Ulug‘ shoir Maqsud Shayxzoda asliyatdan tarjima qilgan «65 she’r»(1962) to‘plamiga Nozim Hikmat yozgan so‘zboshisida o‘zbek kitobxonining badiiy saviyasiga bo‘lgan hurmat-ehtiromini shunday e’tirof etgandi: “O‘zbek she’r o‘quvchisining didi yuksakdir. Bularning barchasini bilaman, bilganim uchun ham uning qarshisiga yuragimni hovuchlab chiqmoqdaman”.
Darhaqiqat, o‘ziga xos dunyoqarashi-yu keskin fikrlari bilan dunyo jamoatchiligi diqqat-e’tiborini tortgan, atrofida hanuz turli ziddiyatli mulohazalar bildirilayotgan murakkab taqdir egasi turk yozuvchisi O‘rxon Pomuqning avtobiografik «Istanbul: xotiralar va shahar» romani tarjimasi “Jahon adabiyoti” jurnalining o‘tgan yilgi oktyabr — dekabr hamda 2009 yilning yanvar oyi sonlarida chop etilishi ko‘pchilik qatori meni ham quvontirdi. Chunki Shvetsiya Qirollik akademiyasi matbuot anjumanida aytib o‘tilganidek: “Ona shahrining mungli ruhiyatini aks ettirishda madaniyatlar o‘rtasidagi tafovutlarning yangi jilolarini kashf etgan” muallifning xalqaro nufuzli Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan mazkur romanini o‘zbek tilida o‘qishni ko‘pdan beri orzu qilib yurardim. Ayniqsa, mazkur tarjima sobiq sho‘rolar tuzumi davridayoq «Hozirgi zamon turk she’riyati»(1980), «Asr ovozi»(1988) to‘plamlaridan joy olgan jahon she’riyati namunalaridan qilgan nafis tarjimalari bilan o‘zbek she’r muhiblarining e’tiborini qozongan shoir Miraziz A’zam tomonidan amalga oshirilganini bilib, ko‘nglimda tag‘in bir iliqlik paydo bo‘ldi. Bunday ulkan ishga jazm etgan muhtaram adibimizning jur’atiga tahsin o‘qigan holda, xolis niyat bilan tarjima mutolaasiga kirishdim. Biroq, afsuski, mening bu quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Sababi… To‘g‘ri, men tarjimashunos emasman, ammo o‘zbek hamda turk filologiyasi bo‘yicha olgan sabog‘im hurmati tarjimada yo‘l qo‘yilgan ko‘plab xato va kamchiliklardan ko‘z yumishni ham ma’qul topmadim.
Avvalo, shuni aytib o‘tsak: ehtimol, qardosh yoki chet el she’riyati namunalarini tarjima qilganda, imkon qadar matn vazni va ohangini saqlab qolib, obro‘ olish mumkindir, ammo muayyan bir nasriy asar tarjimasiga qo‘l urilganda bunday yo‘l bilan olqishga umidvor bo‘lishning iloji yo‘q. Chunki nasriy asar tarjimasida asl matn tili tarjima tilining adabiy normalari, grammatik qonun-qoidalariga to‘la bo‘ysundiriladi. Aks holda, na asl matn jozibasiga, na tarjima qilinayotgan til nafosatiga erishib bo‘ladi. Qolaversa, xoh nazmiy, xoh nasriy bo‘lsin, har qanday asar tarjimasi ham san’at, to‘g‘rirog‘i, ijod mahsuli hisoblanadi. Unga ana shu nuqtai nazardan yondashilmas ekan, ko‘zlangan maqsadga erishish dushvor.
«Istanbul: xotiralar va shahar» romani tarjimasi, afsuski, deyarli dastlabki, qoralama holatda, ya’ni so‘zma-so‘z qanday o‘girilgan bo‘lsa, shundayligicha tahrir qilinmay nashr etilgan. Oqibatda o‘zbek tili grammatik qonun-qoidalari, adabiy til me’yorlaridan yiroq turk tili grammatikasiga xos so‘z birikmalari, izofa va fe’l zamonlari qo‘shimchalari, jumla qurilishining aynan qo‘llanilishi, bir so‘zning sinonimi bo‘la turib, qayta-qayta takrorlanishi kabi ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ko‘ramiz.
So‘zimizning isboti sifatida tarjimaning ilk jumlalariga e’tiborni qaratsak:
“Istanbul ko‘chalarining ichkarisidagi yerda, biznikiga o‘xshagan bir boshqa uyda qosh-ko‘zidan tortib og‘zi-burnigacha hamma a’zosi bilan mening o‘xshashim, egizim, hatto xuddi o‘zimday bir boshqa O‘rxon yashashiga bolalikdan boshlab uzoq yillar aqlimning bir chekkasida inonib yurdim. Bu fikr ilk bora qayerdan va qanday qilib menga kelib qolganini eslayolmayman”.
Bizningcha, ushbu jumlalarni, jilla qursa, quyidagicha tahrir qilishga zarurat bor:
“Istanbul ko‘chalarining birida biznikiga o‘xshash boshqa bir uyda qoshu ko‘zidan og‘zi-burnigacha hamma a’zosi menikiga mengzagan, egizim, hatto xuddi o‘zimday bir boshqa O‘rxon istiqomat qilishiga bolaligimdan beri uzoq yillar inonib yashadim. Bu fikr xayolimga ilk bora qayerdan va qanday kelib qolganini eslay olmayman”.
Boshqa bir o‘rinda ham xuddi shunday uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan:
“Qor bolaligim Istanbulining ayrilmas bir qismi edi”.
Ushbu jumla “Qor Istanbulda kechgan bolaligimning ayrilmas bir parchasi edi” tarzida tarjima yoxud tahrir qilinganda to‘g‘riroq bo‘larmidi.
Mutarjim asarning jurnalning 2008 yil oktyabr sonida bosilgan qismida turk tilidagi masa so‘ziga shunday izoh beradi: «Maso — arabcha so‘z bo‘lib, “stol” ma’nosida ishlatiladi». Holbuki, masa — yunoncha so‘z bo‘lib, turkchada ham masa tarzida yoziladi va talaffuz etiladi. Tarjimon yuqoridagi izohda mazkur so‘zning o‘zbek tilida faol qo‘llanadigan muqobili garchi stol ekanligiga ishora qilsa-da, biroq tarjimada ko‘p o‘rinlarda negadir aynan maso shaklini qo‘llab, tag‘in bir xatolikka yo‘l qo‘yadi.
Turk udumiga ko‘ra, xotin kishining eriga: “Ko‘rdingmi, Oydin nima deganiga qara” qabilida murojaat etishi tabiiy hol hisoblanadi. O‘zbek mentalitetiga yot bo‘lgan bunday murojaatning tarjimada aynan o‘girilgani noo‘rindir.
«Istanbul: xotiralar va shahar» romanining asliyati bilan o‘zbek tilidagi tarjima matni qiyoslanganda, turk tilidagi juda ko‘p so‘zlar o‘zbek tiliga xato tarjima qilinganining guvohi bo‘lamiz. Misol uchun, turk tilida xavotir, qiziqish, istak, xohish ma’nolarini bildiruvchi merak so‘zining o‘zbek tiliga maroq; ziyoli, ma’rifatli ma’nolarini bildiruvchi aydn so‘zining o‘zbek tiliga oydin; ko‘nikmoq, odatlanmoq, o‘rganib qolmoq ma’nolarini bildiruvchi alshmak so‘zining o‘zbek tiliga olishmoq deb, ya’ni asl ma’nolari chetda qolib, xato bir tarzda o‘girilishi; vulqon ma’nosini bildiruvchi yanardag so‘zining o‘zbek tiliga tushunarsiz yonartog‘; nur, yorug‘lik, chiroq ma’nolarini bildiruvchi IshIk so‘zining o‘zbek tiliga ishiq; qishloq ma’nosini bildiruvchi koy so‘zining o‘zbek tiliga ko‘y; yengil, oson ma’nolarini bildiruvchi hafif so‘zining o‘zbek tiliga xafif; omborxona ma’nosini bildiruvchi depo so‘zining o‘zbek tiliga depo; hushtak, signal ma’nolarini bildiruvchi duduk so‘zining o‘zbek tiliga duduk tarzida, ya’ni tarjima qilinmay aynan «o‘girilishi» tarjima saviyasining yanada pasayishiga olib kelgan.
Darvoqe, frazeologik ibora, turg‘un birikma, maqollar, juft so‘zlar har bir tilning o‘ziga xosligini ta’minlovchi unsurlar hisoblanadi. Turk tilida siyah-beyaz: qora-oq shakliga ega bo‘lgan juft so‘zning o‘zbek tilidagi muqobili oq-qora bo‘lishiga qaramay, asarda 5-bo‘limning nomi hisoblangan hamda sahifalarda 57 bor takrorlangan ushbu juft so‘z tarjimada ham teskari: qora-oq holida o‘girilgan.
Romanning turk tilidagi matnida sifatdan oldin qo‘llanilib, kuchaytiruv hosil qilgan ne — naqadar so‘zining o‘zbek tiliga na — inkor yuklamasi holida tarjima qilinishi oqibatida jumladagi asl ma’no jiddiy o‘zgarishga uchragan: “G‘arblik kuzatuvchining shaharni teran bir tarzda tanqid (aslida tadqiq — Sh.S.) qilib yerga urgan maqolasini unga qo‘shilib o‘qish istagi menda ham bordir va bu turdagi maqolalarni o‘qimoq Istanbulning na go‘zal, na g‘alati, na hayratlanarli va o‘ziga xos bir joy ekanligini takrorlab turgan Piyer Loti kabi yozuvchilarni o‘qishdan ko‘ra zavqliroqdir”.
Tarjimada ism va joy nomlari yozilishida ham qat’iy bir izchillik, tartibga amal qilinmagan: asl matndagi tarixiy shaxslar: TanpInar – Tanpinarni Tongpinar; Yavuz – Yovuzni Yavuz; Bayar – Bayarni Boyor deb, yoki tarixiy obida Ayasofya – Ayasofiyani bir o‘rinda Ayo-Sofiya, boshqa bir o‘rinda esa Ayya-Sofiya ko‘rinishida o‘girishga qanday hojat bor ekan?
Xullas, har qanday asarning o‘qilishi ravon, jumlalari badiiylikka, ekspressiv bo‘yoqdorlikka ega bo‘lgandagina kitobxonni o‘z ortidan yetaklay oladi. Bu talab tarjima asarlari uchun ham asosdir. Aks holda, “surnaychidan bir puf” qabilida ish ko‘rib, o‘quvchini ora yo‘lda qoldirishdan hech qanday naf yo‘q.
Yozishni hayotining asosiy mazmuni deb bilgan O‘rxon Pomuqning barcha muxlisu muxoliflari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etilgan eng muhim yutug‘i – adib qanday mavzuga qo‘l urmasin, tildan nihoyatda ustalik bilan foydalanib, asarga joziba baxsh etishidir. Asarlari jahonning qirqdan ortiq tillariga qayta-qayta tarjima qilinib, bir qancha xalqaro nufuzli sovrinlarga noil ko‘rilishining sabablaridan biri ham shunda. Tarjimada ana shu jihatlarga e’tibor qaratilganda nur ustiga nur bo‘lardi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 42-sonidan olindi.