1926 yili O‘zbekiston davlat nashriyoti Lolaxon Sayfullina-Arslonova degan noma’lum adibaning “O‘zbek xotin-qizlari turmushidan olingan sochma she’rlar” to‘plamini nashrdan chiqardi. “Ichkari” deb nomlangan ushbu to‘plam adabiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Buning boisi, ushbu to‘plamga kirgan qissa va hikoyalarning Cho‘lpon tomonidan tarjima qilinib, ularning “sochma she’rlar” deb baholanishi va hatto adibaga bag‘ishlangan quyidagi she’rning to‘plamga ilova qilinishi edi:
Lolalar dardini anglagan Lola,
Lolalar tilidan qilibsan nola.
Lolalar nolasi achchiq bo‘lsa ham,
To qalbdan kelguvchi sanchiq bo‘lsa ham,
Tinglab kelgan edi karquloq devor,
Erkakning o‘zidek u no‘noq devor.
Endi bu nolangni jahon tinglasin,
Dillarda bor esa vijdon tinglasin,
Vijdonga ishongan imon tinglasin,
Ya’ni u muhtaram Inson tinglasin.
Men ham qalamimni alamga solib,
She’riy quvvatimni qalamga solib,
Nolangni qalbimga ko‘chirdim, Lola,
Ey lola tilidan qilg‘uvchi nola…
Bu samimiy satrlar 1925 yil 15 noyabr kuni Moskvada yozilgan. Taxmin qilish mumkinki, Cho‘lpon shu kuni tarjimani nihoyalab, o‘zbek xotin-qizlarining Lola Sayfullina tasviridagi mungli hayoti lavhalaridan ta’sirlangani tufayli asar muallifiga bo‘lgan hurmatini shunday cho‘lponona hayajon bilan ifodalagan.
Mashhur shoirning shu she’ri Lolaxon Sayfullinaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirib yubordi.
O‘zbek kino san’ati tarixi 1924 yilda “Buxkino” tashkilotining tuzilishi bilan boshlanadi. Shu yiliyoq moskvalik va leningradlik kino xodimlari ishtirokida “Musulmon qizi” nomli ilk o‘zbek kinofilmi suratga olinib, o‘sha yilning 29 sentyabrida ekranga chiqariladi. O‘sha yili “O‘lim minorasi”, 1925-1926 yillarda esa “Paxtaorol”, “Baxt quyoshi”, “Ikkinchi xotin” va “Ravot qashqirlari” kinofilmlari maydonga keladi. Agar ayrim rol ijrochilarini inobatga olmasak, bu kinofilmlarning ijodkorlari orasida milliy kadrlar yo‘q hisobi edi. Shuning uchun ham “Ikkinchi xotin” kinofilmi stsenariysining Lolaxon Sayfullina (Arslonova) bilan V.Sobberey tomonidan hamkorlikda yozilganligi “Ichkari”ni o‘qigan kitobxonlardagi Lolaxonga bo‘lgan qiziqishni o‘n chandon orttirib yubordi.
Har bir jamiyatning ilg‘orlik darajasi ayollarning shu jamiyat hayotidagi o‘rni bilan belgilanadi. Qaysi bir donishmand tomonidan aytilgan bu so‘zlar 20-yillar avvalidayoq ijod ahlining fikr-zikrini band eta boshladi. Cho‘lpon va Hamza singari “keksa” avlod vakillari ham, shu yillarda she’riyat tulporini jilovlamoqchi bo‘lgan Oybek va Hamid Olimjon singari yosh shoirlar ham o‘z asarlari bilan jamiyat e’tiborini “to‘rt devor” orasida yashab kelayotgan xotin-qizlar mavzusiga bejiz qaratmadilar. Zero, tarixiy davr xotin-qizlar taqdirida keskin o‘zgarish yuz berishini taqozo etardi. Shuning uchun o‘zbek kinosi ilk qadamlaridan boshlab diqqat-e’tiborini xuddi shu muammoga qaratdi. “Musulmon qizi”dan keyin “Ikkinchi xotin” kinofilmining yaratilishi ham ijodkor ziyolilarning o‘zbek xotin-qizlari taqdirida burilish yasash orzusi bilan bevosita bog‘liq. “Ichkari” to‘plamidagi “Ikkinchi xotin” hikoyasi asosida shu nomdagi kinostsenariy yozilib, film suratga olinadi.
“Ikkinchi xotin» filmi ana shu muhim ijtimoiy-maishiy mavzuga bag‘ishlangan. L.Sayfullina o‘zbek hayotini, “ichkari”ni yaxshi bilganligi sababli bu mavzuni “Musulmon qizi” filmiga qaraganda ancha haqqoniy va ta’sirli yoritishga erishgan. Filmdagi ikkinchi xotin — Adolat rolini mashhur rus raqqosasi Mayya Plisetskayaning onasi Raisa Messerer mahorat bilan ijro etgan. Kezi kelganda aytish joizki, Moskvadagi kinotexnikumni tugatgan va “Andoziyaning ko‘zlari” filmida epizodik rolni ijro etgan aktrisa o‘shanda Toshkentga ikki oylik qizi bilan kelgan edi.
Shu o‘rinda lirik chekinish qilishga ehtiyoj tug‘iladi.
1925 yilda “O‘zbekdavkino” tashkiloti tuzilib, uning tasarrufidagi “Sharq yulduzi” kinofabrikasi Shayxontahurdagi Eshonquli masjidiga, “Qizil O‘zbekiston” kinoteatri esa Ko‘kaldosh masjidiga joylashgan. “O‘zbekfilm” kinostudiyasining keksa operatorlaridan biri A.Saidov taniqli kinoshunos Xanjara Abulqosimovaning iltimosi bilan yozilgan xotiralarida Ko‘kaldosh masjididagi kinoseanslarni bunday tasvirlagan:
“Zalda choyxona ishlar, yopgan non va turli-tuman shirinliklar sotilardi. Tomoshabinlar uchta katta guruhga ajralib o‘tirishardi. Teatrda bo‘lganidek, bu yerda ham o‘zining ”parter”i, o‘zining “amfiteatri” va hatto “galyorka”si bo‘lgan. “Parter”dagilar yerga yozilgan gilam ustida, “amfiteatr”dagilar skameykalarda, “galyorka”dagilar esa uzun oyoqli katlarda o‘tirishardi. Seansga choyxonachi qo‘mondonlik qilar edi. U xohlovchilarni non-choy va shirinliklar bilan ta’minlab bo‘lgach, mexanikka ishora qilar va film namoyishi boshlanardi. Ammo filmning o‘rtalari yaqinlashganda namoyish birdan to‘xtardi. Mexanik bilan kelishib qo‘ygan choyxonachi choynak-piyolalarni yig‘ib olib, yana boshqatdan tarqatib chiqar va yana mexanikka ishora qilganidan keyin film namoyishi davom etardi. Shunday qilib, har bir seans bir necha marotaba bo‘linardi. Odatda, film mazmunini bayon qilib beruvchi tarjimonlar hammaga ovozlari eshitilishi uchun apparat oldiga qo‘yilgan maxsus baland o‘tirgichlarga o‘tirib, bor ovozlari bilan qichqirishardi…”.
Dastlabki o‘zbek filmlari ana shunday ibtidoiy sharoitda namoyish etilgan. Shunga qaramay, tomoshabinlar orasida u yoki bu kinofilmda tasvirlangan voqeani tushunuvchi, unda olg‘a surilgan g‘oyani ilg‘ab oluvchi kishilar oz bo‘lmagan.
Mazkur film tomoshabinlar o‘rtasida katta muvaffaqiyat qozondi. Bundan ilhomlangan L.Sayfullina “Soyabon arava” kinoqissasini yozadi va kinorejissyor O.Frelix rahbarligidagi ijodiy guruh suratga olgan kinoasar 1928 yilning 31 yanvarida ekranga yo‘llanma oladi. Agar M.Doronin ekranlashtirgan “Ikkinchi xotin”dagi faqat ikkinchi darajali rollarni O‘.Mirzaboyeva, Z.Yo‘ldoshboyeva, Sh.Ma’zumova singari o‘zbek artistlari ijro etgan bo‘lsalar, bu filmdagi bosh rollarga Rustam To‘raxo‘jayev, Oysha Tumanboyeva, Rahim Pirmuhamedov, Nabi G‘aniyev singari dastlabki o‘zbek kino artistlari jalb etildi. Film garchand kambag‘al yigit bilan qizning muhabbati tasviri bilan boshlangan bo‘lsa-da, inqilobiy davr voqealari sevgi va muhabbat mavzuini boshqa o‘zanga burib yuborgan.
Ushbu film rus kinematografchilarining Sharq haqidagi kinoasarlaridan realistik lavhalari va g‘oyaviyligi bilan qanchalik farq qilmasin, “O‘zdavkino” tomoshabop kinofilmlar yaratish zarurligini sezib, L.Sayfullinaga frantsuz adibi F.Dyushenning “O‘n to‘rt kunlik oy” romani asosida kinostsenariy yozishni topshiradi. L.Sayfullina frantsuz ofitserining jazoyirlik moxov qizga bo‘lgan muhabbatini tasvirlovchi asar voqealarini o‘tgan asr boshlaridagi O‘zbekistonga ko‘chirib, arab qizini Adolat (o‘zbek qizi), mustamlakachi frantsuz ofitserini Koronin (rus yigiti), deb ataydi. “Moxov” filmi voqealari tomoshabinlarda qanchalik qiziqish uyg‘otmasin, asar kinotanqidchilar nazarida “O‘zdavkino”ga shon-shuhrat olib kelmadi.
L.Sayfullina O‘zbekistonda yashagan qisqa davrida nafaqat kino, balki teatr uchun ham asar yozishga ulgurdi. Uning “Qon ham suv…” nomli dramasi Moskvadagi o‘zbek drama studiyasini tugatib kelgan sobiq talabalar ijrosida 1930 yili Samarqand teatri sahnasida namoyish etildi. Afsuski, bu asar haqidagi xabar bizga Hamid Olimjonning 1930 yil 29 iyul kuni “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bosilgan taqrizi orqaligina yetib kelgan. Shuning uchun ham mazkur asar haqda yetarli ma’lumotga ega emasmiz. Ammo Hamid Olimjonning “Qon ham suv…” deb nomlangan taqrizidan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, to‘rt pardali bu asar o‘sha yillardagi O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalaridan biri — suv muammosiga bag‘ishlangan.
Hamid Olimjon ushbu taqrizida asar va uning muallifi haqida bunday samimiy so‘zlarni yozgan:
“O‘quvchilarimizga “Lolaxon dardini anglab” tanilgan Lolaxon bugun sahnamiz sahifalarida “Qon ham suv…” bilan ko‘rinadir. O‘zbekiston hayotini, boshqa qo‘shni jumhuriyatlar yozuvchilariga qaraganda, mukammal o‘rgangan Lolaxon o‘zining “Qon ham suv…” otli dramasida suv masalasini ona chizig‘i qilib oladi…”.
Taqrizchining bu so‘zlaridan “Qon ham suv…” dramasi o‘sha davrda yurtimiz qishloqlarida kechgan sinfiy kurash “manzaralari”ni yoritishga qaratilganligi ma’lum bo‘ladi. Hamid Olimjon garchand Lolaxon Sayfullinaning bu sahna asariga iliq munosabat bildirgan bo‘lsa-da, uning davlat teatri sahnasida qo‘yilmaganligi “Qon ham suv…”ning tomoshabinlarga manzur bo‘lmaganidan darak beradi.
Adabiy ijodi Sharq xotin-qizlari hayotidan olingan qissa va hikoyalar yozish bilan boshlangan L.Sayfullina 20-yillarda kinostsenariy janrida ijod qilish bilangina kifoyalanib qolmadi. U “Ichkari”dan tashqari, “Qulayotgan minora” va “Lolalar chaman-chaman” degan romanlar ham yozgan. Mutaxassislarning fikrlariga qaraganda, uning bu asarlari o‘sha yillarda O‘zbekistonga kelib, o‘zbek xalqi hayotiga murojaat etgan P.Skosirev singari rus yozuvchilariga nisbatan milliy ruhni yorqin va haqqoniy ifodalagani bilan ajraladi.
“Rus millatiga mansub Sayfullina, — deb yozgan edi adabiyotshunos I.Ya.Tyomkina, — muvaffaqiyat bilan o‘zini o‘zbek adibasi sifatida namoyon qilgan. Bu mistifikatsiya favqulodda katta qiziqish uyg‘otdi — Sayfullinaning kitobi bosmadan chiqishi bilanoq tanqidchilar e’tiborini o‘ziga jalb etib, katta shuhrat qozondi…
Sayfullinaning romanlarida O‘zbekistonning “hujum” va yer islohoti davridagi hayotiga bag‘ishlangan keng ijtimoiy polotnoni yaratishga urinish e’tiborga sazovor”.
Agar adibaning “Qulayotgan minora” va “Lolalar chaman-chaman” romanlarini varaqlasak, jamoalashtirish va yer islohoti davridagi qishloq hayoti manzaralari, o‘zbek xotin-qizlarining shu davrdagi murakkab va mashaqqatli hayoti, yangi o‘zbek ziyolilarining tug‘ilish jarayoni ko‘z oldimizda yorqin gavdalana boshlaydi. Bu asarlar o‘z davrida faqat tanqidchilar e’tiborini qozonibgina qolmay, Maksim Gorkiy kabi mashhur yozuvchilarning ham nazariga tushgan. Chunonchi, u atoqli frantsuz adibi Romen Rollanga yo‘llagan xatida bu haqda shunday so‘zlarni yozgan: “O‘zbek qizi Lolaxon “Qulayotgan minora” degan favqulodda maroqli romanni yozdi – bu asarning yaqinda 10 000 nusxada ikkinchi nashri bosilib chiqdi”.
Ko‘ramizki, yuqorida ism-sharifi qayd etilgan adabiyotshunoslardan biri L.Sayfullinaning millatini rus, “proletar adabiyotining otasi” esa o‘zbek, deb atashgan. Modomiki, adiba asarlari dastlab Moskva va Leningradda nashr etilgan, Cho‘lpon esa bu asarlardan birini rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan ekan, uni o‘zbek adabiyotining namoyandasi, deb hisoblash o‘rinli bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, L.Sayfullina aslida kim bo‘lgan?
20-yillarda nashr etilgan “Kino” jurnalida “O‘zdavkinoda nima ro‘y bermoqda?” degan maqola bosilgan. Ushbu maqola garchand “O‘zdavkino” tashkiloti faoliyatidagi kamchiliklarni fosh etishga qaratilgan bo‘lsa-da, maqola muallifi D.Malori tanqid nayzasini asosan L.Sayfullinaga qaratgan. Uning fikricha, bu “Sharq adibasi” “O‘zbekdavlatkino” muassasasini tamomila egallab olib, boshqa stsenariy mualliflarini mazkur korxonaga yaqinlashtirmay keladi. D.Malorining bu mulohazasiga qaraganda, L.Sayfullina shu yillarda “O‘zbekdavlatkino” muassasasida xizmat qilgan.
D.Malori adiba sha’niga tosh otishda davom etib, yana bunday so‘zlarni yozgan: “Shubhasiz, milliy mavzularda u yoki bu mamlakatning yerli aholisi yozganiga nima yetsin. Paranjisini tashlagan va ozod Sharqning kinoyozuvchisi bo‘lib olgan Lolaxon Sayfullina, sirasini aytganda, Sharq qizi emas. U polshalik bo‘lib, 1924 yilga qadar Lidiya Osipovna Sivitskaya, deb atab kelingan. U 1924 yili Muhammad ta’limotiga moyillik bildirib, musulmonlikni qabul qilgan va Sharqdagi xotin-qizlar harakatiga rahbar bo‘lib olgan”.
O‘tgan asrning 20-yillarida o‘zbek madaniyatiga chaqmoqdek kirib kelgan, Cho‘lpon singari mashhur shoir va yozuvchilarni maftun qila olgan Lolaxon Sayfullina 30-yillarning boshlarida, kutilmaganda, g‘oyib bo‘lib qoladi. Uning, ittifoqo, vafot etgani ham, boshqa biror o‘lkaga ketib qolgani ham hamon sir bo‘lib qolmoqda.
Lolaxon Sayfullina kim bo‘lgan? Uning keyingi taqdiri haqida Sizda biror ma’lumot bormi, hurmatli gazetxon?..
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 48-sonidan olindi.