yoxud R.Balandinning «Yuzta mashhur daho» kitobi haqida ayrim mulohazalar
O‘zbek tilining izohli lug‘atida daho so‘ziga «Favqulodda aql va zakovat, tengsiz ijodiy iste’dod» deya ta’rif berilgan. Gyote qobiliyatdan yuqorisi iste’dod, iste’doddan yuqorisi daholik, degan edi. Daholik va daholar haqida ko‘p va xo‘p yozilgan.
Yorqin, mashhur shaxslar, ayniqsa daholar haqida yozilgan ilmiy, ommabop, badiiy asarlar kitobxonda o‘zgacha bir qiziqish, ishtiyoq uyg‘otishi tabiiy. Yaqinda shunday bir kitob qo‘limga tushib qoldi. Bu R.K.Balandinning 2008 yili Moskvada chop etilgan «Yuzta mashhur daho» («Sto velikix geniyev») degan kitobi edi. Unda yaqin va uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan mashhur shaxslar, muallifning e’tiroficha mashhur daholar — din arboblari, sarkardalar, hukmdorlar, faylasuflar, shoir va yozuvchilar, olimlar, san’at arboblari haqida hikoya qilinadi. Kitobni qo‘lga olarkanman, «Qani bizdan kimlar kirgan ekan?» degan savol beixtiyor xayolimga urildi-yu, shosha-pisha mundarijaga ko‘z tashladim. Ajabo, unda Rodjer, Kuzanskiy, Kyuve, Layel, Dyurer, Bosx, Kropotkin kabi nomi u qadar ma’lum va mashhur bo‘lmagan shaxslar daholar qatoridan o‘rin olgani holda Amir Temur, Zahiriddin Bobur, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Xorazmiy, Alisher Navoiy, Chingiz Aytmatov kabi buyuk siymolarning nomlari yo‘q edi. Tabiiyki, bundan ajablandim va andak ranjidim ham.
Sharqqa past nazar bilan qarash yangilik emas, albatta. Ayni chog‘da G‘arbning o‘zi Sharqqa bo‘lgan hurmat-ehtiromini, hayratini («Quyosh Sharqdan!») allaqachon izhor etib qo‘ygan. Yana o‘sha Gyotega murojaat etamiz. Buyuk nemis mutafakkiri, «G‘arbu Sharq devoni» muallifi: «Ettita eng zo‘r Sharq shoirining eng nimjonidan ham kuchsizman», deya iqror bo‘lgan. Darhaqiqat, buyuk siymolarimizning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Sohibqiron Amir Temur hayotligidayoq Yevropa xaloskori sifatida tan olinib, e’zozlangan. Javoharla’l Neruning «Bobur — dilbar shaxs…» degan e’tirofi el aro ma’lum va mashhur. Beruniy yozgan asarlar ro‘yxatining o‘zi oltmish sahifalik kitob bo‘ladi. Ibn Sino asarlari Yevropada besh-olti asr mobaynida tibbiyot darsligi sifatida o‘qitilgan. Hazrat Navoiy ijodining jahoniy ahamiyati ham allaqachon e’tirof etilgan. Muhtaram Yurtboshimiz «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida shunday yozadilar:
«Ta’bir joiz bo‘lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa.
Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir.
Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi».
Navoiy dahosini bundan ortiq ta’riflash va baholash qiyin.
Daholar haqidagi kitobga buyuklarimiz kiritilmagani bilan ular kamsitilib qolmaydi, albatta, faqat muallifning noxolisligi andak taassuf uyg‘otadi. Beixtiyor Krilovning o‘sha mashhur masali yodga tushadi. Hayvonot bog‘iga borgan odam u yerda har turli mayda jonzotlar, qurt-qumursqalargacha ko‘rganini do‘stiga aytib maqtanadi. Og‘aynisi o‘sha yerda fil ham bor edi, ko‘rdingmi deb so‘rasa, yo‘q, filni ko‘rmadim deb javob beradi…
«Yuzta mashhur daho» kitobining ilk sahifalari din arboblariga bag‘ishlangan. Unda payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. haqida ham hikoya qilingan. Afsuski, bu hikoya nihoyatda yuzaki, biryoqlama, Rasululloh s.a.v.ning muborak siymosi mutlaqo ochilmagan. Muallif o‘zicha Qur’oni karimning ayrim «kamchilik»lari haqida alahsirab falsafa so‘qiydi. Muqaddas kitobimizda hazrat payg‘ambarimizning qarashlari aks etgani haqida yozadi. Vaholanki, Qur’oni karim Ollohning kalomi ekani, Rasululloh s.a.v.ning o‘gitlari, pand-nasihatlari uning hadislarida bayon etilgani har bir mo‘min musulmonga yaxshi ayon.
R.K.Balandin kitobining shoir, yozuvchilarga bag‘ishlangan qismida ham o‘sha biryoqlama uslubiga sodiq qolgan. Masalan, muallif Dostoyevskiy, Tolstoy haqida hikoya qilar ekan, bu yozuvchilarning tarjimai holiga doir ayrim ma’lumotlarni keltirish barobarida ko‘proq ularning dunyoqarashi, jamiyat, san’at va adabiyot haqidagi fikr-mulohazalariga to‘xtaladi. Vaholanki, bu ulug‘ yozuvchilarning daholigi ko‘proq ularning adib sifatidagi yuksak mahoratida, san’atida namoyon bo‘lgan. Kitobda bu haqda deyarli hech gap aytilmaydi.
«Yuzta mashhur daho» kitobi muallifining daholik haqidagi tasavvur-tushunchasi bag‘oyat «o‘ziga xos», hayratomuzdir. Avvalo Lenin, Stalinning daholar safiga qo‘yilishi tushunarsiz. Daho so‘zining ma’no-mohiyati ezgu tuyg‘ular, komillik, ezgu amallar bilan bog‘liq. Sho‘ro “dohiy”larining iste’dodlari ezgulikka emas, aksincha, qabohatga, razolatga xizmat qilgani tarixiy haqiqat-ku! Muallif bu shaxslarning tarjimai holiga doir ayrim ma’lumotlarni keltiradi, xarakteridagi «ayrim qusurlar»ni shunchaki nomigagina tilga oladi, ayni chog‘da ularning faoliyatini asosan ijobiy baholaydi, xizmatlarini oshirib-toshirib ko‘rsatadi, jinoyatlarini, yovuzliklarini xaspo‘shlaydi, ulardan ko‘z yumadi.
Tanganing ikkinchi tomoni e’tibordan soqit qilinadi. O‘sha sotsialistik davlat xalqlar boshiga qanchalar kulfat keltirgani, siyosiy terror, ommaviy qatag‘on qanchalar fojeali bo‘lgani, bu «daho»lar o‘z xalqiga nisbatan genotsid siyosatini yurgizgani haqida lom-mim deyilmaydi. Mash’um qatag‘on siyosati aslida Lenindan boshlangani, podsho oilasini otishga ham shaxsan o‘zi buyruq bergani, siyosatda g‘irt ikkiyuzlamachi ekani, Qo‘qon muxtoriyatini qonga botirgani, ma’lumoti bo‘yicha yurist bo‘lgani holda huquq-tartibot tizimiga telefon orqali tazyiq o‘tkazish amaliyoti ham «dohiy»dan meros ekani, uning ta’limoti esa mutlaqo soxta ekani unutiladi.
R.K.Balandin o‘z kitobida Stalin haqida og‘zidan bol tomib so‘zlaydi, «xalqlar otasi»ga ixlosini yashirib o‘tirmaydi. Sovet Ittifoqi XX asrda erishgan jamiki olamshumul yutuqlar uning nomi bilan bog‘liq ekani, mamlakatda ro‘y bergan ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy yuksalish tufayli SSSR eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olgani, industrlashtirish va kollektivlashtirish muvaffaqiyatli yakunlangani, fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alaba — hamma-hammasi Stalinning buyuk xizmatlari natijasi deya qayd qilinadi. Biroq, uning son-sanoqsiz jinoyatlarini fosh etuvchi muhim tarixiy, ilmiy, badiiy hujjatlar, manbalardan ko‘z yumiladi. Axir N.S.Xrushchevning 1956 yili KPSS XX s’ezdida Stalin shaxsiga sig‘inishni fosh etuvchi va jahonda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan tarixiy nutqini tilga olmay, Soljenitsinning terror va qatag‘on siyosati, Stalin qamoqxonalaridagi azob-uqubatlar haqida hikoya qiluvchi mashhur «Gulag arxipelagi» asariga murojaat etmay turib Stalin haqida to‘laqonli, haqqoniy asar yozib bo‘ladimi? Axir tarixga, qadriyatlarga, o‘tmishda o‘tgan tarixiy shaxslarga, hukmdorlarga zamona zayli bilan qaytadan baho berilmoqda-ku! Muallif qaysi asr qa’ridan turib gapirmoqda? Kimlarning tegirmoniga suv quymoqda?
«Sho‘rolar zamonida tarixiy haqiqatni bilishga intilish rag‘batlantirilmas edi, hukmron mafkura manfaatlariga xizmat qilmaydigan manbalar xalq ko‘zidan iloji boricha yiroq saqlanardi», deya Yurtboshimiz to‘g‘ri qayd etgan edilar. Endilikda mustabid tuzum davridagi sun’iy to‘siqlar, g‘ovlar olib tashlandi. Mustaqillik sharofati bilan haqiqatni bilish va aytish imkoniyati tug‘ildi.
O‘zbek adabiyotida shaxsga sig‘inish va qatag‘on siyosatini fosh etishga bag‘ishlangan birinchi salmoqli asar Shuhratning (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) «Oltin zanglamas» romani bo‘ldi. Keyinchalik Izzat Sultonning «Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlari», Usmon Azimning «Kunduzsiz kechalar», Xayriddin Sultonovning «Ular Germaniyada o‘qigan edilar» kabi qatag‘on davrini aks ettiruvchi qator asarlar yaratildi.
Lenin, Stalin kabi «daho»larning jinoyatlari faqat ommaviy qatag‘on, genotsid bilan cheklanib qolmaydi. Ular xalqning ruhini g‘orat qilishdi, qullik, mutelik psixologiyasini singdirishdi, odamlarni o‘z haq-huquqini tanimaydigan, mustaqil, sog‘lom fikr yuritolmaydigan manqurtlarga aylantirishdi. Buning ayanchli ta’siri, zahri-ziyoni hali hamon davom etmoqda…
R.K.Balandinning kitobidagi biryoqlamaliklar, noxolisliklarni xo‘sh, nima bo‘pti, muallif o‘z shaxsiy fikrini bayon etgan deya oqlash, xaspo‘shlash mumkinmi? Menimcha, mumkin emas! Agar muallif o‘z fikr-mulohazalarini besh-olti nafar ulfatlari bilan bo‘lgan o‘zaro gurungda aytsa boshqa gap edi. Axir u o‘z qarashlarini ko‘p nusxada chop etilgan kitobida bayon etmoqda, demakki xalqqa, ommaga “ma’rifat” tarqatyapti, shu bois uning nuqtai nazari olomonning qarashlaridan farq qilishi, haqiqatning ko‘ziga tik qarab, xolis, haqqoniy va sog‘lom fikr yuritishi lozim edi. Afsuski, tarixni yaxshi bilmaydigan, mustaqil fikr yuritolmaydigan kitobxonning ongu shuuri bunday kitoblarni o‘qigach, yana bir karra yolg‘on bilan zaharlanadi. Bunday ko‘ngilsiz holga befarq qarash mumkin emas. Ayniqsa, «Barkamol avlod yili»da yoshlarni zararli mafkuraviy ta’sirlardan ogoh qilishga hammamiz burchlimiz.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 10-sonidan olindi.