Falsafa va falsafiy fikr, g‘oyaning qimmati hayotda bilinadi. U odamlar turmushini qanday o‘zgartirolganiga qarab baholanadi. Fikru g‘oya hayotning koriga yarasa, chigalliklarga javob topa olsa, jarohatlarga malham bo‘lolsa, uning qog‘ozda qolib ketmagani shu. Badiiy so‘z goho juda ko‘p narsalarga qodir. Goho hayotda hamma narsalardan ham ojizroq.
So‘zning kuchidan umidsiz o‘ylarga tolgan chog‘larida farg‘onalik shoir Bahodir Iso shunday yozgan ekan:
Qishni bahor qilmadi she’ring, Ag‘yorni yor qilmadi she’ring, Yo yo‘qni bor qilmadi she’ring. Qo‘y, Bahodir, endi she’r yozma…U she’rdan ko‘p narsalar kutadi: she’r Orolga suv bo‘lishini, yerda bug‘doy bo‘lib unishini, xalqni o‘stirishi va uning qalbiga ilhomlar solishini istaydi. Lekin ko‘z o‘ngida bu ishlar sodir bo‘lavermaganda, umidsizlanganday, she’ring shunday ulug‘, olijanob ishlarni ado eta olmadiku, endi bu behuda mashg‘ulotni tashlasang ham bo‘ladi, degan achchiqroq bir qarorga keladi. Albatta, bu she’rning so‘zi. Amalda esa shoir bu qarordan keyin ham qanchalab chiroyli, ta’sirli, samimiy she’rlar yozdi. Ellik yoshida «Yaxshilar bor yaxshiyam…» degan nozanin bir kitobini nashr qildi…
Suqrotu Aflotun Arastular necha ming yillar osha hamon tirik. Ularning g‘oyalari insoniyat jamiyatlari tizimlarida hamon o‘sish-o‘zgarishlarga xizmat qiladi. Fikrning tirikligi va harakati odamlarning tirikligi va harakatlariga bog‘liq. Har qanday go‘zal noyob gul uch kun suv ichmasa quriydi. Gulga obi hayot, fikrga esa harakat… She’r va hayotning o‘zaro munosabat va aloqalari, ta’sirlari deganda G‘afur G‘ulomning «Sen yetim emassan» yoki Erkin Vohidovning «O‘zbegim» she’rlarini eslash kifoya. Qanchadan- qancha yetimlarning boshlarini siladi, ularning qalblariga umidbaxsh yolqinlar sochdi, odamparvarlik, millatparvarlik, g‘urur va harakatga chorladi bu kabi she’rlar. She’r inson va jami insoniyatning metoforik xotirasi. Xotira esa, doim tirik saboqlar bilan ishlaydi.
Farg‘onaning Chimyonida Shohimardon etaklaridan boshlanib, to Pop tomonlargacha uzayib, uzana tushib borguvchi g‘aroyib baland adirlar bor. Bir-birlariga uyg‘un cho‘zilib borgan ikki adir oralab bir soy uzoq shaldirab yo‘l bosadi. Uni Oltiariq va goho Chimyonsoy ham deydilar. U ikki adir o‘rtasidan oqib bir-biriga ulanib ketgan bog‘lar, ekinzorlar, terakzorlar, to‘qayzorlarni ajib bir nash’aga g‘arq qiladi. Terakzorlar va bog‘zorlar oralab qishloqlar ketma-ket ulanib ketadi. Chimyonga borgan kezlarim men hazrat Huvaydoning serfayz ziyoratgohidan soy bo‘ylab bir necha sanatoriylarning obod manzillaridan o‘tib to Xonqizgacha sayr qilib borishni yaxshi ko‘raman. Bu yerlar, bu sodda mehnatkash odamlar, terakzorlar, bog‘lar, qo‘ylarini o‘tlatgan cho‘pon-cho‘liq bolalar, yer qazib marmar axtargan o‘smirlar va mana bu yer yuzidagi jannat oralab kelayotgan, suvi Kavsar suvidan ham shirin va yoqimli Chimyonsoyni ko‘rmay, uning mangu simfoniyasini eshitmay ketsam nima bo‘lardi deyman? Notamom va notugal o‘tish bo‘lmasmidi o‘sha? Bular-ku tegramni qurshagan farovon muhit… shamollar bunda behad sarin… havolar bunda ipakdan mayin. Ayniqsa, tushdan so‘ng bu adirlarda hech ta’rifga sig‘maydigan yellar huvillab esib turadi. Tushdan keyin men qo‘ltig‘imga bir qancha kitoblarni qistirib sarbaland adirlarga ko‘tarilib boraman va har qadamda to‘xtayman, to‘xtashga majbur bo‘laman: har qadamda bir boshqa manzara, bir boshqa go‘zallik, tin olib ularga to‘ymay qarayman, har bir chizig‘ini yodimda saqlab qolishga jazm qilaman, lekin bu yoshda jazmim muyassar bo‘lgaymikin, xotiram unsunlari pand bermasmikin? Oyoqlarim ostida sarvning nimtatir sariq chechaklari gilam kabi yoyilgan sarg‘imtir maysasi, ular xuddi odamlarday shag‘alli zaminga mahkam yopishgan, gullash, yashash, quyosh, oy, yeru zamin, mo‘jizakor obu havolar bilan tillashishga intiladi. Mayda qumtoshlar oyoq tagida shig‘irlaydi. Adir xuddi oyog‘ingiz ostida she’r o‘qiyotganday eshitiladi. Menga bu tovush porom yoqadi. Miyam qavatlariga qandaydir orom va osudalik kirib boradi. Beixtiyor Navoiyning:
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil Shula’i ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil —degan mo‘jiziy bayti yodimga tushadi. Nazarimda Navoiy bu «qizil-sorig‘-yashil»ni xuddi qo‘shib yozganday tuyuladi. Bu bahorning rangi, ko‘p ranglar qo‘shilgan bitta rang. Ko‘ngil bu ajib rang ichida cho‘miladi, rangdan dengiz yaratadi va o‘zi ham bahor rangi dengiziga do‘nadi. Hozir Chimyon manzaralari shunday qizil-sorig‘-yashil va munday o‘qish uchun olib chiqqan kitoblarimga boqsam, ne hayratga cho‘mayki, Maqsuda va Marhaboning kitoblari ham ayni shu qizil-sorig‘-yashillik ichra yal-yal yonardi. Unga desam, Alisher va Enaxonning kitoblari ham hazrat aytgan rangga chulg‘angandi. Rassom bu ranglarni allaqanday savqitabiiy bilan topgan va bu ranglar Farg‘ona rnglari bilan tamomila uyqash edi…
Yana o‘sha pastdagi bog‘ va ekinzor ro‘parasida baland adirda o‘tirdim. Marhaboning «Dunyoning bir qavati» degan kitobini ochdim… O‘lay agar, biz ko‘zi yumuqlardan emasmiz. Ammo negadir xuddi ko‘zi yumuqlarday yashaymiz. Marhaboning she’rlari bilan endi tanishyapman, holbuki, u allaqachon bir qancha qo‘shiqlar kitoblarini chiqarib, anjuman-izdihomlarda she’r o‘qib, so‘z aytib, she’rlari xalq orasida kenggina tarqalgan, sevib kuylanar, yodlanar, davralarda aytilarkan… Xalq o‘ziga yaqin she’rning ma’nisiga, mevasiga o‘zini tanqidchi deb sollanib yurganlardan ancha oldin tushunib yetibdi, yod olibdi, turmush ma’rakalarida o‘ziga ma’naviy bir tayanch sanabdi. Uning 2008—2009 yillarda chiqqan «Dunyoning bir qavati» va «Shukur, shukur, ming shukur» degan kitoblarini mana shu Chimyon adirlarida tushdan keyingi esgan sarin shamol bag‘rida o‘tirib o‘qidim. 2010 yilning apreli, ammo hali savr kirmagandi. Ba’zi so‘zlar, jumlalar, yetakchi motivlar boqib turgan to‘lin oydek, oqib turgan ayqin soydek yoqadi va huzuru halovat olib kiradi ko‘ngilga. Chimyon adirlarining eng baland, eng shabada g‘irillab yelgan joyida, atrofimda bog‘larga burkangan qishloqlar, faqat Marhaboning emas, Maqsuda Ergashevaning «Ko‘ngil kishilari», Bahodir Isoning «Yaxshilar bor…», Enaxon Siddiqovaning «Ishq ifori», Ali Qambarning «Oqayotgan sabr», Ismoil Mahmudning salmoqli ma’noli g‘azallari, Alisher Ibodinovning «Sohil yaqin», Erdavlat Odilovning «Kitkon. Shodmon o‘g‘ri» romanlari, Oxunjon Hakimovning she’rlar saylanmasi, ibratli xotiralar kitobi (o‘ttizinchi, qirqinchi, elliginchi yillarning alam-achchiq eslovlari tasavvurim burchaklarini mash’al yoqib yoritganday bo‘ldi). Ammo Tilovoldi Jo‘rayev, Alisher Ibodinov, Erdavlat Odilovlarning diqqat-e’tiborga loyiq romanlari, qissalari, hikoyalar turkumlari haqida alohida mavzu ochib tahlil qilishni talab qiladi. Erdavlatning trilogiyasi «Farg‘ona tong otguncha»dan keyin yozilgan va o‘sha proza yo‘lini davom ettirayotgan ahamiyatga sazovor hodisalardan… Bu yerda esa, hozir bir chimdim rayhonday she’rlar ustida suhbatlashaylik. Tog‘ tizmalari, o‘zbek qishloqlari, bog‘otlar, qizilsorig‘yashil adirlar, faqat Farg‘onada esadigan g‘ir-g‘ir shamollar qurshovida o‘qiganim uchunmi, lazzatlar tabiatning tarovatiga qo‘shilib ketgani uchunmi, kitoblardan bunchalik farog‘at tuygan emasdim. Bo‘lmasa, xuddi shu kunlarda, balki picha ilgariroq Semyuel Bekketning «Molloy» va «Go‘zal va yana boshqa ayollar haqidagi orzular» romanlari, Ejen Ioneskoning «Karkidon», «Sochsiz qo‘shiqchi», «Xolis qotil» piyesalarini ham o‘qib, ilgari menga notanish bo‘lgan so‘z olamlariga g‘arq ko‘milib yurgandim. Bekket, ong oqimi, absurd adabiyotlari qayda-yu Marhabo va Maqsuda qayda, juda qiziqsiz-da siz ham, deysiz hoynahoy…
Lekin u so‘zlarning oldida bu so‘zlarning qadri aslo past emasligini ko‘rdim va sezdim. Marhabo va Maqsuda, avvalo, xalqning jigarporasi bo‘lib yozishadi, deb o‘yladim. Ularning she’rlarini o‘qiganda, uzoq o‘tmishdagi barcha munis, mas’um, mas’ud narsalar ko‘z o‘ngimda tirilganday, tasavvurimda Nodira, Uvaysiy, Mahzunalarni ko‘rganday, ularning o‘z og‘izlaridan o‘z turfa lahjalarida g‘azal tinglaganday quvondim. Marhabo qanday qilib bunchalik ravshan, o‘ta aniq va aniqligida musaffo so‘zlar, jumlalar topadi, nozik xalqona qaytarmalar qiladi, so‘zlar, qofiyalar, tashbehlar hech bir to‘siqsiz, hech bir soxtaliksiz tinglayotgan kishining ko‘ngil olamiga oqib kiradi. Bunday yuksak ma’nodagi she’riy soddalik va xalqonalik Mashrab, Hamza, Yassaviy, Boqirg‘oniylarning mulku fasonasi edi, endi bu fasonatarozlik Marhaboda qayta tug‘ilibdi va haqiqiy xalqona she’rning sifati, fasohati, xosiyatiga aylana qo‘yibdi. Bunda junun ayolning hasbi holi, turmush chigalliklarini yecha oladigan ziynatli aqli-farosati, nozik ta’bi va o‘ta muvozanatini topgan nafis hissiyotlari bilan tutashib, bir jon-bir tan bo‘lib katta she’riyatning go‘zal farishtasi dunyoga kelibdi.
Bu she’rlar bilan ilk bora oshno tutinayotganda Chimyon bog‘larida olmalar va behilar chaman bo‘lib gullagandi. Qizilsorig‘yashil maysalarda o‘tirib hov pastdagi bog‘larning ko‘k masarratiga qarayman. Xuddi ro‘paramda ancha pastda bir parcha kaftdek yer maydalab chopilgan, tekis ariqchalar tortilgan, u yerni ko‘hna o‘riklar, tutlar, zumrad butalar o‘rab turadi. Salgina chaproqda chog‘roq bir tepa, unda gurkirab ochilgan qizg‘aldoqlar yellar bilan raqs tushib tebranadi va atrofga ajib shu’lalar sochadi. Chopilgan sarg‘ayib turgan yerning qoq o‘rtasida bir ulkan olma daraxti shunday qiyg‘os gullaganki, ular orasidan shox-butoqlar ko‘rinmaydi. Uch kungacha adirning xuddi mana shu yeriga chiqib, shu qo‘shiqday gullayotgan ulkan olma daraxtini tomosha qilib o‘tirdim. Olmadan oq shu’lalar, lolalardan qizil shu’lalar yog‘ilardi. Bu shu’ladorlik bag‘irdor shu’ladorlik edi, u nimasi bilandir Enaxon, Maqsuda, Marhabo, Matluba, Malika, Zuhra, Bahodir, G‘ulom Fathiddin, Ali Qambar she’rlariga tup-tus o‘xshab ketardi. Shunda men farg‘onalik ijodkor do‘stlarimning she’riyat va prozadagi izlanishlari asl Farg‘ona tabiatiga naqadar uyg‘un va muvoziy ekanligini his qildim. Tabiatdan jonuzorlik, adab sarrishtalari, andisha tilsimlari yog‘ilganday ularning asarlarida ham xuddi shu narsalar akslanardi.
Tabiat bag‘rida xayol surib bir sirni payqadim. Marhabo turmush, insonlar hayotidan bir bosh motivni axtarib topsa, so‘ng uni to‘xtatib bo‘lmas ekan. She’riy ilhomi jo‘sh urib, so‘zlar tushdan keyingi yellarday quyulib kelaverar ekan. Bosh motiv Yassaviyda, Hamzada, Mashrabda shunday buyuk ilhom manbai edi. Bizning Mamayusuf ham bosh motiv topsa, ilhomi parvozida to‘xtamay balandlab boraverardi. «Xalq bo‘l elim», degan motivni kashf etdimi, ilhomi selday to‘xtamasdi. Marhaboning yetakchi motivlariga qarang: «Birovning bolasi uyimda», «Qizim, qaynonang — tillo», «Quda bo‘ldik», «Navoiyga qo‘shni bo‘lsam», «Biz kuydirib ketgan yigitlar», «Ushabturing», «Qutilasan-a, qutilasan» va hokazo. Marhabo o‘zi hayotda kashf etgan motivlarni o‘ta nafis bir did bilan kamolot cho‘qqisiga ko‘taradi, yangi mazmunlar ochadi. Har bir misrasi xotiraga to‘siq bilmay joylashadi, ezgu hislar uyg‘otadi.
Maqsuda Ergashevani o‘qib o‘tirib esa, u nega kitobini «Ko‘ngil kishilari» deb nomlaganligini anglab yetganday bo‘ldim. Farg‘onaliklarni shoiraning shu so‘zi orqali bilganday edim. Farg‘onaliklar kattayu kichik — hammalari chin ma’noda ko‘ngil kishilari. Ular ko‘ngil izmiga, ko‘ngil amriga, ko‘ngil qaroriga yuradilar, olamni xudo ato etgan ko‘ngil oynasida ko‘radilar, bu oyna noyob andesha hissiyoti bilan sayqallangan, hech kim andeshaning otini farg‘onalikchalik avaylab, horitmay minolmaydi. Shu jonuzorlikka e’tibor tortaman desam, niyat qilsam, Maqsudaning bir she’rini kaltirmasdan o‘tolmayman:
Yuksaladi zabarjad bog‘lar Qo‘ltig‘iga qisib gullarin Yaratganga aytib salovat Ko‘kka cho‘zar zumrad qo‘llarin. Kezib yurar bodi sabolar O‘smir kabi qo‘shiqlar aytib Ular bilan gulrang lahzalar O‘tib ketar, kelmaydi qaytib. Men aylanib shul bog‘ ichinda Barmoqlarim tuprog‘ ichinda Tuyg‘ularim yaprog‘ ichinda Jismu jonim titrog‘ ichinda…Odam boqqa kirsa shunchalar titroqqa tushadi, odam tuproqni shunchalar teran his qiladimi, odam hayotdan bog‘ga, bog‘dan hayot va umrning o‘tkinchiligi, lahzalarning takrorlanmasligi falsafasi ichiga shunday tabiiy va go‘zal bir tarzda o‘tadimi? Maqsudaning she’rlari hayot — bog‘-tuproq falsafasiga to‘la va bu shoirona falsafa naq gullarning yaproqlariga yozilganga o‘xshaydi. Maqsudaning she’rlari bog‘ falsafasini o‘ziga xos talqin qilgan she’riyatdir, katta, umummilliy she’riyatning yarashiqli davomi.
Mening gulzorimning shu turishida Jamoling shu’lasi bordir, bilurman. Agar nasib etsa, har bir chechakning Har bir yaprog‘iga bir she’r qilurman…Maqsudaning she’rlarini o‘qiganda, bu chin va haq va’da ekanligi va shoira uning uhdasidan tamomila mohira bir qalamkash kabi chiqishiga ishonch hosil qilasiz. Va nega bu yerda Bahodir to‘g‘risida ikki og‘izgina so‘zlamay. Bahodir o‘smirligidayoq hassos va o‘ta halol, samimiy, e’tiqodi mustahkam, vijdon ovoziga quloq tutib ish tutadigan ijodkor. U kulollikda nechog‘li mohir bo‘lganidek, she’rda ham zargar. Hech kimga o‘xshamagan fikrlar she’rlarini to‘lg‘in va jozibali bir maqomga ko‘targan. Farg‘onaning yana bir timsoli bu — jurnalist, shoir, jamoatchi Omon Hoshim. Uning shoirlikka da’vosi yo‘q. Lekin she’rlari ma’naviyat va hur axloqning chashmasiday qaynaydi. Uning hayoti necha-nechalab romanlarning mavzusi. Qancha-qancha qancha yarashmaslarni yarashtirgan, qancha rizqi yarimtalarning rizqini butun qilgan, yiqilganlarni turg‘izgan, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga olib chiqqan bu inson g‘amguzorlik, matonat va shaydolikning tirik timsolidir. U Farg‘onaga kelbat berib turadi.
Hazratlarimizni ko‘rmasak, yo‘qlamasak, hasratlarimiz ortadi. Hazrat Huvaydo…
Rostmi-yolg‘onmi, Huvaydo bir olma navi yetishtirdi. U burunning qonidan ham qizil, asalning bolidan ham shirin, qurtlamas, qarimas, hosil berishdan to‘xtamas edi. Huvaydo har kez shu qizil olma g‘arq pishganda bir etakka solib baland adir ustiga chiqar va Marg‘ilon, Rishton, Oltiariq, Kitkon, Vodil tomonlarga qarab irg‘itardi. Farg‘onada shu oltin olma ko‘paysin va avlodlarga nasib etsin derdi. Marhabo, Maqsuda, Enaxon, Matluba, Zuhra, Ismoil, Bahodir, G‘ulom, Tilavoldi va yana necha-nechalab ijodkorlar bugun Farg‘onada hazrat Huvaydo sochgan olmalar kabi o‘z ijod bog‘ini obod etishyapti. Ularning Maqsuda ta’biri bilan aytganda, oddiy o‘gitlari kuyday jaranglaydi va o‘ziga e’tibor tortadi. «O‘sgan sari umr daraxti Oltinlanib boradi botin», deydi yana Maqsuda. Farg‘ona azaldan shu’la taratuvchi makon sanaladi. Shuning uchun u yerlik odamlarning ichki go‘zallik kasb etishga intilishlari g‘oyatda tabiiydir.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 20-sonidan olindi.