O‘zbek tarjimachiligi tarixi ming yildan ortiq davrni o‘z ichiga oladi. Badiiy adabiyot va ilmu fanning turli jabhalariga doir asarlar qadimdan o‘zbek tiliga o‘girilib kelingan. O‘zbek tilida bitilgan nodir kitoblar esa arab, fors, lotin va boshqa tillarga tarjima qilinib, jahon tsivilizatsiyasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan. O‘tgan asrlar o‘zbek tarjimachiligi tarixi va qadimda shakllangan tarjima maktablari xususida so‘z yurituvchi tadqiqotlarda (J.Sharipov, Yu.Po‘latov, N.Komilov) keltirilgan ma’lumotlar fikrimizni tasdiqlaydi.
O‘tgan XX asr jahon tarjimachiligi va tarjimashunosligi ravnaqida muhim ahamiyat kasb etdi. Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi (FIT) sobiq prezidenti Pyer-Fransua Kaye ta’kidlaganidek, «XX asr — tarjima asri» bo‘lib tarixga kirdi. Asr boshidan jahon ilmu fanining jadal taraqqiy etishi, adabiyot va san’atda yangi janr va metodlarning yuzaga kelishi tarjima amaliyotiga bo‘lgan talab hamda ehtiyojni oshirib yubordi. Davrning tezkor taraqqiyoti va ilm-fan ravnaqi o‘laroq, filologiya sohasida tarjimashunoslik, deb nom olgan yangi fanning shakllanishiga zamin hozirladi. Asrning yetmishinchi yillariga kelib, tarjima dunyo xalqlari o‘rtasida ularni barcha sohalarda bog‘lovchi aloqa vositasi yoxud «do‘stlik ko‘prigi»ga (G‘.Salomov) aylandi.
Asrning o‘ttizinchi yillarida o‘zbek tarjima amaliyoti va tarjimashunoslik ilmining tamal toshini qo‘ygan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir, A’zam Ayub, Otajon Hoshim, Sanjar Siddiq, Mannon Royiq singari adiblar merosi sho‘rolar mafkurasi tarafidan uzoq yillar rad etilib, o‘rganilmasdan kelingan edi. Vaholanki, Cho‘lponning Shekspir («Hamlet») va jahon dramaturgiyasidan, A.Qodiriyning M.Tven, A.P.Chexov va italyan novellistikasidan, Usmon Nosirning Lermontov («Demon «) va yevropa she’riyatidan qilgan tarjimalari yoxud Otajon Hoshim, Sanjar Siddiq va Mannon Royiqning tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan maqola hamda risolalari hozirga qadar ilmda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas, tadqiqotchilar tarafidan o‘rganilib kelinmoqda.
Ularning tarjimonlik an’analarini davom ettirgan Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy jahon adabiyoti klassiklari asarlarini tilimizga o‘girish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Tarjima asarlari va tarjimonlar mehnati samarasi o‘laroq, bu yillarda o‘zbek adabiyotida proza (roman, novella, esse) va dramaturgiya (tragediya, komediya) shakllandi, she’riyatimiz sonet, ballada, poema, dramatik doston kabi janrlar bilan boyidi. O‘zbek teatr san’atining yuksalishida o‘sha yillarda tarjima qilinib, sahnalishtirilgan Shillerning «Qaroqchilar» va «Makr va muhabbat», Shekspirning «Hamlet» va «Otello», Mol’erning «Xasis» va «Tartyuf», Lope de Veganing «Qo‘zibuloq», Gogolning «Revizor» va «Uylanish» asarlari katta ahamiyat kasb etgan edi.
O‘tgan asrning 50 — 60 yillarida sobiq ittifoq va Yevropa filologiya ilmida shakllangan tarjimashunoslik fani ravnaqida o‘zbek olimlari ham faol ishtirok etgandilar. Bu davrda tarjima tarixi (J.Sharipov, M.Rasuliy, Yu.Po‘latov) va tarjima nazariyasi (G‘.Salomov, N.Vladimirova, Q.Musayev) masalalariga bag‘ishlangan yirik tadqiqotlar yaratildi. O‘zbek kitobxoni bu davrga kelib jahon adabiyotidan F.Rable va Servantes, Shekspir va Bayron, Balzak va Mopassan, Tagor va Voynich, Pushkin va Tolstoy asarlarini o‘qishga muyassar bo‘ldilar. Asrning yetmishinchi yillarida o‘zbek tarjima amaliyotida «realistik tarjima» (G.Gachechiladze) uchun kurash, ya’ni barqaror tarjima asarlari yaratish sari dadil qadam tashlandi. Taniqli shoirlarimiz Abdulla Oripov Dante Aligeri «Ilohiy komediya»sining «Do‘zax» kitobini, Erkin Vohidov Gyotening «Faust» fojeasini yuksak mahorat bilan tilimizga o‘girdilar. Muhammad Ali Robert Byornsning «Qo‘shiq va balladalar» va Yusuf Shomansur Shekspirning «Sonetlar» kitobini tarjima qilishdi. Shuningdek, bu yillarda P.Merimening «Karl IX saltanati yilnomasi» romani O.Sharafiddinov tarjimasida, Stendalning «Qizil va qora», «Parma ibodatxonasi» romanlari H.To‘rabekov tarjimasida bosilib chiqdi. Bayron asarlarining bir jildli «Saylanma»si (H.Olimjon, M.Shayxzoda, J.Jabborov, M.Ali, R.Parfi tarjimalari) alohida kitob holida nashr etildi. Ayniqsa, bu yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov tarjima borasida sermahsul ijod qildi. Uning tarjimasida Mopassanning «Azizim», Xemingueyning «Chol va dengiz», «Alvido qurol!» romanlarining nashr etilishi katta voqea bo‘lgan edi. Yuqoridagi tarjima asarlari o‘zbek adabiyotining keyingi ravnaqida muhim rol o‘ynadi, yosh qalamkashlar ijodiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Tarjima asarlariga davr talabi va ehtiyojning ortib borishi, bu yillarda tarjimon va tarjimashunoslarimiz oldiga yangicha talab, ya’ni bevosita asliyat tilidan o‘girish va o‘girilgan tarjimalarni asl nusxa matni bilan qiyosiy-tipologik asnoda tadqiq qilishni taqozo etdi. Shu bois, Yozuvchilar uyushmasida tarjima bo‘limi, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti tarjima va adabiy aloqalar sektori, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)da Tarjima nazariyasi kafedrasi o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur ijod va ilm dargohlarida tarjima asarlari muntazam muhokama qilinib borildi, tarjimashunoslik muammolari tadqiq etilib, yosh tarjimon va munaqqidlar tayyorlash borasida muhim ishlar amalga oshirildi. Tez orada, g‘arb tillarini o‘rgangan shoir-tarjimonlar Jamol Kamol Shekspir fojealarini ingliz tilidan, Abdulla Sher Xaynrih Haynening «Qish ertagi» dostonini nemis tilidan, Shavkat Rahmon Garsia Lorkaning doston va romanslari to‘plamini («Eng qayg‘uli shodlik») ispan tilidan o‘zbekchaga o‘girdilar. Shuningdek, Sharofat Botirova Viktor Gyugoning «Sharq kuylari», Sadriddin Salimov Gyotening «G‘arbu Sharq devoni» turkumidagi she’rlarni frantsuz va nemis tillaridan bevosita tarjima qilishdi. Ayniqsa, bu yillarda tarjimashunos olima Yanglish Egamova fidoyilik ko‘rsatib, buyuk nemis shoiri Gyotening «Yosh Verterning iztiroblari» va Bruno Apitsning «Qashqirlar changalida» romanlarini asliyatdan ona tilimizga ag‘dardi. 1981-1985 yillarda Uilyam Shekspir «Tanlangan asarlar»i besh jildligining tilimizda chop etilishi madaniy hayotimizda quvonarli voqea bo‘lgan edi.
Bu davrga kelib o‘zbek tarjimashunosligi ham dadil rivojlandi. Olimlarimiz yaratgan ilmiy tadqiqotlar sobiq ittifoq va Yevropa tarjimashunosligi ilmida tan olindi. Bu o‘rinda, professorlar G‘aybulla Salomov, Ninel Vladimirova, Gulnora G‘afurova, Qudrat Musayev, Najmiddin Komilovning monografik tadqiqotlarini alohida ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Eng quvonarlisi, xorijiy tillarni puxta bilgan S.Ochil, R.Fayzullayeva, M.Isroilova, Ya.Egamova, M.Baqoyeva, N.Otajonov, O‘.Sotimov, Yo.Hamroyev, G‘.Xo‘jayev, Q.Tojiyev, Z.Isomiddinov, R.Abdullayeva, B.Ermatov kabi bir qator iqtidorli tarjimashunos olimlar shu maktabda shakllanishdi.
Mustaqillik davri, ya’ni o‘tgan o‘n sakkiz yil ichida mamlakatimizning xalqaro aloqalari jug‘rofiyasi yanada kengaydi, adabiyotimiz ham istiqlol va istiqbol yo‘liga kirdi. Tarjimon va tarjimashunoslarimizning imkoniyat doiralari yanada kengaydi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan «Jahon adabiyoti» jurnali, mana, o‘n yildirki dunyo adabiyotidagi nomdor adiblarning eng sara asarlari tarjimalarini chop etib kelmoqda. Ayni paytda Jahon tillari universiteti, Toshkent Sharqshunoslik instituti, Andijon tillar instituti, Samarqand chet tillar instituti va O‘zbekiston Milliy universitetining roman-german filologiyasi fakultetidan xorijiy tillarni puxta egallagan yosh tarjimon va tarjimashunoslarning yetishib chiqayotgani quvonarli holdir. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi shu maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatayotgan «Yosh tarjimonlar» ijodiy to‘garagining faoliyatini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Nazarimda, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida tarjimashunoslik ilmi tarjima amaliyotiga qaraganda birmuncha orqada qolayapti. To‘g‘risi, «sobiq ittifoq davrida shakllangan tarjima nazariyasi bugunga kelib MDH davlatlarining barchasida ham tanazzulga yuz tutdi» (P.M.Toper). Oxirgi o‘n besh yil ichida olimlarimiz tarafidan bu sohada jahon ilmi talabiga javob bera oladigan yirik tadqiqotlar yaratilmadi hisob. Hatto FITning 1993 (Moskva), 1996 (Melburn), 1998 (London) yillardagi va keyingi ilmiy anjumanlarida ishtirok ham etolmadik. Taniqli olim G‘aybulla Salomov asos solgan Milliy universitetdagi tarjima nazariyasi kafedrasi, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar bo‘limining oldingi dovrug‘i eshitilmay qoldi. Tarjima nazariyasi va amaliyotning minbari bo‘lgan «Tarjima san’ati» almanaxi nashri to‘xtaganiga ham ancha yillar bo‘ldi.
Endi ikki og‘iz so‘z «Jahon adabiyoti» jurnali xususida. Jurnal faqat tarjima asarlarini e’lon qilib boruvchi nashr bo‘lib qolmasdan, unda xorijiy sharq va g‘arb tillaridan o‘zbek tiliga tarjima muammolariga bag‘ishlangan maqolalar ham muntazam yoritilib borilishi zarur. Ayni paytda, respublikamiz nashriyotlarida chop qilinayotgan tarjima asarlari xususida jurnalning har sonida bibliografik ma’lumotlar va taqrizlar berib borilsa yanada ma’qul bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, «Jahon adabiyoti» jurnali xorijiy tillardan xabardor, jahon adabiyotini yaxshi biladigan munaqqid va tarjimonlarning minbariga aylansa, ilm ahli va jurnalxonlar oldida uning obro‘yi yanada oshgan bo‘lardi.
Xulosa qilib aytganda, o‘tgan asr tarjimashunoslik ilmida erishgan yutuqlarimizni boyitmog‘imiz, tarjima amaliyoti va nazariyasi bobida yangi ijodiy-ilmiy maktablar yaratmog‘imiz zarur. Garchi o‘tgan asr tarjima asri sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, yangi asrda bu sohada ilmiy, ijodiy izlanishlar izchil davom etishiga ishonchimiz komil.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 2-sonidan olindi.