Bundan qirq bir yil muqaddam Fanlar akademiyasining muhtasham zalida o‘zbek folklorshunoslik fanining asoschisi Hodi Zarifning yubiley kechasi o‘tgan edi. Atoqli olimning ilm-fan ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini tavsiflab, kimdir baland pardada, kimdir uzundan-uzoq zerikarli nutq so‘zlayotgan edi. Bir mahal kechaga rasman taklif etilmagan shoir Turob To‘la zalga kirib kelib, anjuman raisidan so‘z berishni so‘radi. So‘ngra minbarga chiqib: “Avaz Alpomish eshigida turipti…”, dedi-da, hali siyohi qurib ulgurmagan she’rini hayajon bilan o‘qiy boshladi:
Maydon bo‘lmay bedov otlar chopilmas,
Izlaganda bunday maydon topilmas,
Bu maydonda bedov asti qoqilmas,
Hodi aka to‘yi ekan, boraylik!..
Har bir bandi “Hodi aka to‘yi ekan, boraylik!” satri bilan tugagan she’rni tinglar ekanmiz, ko‘z oldimizda o‘zbek xalq dostonlarining qahramonlari ustozni tabriklash uchun ot minib zalga kirib kelayotgandek tuyuldi. Shoirning hayajonidan Avazlar, Ravshanlar, Alpomishlar mingan otlarning dupuri zalni larzaga keltirib yuborgandek bo‘ldi.
Kamina bunday ajoyib voqealarning ko‘p bor guvohi bo‘lganim uchun Turob To‘la she’rlarining hayotiy asoslarini — unga ilhom bergan kishilar va voqealarni ko‘z oldimga keltirishga urinaman. Ana shu jarayonda uning she’r va qo‘shiqlaridagi, ehtimol, boshqalar nazariga tushmay qolgan badiiy latofat gul g‘unchasidek barg yoza boshlaydi.
Turob To‘la bag‘ri keng, tanti, mehridaryo insonlardan edi. Uning tili bilan dili, xuddi qo‘shiqlaridagi so‘z bilan kuydek, uyg‘un edi. U XX asrning turli ijtimoiy silsilalarida goh unday, goh bunday yashayotgan zamondoshlari diliga shodlik va quvonch, baxt va saodat hislarini hovuchlab sochishga intilar, kitobxonlarni, bir necha daqiqaga bo‘lsa-da, turmush tashvishlaridan forig‘ eta olganidan, ularda yashash va ishlash rag‘batini uyg‘ota bilganidan o‘zini baxtiyor hisoblar edi.
Sobiq sovet davri she’riyati nekbin g‘oyalar va tuyg‘ular she’riyati bo‘lgan. Hukmron mafkura xalq dardi bilan bog‘liq fikr va tuyg‘ularning bu she’riyat bag‘riga kirib kelmasligi uchun barcha choralarni ko‘rgan. Shunga qaramay, bu mafkura hali shakllanib ulgurmagan 20-yillarda, shuningdek, 60-70 yillardagi muvaqqat “iliqlik” — ruhiy tug‘yonlar davrida ayrim shoirlar ijodida dardchil g‘oyalar ham o‘z ifodasini topdi. She’riyatdagi ana shu jarayon ta’sirida ayrim adabiyotshunoslar shoirlarni ikki guruhga ajratib keladilar. Ular nazarida, ijodida xalq dardi chatnab turgan shoirlar birinchi toifaga, she’rlarida nekbin g‘oya va tuyg‘ular ustivorlik qilgan shoirlar esa ikkinchi toifaga mansub. Ammo adabiyot uchun el-yurt dardi bilan yo‘g‘rilgan asarlar qanchalik zarur va muhim bo‘lmasin, Vatanga, onaga, yorga mehr-muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh urgan, hayotsevarlik g‘oyalari balqib turgan asarlar va ularning mualliflarini ham kamsitish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Adabiyotga bunday yondashish ham, balki o‘sha siyosatlashgan davrning ta’siridandir.
Turob To‘la asarlari zamirida hayotbaxsh g‘oya va fikrlar yotadi. U, garchand Shayxzoda va Shuhrat singari qalamkash birodarlaridek, sobiq sovet davlatining azobgohlarida azob-uqubat chekmagan bo‘lsa-da, “uy qamog‘i”ga hukm etilgan, millatchilik va vatanparastlikda ayblanib, adabiyot olamidan quvilgan paytlari ham bo‘lgan. Lekin u bunday adolatsizlik tufayli ko‘z yoshlarini she’rlariga to‘kmagan. “Ko‘z yoshdan gul ko‘karib, bulbul kuylaganmas. Ko‘z yoshdan faqat tikanak o‘sgan, xolos, u ham qabristonda”, deb yozgan edi u “She’r qalamchalari” deb nomlangan daftarida. Shu daftarning boshqa sahifasida esa u qalamkash birodarlariga bunday so‘zlar bilan murojaat etgan: “Kasbdoshim! Kitobxon yuragini senga ishonib topshirgan. U yurak toshdan qattiq, guldan nozikroq. Qalamingni avaylab tutib, qattiq bosma, yaralab qo‘yasan”.
Bunday samimiy so‘zlar shoirning “yuragi toshdan qattiq, guldan nozik” kitobxonlarni, binobarin, xalqni astoydil hurmat qilganidan, uning dil va tan jarohatlarini “she’riy malham” bilan davolashni istaganidan shahodat beradi. U yoniq va uchqur so‘zi bilan adabiyotga, xalqqa halol xizmat qildi. She’r va qo‘shiqlarining xalq dardiga malham bo‘layotganiga ishonib yashadi. Hatto bir she’rida shoir bunday deb yozdi:
Ko‘rganmisiz qog‘ozning
Yonib kul bo‘lganini.
Men ko‘rganman, kul emas,
Yonib, gul bo‘lganini.
Yo‘q, olovmas yondirgan,
Mening yuragim edi.
O‘sha qog‘ozga tushgan
O‘lmas tilagim edi.
Shoir shunday deyishga haqli edi. Ezgu niyat va tilaklar bilan yo‘g‘rilgan she’rlar, chindan ham, shoir qalbida ungan va qog‘ozda o‘z shakl-shamoyilini topgan oltin gullardir.
Biz Turob To‘laning mamlakatimiz shahar va qishloqlari bo‘ylab tez-tez ijodiy safar qilgani, shu safarlardan unutilmas taassurotlar, go‘zal she’r va qo‘shiqlar bilan qaytganini yaxshi bilamiz. Kunlarning birida u Namangan viloyatining Pop tumaniga borganida paxta dalalaridagi fidokorona mehnatlari bilan dong qozongan ajoyib qizlarni ko‘rib, ular jamoli va kamolidan shunday mutaassir bo‘lganki, hatto o‘sha yerning o‘zidayoq o‘lmas qo‘shiqlaridan birining quyidagi satrlari tug‘ilgan edi:
Ey, subhi saboh yellari, to‘xtang, menga navbat,
Tinglang meni, Pop yerlari, menga navbat!..
Shirmonoyga bag‘ishlangan, uning yorqin xotirasini emas, guldek yashnab turgan chog‘larini o‘zida muhrlagan mazkur qo‘shiqning yaratilganiga rosa ellik yil bo‘ldi. Oradan yarim asr o‘tganiga qaramay, bu qo‘shiqning na biror so‘zi, na so‘lim kuyi o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Turob To‘la shu safardan “Shirmonoy”dan tashqari, yana bir necha she’r va qo‘shiqlar bilan qaytdi. Shulardan biri “Uch dugona” deb atalgan bo‘lib, uning:
Sarhovuzning bo‘ylaridan ucharmi g‘oz,
Chaman bo‘lur uch dugona qilsa parvoz,
Uch dugona, uch mohiro‘y, uch paxtakor,
Uch dalamiz tarovati, uch sarvinoz,
Popning popuk qizlariga yalli-yalli,
Shirmonoyning izlariga yalli-yalli! —
singari jo‘shqin satrlari nafaqat uch dugonaning, balki shu qo‘shiqni tinglagan boshqa minglab kishilarning ham qalblariga go‘zallik va ezgulik shu’lalarini sochgan.
O‘zbek shoirlari orasida qo‘shiqnavislar oz bo‘lmagan. Ammo Turob To‘la kabi qo‘shiqni chinni piyoladek jaranglatib yozgan, to‘y-hashamlarda boshqa shoirlarga navbat bermagan, radioning “musiqiy” to‘lqinlarini egallagan boshqa bir shoirni topish mahol. “Gavhar daryo qa’ridan, qo‘shiq inson bag‘ridan olinadi, — deb yozgan edi u go‘yo bizni o‘z sir-asrorlari bilan oshno etayotgandek. — Qo‘shiq ham qushday narsa, so‘lqillama torga qo‘nadi, tori tarang qalbga in qo‘yadi. Bu uyadan chiqqan qo‘shiq esa uchirma qanot bo‘ladi, baland havolaydi, xuddi bo‘zto‘rg‘ayday tipirchilab kuylaydi havoda. Vatanini, yurtini, ona tuprog‘ini kuylab tug‘iladi, umrini bag‘ishlaydi unga”.
“She’r qalamchalari”dagi shoirning bunday dil so‘zlari – adabiy-estetik qarashlari bilan tanishgan kishi uning, chindan ham she’riyat deb atalgan mo‘jizaga katta ehtirom va e’tiqod bilan yondashgani, har bir so‘zni zargar tarozusida o‘lchab, chaqmoqtosh bilan yondirib va hatto kuylatib ko‘rib, so‘ng she’riyat olamiga olib kirishga intilganini sezadi. Uning ana shu intilishi ko‘proq qo‘shiqlarida seziladi. “Oddiy” she’rlarida esa, u ko‘pincha vaznni, hijoni qasddan buzadi. Bunday saktaliklar ba’zan his-tuyg‘ularning olovli harakati bilan oqlangan bo‘lsa, ba’zan esa oqlanmay qoladi.
Turob To‘la tug‘ma shoirlar qavmidan edi. U faqat she’r yozgani, qushlar parvozidan, maysalar qo‘shig‘idan, g‘urubning alvon ranglaridan ilhom olgani uchungina emas, balki avvalo hayotga boshqacha nigoh bilan qaray bilgani, oddiy kishilar ko‘ra olmagan narsalarni ko‘rish, eshita olmagan narsalarni eshitish qobiliyatiga ega bo‘lgani bilan shoir edi. Ana shu muhim fazilat uning eng yaxshi asarlarida jilva berib turadi.
Bundan to‘qson yil ilgari Toshkent yaqinidagi Turbat qishlog‘ida tug‘ilgan, adabiyotga qiziqishi tufayli “Toshkent, qaydasan!” deb yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, o‘zbek poytaxtiga yetib kelgan o‘g‘lon qayerlarda o‘qimadi, kimlarni ko‘rmadi, qayerlarda ishlamadi, deysiz. U unutilmas voqealarga boy hayotining biror daqiqasini behuda o‘tkazmadi. Qanchadan-qancha she’riy to‘plamlardan tashqari, “Suyukmomo” dostonini, “Qizbuloq”, “Quvvai qahqaha” (“Nodirabegim”), “Momoyer” (Ch.Aytmatov qissasi asosida), “Oygul va Baxtiyor” (H.Olimjon dostoni asosida), “Qabul kuni”, “Muhabbat fojiasi” dramalarini, “Zulmatdan ziyo” (Oybek romani asosida), “Malikai ayyor” (xalq dostoni asosida) operasi va “Samarqand afsonasi” baleti librettolarini yozdi. Uning stsenariylari asosida “Maftuningman” va “Furqat” (M.Melkumov bilan hamkorlikda) kinofilmlari hamda “Shashmaqom” telefilmi ekran yuzini ko‘rdi. U tarjimon sifatida Shekspirning “Qiyiq qizning tiyilishi” komediyasi, Shillerning “Mariya Styuart” tragediyasi va boshqa o‘nlab shoirlarning she’rlarini o‘zbek tilida jaranglatdi. Bundan tashqari, u she’riyat va shoirlar, san’at va san’atkorlar to‘g‘risida o‘nlab go‘zal maqola va xotiralar yozdi. Agar bu asarlarni ustma-ust taxlasak, ularning shoir bo‘yidan anchagina baland ekanligini ko‘rib, hayratga tushamiz.
Turob To‘laning cho‘l qahramonlariga bag‘ishlangan qo‘shiqlaridan birida bunday satrlar bor:
Cho‘llar chaman sochdilar
Tashlab anduhlarini.
Jaranglatib ochdilar
Oltin sandiqlarini.
Olloh Turob To‘laning boshi uzra chaman gullarini sochib, unga shunday iste’dod va imkoniyatlar baxsh etdiki, natijada u yaratgan asarlar adabiyotimiz va xalqimizning madaniy boyligi bo‘lib qoldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 2-sonidan olindi.