Ustoz Shukur Xolmirzayev saboqlari
Biz o‘sha paytlar endigina boshoqlay boshlagan havaskor talabalar edik.
Adashmasam, o‘tgan asrning 77-yillari edi. Yozuvchilar uyushmasining Pushkin ko‘chasidagi binosida Erkin A’zam bilan Muhammad Rahmonning yaqindagina nashrdan chiqqan ilk kitoblari muhokamasida o‘tiribmiz. Odam ko‘p, zal liq to‘la.
Bir mahal minbarga sochlari yelkalariga hurpayib tushgan, qoshlari qalin va o‘siq, o‘zini tutishi, holati va qiyofasi buyuk bastakor Paganinining kinodagi siymosini eslatuvchi bir kishi chiqdi. Quyuq qora qoshlari bilan bosh-oyoq qora kiyimi bir-birini bo‘rttirib, gavdasiga jiddiylik va qat’iyat baxsh etib turgan, so‘z berilishi bilanoq zalda o‘tirganlar ham bir sergaklanib olgan bu kishi, kutilmaganda dag‘al, do‘rillagan ovozda she’r o‘qiy boshladi. Bizning yosh, shoirona tasavvurimizda juda badjahl, qahrli ko‘ringan bu odam umuman she’r o‘qishi mumkin emas edi – hammamiz hangu mang bo‘lib qoldik.
“Bu kishi kim?” deb yonimizda o‘tirgan Mirzo Kenjaboyevdan so‘rasak:
— Ie, Shukur aka-ku, Shukur Xolmirzayev shu kishi-da, — deya she’r tinglashda davom etdi.
Biz hayrat va hayajon og‘ushida edik. Shukur aka haqiqatan ham she’rni zo‘r o‘qidi. O‘qidi ham emas, sidqidildan ijro etdi. Keyin: “Mana shunday go‘zal she’rlarni yozguvchi shoir ukamiz Muhammad Rahmon bo‘ladi”, deya gapida davom etdi.
Usmon aka, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim adib haqidagi bitiklariga “Uzoq xayrlashuvlar”, deb juda go‘zal nom qo‘ygan.
Bizning Shukur aka bilan ilk tanishuvdan keyingi barcha diydorlashuvlaru suhbatlarga ham “Uzoq uchrashuvlar va xayrlashuvlar”, deb sarlavha qo‘yilsa to‘g‘ri bo‘lar.
Umr — oqar suv deganicha bor ekan, yillar xotiralarga, xotiralar yillarga aylanib boraverarkan.
Talabalik yillari, uncha-muncha kitobni bir kechada simirib o‘qiydigan, muhabbatga, mutolaaga chanqoq yorqin pallalar.
Yotoqxonamizda hujradan hujraga, qo‘ldan-qo‘lga aylanib, kezib yurguvchi mashhur asarlar qatorida deyarli ko‘pchilik o‘qib chiqqan sevimli kitoblar: “O‘n sakkizga kirmagan kim bor”, “Olis yulduzlar ostida”, “Hayot abadiy”…
Oqshomlari bizdan bir kurs baland o‘qiydigan kitob jinnisi Qurbon bilan yosh hikoyanavis Aliqul degan sirdaryolik yigit bahslashadi:
— Masalan, “Olis yulduzlar ostida” degan hikoyasining yaxshiligini qanday isbotlaysan? Yozuvchi bo‘lsang bir so‘z bilan ayt-da!
— Yaxshiligi shundaki, hikoyani o‘qigach, o‘zingni ham birdan o‘sha olis yulduzlar ostiga ketging keladi…
Surxon vohasidan chiqqan adiblarning karvonboshisi, yosh chog‘idanoq Abdulla Qahhordek ustoz adiblarning nazariga tushib, duosini olgan Shukur og‘amiz bilan biz haqli ravishda faxrlanardik. Va qalamlarimiz qitirlab, ilk mashqlarimiz matbuotda ko‘rina boshlagan paytda “Bu tuproqni ulug‘laydigan, xalqining shodlik tuyg‘ulari, dardlarini ifoda qiladigan shoir va yozuvchilari” qatorida “kenjalar” deb bizning nomlarni ham tilga olganida olam-olam quvonganmiz. Universitetni bitirganimizdan keyin, bir do‘stimizni nashriyotga, yana birovini radioga, meni esa o‘sha paytdagi bosh muharrir Sa’dulla Karomatovga dalolat qilib, “Toshkent oqshomi” gazetasiga ishga joylashtirgan qadrli inson ham Shukur aka bo‘ladi.
Ba’zan she’rlarimiz bilan havolangancha “Adabiyot” gazetasining yo‘lagida paydo bo‘lamiz. Jadidlar zamonining muharrirlarini eslatuvchi Mahmud aka, ustoz Mahmud Sa’diy yelka uchirib yurgan bo‘ladi. U kishining faqatgina bizga tanish “paroli” bor, shuni aytgach, gurungga tushib ketamiz. “Sholoxovni ham ko‘rib turibsizlarmi?” deya so‘raydi har gal Mahmud aka. Yoki xayrlashayotib: “Sholoxovga ham salom aytinglar” deydi. “Sholoxov” degani — Shukur aka. Bu ta’rif bizning g‘ashimizga tegmaydi, aksincha, og‘amizning ulug‘ yozuvchi ekanini beg‘araz, samimiy e’tirof etganidan xursand bo‘lamiz.
Shukur akaning hamma asarlarida yurakka yetib boradigan, qalbni jizzilatadigan bir nima bor. Hikoyami, essemi – farqi yo‘q, albatta, sizni orziqtirguvchi, o‘zingizga aziz va kerakli nimanidir topa olasiz.
Shu o‘rinda muhim bir nuqtani alohida aytib o‘tmoqni istar edik:
“O‘n sakkizga kirmagan kim bor” qissasining otash harorati nechog‘li baland bo‘lmasin, Shukur aka nasridagi bir yo‘nalish — yurt, Vatan, ona tuproq tarixi mavzusining yuksakligi, adib bu mavzuni butun umri davomida bo‘lakcha mehr va sinchkovlik bilan ifodalaganining guvohi bo‘lasiz. Shu ma’noda, yosh, tajribasiz bo‘lishimizga qaramasdan, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” asaridan yuz chandon ko‘proq ta’sir etgan, bizning Vatan, tarix, adabiyot haqidagi tasavvur va bilimimizni tom ma’noda ag‘dar-to‘ntar qilib bergan mo‘jazgina “Qadimiy Baqtriya tuprog‘ida” esse-hikoyasini misol keltirish mumkin.
Esse 1973 yilda yozilgan. Biz uni “Sharq yulduzi” jurnalining eski taxlamlaridan topib o‘qiganmiz. Shukur aka hayoti davomida bir necha marotaba takror-takror bu asariga murojaat qilib, qayta ishlab, to‘ldirib, sayqal bergan. Bir gal “Oldi-ortingga qara” deb sarlavhasini o‘zgartirib ham nashr ettirgan. Esse “Avesto”dan olingan (tasavvur eting: XX asr, sho‘ro zamonining avj pallasi!): “Men Ohura-Mazda shafqat-himoyatim ostida olamning to‘rtinchi mamlakati qilib tug‘i baland erlar yurti Baqtriyani yaratdim” degan epigraf-so‘zlar bilan boshlanadi. Epigrafning o‘ziyoq o‘quvchiga juda katta, kutilmagan bir narsani va’da beradi. Umuman, Shukur aka epigraf tanlashda, ustozlar ijodidagi eng zo‘r, hamma o‘qigan, lekin hech kim e’tibor bermagan sara so‘zlar, satrlarni topib “reklama” qilish bobida ham juda usta edi. U kishi biror-bir davrada aytgan bunday yombi satrlar ikki-uch kun ichida adabiy jamoatchilik orasida mashhur bo‘lib ketardi. Masalan, hazrat Alisher Navoiyning “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmamon”, Mirtemir domlaning “Dunyo keng, bibijon, ko‘zlar ilg‘amas” yoki ozar shoiri Samad Vurg‘unning “Keldi shoir, ketdi shoir, hech kim bilmadi” satrlarining el aro yoyilib, ovoza bo‘lib ketishida Shukur akaning katta hissasi bor.
“Qadimiy Baqtriya tuprog‘ida”. Biz bu asarni deyarli yod bilardik. Maktab darsliklarida, universitet qo‘llanmalarida bizga mutlaqo boshqa – yetti yot begona va soxta tarix o‘qitilardi, bu tarix esa xuddi momomizday tanish, qadrdon, bobomiz misoli yaqin va aziz. Unisidan yolg‘on va haqorat bilinib tursa, bunisidan sha’nu g‘ururimiz balqib, momo beshiklarning isi ufurib turardi.
Asardan ko‘zlangan maqsad va holatini adib eramizdan ikki yuz yil avval o‘tgan yunon hajvchi yozuvchisi Lukianning so‘zlari bilan ifodalab beradi: “Mening bu gaplarim g‘oyat eski gaplardir (Bu gap ikki ming yil burun aytilyapti – Sh.X.). Lekin haqiqat shundaki, o‘z otasini sevmagan farzand o‘zganing otasini ham hurmat qila bilmaydi va … o‘z Vatanini sevmagan kishi o‘zgalar Vatanini ham qadrlay bilmaydi”.
Bor-yo‘g‘i yigirma to‘rt-yigirma besh betdan iborat mazkur essening ichi g‘ij-g‘ij tarix va qadimiyat, yigirma besh sahifaginaning qatlarida ikki yuz ming yillik qatlam-qatlam tarix tig‘iz qilib joylashtirilgan.
Tepalar. Tepalar. Qumtepalar. Tuproqtepalar. Baqtriya, Yunon-Baqtriya davlatlari. Qushonlar imperiyasi.
Biz kechagina shu tepalarda qo‘y haydab, poda boqib yurgan bolakaylar edik. Shaharga o‘qishga keldigu, bir yozuvchi aka bizni shu tepalar, shu ajib va sirli g‘orlarning ichiga olib kirdi. “O‘v inijonlarim-ay, mana ko‘ringlar, bu tepalar qa’rida vatanlaring yotibdi, bobolaring, tarixingizu o‘zligingiz, oringiz bilan g‘ururingiz yotibdi – dedi. — Bilinglar, o‘rganinglar!”
Binobarin, biz angladikki, bizning ko‘hna tarix qanaqadir “1917” yildan emas, balki Boysundagi Teshiktosh degan qadim g‘orlardan, u yerdan topilgan yuz million yil avval yashagan Neondertal odamning shu tuproqda tomgan kindik qonidan, Navoiy bobomiz “Xamsa” dostonlarida tasvirlab o‘tgan Zarautsoydagi ibtidoiy odamlar chizgan suratlarning-da yuz ming yillik chiziqlaridan boshlanar ekan. Necha-necha asrlar, davru zamonlarni o‘tkizgan sopol siniqlari, g‘isht parchalari. Budda ibodatxonalari. Qal’alar, qal’alar. Yana tepalar, tepalar. Qumtepalar. Tuproqtepalar. Ulug‘ bir elning qadim buyuk madaniyati va san’ati, ulug‘vor tamaddunidan guvohlik beradilar.
Biz mana shu Vatanni — Shukur akamiz yurak qoniyu umrini sarflab, sog‘lig‘i bilan oilaviy farog‘ati, dunyo hashamiyu rohatidan kechib, butun hayotini baxsh etgancha so‘zma-so‘z, betma-bet, tepama-tepa yozib qoldirgan shu aziz, sersog‘inch Vatanni o‘rganmoqqa kirishdik.
Qo‘sh adirning ikki o‘rkachida qirday-qirday bo‘lib ikki baxshi o‘tiribdi. Do‘mbira tovushi asrlar qa’ridan mungranib kelayotganday. Go‘yo do‘mbira torlari qirlarning qorni uzra tortilganu, qo‘hna va tuganmas tarix ingrog‘i taralayotganday.
Qo‘sh tepadan chang chiqdiyo, bu nimadir chechajon?
Ikki otliq teng chiqdiyo, bu nimadir chechajon?..
Elning ikki ulug‘ kuychisi — Qodir baxshi, Shoberdi baxshi, biri qo‘yib biri olayapti. Tog‘lar, daralarni gumburlatgancha, Boychiborini o‘ynatib Alpomish kelyapti. Do‘mbiralarning joni toshdan ekan, tosh bo‘lganda ham allaqachon qumlanib, uvalanib ketardi. “E, Alpomishni bergan ota-bovangga rahmat-e!” Qirday-qirday bo‘lib ikki yonda ikki baxshi o‘tiribdi, biz shunda, o‘rtada sel bo‘lib oqqan, Sayhun, Jayhun bo‘lib ketgan odamni ko‘rganmiz — o‘sha Shukur aka edi.
So‘zga sadoqat ko‘yida sarflangan, Adabiyotga sadqa ketgan umr. Adibning yuki og‘ir, zalvorli asarlaridan biri, «O‘n to‘qqizinchi asrning eng murakkab odami” (M. Gorkiy iborasi), ulug‘ adib L.N. Tolstoyga bag‘ishlangan “Tanholik” hikoyasidir. Hikoya Shukur aka hayoti va ijodining g‘alvir suvdan ko‘tarilayotgan pallalarida – 1998 yili yozilgan. Barcha asarlarida bo‘lgani kabi, yozuvchi ushbu hikoyasida ham o‘z mahorati, didi, bilimi va san’atini ko‘rsata olgan. Hikoyani o‘qigach, shak-shubhasiz katta qoniqish va o‘zgarish hosil qilasiz. Tolstoy boboning umr xazonrezgisidagi alamli damlari bor ziddiyatlariyu iztiroblari, falsafasiyu donishmandligi bilan mohirona ifodalangan mazkur hikoyasida Shukur aka o‘quvchini chigal hayotiy savollarning quyuq saksovulzor sahrosidan olib o‘tadi. Javoblar qudug‘iga esa o‘quvchi tamomila boshqa odam bo‘lib keladi.
Buni qarang-a: Chor Rossiyasining podshosi Aleksandr I ga “Nima qilib bo‘lsa ham O‘rta Osiyo bilan Turkiyani bosib olmoq kerak (Vo chto bы to ne bыlo, nado zavoyevat Srednyuyu Aziyu i Turtsiyu!)” deb kim maslahat bergan ekan, bilasizmi? Dostoyevskiy. “Jinoyat va jazo”, “Aka-uka Karamazovlar” singari muhtasham asarlarni yozgan Dostoyevskiy aytgan ekan. Mana sizga, “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” degan olamshumul so‘zlar muallifining boshqa bir — “xaloskorlik”, istilochilik qiyofasi.
Qisqa, uzuq-yuluq suhbatlar, uzoq uchrashuvlaru davomli xayrlashuvlar.
Shukur aka tarixni Vatanday, Vatanni tarix misoli yaxshi ko‘rardi. Shu bois Vatan tarixiga daxldor bo‘lsa agar, arzimasdek tuyulsa-da, sopol sinig‘ini ham bir bahonayi sabab bilan asariga kiritib o‘tadi. Shu sopolginaga-da mehri, munosabatini izhor etadi. Sizning esa bu sopol sinig‘ini avaylab-e’zozlab ko‘zga surtgilaringiz keladi.
“Xorazm, jonginam” hikoyasida shunday so‘zlarni o‘qiymiz:
“… O‘sha minorlar, eski karvich devorlar, tor ko‘chalar, sag‘anazor mozorlar meni tortdi.
Men o‘sha yerga boraman.
Balki… balki bu bir holatdir.
Lekin men tug‘ilgan yurtimni qaytadan kashf etdim: u tap-taqir cho‘l, sahro bo‘lib qolgandayam — mening tuprog‘im ekan. O‘liblar ketmaymanmi o‘sha yerda!”
Hikoyalarda ota yurt, ona tuproq bor. Har bir hikoya go‘yoki bir yurtday, tasvirlanayotgan har bir inson xuddiki bir Vatanday taassurot qoldiradi. Bu insonlar hayot yo‘llarida, ko‘ngil va qismat ko‘chalarida bir umr, umr bo‘yi talpinib, intilib yashaydilar. Eng muhimi, kim bo‘lmasin, har birining borar manzili tayin. Ularning qalblari, armonlari bilan sog‘inchlari Boysunning zangoru shingarf, moviy va musaffo osmonlariga o‘xshaydi.
Tagiga “1996” yil sanasi qo‘yilgan hikoya qahramonining bir armonli nidosi bor: “Ay, maning umrim…umrimning eng yaxshi, nurli chog‘lari o‘tib bo‘ldi…”.
To‘rt jildli saylanma asarlarning eng og‘riqli, dardli-armonli nuqtasi — adibning “Ena qizim Sayyorajon!” nomli vidolashuvi, xo‘shlashuv nomasi. Shu ikki qog‘ozgina xayrlashuvda cheksiz-poyonsiz bir diyorning bitmas-tuganmas mehr va sog‘inchlari jo qilinganday. Ustoz G‘afur G‘ulom ta’biri bilan aytganda, “Otalik hissining bebaho, laziz, to‘lqinlari ichra g‘arq bo‘lib” ketasizu, bu sershafqat va beshafqat hayot qarshisida yig‘lay boshlaysiz.
(“Ay, Shuhrat akam-a…” essesidan):
“Keyin Said Ahmad akaning so‘nggi — vidolashuv nutqini eslab, agar mana shu o‘ylarga bormagan bo‘lsam, Olloh oldida gunohkorman:
Said Ahmad aka, borgan joyingda tinch yot dedilar… Attang, bir kun kelib orqangdan biz ham boramiz, demadilar. Balki ichlarida aytgandir. Men, mana, sirtimda aytaman: Shuhrat aka, vaqti-soati kelganda men ham orqangizdan yetib boraman. Axir, ruhlar tirik! Mening ham ruhim Sizning ruhingizni topadi, albatta. Aytishlaricha, yomon ruhlar ham bo‘larkan u olamda… o‘shandayam, Shuhrat aka, Sizning ruhingizdan panoh topsam kerak…”.
….So‘nggi kunlari, og‘ir yotganida shoir Rustam Musurmon bilan ko‘rgani bordik. Nevaralari yo‘lakda velosiped tuzatayotgan ekan. «Kiringlar, ichkarida” deyishdi. Torlari uzilgan do‘mbiraday bo‘lib bir vujud yotibdi. Ko‘zlarini ochdi. Chehrasi bir yorishdi. “Ay, mening polvonlarim kelibdi!”, dedi. Siniq jilmaydi. Keyin: “Rustamjon, suv bering”, dedi. Ikkimi, uch qultummi suv ichdi — “Shukur” aytdi. O‘zi bilan o‘zi gapirayotgandek tuyuldi. Bir nuqta yaqinlashgandek bo‘lib ko‘rinaverdi.
Keyin, oradan Vaqt o‘tib (“umr o‘tib” desa durustroq bo‘lar) adibimiz Erkin A’zam “Yozuvchi” sarlavhali, “Shukur aka ham bog‘ini yaxshi ko‘rardi”, deya boshlanuvchi hikoya chiqardi. Hikoyadan qisqagina parcha budir:
“ — Amaki, vergul zo‘rmi, nuqtami? , — deb so‘raydi bo‘lajak adib yozuvidan bosh ko‘tarib.
Qanchalab kitob bitib, umr bo‘yi muharrirlik qilgan odam bolakayning shugina savolidan lol, o‘ylanib qoladi.
— Nuqta zo‘r bo‘lsa kerak-da. Verguling bir gapda bir nechta bo‘lishi mumkin, nuqta esa — bitta!
— Lekin vergulning dumi uzun-ku?!
— Vergul – gap hali davom etadi degani. Nuqta qo‘yildimi, demak – bas, tamom!
— Darrov tamom bo‘lgandan ko‘ra, davom etgani yaxshi emasmi?..”
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 12-sonidan olindi.