Alisher Navoiy hazratlarining:
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shu’lai ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil —
misralari bilan boshlanadigan g‘azalini uzoq muddat mutolaa qildim. 7 bayt, 96 so‘zdan iborat ushbu g‘azalda 5 tagina so‘z izoh talabdir: xil’at — hashamli kiyim, sarpo; samum — halokatli issiq shamol, garmsel; tobadon — uyga yorug‘ tushishi uchun eshik tepasiga qo‘yiladigan tuynuk; xirqa — shayx va darveshlarning ust kiyimi, janda; shingarf — qizil bo‘yoq, qizil rang;
Biroq g‘azalning tub mohiyatini anglashga so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini bilish kamlik qilar ekan. G‘azalni ilk o‘qiganimda ko‘z oldimga vaqt-vaqti bilan osmonda paydo bo‘ladigan “Hasan-Husan o‘q-yoyi” kelgan edi. Hozirda bolalar bu hodisaga uncha hayratlanmaydilar. Lekin biz urush davri bolalari “Hasan-Husan o‘q-yoyi” paydo bo‘lganida undan ko‘zimizni uzolmasdik. Qalbimizga qariyalarning bu boradagi so‘zlari qattiq o‘rnashib qolgan edi: “Shu ranglardan o‘tsang, Xudoga yetasan”. Ranglarni sanaymiz, 7 ta — qizil, sariq, yashil, zangori, ko‘k, oq, qora. Qizil, sarig‘dan keyin zangori, so‘ng yashil. Hammasidan ham qariyalarimizning 7 raqamiga ixloslaridan hayratlanganmiz — namozda 7 a’zong yerga tayanadi: 2 oyoq uchi, 2 tizza, 2 panja va 1 peshona. Bularning barisi zohiriy alomatlar, lekin bu mo‘jaz hayratning botiniy undovlari ne ekan?
Filologiya fanlari doktori H.Boltaboyev talqinidagi “Sharq mumtoz poetikasi” kitobida keltirilgan “Javharu-z-zot” asarida Farididdin Attor: “Jonon — tavhidida birlikdamiz. Kull — umumiyat javhari, yagonaligimiz shaksiz. Tavhidda yagonalik-birlikdan o‘zga narsani ko‘rmadim. Vahdat — yagonalikni yagonalikdan yagona deb tanladim”, deya raqam etgan. Mazkur asar izohida “jonon — ilohiy mahbub, ya’ni Olloh”, deb ko‘rsatilgan.
Demak, g‘azal matla’sidagi jonon — ilohiy mahbub xil’atidan taraladigan qizil, sorig‘, yashil ranglarga javoban lirik qahramon ohidan qizil, sorig‘, yashil ranglar chiqadi. Xo‘sh, nega endi ranglar — qizil, sorig‘, yashil? Va nega u:
Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin,
Kim esar ul dasht aro har yon qizil, sorig‘, yashil —
deya, ishq sahrosini halokatli issiq shamol, qattiq garmsel ohi ila gulshan — turfa rangli gulzorga aylantiradi? Va yana:
Shishadek ko‘nglumdadur gulzori husning yodidin,
Tobadonning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil.
“Gulzori husning yodidin” — “tobadon”dan tushadigan ranglar: qizil, sorig‘, yashil. Lirik qahramonning xayollari cheksizlik komida, uning ko‘zlari oldida davron turfa ranglarda: qizil, sorig‘, yashil.
Orazu xoling bila xitting xayolidin erur,
Ko‘zlarimning ollida davron qizil, sorig‘, yashil.
Lirik qahramon deganda ko‘p hollarda she’r muallifi anglashilganidan bu o‘rinda ham hissiyot tizimini Alisher Navoiy hazratlarining o‘zlariga bog‘lasak o‘rinli ko‘rinadi. Shoirning kamtarligi oldida bosh egmay ilojimiz yo‘q:
La’lgun may tutqil oltin jom birla sabzada,
Kim bulardin yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil.
Xo‘sh, beimkonlik nimada? Nega “birranglik dushvor”?
Faqr aro birranglik dushvor erur behad, valek,
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.
Nega Alisher Navoiydek tasavvuf ilmining zukko bilimdoni, “Lisonut-tayr”dek so‘fiylik dostonini bitgan, 700 dan ortiq shayx va so‘fiy to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlab “Tazkiratul-avliyo”ni raqam etgan shoirlar sultoni shingarfu (qizil bo‘yoq, qizil rang) “zangor istama”, deydi:
Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,
Bo‘ldi nazming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil.
Bitigimiz avvalida shariat va tariqat ilmi olimlarining suhbatlari, bahslari to‘g‘risida so‘z ochgan edik. Tasavvufda Ollohni bilish, anglash yo‘llari borasida turli qarashlar mavjud. Agar Boyazid Bastomiy solik ilohiy ma’rifatni faqat o‘zligini butkul yo‘qotib, foniylik holatida idrok eta oladi desa, Junayd Bag‘dodiy, Najmiddin Kubro so‘fiy faqat buxud devona bo‘lsa, uning ma’rifati faqat o‘zigagina tatiydi, o‘zgalarni tarbiyalay olmaydi va baqoga yetolmay, yarim yo‘lda qoladi, deydilar.
Najmiddin Kubro hazratlari ruhoniy kechinmalar, nozik “latoif” holatlar silsilasida inson ruhi ko‘zga ko‘rinmas, ilg‘ab olish mushkul bo‘lgan — ong va tuyg‘u, ruh va jism orasidagi ilohiy xislat, so‘fiy uni mashaqqatu mashqlar bardavomida bu latoifni turli holatlarning o‘zgarishi, ranglar va shakllarning almashinishi tarzida tasavvur qiladi, deb uqtiradi.
Adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov “Najmiddin Kubro” risolasida hazrat ta’limotini shunday sharhlaydi: “… ranglar so‘fiyning ruhiy holatlari, Olloh tomon safaridagi daraja-bosqichlarini bildirib turadi. …Ruhning rangdan-rangga ko‘chishi rivojlanishdan nishonadir. …Chunonchi zangori rang solikning tavba qilib, tariqatga qadam qo‘yganida ko‘rinadi, bu holatda u shariat doirasida bo‘ladi, mantiqiy-daliliy bilishdan hali qutulmagan, hali ko‘nglida dunyoviy havaslar mayli hukmrondir. (“Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama”.) Bundan keyin tariqat boshlanadi, solik qalbida muhabbat qo‘zg‘aladi, u Olloh yodi (“Shishadek ko‘nglumdadur gulzori husning yodidin”) bilan yashaydi va bu sariq rangga to‘g‘ri keladi. Qizil rang solikning ruhi vujuddan ajrala boshlagani, ma’rifatga yaqinlashgani, ma’naviy mohiyatlar olamini anglaganini ma’lum qiladi. Ammo bu bosqich hali hirs qutqusidan xalos bo‘lmagan bir holatdir. So‘ngra oq rang ko‘rinadiki, bu yurakning poklanishiga ishoradir va Haqiqatni anglash boshlanadi. Haqiqat olamidan xabardor bo‘lib, tavhid holatini boshdan kechiradi. Shundan keyin yashil rang keladi. Yashil rang valiylikdan nishona. U sirlarning siriga, g‘aybga oshnolikni bildiradi va solikning asl mohiyatlariga yetishganini ham anglatishi mumkin”.
Va nihoyat oxirgi rang — qora rang. Demak, mazkur ranglar solikning Olloh tomon va Olloh bilan ruhiy safarini anglatadi. Va nihoyat, solik ruhi Olloh huzurida paydo bo‘ladi. U qora rangdan qutulib, rangsizlik holatiga kiradi. Zoti kull darajasini egallagan solik yakranglik holatida maqsadga erisharkan.
Albatta, Alisher Navoiy hazratlari yetti rang mohiyatini yaxshi bilgan, lekin yuqorida lirik qahramon shoir dedik, ammo she’r, Kaykovus “Qobusnoma”da: “Ey farzand, she’rni xalq uchun yozish kerak va o‘zi uchun yozmaydi”, deganiga e’tibor etsak, ushbu bayt juda o‘rinlidir:
Faqr aro birranglik dushvor erur behad, valek,
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.
Alalxusus, qizil rangda solikning ruhi vujuddan ajralib, ma’rifatga yaqinlashgani, ma’naviy mohiyatlar olamini anglagani bilan bu bosqichda hali hirs qutqusidan xalos bo‘lmagan bir holat bo‘lsa, sariq rangda solik qalbida muhabbat qo‘zg‘aladi va yashil rang valiylikdan nishona ekan.
Demak, ham dunyoviy, ham ilohiy ishqning rang-barangligini tarannum etuvchi ushbu g‘azal Alisher Navoiy hazratlarining valiyligidan dalolat emasmi? Inshoolloh, hazratning o‘lmas asarlari dunyo adog‘igacha boqiy qolg‘usidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 6-sonidan olindi.