Har bir xalqning o‘z ma’naviy qadriyatlari va milliy g‘ururiga aylangan allomalari bor. Navoiy, Pushkin, Abay, Maxtumquli, To‘xtag‘ul va Berdaq siymolarida dunyo xalqlari o‘zbek, rus, qozoq, turkman, qirg‘iz va qoraqalpoq xalqlarini ko‘z o‘ngiga keltiradi.
Berdimurot haqning quli
Sahroning sarig‘ bulbuli —
deb kuylagan shoir Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li hozirgi Mo‘ynoq tumanining Amudaryoni Orolga tutashtirgan irmoqlar sohilidagi oddiy qoraqalpoq oilasida (1827 yili 27 noyabr) tavallud topgan.
“Dengiz balig‘ini bermadi…”, deb nola qilgan shoirning dunyoga kelishi haqida xalq orasida har xil rivoyatlar yuradi. Ushbu satrlarni o‘qigan bugungi avlod o‘sha paytlari ham Orol chekinib ketgan ekan-da, deb o‘ylashi mumkin. Yo‘q, dengiz ham, daryo ham baliqqa to‘la bo‘lgan, lekin kemalaru ov qurollari zo‘ravonlarning qo‘llarida edi, ba’zi joylarda kambag‘allarga ov qilish ma’n etilgandi. Baliqlarga to‘la daryo va dengizdan kambag‘alning rizqi-nasibasini Ollohdan so‘rab, yurtdoshlarini sabr-toqat va bardoshlilikka da’vat etgan shoir bu dunyodan adolat va erkinlik izlagan edi. O‘z zamonasida ko‘p jabru jafo tortgan Berdaqning zamondosh jiyani shoir Uteshning ta’kidlashicha, Berdaqning onasiga qovun urug‘idan qalin to‘langan ekan…
Sahro kengligi va donoligini o‘z ijodida mujassam etgan Berdaq dunyoviy tamaddundan ancha chetda turib, Arastu, Aflotun, Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli singari allomalar asarlaridan qanday saboq olgani ham ma’lum. U avval ovul maktabida, so‘ngra Qoraqum eshon madrasasida tahsil olib, Urganch, Buxoro safarlarida ham ma’rifat nurlarini izlagan edi.
Navoiydan savod ochib,
Fuzuliydan durlar sochib…
Maxtumqulini o‘qiganda…
So‘zin tavob qilar edim —
deb dunyoviy ma’naviyat va ilm-fandan madad izlagan Berdaq ijodi Arastu “Poetika”sining: “Hamdardlik va dahshat uyg‘otish” bobidagi badiiy asarlarga qo‘yilgan talablarga hamohangdir. Darhaqiqat, “Poeziyada tabiiy narsani odam ishonmaydigan qilib tasvirlashdan ko‘ra g‘ayritabiiy narsani ishonarli qilib tasvirlash yaxshiroqdir”, deb yozadi Arastu.
Berdaq poeziyasida, ayniqsa, uning “Ahmoq podsho”, “Omongeldi”, “Oydosbobo”, “Ernazarbiy” dostonlaridagi badiiy mahorat Arastuning qo‘ygan talablarga hamohangligi adabiyotshunoslikda allaqachon qayd etilgan. Lekin XX asr qoraqalpoq adabiyoti tarixida Berdaq merosi bir-birini rad etadigan ziddiyatli qarashlarga sabab bo‘ldi.
Sho‘ro davrining g‘oyaviy qarashlarida oktyabr to‘ntarishigacha qoraqalpoq xalqining 0,2 foizigina savodli, ularning ko‘pchiligi dindor, degan haqiqatga zid ma’lumotlar aytilar, shu bois, Berdaq nafaqat savodli, balki dunyoviy ilmlarni egallagan alloma, shoir bo‘lsa-da, reaktsion dindorlar toifasiga kiritilardi. “U Qoraqum eshonga qo‘l bergan so‘fi edi”, deyishgan edi 1930 — 50-yillardagi adabiy-siyosiy bahslarda ba’zi olimlar. Berdaqning “reaktsion shoir”ligi tasdig‘ini topmagach, o‘sha olimlar yuzini teskari burib, uni g‘irt ateist bo‘lganini isbotlashga o‘tishgan. “Yo‘q, — dedi taniqli olim Najim Davqorayev, — Berdaq dindor ham emas, ateist ham emas, u o‘z xalqining dardi bilan yashab o‘tgan haqiqiy xalqchil klassik shoir”.
Berdaq ijodi asl mohiyatini ochib, uning pok nomini tiklash yo‘lidagi harakatlari sobiq markaz ko‘rsatmalarga zid kelib, Najim Davqorayevga tuhmat toshlari otildi. Olim partiyadan o‘chirilib, qamoqqa olinish arafasida olamdan ko‘z yumdi. Shundan keyin Berdaq ijodiga bag‘ishlangan adabiy-ilmiy tadqiqotlarda uning ijodi komfirqa g‘oyalarga hamohangligi, vatanparvarligi va falsafiy-ateistik qarashlari to‘g‘risida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi…
Mustaqillik davriga kelibgina Berdaq ijodi to‘g‘risidagi ortiqcha bahslar to‘xtab, shoir merosining yangi qirralari ochildi.
Shod qilish uchun Vatanni,
Baxt yo‘lini izlar edim…
Berdaqning “Xalq uchun”, “Yaxshiroq”, “Soliq”, “Kerak”, “Izlar edim” singari she’rlaridagi hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanishi shoir dunyosining donoligini isbotlasa, uning “Shajara”si (“Yilnoma”si) xalqlarimiz tarixini o‘rganishda asosiy manbalardan hisoblanadi. Tarixda “Shajara”da kamdan-kam allomalar ijod qilgan. Berdaq “Shajara”sida tarixchi va shoir uyg‘unligini ko‘ramiz. Lekin Arastu yozadi: “Tarixchi va shoirning farqi biri vazndan foydalanib, boshqasi foydalanmasligida emas. Gerodot asarlari she’rga solinganida ham, vaznsiz bo‘lganda ham sira tarix bo‘lmay qolmas edi. Tarixchi va shoir shu bilan tafovutlanadiki, biri haqiqatdan bo‘lgan voqea haqida, ikkinchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea to‘g‘risida so‘zlaydi. Shuning uchun poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq va jiddiyroqdir: poeziya ko‘proq umumiy, tarix esa alohida narsa to‘g‘risida so‘zlaydi.”.
Shoirlar qalam olg‘ali,
Xatqa to‘g‘ri solgan emas —
deb kuylaydi Berdaq. E’tibor bersangiz, Arastuning “Poetika” asari bilan Berdaqning “Bo‘lgan emas” she’rining yozilgan vaqtlari orasidagi tafovut XX asrni tashkil etadi. Lekin “Shajara” misolida Berdaqning o‘zi tan olgan haqiqatga tayansak, fikrlar yakdilligida davr yoki makon bilan bog‘liq tafovut yo‘qdek.
Berdaq poetikasining takrorlanmas bir qirrasi uning insoniy mardligi. U o‘zining haq so‘zini aytishda na zolim dushman qilichidan, na jallod doridan qo‘rqmagan:
Bulturgidan bu yil yomon,
Endi qanday bo‘ldi zamon,
Kambag‘allar qolmay omon,
O‘n tilladan keldi soliq.
O‘z davrining qozi-beklariga, zo‘ravonlariga qarshi ochiq-oydin haqiqatni she’r bilan bitish shoirlarning mardigagina nasib etadi. Shuning uchun ham, mashhur qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov Berdaq ijodi bilan tanishganidan so‘ng: “Berdaq — haqiqatning oldida yigit bo‘lib qoldi”, degandi.
Berdaq asarlari ko‘pgina jahon tillariga tarjima qilingan. Ayniqsa, o‘zbek tilida Mirtemir va Shuhrat domlalar, rus tilida Semyon Lipkin va Naum Grebnevning tarjimalari mashhur.
Bugungi kunda Berdaqning adabiy merosi yangi avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilayotir.
O‘rozboy Abdurahmonov,
Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 48-sonidan olindi.