O‘tmishda buyuk saltanat tuzgan turkiy hukmdorlar, xususan temuriylar sulolasiga mansub shoh, amir va beklar ilmiy va badiiy ijodda ham benazir bo‘lganlar. Ular ilm-adab ahliga homiy bo‘lishib, ijodiy jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatishgan. Boburiylar saltanatidagi deyarli barcha aslzodalar ana shunday yuksak fazilat sohibi bo‘lishgan.
Zabardast olim, qilqalam xattot, ko‘p tillarni biluvchi mutarjim, nozikta’b shoir Doroshukuh shunday beqiyos iste’dodi bilan dong taratgan.
Doroshukuh 1615 yili Shoh Jahon xonadonida tug‘iladi. Ona tomonidan bobosi Osafxon (asli tehronlik davlat arbobi va olim) unga “Sulton Doroshukuh” deb nom qo‘yadi. Otasi uning tarbiyasini alohida nazoratga olib, arab, fors, sanskrit tillarini puxta o‘rganishi: islom, tasavvuf, buddizm, falsafa nazariyasini egallashi uchun zarur sharoit yaratadi. Doroshukuh biroz muddat Avrangzeb bilan Lohurda Jahongirshoh xizmatida bo‘ladi. Lohurdan qaytgach, ilmiy tahsil bilan jiddiy shug‘ullanadi. Bu yo‘lda unga bobosi G‘iyosiddin Muhammad Osafxon yaqindan yordamlashadi. Uning zabardast olim, tasavvuf donishmandi bo‘lib yetishishida Samadi Koshoniy, Mullaabdullatif Sultonpur, Shayx Muhammad binni Fazlulloh, Shayx Ahmad Kobuliy, Sarhindiy, Mirak Shayx Fazluddinlarning o‘rni katta. O‘zining “Safinatul-avliyo” asarida Doroshukuh Mullo Abubakr, Miyonjo‘, Muhammadmurod, kashmirlik Mulla Shoh kabi ustozlari nomini ixlos bilan tilga olgan va ular haqidagi naql, hikmatlaridan namunalar keltirgan.
Doroshukuh davlat ishlariga loqayd bo‘lsa-da, ilmiy va badiiy ijod bilan jiddiy shug‘ullanadi. Hindistonda ilmiy tarjima maktabiga asos soladi; buddizmga doir o‘nlab asarlarni asliyatdan fors tiliga o‘giradi. 1957 yili Shoh Jahonning sog‘ligi yomonlashgach, Doroshukuhni valiahd qilib tayinlaydi. Bundan norozi bo‘lgan Avrangzeb markaziy hokimiyatga qarshi bosh ko‘tarib, otasini uy hibsiga giriftor etadi. Saroy tarixchisi Mustaidxon va ulamolar Doroshukuh atrofida “islomdan qaytdi”, deb ig‘vo uyushtiradilar. Bu orada u isyonchilar bilan kurashda mag‘lub bo‘ladi. Shuning uchun ayoli Nodirabegim va o‘g‘li Spehrshukuh bilan Eronga o‘tib ketish maqsadida Qandahorga qarab yo‘l oladilar. Yo‘lda Nodirabegim vafot etadi. Uni Humoyun maqbarasi yoniga dafn etadilar. Ahmadobodga kelganda Saidahmad Buxoriy, Gulmuhammad Maliy Jeyvun, Baxtiyorxonlar Bahodirxon topshirig‘i bilan Doroshukuhni bandi qilib, Ko‘hna Dehlining Xizrobod qal’asiga keltiradilar. Doroshukuhni sevgan xalq yo‘lda fitnachi sarbozlarni toshbo‘ron qiladi, ayollar va bolalar zulmkorlar ustiga axlat to‘kishadi. Bundan g‘azabga mingan Baxtiyorxon ulamolardan Doroshukuhni qatl etish haqida fatvo oladi. Shundan so‘ng Malik Jeyvun xanjar bilan shahzodaning boshini olib, Avrangzebga yuboradi. Avrangzeb esa uni laganga qo‘yib, hibsdagi otasi Shoh Jahonga kiritadi…
Shoh Jahon saroyi atrofida o‘ziga xos adabiy-ilmiy muhit mavjud edi. Shuning uchun ham Doroshukuh ana shu muhitda Fayziy, Abdulqodir Badyuniy kabi adiblar, Muhibullo, Muhammmad Lisonullo Rustakiy, Bobo La’l Dos, Jahon Nath Misr va boshqa mutafakkirlar bilan suhbat, bahs-munozara jarayonida muttasil ijod qilib, o‘zidan katta meros qoldirgan.
Uning ijodiy merosida tasavvuf tarixi, qadimgi hind falsafasi, xattotlik, rassomlik, naqqoshlikka doir asarlar, risolalar alohida o‘rin tutadi. Hatto u qadimgi hind eposi “Upanishad”ni tarjima qilish jarayonida sinchkov lug‘atshunos sifatida ham o‘zini ko‘rsatgan, upanishadlardagi minglab so‘zlar izohi va sharhini yaratgan.
Doroshukuh ijodiy merosining katta qismini so‘fizm tarixi, avliyolar hayoti va ijodiy merosini tahlil etishga, islom tarixi, Hindistondagi turli mazhablar tarixiga doir asarlar, tarjimalar tashkil etadi. U qadimgi hind eposi “Yoga-vihishtiy”ni ham fors tiliga o‘girgan.
“Safinat-ul avliyo”. Bu kitobni adib yigirma besh yoshida yozib tugatgan. Risolada muallif Muhammad payg‘ambar (s.a.v) hamda islomdagi o‘n ikki imom, Qodiriya, Naqshbandiya, Kubroviya, suhravardiya, Chishtiya tariqatlaridagi 377 shayxning mukammal tarjimai hollarini beradi. Ularning riyozat va karomatlari haqida hikoyatlar, hikmatlaridan namunalar keltiradi. Bu kitobning boshqa shu xildagi asarlardan farqi shundaki, muallif unda payg‘ambar (s.a.v.) va mashoyixlarning zavjai mukarramlari, qizlarining holatlarini ham bayon qilgan.
“Sakinat-ul-avliyo”. Bu asarini Doroshukuh yigirma yetti yoshida yozib tugatgan. Risola tasavvufga doir batafsil muqaddima bilan boshlanadi. Abdulqodir Geloniy, Mullo Shoh Miyonjo‘lar hayot va faoliyatlarini ancha mufassal yoritadi: hatto ularning maslakdoshlari, shogirdlari, xizmatkorlari xususida ham ma’lumot keltiriladi. Bu haqda o‘zi kitobda: “Men Miyonjo‘ning barcha ashoblari haqidagi hamma dalillarni to‘pladim”, deydi. Demak, “Sakinat-ul-avliyo” munoqib mohiyatidagi asar ekan. Shu bilan birga bu asar Doroshukuhning shaxsiyati, hayot yo‘lini o‘rganishda ham eng mo‘tabar manba hisoblanadi.
“Risolai haqnamo”. Bu risola olti fasldan tashkil topgan. Doroshukuh unda asosan, vahdati vujud ta’limoti va nazariyasi haqida fikr yuritsa ham, o‘z mulohazalarini ustozlari Miyonjo‘ va Mullo Shohlarga bog‘lab izhor etadi. Vahdati vujud haqidagi fikrlar orasida ruboiylar ham uchraydi.
“Hasanat-ul-orifin”. Risolani “Shatahiyot” deb ham atashadi. Kitobda oltmishdan ziyod buyuk mashoyixning ijtimoiy-falsafiy, axloqiy-ta’limiy mohiyatidagi hikoyat va tamsillari keltirilgan.
“Majma’-ul bahrayn”. Doroshukuh islom dini bilan hindlar mazhabidagi mushtarak jihatlarni “Unsunlar bayoni”, “Xoslar bayoni”, “Mashg‘ullik bayoni”, “Alloh sifatlari bayoni”, “Ruh bayoni”, “Ovoz bayoni”, “To‘rt olam bayoni” singari 20 ta bahsda islom dini bilan hindlar mazhabidagi mushtarak jihatlarni aniqlashga intilgan. Unda Doroshukuh hindlar bilan musulmonlarning birligi, birodarligini ta’minlovchi “Sulhi kull” g‘oyasini ilgari suradi.
“Sirri Akbar”. Doroshukuh o‘lmidan ikki yil oldin olti oy davomida qadimgi hindlarning ilmiy, axloqiy-ta’limiy, diniy, ijtimoiy-falsafiy asarlaridan bo‘lmish “Upanishad”dan elliktasini sanskritdan tarjima qiladi va uni “Sirri Akbar”, deb ataydi. Mazkur nusxa “Upanishad”larning o‘zga tilga ilk, nisbatan mukammal tarjimasidir. Tarjimaga qadimgi hindlarning ilmiy va diniy qarashlari haqida keng ma’lumot beruvchi muqaddima ilova qilingan. Kitob oxirida matnda uchraydigan minglab ibora, mazhabiy atamalar, asotiriy, tarixiy nomlarning ancha batafsil sharhlari ilova qilingan. “Sirri Akbar”ni “Avesto”ning tarjimoni Anketil Dyuperron 1781 yili frantsuz va lotin tillariga tarjima qilib, nashr ettirgan. Tarjimaning asl matni mashhur faylasuf, tarixshunos doktor Taro Chand so‘zboshisi bilan Tehronda bir necha bor nashr etilgan.
“Devoni Doroshukuh”. Adib umr bo‘yi forsiy tildagi she’riyatning barcha janrlarida asarlar yaratgan. Ilmiy va boshqa nasriy asarlari tarkibidagi ko‘plab she’rlar ham buni tasdiqlaydi. U she’rlarini to‘plab, devon tuzgan va unga “Iksiri A’zam” deb nom qo‘ygan. Ammo bizga qadar uning mukammal nusxasi yetib kelmagan. Turli qo‘lyozmalar xazinalarida “Devoni Doroshukuh” nomi bilan saqlanayotgan dastxatlarda asosan g‘azal va ruboiylar jamlangan bo‘lib, 225-300 she’rni o‘z ichiga oladi. Agar boshqa asarlar tarkibidagi she’rlarni ham bunga qo‘shsak, shoirning poetik merosi soni 500 dan oshadi.
“Nomahoi irfoniy”. Doroshukuh o‘z davrining buyuk mashoyixlari bilan doim maktub yozishib turgan. Ushbu kitobda ana shu nomalarning asli va ularga olingan javoblar to‘plangan. Masalan, Shayx Muhibulloga yo‘llangan nomada 16 irfoniy savolga javobi berilgan. Mazkur nomalar Qodiriya tariqatining ayrim jihatlarini o‘rganishda ham qimmatli nazariy ma’lumot bo‘la oladi.
“Tariqat-al-haqiqat”. Turli tadqiqotlar tarixi va mohiyati tahliliga bag‘ishlangan bu kitob muqaddima va o‘ttiz bobdan iborat. Uning tarkibida 32 ruboiy, 123 bayt mavjud. Ular Sa’diy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy hamda Abdurahmon Jomiy qalamiga mansub. Mazkur baytlar muayyan ilmiy, nazariy mulohazalarni asoslash uchun misol tariqasida keltirilgan. Risola urdu tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.
“Risolai savolu javobi Doroshukuh Bobo La’l”. Qandahor safaridan qaytishda Doroshukuh Sarhind viloyati yaqinidagi Dehanpur mavzeida istiqomat qilayotgan zamonasining buyuk donishmandi Bobo La’l Dos huzuriga boradi. Suhbat davomida shahzoda Doroshukuh unga hind mazhabi va tasavvufga doir bir necha savol bilan murojaat qiladi. Bu savol-javobni ushbu suhbatda ishtirok etgan brahman Chandor Bahon yozib oladi. Mazkur kitobda ana shu matn o‘rin olgan.
Doroshukuh qilqalam xattot ham bo‘lgan. U xat sirlarini Mir Imod xushnavisdan o‘rgangan va bu sohada ham muttasil ijod qilib, rang-barang asarlar yaratadi. U ko‘chirgan kitoblarning turli nusxalari Sharqning mashhur kutubxonalarida jamlangan. Qadimiy sarchashmalarda Doroshukuhning xattotlik nazariyasi va amaliyotiga doir risola yozganligi haqida ham ma’lumot bor.
“Hikmati Arastu”. Haydarobodning “Osafiya” kutubxonasida saqlanadi.
Qur’onning nasx xatida ohu terisiga ko‘chirilgan nusxasi. Haydarabodning “Azizbog‘” kutubxonasida saqlanadi.
Qur’oni Majiddan nastaliqda ko‘chirilgan besh sura. Oyatlar oltin suvida yozilgan. Kalkuttadagi Yodbudi Yakaturyo tolorida saqlanmoqda.
“Risolai dah pandi Arastu”. Kalkuttadagi Yodbudi Yakaturyo toloridan joy olgan.
“Masnavii Sulton Valad”. Bangoladagi Anjumani Osiyo kutubxonasida.
“Hofiz g‘azallari va Jomiy ruboiylari”. Dehlidagi Qalai Surx muzeyida saqlanmoqda.
Nizomiy “Xamsa”si. Nastaliqda ko‘chirilgan. Uni Doroshukuh yaqin do‘sti va maslakdoshi Muhammad Muqim Javhariyga hadya qilgan. Hindistondagi Devon kutubxonasida saqlanadi.
“Safinat-ul-avliyo”. Nasx va nastaliqda ko‘chirilgan. Bongpur kutubxonasida saqlanadi.
Doroshukuh xattot va lavvoh bo‘lish bilan birga didi baland naqqosh ham edi. O‘zi tuzgan Qal’ai Surx osorxonasida uning bu sohadagi ijodiga doir bir qancha asarlari mavjud. Ulardan biri mashhur Muraqqa’ — albomdir. Tasviriy san’at sirlarini nozik tushungan Doroshukuh bir necha yil davomida Xurosonu Movarounnahr hamda Hind miniatyura san’atining nodir namunalarini yig‘ib, alohida sahifalarga joylab, turli naqshu nigorlar bilan ziynatlaydi, har birining hoshiyasiga oliy navbadagi nastaliq bilan povaraqlar yozadi va charmdan tayyorlangan muqovaga olib sevimli xotini Karamalniso — Nodirabegimga hadya etadi.
Muqova tikma-terma sirach usulida tayyorlangan bo‘lib, oltin suvi yugurtirilgan. Mana to‘rt asrdirki, bu muraqqa’ san’atshunoslar tomonidan benazir bir mo‘jiza, muallifning buyuk bir kashfiyoti sifatida baholanib kelmoqda. Agar ingliz olimi Persi Broun o‘zining “Temuriylar davri hind naqqoshligi” asarida “Bu muraqqa’ shuni ko‘rsatadiki, Doroshukuh… miniatyura san’atining tom ma’nodagi buyuk donishmandi va ijodkori bo‘lib, namunalarni baland did bilan saylab olgan”, desa, olim Chekil Burns 1940 yili “Tayms of Indiya” gazetasida chop etgan maqolasida “Ko‘hi Nur”ni Sharq olmoslarining eng oliysi deyish rasm bo‘lgan. “Ushbu albomda Eron, markaziy Osiyo va Temuriylar davri Hindiston miniatyuralarining eng go‘zal namunalari yuksak did va san’atkorlik bilan jamlanganki, uning qimmati Ko‘hi Nurdan aslo kam emas”, deb ta’kidlaydi.
Doroshukuh o‘zining tasviriy san’at nazariyasiga doir mulohazalarini albomga yozgan muqaddimasida batafsil bayon etgan. Ushbu albom Sharq xalqlari miniatyura san’ati tarixini o‘rganishda nodir manba hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilganidek, Doroshukuh keng qamrovli naqqosh bo‘lgan. Sarchashmalarda uning o‘zi ko‘chirgan kitoblarga o‘zi ziynat bergani, miniatyuralar bilan ta’minlagani yozib qoldirilgan. Bundan tashqari, u portret janrida ham barakali ijod qilib, ajdodlarining suvratlarini chizib qoldirgan. Dunyoning eng nufuzli muzeylari hamda dastxatlar xazinalarida chizgan suratlar saqlanmoqda. Jumladan, Erondagi saltanat kutubxonasida Doroshukuh yaratgan bir necha suvratlar mavjud. Ular “Osori Eron” kitobida ham e’lon qilingan. Doroshukuh chizgan Mullo Shoh, Miyonjo‘ portretlari Bombey muzeyidan joy olgan. Hindiston tasviriy san’ati, boburiylar davri hind miniatyura san’ati tarixiga bag‘ishlangan barcha tadqiqotlarda ham Doroshukuh asarlaridan namunalar berilgan.
Kitobat va miniatyuradagina emas, badiiy ijodda ham Doroshukuh ko‘plab yoshlarga rahnamolik qilgan. Fars va hind tillarida barobar ijod qilgan mashhur shoirlar Mirzo Roziy Donish, Orifi Kashmiriy, Mullashohiy Badaxshiy, Chandra Bxan Braxmanlar bevosita Doroshukuhning shogirdlari va hammasliklari bo‘lib, uning homiyligidan bahramand bo‘lgan holda she’riyatda ham dong taratganlar.
Doroshukuh g‘azal, qasida, ruboiy, qit’a, farj kabi janrlarda ko‘plab she’rlar yozgan. Umrining oxirlarida she’rlarini to‘plab, “Iksiri A’zam” nomi bilan maxsus devon tartib bergan. Doroshukuh o‘zini Qodiriya tariqatining jonfidosi deb bilgani uchun she’rlarida “Qodiriy” taxallusini qo‘llagan. Dunyodagi turli qo‘lyozmalar xazinalarida Qodiriy devoni, dastxatlarining turli nusxalari saqlanadi. Jumladan, O‘zbekiston FA Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bisotida 2295-raqamli qo‘lyozmaning 1-97 varaqlarida Qodiriy devoni joylashgan.
O‘tmishda yashab ijod etgan aksariyat tasavvuf shoirlari ijodida islomiy g‘oya, axloq-odob, islom ma’rifati, haqiqiy ishq tasviri yetakchilik qiladi. Ularda Allohning har ikki olam yaratuvchisi ekanligi, yagonalik faqat ungagina xosligi, inson faqat ungagina chin muhabbat qo‘yib, visoliga erishmoq yo‘lida zahmat-riyozat chekishi shartligi ifodalangan. Doroshukuhning ko‘plab g‘azal hamda ruboiylarida ana shu ilohiy ishq rang-barang tasviriy vositalar orqali tasvirlangan.
“Saltanat hech narsa emas, faqirlikka yuz tutgin”, deya da’vt etgan Qodiriy kishilarni pokligu rostlikka, kamtarligu xushtavozelikka, insondo‘stligu shiringuftorlikka chorlaydi. G‘azalning yengil vaznlarida, sodda uslubda ijod etgan Doroshukuh XVII asr birinchi yarmida Hindistonda forsiy tilda ijod qilgan mutafakkirlarning zabardastidir. Uning tasavvuf nazariyasi, qadimgi hind dini va islom tarixiga doir qarashlari, tarjimonlik faoliyati umumbashariy ahamiyatga ega.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 24-sonidan olindi.