog‘idan chiqarib, Salsabil bulog‘iga cho‘miltirib, Kavsar hovuzi qirg‘og‘ida namoyish etmoqda.
Kishi pok bo‘lishi uchun qo‘llarini suv bilan yuvib tozalaydi. Atoyiga tasannolar aytaylikki, o‘sha g‘azaldagi sanam qo‘lini tozalash uchun emas, balki suvni poklash, tozalash uchun qo‘li bilan yuvadi!
Ul ilikkim, suvdin oriqtur, yuvmas oni suda, Balki suvni pok bo‘lsun deb iliki birla yur.Mazmuni: uning qo‘li suvdan tozadir. Shuning uchun u qo‘lini suvda yuvmaydi, balki suvni pok bo‘lsin, deya qo‘li bilan yuvadi.
Bunday talqindagi fikriy kashfiyotdan kim ham hayratga tushmaydi deysiz?! Mazkur shohbayt mazmunini idrok etolgan odam, hech bir shoir yoki mutafakkir hanuz ayta olmagan ushbu yangi fikr qimmatini baholay oladigan inson o‘n marotaba “Vah! Vah!”, desa ham arziydi.
Qayd etilgan uch baytdagi qizlar timsolini eslaylik. Birinchi baytda chiroyli sanamning daryo bo‘yida o‘ltirganini ko‘rdik. Ikkinchi baytda esa, jannat bog‘idan chiqqan hur Kavsar hovuzi yoniga keldi. Uchinchi baytda u suvni poklash uchun qo‘l yuvmoqda. To‘rtinchi baytda sehrgar shoir avvalgi baytlardagi qiz va hurni endi suv qiziga aylantiradi:
Endi bildim rost ermish, balki ko‘rdum ko‘z bila, Ulki derlar suv qizi goh-goh ko‘zga ko‘rinur.Mazmuni: endi bildim, hatto o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, “Suv qizi goh-goh ko‘zga ko‘rinadi!”, deganlari rost ekan!
Mutafakkir shoirning o‘zini soddaga olib: “Endi bildim, hatto o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim!”, deyishining o‘zi bir ajib san’at! Har bir baytdagi turkona soddalik, shoirona sehrgarlik va mutafakkirona kashfiyotchilik tantanalari butun g‘azal davomida kuzatiladi.
G‘azal maqta’i — xulosa baytda ma’shuqa timsoli tamoman dunyoviylashib, lirik qahramonning sevgilisiga aylanadi va unga ikkinchi shaxs sifatida murojaat etiladi:
Qoshlaring yosin Atoyi ko‘rgali husn ichra toq, Subhidam mehroblarda surayi “Yosin” o‘qur.Mazmuni: kamonday qoshlaringning husnda yagonaligini ko‘rib, Atoyi tong payti mehrobda “Yosin” surasini o‘qiydi.
Bayt mazmunida ifodalash imkoni bo‘lmagan tajnis san’ati maqta’ning latofati, fikriy kashfiyoti — nuktasidir: “Yosin” — qoshlarning yoyi (kamoni) demakdir. Keyingi misradagi sura nomi — “Yosin” oldingi “yosin”ga shakldoshdir; ma’nolari esa har xildir. Kitobxon buni idrok etib, Atoyining yuksak mahorat bilan so‘zlarni jinsdoshlashtirishi — tajnis san’atini yaratishiga tan beradi.
Aslida shoir xalqona “toq” so‘zini bejiz qo‘llamagan: “husn ichra toq” — husnda (eng yuksak) osmon, degan ma’noni ham joylab yuborganki, bundan adabiyotshunos “toq” so‘zida Atoyining iyhom san’atini qo‘llaganidan voqif bo‘ladi.
Atoyining bizni “Vah! Vah!”lashga majbur etadigan quyidagi baytida “shahbayt” istilohi ham qatnashgan:
Xatmudur ul yuz uza, yo kotibi husnu jamol, Safhayi gul uzra qildi lutf shahbaytin savod.Baytning idrokini osonlashtirish uchun avval “qiyin” so‘zlarni lug‘atlar bilan ta’minlaylik: xat — yuqori labdagi nozik mayin tuklar; uza — ustida; yuz uza — yuzda; safha — sahifa, qog‘oz yuzi; savod — qora; qora siyoh; qildi savod — qoraladi, yozdi.
Shahbayt — shohbayt: nukta — fikriy kashfiyotchi, badiiy yuksak va o‘ta ta’sirchan hamda teran mazmunli bayt.
Bayt mazmuni: uning yuzidagi mayin tuklarmi? Yoki husn va jamolni aks ettiruvchi kotiblar gul yaprog‘iga latofat shohbaytini yozganlarmi?
Albatta, bu quruq mazmun bayonida Atoyi baytining to‘kis mazmuniyu ajib jarangi va she’riy latofati mo‘jizalarini ifodalay olmaymiz. Biroq shoirning ushbu baytini to‘g‘ri idrok etgan kishi, albatta, hayratga tushishiga imonimiz komildir.
Mumtoz adabiyotni tushunishday ulug‘ baxt sohibi Atoyining aksariyat baytlarini o‘qib, “Vah! Vah!”lamay iloji yo‘q. Hatto jajji baytda ham shoir kitobxon idrokini larzaga soladi. Tasavvur etaylik: mumtoz adabiyotda qiz labi qizil, alvon rangda talqin etilishi — an’anaviy. Shuning uchun u yo qonga o‘xshatiladi, yo “qon” so‘zi ishtirokida tanosub san’ati yaratilib nuktapardozlik — fikriy kashfiyotchilik qilinadi:
Labing qonim to‘karga tashnalabtur, Dami Isoyu o‘lturmak ajabtur.Qonga, birovning joniga tashna bo‘lish dahshatini tasavvur eting. Bu sifat va tuyg‘u ashaddiy qotillarga xosdir. Shoir talqinicha, qizning labi oshiq qonini to‘kishga tashna! Qizlik latofatiyu… ana bu dahshatli tuyg‘u uyqashligini qarang!
Lablaring nafasi — Iso Masih. Ya’ni qizning lablaridan chiqayotgan nafasi odamzodni tiriltiradigan Iso Masihu… uning odamni o‘ldirishi esa… ajablanarli-ku?
Bu bayt mazmunidan kitobxon nega hayratga tushadi? Chunki ma’shuqa — oshiqning jonidir. Jondan sevgan qizi esa, yigitning qoniga tashna! Ana shu obihayot manbai oshiqni o‘ldirishga oshiqmoqda!
Shunday dahshatli qismat istiqbolida bo‘lsa-da, oshiq: “Jonim senga qurbon!”, deb yor bo‘sag‘asiga boshini qo‘ymog‘i shart. Yigitning bu ostonadan boshini ko‘tarishi muhabbat qoidasida odobsizlik, vafosizlikdir:
Ko‘tarmak boshni mahbub eshikindin, Muhabbat bobida tarki adabtur.Vah! Vah!
Mumtoz shoirlarimiz xipchabellik qizlar ko‘rk-latofatining muhim ko‘rinishi ekanligini inobatga olib, yor belini qilga o‘xshatishadi, fors adabiyotida “xipchabel” tushunchasi “murchamiyon” (chumolibel, beli chumoli beliday) so‘zi bilan ifodalanadi. Atoyi yor beliga nisbatan mutlaqo yangi, ohorli o‘xshatish (tashbih) kashf etadi. Yorning ingichka beli xususida aribel — beli ari beliday, deydi. Bu ham mahorat sohasidagi nuktapardozlik — fikriy ixtirokorlikdir. Quyidagi baytni to‘rt qismdan iborat deb qarasak, dastlabki uch qismi an’anaviy tashbihlar va mubolag‘adan iborat, to‘rtinchi qism novatorlik — tajdiddir:
Saningdek husn ila huru pari yo‘q, Labi qandu asal, beli ari yo‘q.Oshiqning ma’shuqaga mehribonligi, kuyunchakligi shu darajadaki, u hatto: ma’shuqa egnidagi ko‘ylagidan ham aziyat chekmayaptimikan, deb jonsarak. Shoirning bu boradagi kashfiyotini qarangki, “O‘zgalarning etagi kuysa, mening jonim kuyadi”, degan xalq matalini birinchi misradagi fikrning o‘ziga bevosita daxldor qilib tanlay olgan. Xalq donishmandligi mahsuli — fikriy javohir baytga xuddi uzukka yarashiqli ko‘z bo‘lib tushgan:
Pirahandin bo‘lmasun, deb, nogah ozurda taning, O‘zgalarni etagi kuysa, kuyar jonim maning.Vah! Vah!
Mumtoz adabiyot namunalarining har bir baytini ana shunday biroz mulohazalar chig‘irig‘idan o‘tkazib, ya’ni bayt mazmuni, undagi fikriy kashfiyot — yangi nuktani idrok bilan ilg‘ab, shoir mahorati uchqunini sezib, hayratga tushaylik. Bu mashg‘ulot qiyin emas. Biz biror sarxil meva yoki taomga nisbatan “Oh, oh!, “Hay, hay!”, deb yuboramiz-ku, axir… Mumtoz adabiyotdan bahramandlik baxtiga muyassar bo‘lish, o‘rganish uchun mumtoz shoir g‘azalini lug‘at orqali o‘qib, mukammal ruhiy-hissiy lazzatlanish imkoni bor. Bu imkonni yuzaga chiqaraylik.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 18-sonidan olindi.