XX asr boshlarida Turkistonning har tomonlama mustaqilligini orzu qilgan va bu yo‘lda tinimsiz kurash olib borgan, Vatan ozodligi uchun jonini ham qurbon qilgan ilg‘or ma’rifatparvar istiqlolchi Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919) istiqlolimizning chinakam fidoyisi, qo‘rqmas kurashchisi bo‘lgan deyishimiz mumkin.
Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr boshlarida o‘z g‘oyaviy maslakdosh do‘stlari Munavvar qori Abdurashidov, Ubaydulla Xo‘jayev va boshqalar bilan birga jaholat va qoloqlik, diniy fanatizm va chor mustamlakachilik zulmiga qarshi o‘lkaning iqtisodiy-siyosiy va madaniy taraqqiyoti uchun tinmay kurash olib bordi. Turkistonda milliy mustaqil davlatchilik, davlat tili qonunlari, demokratik yo‘l bilan o‘tkaziladigan parlament saylovlari va bunda hamma millat va elatlarning teng huquqli erkin ishtiroki masalalarini shu qadar dadillik va insonparvarlik pozitsiyalaridan turib ko‘targanki, beixtiyor Mahmudxo‘ja Behbudiy bugungi mustaqillik kunlarimizni o‘shandayoq bashorat qilganligi kishini hayratlantiradi. Bu jihatdan, ayniqsa, uning mazkur davrda yozgan “Ehtiyoji millat” (1909), “Jamiyati xayriya” (1913), “Markaziy sho‘romizga”, “Ittifoq kerak”, “Bayoni haqiqat” (1917), “Qozoq qarindoshlarimizga ochiq xat” (1918 yil, yanvar) kabi maqolalari va 1918 yil avgustda Toshkentda o‘tkazilgan “Turkistonda davlat lisoni” masalalari bo‘yicha chaqirilgan kengashdagi nutqlari xarakterlidir. Masalan, u 1917 yil 12 iyunda Toshkentda chiqib turgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi sahifalarida e’lon qilgan “Bayoni haqiqat” nomli maqolasida hali o‘lkada Turkiston muxtoriyati g‘alaba qilmasdan bir necha oy avval bu xususda fikr yuritib bashorat va zo‘r orzu ila shunday deb yozgan edi: “Biz musulmonlar, xususan, Turkiston musulmonlari istaymizki, hech bir kishi bizning din va millatimizga zulm va tahdid qilmasin va bizning ham boshqalarga tahdid qilmoqqa aslo fikr va niyatimiz yo‘q. Zotan, dinimiz-da bunga monedirki, Turkiston yahudiylarining 1300 sanalik holi bunga shohiddir. Biz istaymizki, butun Rusiya musulmonlari muxtoriyat (federatsiya) usuli yuzasidan tiriklik qilsunlar. Rusiya musulmonlarining har bir sho‘basi muhit jug‘rofiy va mamlakatlarini hududi tarbiyasi bo‘yincha ayrim bo‘laklarga bo‘linib, o‘z taraflaridan o‘z hurriyat va odatlariga muvofiq idora qilinsa… Biz istaymizki, Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizning parlamentimiz bo‘lsa. Turkiston musulmonlari o‘z shariat va odatlariga, o‘z zakon va dinlariga muvofiq tiriklik qilsunlar… bora-bora tadrijiy suratda askarlarimiz bo‘lsun, …ul… milliy askarlarimizning vazifasini, qiyofat va shaklini, libos va tarz mayishatini o‘zimiz tayin qilurmiz. Mana, bizning oldimizda eng katta ishlar turibdir… Takror arz qilurmizki, yosh va kattalar bir bo‘lib ishlamoq kerak. Vale, bizga na hurriyat va na-da muxtoriyat berilur”.
Lekin muvaqqat hukumat o‘rniga kelgan bolsheviklar butun Rossiyada bo‘lgani kabi Turkistondagi demokratik o‘zgarishlar va milliy mustaqil davlat hokimiyatini (Turkiston muxtoriyatini) ham ag‘darib tashladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy noroziliklarini xalqaro tashkilotlarga arz qilish maqsadida 1919 yil boshlarida safarga chiqadi. Martda Buxoro amirligi chegarasidan o‘tayotganida qo‘lga olinib, Qarshi shahrida Buxoro amiri jallodlari va bolshevik ayg‘oqchilari tomonidan vahshiylarcha qurbon qilinadi. Uning bu dahshatli o‘limi shogirdlari, maslakdosh do‘stlari qalblarini larzaga soladi. Ular Behbudiyni o‘ldirgan zolimlarga la’natlar yog‘dirib she’rlar, maqolalar yozadilar. Jumladan, Sadriddin Ayniy o‘zining “Behbudiy ruhiga ithof” (shabi hijron havosig‘a, 1920 yil aprel) marsiyasida bu haqda shunday deydi:
“Sening ko‘ksung cho‘kulganmu, saning beling bukulganmu? Saning qoning to‘kilganmu?” Mun(ng) hech kim so‘rolmasmu? Boshingni kesduran qotil, u badniyat, u sangin dil, Xudodan gar esa g‘ofil, xaloyiqdan uyalmasmu? Vatan avlodi yod etdi, seni hurmat-la shod etdi. Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu, Jahonda zulmdur zohir, jahon xunxo‘r, jahon jobir, Jahondan bir zamon oxir sitamgarlik yo‘qolmasmu?Behbudiy nomi uning vafotidan keyin Turkiston (bugungi O‘zbekiston) tarixiga o‘chmas zarhal harflar bilan yozildi. U Turkistonning XX asr boshidagi birinchi ma’rifatparvari va dramaturgi, istiqlol kurashchisi sifatida faxr bilan tilga olina boshlandi. Jumladan, Behbudiyning kichik zamondoshi Laziz Azizzoda o‘zining “Behbudiy” (1926) maqolasida uning Turkistonning chorizm davridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti tarixidagi o‘rni va ahamiyatiga katta baho berib, o‘lkamiz tarixidagi xizmatlarini frantsuz ma’rifatparvarlari — Jan Jak Russo, rus demokratlari Chernishevskiy, Dobrolyubov, tatar va ozarbayjon ma’rifatparvarlari — Shahobiddin Marjoniy, Qayum Nosiriy, Mirza Fatali Oxundov, Najafbek Vazirovlar bilan birga qo‘ydi. Shuning uchun O‘zbekistonda Navoiy, Ulug‘bek kabi buyuk zotlar bilan birga Behbudiyga ham haykal o‘rnatish kerakligi taklifi bilan chiqdi.
Xalqimizning bu ulug‘ farzandi nomi o‘tgan asrning 20-yillari boshlaridayoq o‘lkamizning bir qancha shahar va viloyatlarida ko‘chalar, maktablar, teatrlarga qo‘yila boshladi. U o‘z zamondoshlari va keyingi avlodlarining Turkiston (O‘zbekiston) mustaqilligi yo‘lidagi kurashida hamisha ma’naviy madadkor bo‘lib xizmat qildi va hamon xizmat qilib kelmoqda.
Sherali TURDIEV
“Hurriyat” gazetasidan olindi.