Ijodkor qizlarning kitoblarini o‘qiyapman. Ularning talantlari bugun uyg‘ongan. Mana, Guljamol Asqarovaning «Uyg‘otuvchi alla»si. Allani bola tinchib uxlasin, yaxshi tushlar ko‘rsin, yostig‘iga ola-bo‘jilar yaqinlashmasin deb, ma’yusona xirgoyi etilardi. Allaning ma’nosi bolani uxlatish, uning murg‘ak ruhiga orom va sakina ato etish edi. Boshqa ma’nosini bilmasdik, o‘ylamasdik. Guljamol allaning uyg‘otuvchi kuchiga urg‘u beribdi, undan yangi qadar ma’no izlabdi. Uxlatuvchi alla bilan uyg‘otuvchi alla o‘rtasida dialektik birlik topishga urinibdi. Allaning bir paytning o‘zida ham uxlatib, ham uyg‘otuvchi kuchiga quloq tutibdi. Alladan bola ongida ilhom zahiralari yig‘iladi va keyin uni uyg‘oq yashashga chorlaydigan kuchga aylanadi. Guljamol topgan, tesha tegmagan, siyqalanmagan original fikr. Bu original obrazni kitobining nomiga chiqarganiga qaraganda, o‘zi bugun yozayotgan she’rlariga ham uyg‘otuvchi alla deb qaraydi chamasi va ularda uyg‘otishga chorlov bo‘lishini kutadi.
Yoki, mana, Halima Ahmadning «Afsun» va «Tiyramoh» deb nomlangan ikkita she’rlar kitobi. Afsun juda qiyin narsa. Uning nimaligini hech kim aytib berolmaydi. Albatta, bu sehrlash bilan bog‘liq bir narsa ekanligini ko‘pchilik taxminan biladi. Qolaversa, «afsun», «sir», «sehr», «jodu» — she’riyatning oq, qora, qizil tulpori. Unga minib shoirlar koinotning ko‘z ilg‘amas makonlarida vaqtning tizginini tutolmay parvoz qilishni yaxshi ko‘radilar. Lekin afsunning ma’nosi va tabiati doim noaniq va qorong‘u bo‘lib qolaveradi. U tiriklikda hech qachon ravshan tortmaydigan hodisalardan. Lekin hayotda xuddi afsunlanganday, sehrlab qo‘yilganday, tilsimlanganday bo‘lib yuradigan odamlar toifalari har bir millat-elatda ham bor. Ularga Xudo hush bergan, lekin hushi o‘zida emas. Halima Ahmad afsun deganda o‘ziga va butunlay o‘z-o‘ziga, o‘z ichki olamlariga g‘arq bo‘lishni anglaydi. Oshiq malaklarni uyg‘otish va devona bo‘lib kuylash — o‘z-o‘ziga g‘arq yashashlik bilangina muyassar bo‘ladi. Tabiatda hamma narsalar yaratishning sururi — masarratida. Tabiat cheksiz, intihosiz fusun va fusunsozlik ichida. Uni to‘g‘ri Aql, Navoiy aytmoqchi, TAAQQUL bilan, to‘g‘ri Idrok va to‘g‘ri Ong bilan anglab bo‘lmaydi. Shuning uchun shoira afsonalar ichidan bo‘lsa ham, o‘ziga, shoirlik IDROKIga AFSUN holatini chorlaydi.
Hayotning ko‘shkida
mag‘rur o‘ltirib
Tomosha qilardik Ajal raqsini.
Xazon to‘kildimi?!
Kuldimi Xudo
Mening o‘zimga g‘arq
bo‘lgan holimdan…
Odam afsun holatidagina shunday favqulodda manzara chizishi mumkin. Afsun, ya’ni o‘ziga batamom g‘arqu mastona bo‘lgan chog‘lardagina yaproqlar ustiga yog‘ayotgan yomg‘irlarning shivirlashini va bu shivirlashlarida u nimalarni rivoyat qilayotganini eshitish mumkin. Afsun holatidagina nurlar telba va jilg‘alar mastona bo‘lib tuyuladi. Shoira bular inson uchun juda g‘ayritabiiy narsa emasmi, degan shubhaga boradi, afsun holidan seskanib chiqadi va borliqning sohiliga qaytadi:
Oppoq sochlarimni oynada ko‘rib,
Uyalib ketaman o‘z xayolimdan…
Afsun holatidan ko‘z ochganda, tuganmas ikkilanishlar, shubhalanishlar va bular bilan egachi-singil bo‘lib ketgan, ularning mangu hamrohi — o‘rtanishlar keladi. Uning kelishlari ham nolali, ketishlari ham nolali. Lekin «ketish» nisbiy. O‘rtanish hech bir vaqt shoir qalbini tark etmaydi. Shoir — lirik qahramonning savollari behad ko‘p. Savollarning eng og‘irlari shoir — lirik qahramonning ayni o‘ziga — o‘z ichki dunyosiga qaratilgan va u hech qachon shu yo‘nalishdan chekinmaydi, adashmaydi. Tashqi muhit va uning qurilishiga qarata aytilgan, tashlangan savollar ham bisyor, kam emas. Bu savollarga na tashqi muhit va na shoir — lirik qahramonning o‘zi — na uning ichki muhiti — javob beroladi.
Qayga botib ketdi
men sevgan oftob?
Bir qo‘shiq izlayman
dalli, devona.
Ko‘zim sharob to‘la
g‘amgin afsona,
Men nechun o‘zimga bo‘ldim begona?
U oddiy odamlarday yashasa, ularday fikrlasa, ularday faqat ma’lum bir hissiyotlar o‘lchamlari ichida yashasa, o‘ziga telba savollar berib, boshini qotirmasa, albatta, hech qachon o‘z-o‘ziga begona bo‘lib ko‘rinmasdi. Shoira — lirik qahramonning tinmagan savollari uning tuganmas iztiroblari va bu iztiroblar hech nimaga o‘xshamaydigan liboslarda namoyon bo‘ladi:
Bir yorug‘ kun kelar…
Diydorlar vasliga to‘yadi ko‘zim.
Moviy iztirobning
oydin tushiga —
Ufq ko‘ylagida kiraman o‘zim…
Bu qanday ifodalar deysiz, axir? Ufq ko‘ylagi qanday rangda? Oq? Qizil? Moviy? Yo suvga tomib yoyilayotgan qon rangida? Lekin shoira moviy ruh haqida so‘ylagandan keyin, bu ruhning sharoitida nafas olgandan keyin, albatta, «moviy iztirob» ham deydi, «moviy ishq» ham deydi… Moviy iztiroblarning ularga monand hamrohlarini tilga olmay iloji yo‘q. Bu uning she’rining ajralmas belgilari, ramzlari, timsollari. Buyuk bir ziddiyat ichida havolanayotgan afsunga monand timsollar. Kuni kecha Salomat Vafoning yangi romanini o‘qib ham shunday adoqsiz ziddiyatlardan tug‘ilgan iztiroblar, alamlar, tushkun kurashlar ichida o‘rtanayotgan ayol siymosiga duch keldim. Shahar va sahro. Nurlilik va nursizlik. Fikr va fikrsizlik. Bular qahramon o‘rtanayotgan hayot bag‘ridan to‘xtovsiz sizib chiqadi. Nursizlik va saliqasizlik tagidan nur va salohiyat bosh ko‘taradi. O‘rtanishning oxiri yo‘q. Lekin u oxirlab boradi. Oxirlab poyonsizlikdan chiqadi. Ayol kishining behad chuvalashgan xayollari oralab haqiqatning uchi ko‘zga tashlanganday bo‘ladi.
Salomat! Bu asaringizni o‘qib, ishonasizmi, nihoyat 210-sahifaga yetganda, voqea, vaziyatlarning tangligi, tarangligini qabul qilishga hissiy kuchim yetmay juda toliqib qoldim. Qahramoningiz Saltanatning nochorliklari, abgorliklari, nolakorliklari, o‘z ahvolini anglolmasliklari menga ham yuqa boshlaganini sezdim. Saltanat yashayotgan abgorlik chuquriga bir oyog‘im bilan tushib ketganday bo‘ldim. Uni harchand tortib olmoqchi bo‘lamanu bunga muyassar bo‘lolmayman. Nega Saltanat baxtsizliklarning sababini qidirmaydi? Nega buning ustida o‘ylab ko‘rmaydi? Nega o‘zini dengiz to‘lqinlarida uloqib ketgan pista po‘chog‘iday tutadi? Nega u Laylisini topolmaydi? Adabiyotga Layliga yetisholmay ko‘ngli oqib tugagan yana bir Majnun keldimi yo?
Halima! Siz 1988 yili «Tungi marvaridgullar» degan nihoyatda chiroyli birinchi kitobingizni chiqargan va jim yotgan ko‘p yuraklarni uyg‘otgan edingiz:
Jim yotgan yuraging
uyg‘otgin bo‘zlab:
O‘zingga bir go‘zal qayg‘ular tila.
Ular qaytmas bo‘lib
ketgan bo‘lsa gar,
Bolalikning zangor ertagi bilan
Muhabbatga dafn et o‘zingni.
Oradan yigirma yil o‘tib dunyoga kelgan ikki kitobingizda bu ahdlarga qanchalar sadoqatda bo‘lganligingiz, o‘z she’riy a’mollaringizdan zarracha chekinmaganligingiz, paymonani to‘la sipqorganligingiz, qaytaga ijodiy, insoniy ahdingizda yanada mustahkam va izchil bo‘lganligingiz ayonlashdi.
Suv emas, sen menga olovlarni ber,
Chanqadim, men bugun
olov ichaman… —
deb o‘quvchilaringizni yomon qo‘rqitgan edingiz. Ammo otashparast bir xalqning olov nafasli qizi kabi hamon she’riyatda olov ichasiz… She’ringiz sehrlangan gul kabi yonib turadi. Siz esa kuyib ketishi aniq bo‘lgan parvonalarga silayi rahm qilasiz:
«Parvonaning ko‘zini bog‘lang…»
Kishi, rostini aytsam, bunday ruhdagi she’rlarni o‘qib shoshib qoladi. Barmog‘ini tishlab o‘tiradi. Hayrat, hayronlik, tushunmaslik hammasi omuxta bo‘lib ketadi. Ba’zi narsalarni «hazm» qilolmayotganidan og‘rinadi, o‘zini she’rdan yiroqlashib ketganday sezadi. Lirik qahramon o‘rtanadi, kuyadi. Kuyish, o‘rtanishda muqim, o‘zgarmay turadi. Azal kuyish, azal yonish, azal suyishlar va… bularning o‘rtasida va oxirida azal baxtsizlik turganday bo‘ladi. Qismat oyinida azal baxt yoki azal baxtsizlikni hech bir zot o‘zgartira olmas emish! Nekbin va idroki qaysar kishilar buni ko‘p bora va qayta-qayta o‘zgartirishga urinib ko‘radilar. Lekin oxirida yana cheksizlik devoriga yozilgan yozuv ustidan chiqadilar: QISMATNI O‘ZGARTIRIB BO‘LMAS! Balki shuning uchundir Halima Ahmad, Guljamol Asqar, Xosiyat Rustamova, O‘ktamoy, Salomat Vafo qahramonlari hayotdan yo‘q narsalarni, qilib bo‘lmaydigan narsalarni talab qiladilar. Ilojsiz bir shoirona afsun holatida yashaydilar. Guljamolning qirmizi galstuk taqib, oq yoqa ko‘ylak kiyib, xursand jilmayib tushgan navqiron suratini ko‘rganda, «qurigan gulni baribir tashlab ketishgan», deb mahzun satrlar bitgan, o‘n sakkizga kirib-kirmay o‘zini dunyoning bor ayriliqlarini ko‘rgan, g‘amoludaliklarini boshidan kechirganday, unga tolib kimsani «mahsharim» va «qabrdoshim» deb atashga jur’ati yetgan, mudom hajrlar deb satr tashlaydigan sanam nahot shu kular chehra bo‘lsa? — o‘quvchi tirik sinoat qoshida lol turadi. Guljamolning she’riy a’moli uyg‘onib bo‘lgan, mustahkamlanib bo‘lgan: bu «muhabbatning sharti yetmoqlik emas», degan a’mol so‘zidan ham bilinib turadi. She’r yozish havaslari uning murg‘ak ko‘nglini allalaganda, unga hali o‘zi boshidan o‘tkazmagan, hali ma’sum yuragining parda tortilgan darichalarini ochib kirmagan shirindan shirin ayriliq lazzatlari, saraton havosiday jimirlagan hovurotlari xayolini o‘g‘irlagan va qiz bolaning she’ri shunday hovurotlardan iborat bo‘ladi, deb qulog‘iga mayin shipshib ketgan.
Manglayimda baxt
dastxati bordir,
Sendan ayrildim-ku, bunda ham
Xudoyimning hikmati bordir…
Shu «dastxat» shoiraning tasavvurlariga quvvat va to‘lqin beradi. Ayriliq hissiyoti shoirona tasavvurni uyg‘otadi, boyitadi, uni dunyo va o‘z ichki olamini anglovchi hodisaga aylantiradi:
Bir chumoli misoli
don uchun chiqqan edim,
Donni ne qiladi-yu, meni
ne qilar Tangrim…
Men bularni o‘qirkan, Navoiyning: «Gavhar kerak ersa, benavoliq ayla» degan, shoirni tushuntirish uchun favqulodda ahamiyatga ega so‘zini eslayman. Benavolik ijodkor dunyosida dengiz qa’rlaridan o‘lmas javohirlarni topib chiqadigan she’riy maqom ekan-da! Benavolik va tasavvur olamni har kimga va ayniqsa, har bir shoirga o‘z takrorlanmas gavharlari barobarida tushuntiradi va bildiradi. Mana, qarang, Xosiyat Rustamova «Avgust» deb atalgan go‘zal kitobida nima deb qichqirib yubordi:
O‘zi kerakmidi men kabi g‘ussa,
Yo menga zarurat edimi hayot?
Bu tanovarga o‘xshagan she’r kitobida ham o‘tib borayotgan kunning poyonsiz dardlariga to‘qnashasiz. Bu she’rlarda vaqt muhrlab qo‘yilgan. Lekin bu muhrlangan vaqtni ochishga kuchingiz yetmaydi.
Nima qilishni bilmay shoiraga tasavvurdosh bo‘lishga urinasiz. O‘zingizni satrlar muhrlayotgan berahm vaqt qoshida ojiz, notavon sezasiz.
Yo‘lga tushdim
Jussam og‘ir.
Qo‘llarimda may,
Yo‘llarimdan chiqarmikan
Biror ulfatim?!
Men kimlarga suyanayin
Qayerga boray —
Qachonlardir hal qilingan
Bo‘lsa qismatim.
O‘y og‘ir. Qismatday og‘ir. Bu qismatga bir nigoh. Tasavvur bunday narsalarni o‘z-o‘zidan tabiiy tarzda yuzaga chiqaradi. Tasavvur idrok mulkiga hukm qiladi. Hukm qat’iy va she’r qismat kabi bino bo‘ladi. Xosiyat! She’rlaringiz kitoblaringizning qorday oppoq sahifalarida anor donalariday yoki yoqut uzukning mo‘jaz ko‘ziday yaraqlab turadi. Go‘zallarning yonoqlaridagi meng kabi gurkiraydi.
Lekin anor donalarini bir-biridan farqlash qiyin. Hammasi bir xil yaratilgan. Balki, bir xil emasdir. O‘zgachaligi bordir. Biotexnologlar bilar ehtimol buni. Liboslari va tarxlari bir xildagi gulgun donalar ichidan tanlab ajratib ko‘rsatish qiyin. Lekin bittasini tanlash bilan bari tanlanganday, balki tanilganday ham bo‘ladi. Ko‘hna arab shoirlaridan biri Johiz aytgan: tashbehlarning eng sarasi til ifodalamasdan burun yurakka yetib borgani… Sizning she’rlaringiz shunday: dil va ko‘ngilga so‘ylangan ular. Faqat men hech javob topolmayman: kichkinagina yurak hayot va inson kechinmalarining shunchalar ziddiyatlarini qanday o‘ziga sig‘dirib, qanday ko‘tarib yurarkin? Balki donishmandlik kerakdir? Bugun men shunday donishmandlikka intilayotgan she’rlarni ko‘ryapman…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 10-sonidan olindi.