XX asr o‘zbek xalqi juda ko‘p fidoyi farzandlarini maydonga chiqardi. Ana shunday asl insonlardan biri mashhur turkiyshunos olim Xolid Said Xo‘jayev edi. Biz maqolamizda uning ibratli hayot yo‘li va jo‘shqin ilmiy-ijtimoiy faoliyati haqida hikoya qilmoqchimiz.
Xolid Said Xo‘jayev 1888 yili hozirgi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida eskicha savodxon oilada tavallud topadi. U dastlab shu yerdagi maktabda savod chiqaradi, 1911 — 1913 yillari Toshkentda madrasada o‘qiydi, madrasada o‘qish bilan birga, yangi zamonaviy maktab-maorif, matbuot yangiliklari bilan tanisha boshlaydi. Natijada unda jiddiy fikriy o‘zgarishlar ro‘y beradi. U 1914 yili Turkiyaga borib, u yerda 1918 yilga qadar Istanbul universitetining tarix-filologiya fakultetida atoqli olimlardan chuqur saboq oladi. 1918 yili Ozarbayjonga kelib Ganja shahridagi gimnaziyada turkiy tillar va adabiyotlardan saboq beradi. 1921 yili esa, Toshkentda yangi ochilgan o‘zbek bilim yurtida o‘zbek tili va adabiyotidan dars o‘ta boshlaydi. Lekin ko‘p o‘tmay bu yerning ob-havosi yoqmaganligidan sog‘lig‘i yomonlashadi va u yana Ozarbayjonga qaytadi…
U 1926 — 1934 yillari Ozarbayjon oliy pedagogika instituti hamda universitetda ozarbayjon tili va adabiyoti, turkiy tillar grammatikasini qiyosiy o‘rganish bo‘yicha maroqli ma’ruzalar o‘qiydi.
1934 yil sentyabridan SSSR Fanlar akademiyasi Ozarbayjon filialining tilshunoslik bo‘limida birinchi darajali ilmiy xodim bo‘lib ishlay boshlaydi. Shu yillar ichida u “Usmonli, o‘zbek, qozoq tillarining qiyosiy mifologiyasi”(Boku, 1926), “Yangi alifbo borasida eski xotira va tuyg‘ularim”(1929), “Ozarbayjon maktablari uchun rus tili”(1934) kabi ilmiy-pedagogik asarlar yaratadi va ozarbayjon tiliga turk, o‘zbek romanlarini tarjima qiladi.
Xolid Said 1926 yilga qadar O‘zbekistonning Ozarbayjondagi madaniy-ma’rifiy va ilmiy aloqalar bo‘yicha vakili bo‘lib ham ishlaydi. Bokudagi turli san’at pedbilim yurtlari, oliy maktablarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar yotoqxonasi mudiri va tarbiyachisi bo‘lib xizmat qiladi. San’at sohasida ta’lim olayotgan Sayfi Olimov, Halima Nosirova, Nazira Aliyeva, pedagogika, til va adabiyot bo‘yicha o‘qiyotgan Olim Sharafiddinov, Hodi Zarifov, G‘ayratiy, Fayzulla Sultonov (akademik Izzat Sultonovning akasi) kabi yoshlarga turk, ozarbayjon va o‘zbek adabiyotidan saboq beradi, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Hodi Zarifov birmuncha vaqt uning uyida ham yashaydi.
1928 yili mashhur o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini ozarbayjon tiliga tarjima qiladi va unga shu davrda O‘zbekistondan Bokuga borib turgan Abdulla Qamchinbek bilan kattagina so‘zboshi ham yozadi. Roman Bokuda nashr etiladi. So‘zboshida “O‘tgan kunlar” tarixiy romanining yangi o‘zbek adabiyoti va tili tarixidagi o‘rni hamda ahamiyati, asarning badiiy qimmatiga yuksak baho beriladi. “O‘zbek adabiyoti tarixida birinchi o‘laroq hayotiy bir tarixiy roman yozilishi bilan o‘zbek ijtimoiy hayotida, o‘zbek nasriy adabiyotida jonlanish orzusi tug‘ildi, — deb yozadilar so‘zboshi mualliflari. — “O‘tgan kunlar” o‘zbek xalqining o‘tmishini, xonlar davridagi johilona siyosatni, xalqning u fojiali davrlarda chekkan azob-uqubatlarini ko‘rsatgan bir romandir… Asar o‘zbek adabiyotining birinchi romanlaridan hisoblanadi. Asarda bir tarafdan o‘zbek hayoti, xotin-qizlar turmushi, ularning nozik tabiatlari, sevgi-sadoqatlari, shirin odatlari tasvirlangan. Ikkinchi tarafdan esa, ularning oila ichidagi yurish-turishlari nafis bir tarzda ko‘rsatilgan.
Abdulla Qodiriy o‘zbeklarning Mirzo Fatalisidir. Bu roman O‘zbekistondagi har bir savodxon kitobxon tomonidan sevilib-sevilib o‘qilmoqdadir”.
Bu davrda O‘zbekistonda vulgar sotsiologik tanqidchilik namoyondalari Mixail Sheverdin, Sotti Husayn va boshqalar Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini tarixiy o‘tmishni ideallashtiruvchi, g‘oyaviy zararli asar deb tanqid qilib turgan bir paytda Ozarbayjonda romanning yuksak g‘oyaviy va badiiy asar sifatida yuqori baholanishi muhim ahamiyatga ega edi.
U 1935 yil dekabrida mashhur qirim-tatar turkiyshunos olimi, professor Bakir Cho‘bonzoda taklifi va tavsiyasiga ko‘ra, turkiy tilshunoslik masalalariga oid asarlari asosida filologiya fanlari nomzodligi dissertatsiyasini yoqlaydi va dotsent unvonini oladi. Bundan tashqari, Xolid Said 20 — 30 yillari “Chig‘atoy adabiyotidan ma’ruzalar”, “Sintaksis va uslubiyat nazariyasi”, “Turkiston tarixining qisqacha bayoni”, “Turkiy adabiyot nazariyasi”, “Eron tillari grammatikasi” kabi asarlarini yozadi. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarini ozarbayjon tiliga tarjima qiladi. Ular o‘sha davrdayoq faqat Ozarbayjondagina emas, balki O‘rta Osiyo, Qirim, Volgabo‘yi, Turkiyadagi turkiyshunos va eronshunos olimlar tomonidan ham iliq kutib olinadi. Bular ichida, ayniqsa, olimning Mahmud Qoshg‘ariyning dunyoga mashhur “Devoni lug‘otit turk” asarini ozarbayjon tiliga tarjimasi va bu boradagi ilmiy ishlarining tugallanishi bo‘ladi. Biroq 1937 yilning 4 sentyabrida olim bexosdan sovetlarga qarshi bo‘lgan panturkistik millatchilik tashkilotining a’zosi, xorijiy mamlakat josusi, degan tuhmat bilan hibsga olinadi.
Oradan bir kun o‘tgach, ertasigayoq zudlik bilan uni qamoqqa olgan NKVD bo‘lim boshlig‘i Zikov tegov ishlarini boshlab yuboradi…
Xolid Said 1937 yilning 19 oktyabrigacha — qariyb bir yarim oy tergov qiynoqlari, ruhiy va jismoniy azoblashlarga duchor qilanadi. Oqibatda unga qo‘yilayotgan tuhmat-ayblovlarni qisman bo‘yniga olishga majbur bo‘ladi…
SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1937 yil 19 oktyabrda Boku shahridagi ko‘chma sessiyasining yopiq sud majlisida hech qanday guvohsiz, sudsiz, so‘roqsiz Xolid Said Xo‘jayev oliy jazo — otuvga hukm etiladi. Bu sud hukmi u otuvga hukm qilingan 1937 yil 19 oktyabrdan salkam bir hafta burun — 1937 yil 13 oktyabrida Boku shahrida ijro etilgan edi.
Xolid Saidning oila a’zolari ham ta’qib ostiga olinadi. Uning yosh rafiqasi Soraxonim, 12 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgan yolg‘iz qizi Baxija qo‘rquvda yashay boshlaydilar. Nihoyat, Soraxonim xalq dushmanining xotini degan ayb bilan qamoqqa olib ketiladi. Baxija onasining qarindosh-urug‘lari qo‘lida faryod chekib qolaveradi. Qamoqda Soraxonimni eri Xolid Saidning millatchilik ayblarini bila turib fosh qilmaganlikda ayblashadi. Biroq u bu haqda hech narsa bilmasligi va eshitmaganligini aytib, qat’iy turib erini himoya qila boshlaydi. Oxiri, tuhmat, ig‘vo ish beravermagach, noiloj, uni qariyb bir yarim yillik tergov qiynoqlari va zindon azobidan keyin — 1941 yil 15 mayda bo‘shatishadi…
1953 yili Stalin vafotidan keyin — 1954 yilning 14 dekabrida Xolid Said Xo‘jayevning rafiqasi Soraxonim Xo‘jayeva erining tergov ishlarini qayta ko‘rib, uni oqlashlarini so‘rab, Ozarbayjon Respublikasi harbiy prokurori nomiga ariza beradi…
Nihoyat, 1956 yil 16 mayda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi bu masalani qayta ko‘rib, o‘zining 1937 yil 19 oktyabridagi Xolid Said Xo‘jayev haqidagi hukmini asossiz topib, bekor qiladi va Xolid Said Xo‘jayev oqlanadi. Xolid Said Xo‘jayev rasman oqlangandan keyin ham uzoq vaqt matbuot jimlikda bo‘ldi. Uning qizi Baxija Mamedova va Xolid Saidning sobiq shogirdlarining sa’y-harakatlari bilan oradan o‘ttiz yildan ortiq jimlikdan so‘nggina Bokuda chiqib turgan “Sovetskaya tyurkologiya” jurnalining 1988 yil 3-sonida tilshunos olim A.Tag‘izodaning “Xolid Said Xo‘jayev” degan maqolasi e’lon qilinadi; Xolid Said tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Tilshunoslik institutida ilmiy kengash bo‘lib o‘tadi.
O‘sha yili Xolid Said haqida “Guliston” jurnalida ozarbayjonlik olim Asqar Quliyevning “Ikki xalq farzandi” nomli maqolasi bosilib chiqadi. Maqolani o‘qigan uning yurtdoshlari — Qo‘shqo‘rg‘ondagi 30-o‘rta maktabning bir guruh o‘qituvchilari turli tashkilotlarga olimning nomini adabiylashtirishga yordam berishlarini so‘rab murojaat qiladilar. Pirovardida maktub va maqolalardagi taklif-mulohazalar hisobga olinib, Toshkent viloyati Bo‘stonlik tumanining Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘idagi 30-o‘rta maktab va ko‘chaga Xolid Said Xo‘jayev nomi beriladi, maktabda olim hayoti va faoliyatini yorituvchi ko‘rgazma tashkil qilinib, xotira kechalari bo‘lib o‘tadi.
Keyinchalik o‘zbek matbuotida Haydarali Uzoqovning “Gunohsiz otilgan olim”(1994), kaminaning “Xolid Said merosi O‘zbekistonga qachon qaytariladi?”(1996) kabi maqolalari e’lon qilindi. Ularda Xolid Saidning ilmiy merosini ona-Vatani O‘zbekistonga olib kelish masalasi ham qo‘yilgan edi. Lekin, afsuski, bu masala hali amalga oshganicha yo‘q. Umid qilamizki, xalqimiz fidoyi farzandining qimmatli asarlari madaniyatimiz xazinasidan o‘z munosib o‘rnini egallaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 11-sonidan olindi.