Tuyg‘u, fikr-mushohada va tasvir — bularning barisi Sharq adabiyotida, avvalo, mazmun va mohiyatga asoslanadi. Eski adabiy matnlar bilan tanishganda so‘zning ba’zan o‘nlab ma’no-mazmuni bilan qiziqishga to‘g‘ri keladi. Agar shunday qilinmasa, ayni bir ijodkor ulardan qanday maqsadlarda foydalangani ham, matndan matnga ko‘chgan sayin so‘zdagi ma’no o‘zgarishi yoki yangilanish sabablari ham ochilmasdan qolaveradi. Alisher Navoiy soqiynomasida yozadi:
Mehribonlar qani, ahbob dog‘i!Hamnishinlar qani, ashob dog‘i!
Barcha g‘urbatda xirom ayladilar,
Xuld bog‘in maqom ayladilar.
G‘urbat deyilganda, asosan, el-yurtdan judolik, ayriliqhasrati kabi ma’nolar tushuniladi. “Barcha g‘urbatqa xirom ayladilar” deyilganda esa, “g‘urbat” so‘zi narigi dunyo, ya’ni oxirat mazmunida qo‘llanilgan.
Kishiki vasl tilar, g‘urbat ixtiyor etsun,Ul orzug‘a burun tarki xonumon yaxshi.
Bu baytdagi “g‘urbat” endi butunlay boshqa mohiyatga ega va uning o‘lim yoxud oxirat tushunchasiga aloqasi yo‘qdir.
Ma’lumki, tasavvuf psixologiyasi jihatidan so‘fiy, darvesh va oriflar uchun g‘urbat hayotini yashab, g‘ariblik iztirobi va qiyinchiliklarini ko‘ngildan kechirish juda muhim hisoblangan. Chunki musofirlik va musofirlikdagi hayot, tajrid, tafrid deb atalgan yolg‘izlik holatlarini chuqur idrok aylashga imkon berganidek, insonni yolg‘on do‘stlik, sun’iy ulfatchilik va betayin manfaatlardan yiroqlashtiradi. Eng muhimi, g‘arib kishi shon-shuhrat, manmanlik tuzoqlaridan ham qutulib o‘zi bilan o‘zi yuzma-yuz qoladi. Bu esa, o‘zini anglash, ilgarilash va komillikni istovchi ko‘ngil uchun go‘zal fursatdir. Tasavvufda ikki xil sayohatdan bahs yuritilgan. Biri — vujud sayohati, ikkinchisi —qalb sayohati. Bular moddiy va ma’naviysayohat ham deyilgan. Abdulkarim Qushayriy so‘fiylarning aksariyati suluklarining boshlarida va yoshlik chog‘larida ko‘p safarga chiqib, so‘ngra uzlatga chekinganlari to‘g‘risida so‘zlab, Junayd Bag‘dodiyning quyidagi mulohazalariga e’tibor qaratadi: “Tavhidi so‘fiyya shundaydir: qadim bo‘lganni hadis bo‘lgandan ajratish, vatanni tark aylash (moddiy va ma’naviy maskan, maqom, mavqe va hollardan yiroqlashish), nafs sevgan va tilagan narsalardan aloqani uzish, ma’lumni ham, majhulni ham chetga surib, bularning barchasining joyiga Ollohni iqoma etmoqdir” (“Risolai Qushayriy”, 476 — 477-bet).
Navoiyning vasl orzusini tark va g‘urbatga vobasta tarzda ifodalashida ham Bag‘dodiy sharhlagan tavhidga ishoratni sezish qiyin emas. Bundan tashqari, shoirning “g‘urbat ixtiyor etsun” degan chorlovi zamirida visol tilar kishi g‘arib bo‘lsin, g‘ariblik maqomiga ko‘tarilsin, mazmunidagi fikr ham mavjuddir. Ulug‘ shoir “Saddi Iskandariy” dostonida:
Navoiy, chu g‘urbatda sen shod bo‘l,Vatan yodi ranjidin ozod bo‘l!
Agar Sharqu G‘arb o‘lsa manzil sanga,
Ne g‘am, kom agar bo‘lsa hosil sanga —
deydi. Odam g‘urbatda, ya’ni el-yurtidan yiroqlarda yurib, g‘ariblikda ham shod-xurram kun kechirishi mumkinmi?
“G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish…” misrasi bilan boshlanadigan mashhur ruboiyni tahlil qilgan olimlarning deyarli barchasi ushbu savolga mantiqan “Yo‘q! Hech mumkin emas!”, deya javob qaytarishgan. Mana, maktab darsliklaridan birida g‘urbat tushunchasi qanday yoritilgan: “Har bir inson, jonzot o‘z vatani, o‘z tuprog‘ida aziz, ardoqli… o‘z yurtidan ajralish fojia. Inson faqat o‘z vatanida o‘zini g‘arib, bechora sezmaydi… Bu to‘rt misra zamiriga (ya’ni ruboiyga deyilmoqchi — I.H.) shoir olam-olam ma’noni jo etib, vatansizlik inson uchun og‘ir azob ekanini, har qanday sharoitda ham o‘z yeriga sodiqqolish odamni baxt-saodatga eltishini ta’kidlamoqchi bo‘ladi” (S.Axmedov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev. Adabiyot (Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-sinfi uchun darslik-majmua. Toshkent, 2005, 189-bet).
Bu kabi fikr-mulohazalarni «g‘urbat» va «g‘arib» so‘zlari uchraydigan har bir she’r to‘g‘risida aytish mumkin. Lekin Navoiy she’riyatida ushbu ikki kalimaning lug‘aviy mazmunidan ko‘ra istilohiy ma’nosiga keng va teranroqqarash shartdir. Chunki ularning har ikkalasi ham shoir dunyoqarashi va ijodiyotining tub mohiyatini anglashga xizmat qiladigan “kalit” istilohlardan sanaladi. Aks holda Navoiy devonlaridagi:
G‘urbat ichra istar erdim kezibon yoru diyor,Chunki topdim, istamak g‘urbat erur behad g‘arib —
kabi baytlarni anglash, to‘g‘ri talqin qilish yo‘li o‘z-o‘zidan to‘siladi. Bizningcha, navoiyshunoslikdagi eng katta bir nuqson ham ana shu.
Bundoqqaraganda, “G‘urbatda g‘arib…” ruboiysi to‘g‘risida aytilmagan gap qolgani yo‘q. Lekin haqiqiy she’r uchun hech bir sharh, tahlil va talqin oxirgi xulosa bo‘lolmaganidek, avval anglanmaganni anglash, hanuz yoritilmagan ma’no qirralarini yoritishga aslo monelik ko‘rsatmaydi. Xuddi shu ehtiyoj tufayli biz ruboiyga qayta murojaat qilib, uni batafsilroq tahlil etishga urindik.
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulga tikandek oshyon bo‘lmas emish.
Ruboiyning, ayniqsa, vatan va vatansevarlik e’tiqodiga nisbat berilishi ko‘p tadqiqotchilarnimaqola va kitoblaridauni chetlab o‘tmaslikka rag‘batlantirgan, desak xato bo‘lmas. Avvalo, bevosita shu she’rdan bahs yuritgan ayrim navoiyshunoslarning fikr-mulohazalariga to‘xtalib o‘tsak. Ustod A.Hayitmetovga ko‘ra, mazkur ruboiyni Navoiy “yoshligi oxirlarida, goh Mashhadda bir burchakda, gohHirotda bir buzug‘da hech bir kimsaning yordamisiz yashab yurgan yillarda” yozgan (“Navoiy lirikasi”, 1961, 61 — 62 betlar).
Oradan bir necha yil o‘tgach yozilgan “Buyuk shoirning yigitlik manzumalari” nomli maqolasida olim bunday deydi: “…Navoiy birinchi bor davlat xizmatiga kirgandan keyin ko‘p o‘tmay 1457 yilda Abulqosim Bobir vafot etadi. Mamlakatda yana o‘zaro feodal nizolar boshlanadi. Bu vaziyatda Navoiy Mashhadda qolib, u yerdagi madrasalarning birida ilm o‘rganishda davom etadi. Navoiyning o‘zi tug‘ilgan ona shahri Hirotdan, qavmu qarindoshlaridan uzoq Mashhadda kechirgan yillari ancha mashaqqatli bo‘lgan bo‘lsa kerakki, u “Majolis un-nafois”da o‘sha yillarni eslaganda o‘zini “g‘arib” deb ataydi…”. Xullas, domlaning ta’kidlashicha, ilk devonga kirgan o‘sha ruboiy ayni “shu vaqtlarda yozilgan bo‘lsa ajab emas” (“Navoiy dahosi”, Toshkent, 1970). “Ilk devon”ni maxsus tadqiq etgan atoqli navoiyshunos Yo.Ishoqov, avvalo, ruboiyning yozilgan vaqti va joyini aniqlashga e’tiborni tortar ekan, “g‘urbat” va “g‘arib” so‘zlariga asoslanib, quyidagilarni yozadi: “She’rdagi “g‘urbat” so‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu she’rni u (Navoiy deyilmoqchi – I.H.) o‘z vatani Hirotda emas, balki g‘urbatda, musofirlikda, demak, Mashhadda yozgan bo‘lishi kerak. Navoiyning o‘zi ham Mashhadda Abulqosim Bobur vafotidan keyin yolg‘izlikda moddiy jihatdan nihoyatda qiynalganligi haqida “Majolis un-nafois” asarida so‘zlab o‘tadi…” (“Alisher Navoiyning ilk lirikasi”, Toshkent, 1965, 133-bet). Yo.Ishoqov tadqiqining o‘ziga xosligi shundaki, unda ruboiyning ilk varianti bilan “Xazoyin ul-maoniy”dan o‘rin olgan variantidagi farqlar, ya’ni ikkinchi satrdagi “rafiqu mehribon”, “shafiqu mehribon”, “qadah”, “qafas” so‘zi bilan o‘zgartirilish sabablari atroflicha izohlab berilgan. “Bu ruboiy, – deydi Yo.Ishoqov mulohazalarini yakunlab, — shoirning intim kechinmalarini aks ettiruvchi oddiy lirik she’rgina bo‘lib qolmay, balki chuqur siyosiy ruh bilan sug‘orilgan falsafiy fikrlarni o‘zida mujassamlashtirgan ixcham falsafiy tezis hamdir” (134-bet).
She’r o‘quvchida qancha ko‘p mushohada uyg‘otsa, g‘oyaviy asosini hayot va inson qismati bilan bog‘lashga nechog‘li keng imkon bersa, o‘shancha yaxshi va foydalidir. Shu ma’noda akademik shoir G‘afur G‘ulom naql qilib qoldirgan bir hikoyatni xotirlash ham hech ziyon qilmaydi. “Rivoyatga ko‘ra, Hiri Rud va Injil nahri qaptalidagi so‘lim bir qishloqda Safarboy degan bir cho‘pon yashagan ekan. Uning go‘zal qizi bo‘lib, dovrig‘i Husayn Boyqaro saroyigacha yetib boribdi”. Xullas, husnda yakto shu bokira qizni olish uchun podshohhazratlari Safarboyga kishi jo‘natibdi. U esa sovchilarga mana nimalar debdi: “Qizim to‘rt etagi osmon bilan tutashib yotgan shu bepoyon yalang qirlarning ozod g‘izoliday dasht qizidir. Albatta, u muhtasham, ammo katta qal’a devorlari bilan o‘rab olingan dimiqda yasholmaydi…
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulga tikandek oshyon bo‘lmas emish —
deb hazrati Alisher Navoiy bekorga aytmaganlar. Men o‘z erki bulbulday qizimni Boyqaroning sun’iy gullari o‘sgan, oltinlangan saroy qafasida sil bo‘lib o‘lishini istamayman” (G‘afur G‘ulom. Adabiy-tanqidiy maqolalar. 1- jild, Toshkent, 1971, 112 — 113- betlar).
Ehtimol, bunday voqea-hodisa hayotda hech qachon sodir bo‘lmagandir. Sodir bo‘lganda ham Navoiyning ruboiysi eslanmagandir. Gap bunda emas. Asosiysi ruboiyda erkinlik ruhining ifodalanishi va har bir kishini shunga ilhomlantirishdir. Odamni ana u tutqun va qul, mana bu hur va erkin, deyish nisbiy gap. Inson tug‘ilib o‘sgan diyorida ham o‘zini yolg‘iz va g‘arib his qilishi mumkin. Pokistonning buyuk shoiri Muhammad Iqbol bir to‘rtligida: “Man andar Mashriqu Mag‘rib g‘aribman” — “Men Mashriqu Mag‘ribda ham g‘aribam”, deydi.
Navoiyning ruboiysi xuddi shunaqa ahvoldagi zotlar qalbiga ham ta’sir o‘tkazib, bir tasalli bag‘ishlaganini tasavvur etish qiyin emas. Chunki g‘urbat kayfiyati va g‘ariblik holining miqyosi biz bilganga nisbatan keng va bag‘oyat terandir. Darvoqe, bir jihat xayoldan ko‘tarilibdi. O‘spirin Navoiy ruboiyni yozishda biror-bir salafidan ta’sirlanmaganmi? Axir, g‘urbat va g‘ariblik mavzusida yozishni sharqlik daho san’atkorlarning aytarli barchasi qoyillatishgan. Masalan, Hofiz Sheroziy ruboiylaridan birida:
G‘ami g‘aribu g‘urbat chu bar nametobam,Bu shahri xud ravamu shahriyori xud bosham –
deydi. Mazmuni: Kimsasizlik va yurtdan judolik g‘am-g‘ussasiga toqat qilolmayman. Qani edi o‘z shahrimga borsamu uning podshohi bo‘lsam.
Navoiy “Favoyid ul-kibar”dagi g‘azallaridan birida yozadi:
G‘arqi muhiti ishqing edi jon ila ko‘ngul,Ul damki, ruh emas edi tan birla oshno.
Mazkur bayt din, tasavvuf, falsafa manbalariga tayanib batafsil sharhlansa, hech lofsiz “Ruh va vujud” nomli bir qiziqarli kitob dunyoga keladi. Va uning ahamiyatini Muhammad Fuzuliyning “Matla’ ul-e’tiqod” asaridagi mana bu so‘zlar juda aniq izohlaydi, deb o‘ylaymiz: “Har kim ruhning badandan qanday joy olishini, ruh bilan badanning birlashish va farqlanish jihatlarini bilsa, Tangrining ham borliqlarda qanday zuhurlanishini, Tangri ila borliqlarning ayniyat va farqli tomonlarini bilar va shu tarzda “Nafsini bilgan Rabbini ham bilur”, degan haqiqatga erishgay”. Zotan, ruhning asliy va azaliy vatanidagi hayoti bir tarix bo‘lsa, “tan uyi”ga kirgandan keyingi qismati tamoman o‘zga bir sarguzashtli tarix. Bu “tarix” turli din va ta’limotlarda turlicha talqin qilingan. Aflotunga ko‘ra, ruh dunyoga inmasdan avval Olloh bilan birga yashab, undan hech ajralmagan. Keyin daryodan ajralgan tomchiga o‘xshab Ollohdan ayrilib, bu ko‘lkalar dunyosiga kelgan. Ya’ni tan qafasiga kirib, bir soyaning mahbusiga aylangan. Shu bois, undan chiqish, qutulish va asliy vataniga qaytib, Ollohga qovushish hasratida faryod chekkani chekkan.
Mone diniga ko‘ra, ruh jasad bilan birlashgach, qorong‘ulikka tushib asir bo‘ladi. Ammo Tangrining lutfi inoyati bo‘lmish aql va ilm uni qutqarishga qodirdir. Zero, inson aql va ilm yo‘li bilan to‘la poklangach, g‘urbatdan xalos bo‘lib, asil vataniga qaytadi. Islom so‘fiy va mutasavviflarining tasavvurida ham vujud bir qafasni, ruh esa unga qamalgan qushni (ko‘pincha bulbulni) tamsil etadi. Qushning asosiy orzu va intilishi qafasni tark qilib, o‘z “oshyon”iga qaytish bo‘lganidek, ruhniki ham azaliy yurtga yetishib, sof mohiyatiga takror qovushmoqdir. Haq oshiqlari uchun bir ideal maqomiga ko‘tarilgan bu haqiqatni Navoiy mana bunday so‘zlar bilan ham ifodalagan:
O‘zdin qutul, Navoiyu maqsadg‘a yetki, qushEtmas chamanga, bo‘lsa qafas ichra mubtalo.
Baytdagi “qush”, “qafas” obrazi ruboiyda qo‘llanilgan “bulbul” va “qafas” mazmunini yanada kengroq anglab, mushohada yuritishga yaqindan yordam beradi. “Qush”, ya’ni “bulbul” ruh, “qafas” vujud o‘rnida qabul etilsa, “g‘urbat” va “g‘arib” so‘zlarining istilohiy ma’nosi bilan ham jiddiyroqqiziqish zaruriyatga aylanmaydimi? Biz “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas …” nomli maqolada shu savolga javob qaytarish va ruboiyning “ikkinchi ma’no qatlami”ni imkon qadar ochib berishga uringandik (“Tasavvuf va she’riyat”, Toshkent, 1991, 116 — 123-betlar). Maqoladagi talqinga ustoz olimlarimizdan birlari matbuotda e’tiroz bildirgan bo‘lsa, boshqa bir tadqiqotchi uni o‘zicha qo‘llab-quvvatlagan. Ammo hech kim g‘urbat tushunchasi va g‘arib obrazining tasavvuf adabiyotidagi mavqei, ma’no qirralari, obrazli ifoda tarzi bilan hanuzgacha maxsus qiziqmagan. Bu ishni amalga oshirish faqat Navoiy ruboiysining botiniy mohiyatini bilish uchun kerakmi? Yo‘q, albatta.
Navoiy uchun irfon va ko‘ngil kuchi bilan o‘zlashtirilgan so‘zlardan biri “g‘arib” edi.
Ulug‘ shoir hatto she’rlari va ularning ma’nisi xususida fikr yuritganda ham shu so‘zga suyanadi:
Nazmim ichra g‘arib ma’nilar,G‘urobo xaylidan nishona durur.
Anda har bayt necha ma’ni ila
Bayt emaskim g‘aribxona erur.
Yoki mana bu baytni olaylik:
Tut g‘arib un bila paymona manga,Ko‘rguzub xulqi g‘aribona manga.
Xo‘sh, «g‘arib» so‘zining sehr va joziba siri nimada?
O.Oxundov to‘g‘ri izohlaganidek, avvalo, uning ma’nosida takrorlanmas bir lirizm mavjud. “G‘arib so‘zini u yoki bu obraz va narsa uchun epitet o‘laroqishlatilsa, xuddi bir qoidaga o‘xshab o‘sha ob’ektga darrov husni rag‘bat uyg‘onadi” (“Til estetikasi”, Baku, 1985, 206-bet). Masalan, shom emas, “shomi g‘aribon”, yaxshi yo chiroyli qissa emas, balki “g‘arib qissa” deyilgani zamon qiziqish o‘zgarib, o‘zgacha tus oladi. Shuningdek, «g‘arib» so‘zining musofir, bechora, kimsasiz, mushfiq, madadga muhtoj kabi ma’nolari bilan birga o‘zgalarga o‘xshamaydigan inson, dunyoni bilishda ilgarilagan, turmushning o‘tkinchi, mayda-chuyda tashvishlariga hech parvo qilmaydigan shaxs, degan ma’nosi ham bordir. “G‘aribu xoksorning qadri oliy bo‘lganin angla”, deydi o‘tmish shoirlardan biri. Islom olamida g‘aribga ehtirom, g‘ariblik holini qadrlash payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflariga borib taqaladi. Rasulilloh bir kun muborak qo‘llarini Ibn Umar (r.a.)ning yelkasiga qo‘yib, “Dunyoda yo bir g‘arib yoki yo‘lchi kabi yashagil”, degan ekanlar. G‘ariblik holi va haqiqatini izchil idrok etish va haqiqiy g‘aribni sharaflash ana shu paytlardan boshlangan bo‘lsa ajab emas. G‘arib, eng avvalo, nimaga yaqinlab, nimalardan yiroqlashishni, kimga suyanib, kimlardan aloqani uzish zarurligini mukammal anglay bilgan kishidir. Dunyo chin g‘aribni yo‘ldan ozdirolmasligi va uning poyiga bosh urishni teran anglagani sababli ham Navoiy hazrati Muhammad sallallohu alayhi vasallamning o‘sha hadislarini she’rga aylantirgan edi:
Dedi hazrati muhofiz koinot,Anga kim edi huzuni o‘ksitguchi.
Ki, dunyoda bo‘lg‘il nechukkim, g‘arib
Va yoxud aningdek, yo‘l o‘tkuchi,
Xullas, Payg‘ambar (s.a.v.)ning e’tiroflari bo‘yicha, “Ollohning eng sevimli qullari g‘ariblardir”. Axloq, tafakkur, ma’naviy-ruhiy mushohadada yuksalib, sezilarli tarzda boshqalardan farqlanmaganda g‘arib to‘g‘risida, albatta, bunday deyilmasdi. Lekin Olloh muhabbatiga loyiqhamma kishini ham xalq tanib, tan olganmi? So‘fiy, darvesh, faqir, g‘arib, orif yo oshiqqa nisbatan bunday savol o‘rtaga tashlanmaydi. Chunki ularda tan olish yo tan olmaslik, o‘zgalarga yoqish yoki yoqmaslik, degan muammo yo‘q. Dunyo va ahli dunyo nazarga ilsin va ilmasin, g‘aribga bu zarra qadar tashvish tug‘dirmaydi. Unda nima uchun:
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish –
deyilgan? O‘z tanlagan yo‘li, maslagi va intilishlariga sobitligi uchun el-yurt, yor-birodarlardan yiroqlikni zohiriy g‘urbat, makonsiz, zamonsiz haq dargohidan ayriliqni botiniy g‘urbat deydigan bo‘lsak, g‘aribni g‘arib o‘laroqqayta yaratib, ilohiy iroda va noyob fazilatlar sohibiga aylantiradigani keyingi “g‘urbat”dir. Abdurazzoq Koshoniy yozadi: “G‘urbat — ayriliq, judolik demak. Bu ayriliq nafsning hayvonlikdan, tabiiy ko‘nikma, shahvoniy orzulardan, kasrat martabalaridan, jismoniy-shaytoniy chirkin hollardan botin martabasiga, xotirjamlik hukmlari, malakiy-ruhoniy xulqlarga yetishish paytida yuzaga keladi” (“Tasavvuf lug‘ati”, 418-bet). Albatta, bu g‘urbat – nafs bilan kurashish, nafsi ammoraga qarshi matonat ila jangga kirishish va undan ajralish g‘urbati. “Shu boisdan u haqni izlash g‘urbati deya nomlangan. Hazrati Payg‘ambar, “Haqni talab etmoqg‘urbatdir” demishlar”, deydi Koshoniy. Uningcha, “G‘urbat valilikning bir darajasi”, deb qaralgani tufayli ham “so‘fiylar g‘urbat kalimasi orqali ko‘p muhim fazilatlarga ishorat qilishgan”.
Inson umri ruhoniy olamdan borliq olamiga, undan yana oxirat dunyosiga muborak bir safardir. Bu moddiy olamda u boqiy qolmoq uchun emas, balki malakut olamiga qaytish uchun tug‘iladi. Shu sababdan ham uning hayoti va taqdir yo‘li bir hijrat, bir safar, bir xotira mazmuniga egadir. Ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadigan bu olamga inson musofirotdan kelgan. Shu uchun ruh doimo asliy vatanni qo‘msab, eng shaffof, eng nurli ma’naviy hollar orqali unga g‘aribligini eslatib turadi. Aks holda, Bobur Mirzoday ulkan bir saltanat sohibining ko‘nglida:
Ruhimni chu tan uyiga kelturding pok,Mundan bori elitma kasofat birla –
degan bir tashvishli orzu paydobo‘lmasdi. Ruhning “latofat birla” yaratilganini bilish, tanni unga oshiq bo‘ladigan darajada soflashtirish – insonni sayri sulukka ilhomlantirgan tub mohiyat ana shu. Tasavvufdagi hol va maqomlar mutlaq tarzda bir-biriga bog‘liq, biri ikkinchisining ravnaqiga yo‘l ochadi. Masalan, g‘ariblik holini anglamay yoki yashamay, faqr holini mushohada qilib bo‘lmaganidek, fano holi kamolini ham faqrsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ammo faqr yo darvesh deysizmi, orif, abdol yoxud oshiq deysizmi — bularning hammasida g‘urbat va g‘ariblik holi bo‘lgan.
Sharq mumtoz adabiyoti — mohiyatga tolib, ruhoniyatga oshiq bir adabiyotki, unda modda va moddiylikdan ko‘ra, ma’no va ma’naviylikka e’tibor hamisha yuksak bo‘lgan.
Ibrohim Haqqul,
filologiya fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 33-sonidan olindi.