Ilgaritdan odat shu — davraga shirin kayfiyat baxsh etish uchun Said Ahmad domla gapni doimo quvnoq ohanglarda boshlaydi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Gurung Aziz Abdurazzoqning sigaret so‘rash taktikalari-yu, Tolib Yo‘ldoshning xotindan pul yashirish usullari borasidagi mutoyibalarila boshlangan esa-da, so‘ng mavzu asta-sekin jiddiylashib, tabiati jizzakilikdan yiroq bo‘lgan Asqad Muxtorning haddan tashqari ziyoliligi uning g‘animlariga qanday qo‘l kelgani-yu, Abdulla Qahhor vafot etgan otasiga janoza o‘qitishga zamona zaylidan cho‘chibroq turgan damda G‘afur G‘ulomning “Chol o‘ziga janoza o‘qitishni vasiyat qilgan, o‘g‘il vasiyatni bajarishga majbur”, deya kerakli gapni topa olishi azadorning joniga nechog‘li ora kirgani kabilar olis o‘tmish qa’ridan yuzaga bir-bir qalqib chiqaverdi.
Nodiraxon: “Sherik bilan yesalar, dadamning ishtahalari ochiladi”, deb ikkita tovoqchada palov olib kirdi. Goh qoshiq shiriqlaydi, goh suhbat davom etadi. Payrov endi turli asarlarning turlicha taqdiriga — qanchalar shishirib maqtalmasin, birining umri kapalaknikidek qisqa bo‘lgani, birining chop etilishi qiyin kechib, achchiq-chuchuk tanqidlarga uchrasa ham, kitobxonlar dilidan mustahkam joy egallay olganiga ko‘chadi. Gap Shuhrat og‘aning “Jannat qidirganlar” romani ustida yo‘rg‘alay boshlagach, suhbat uzoqroqqa cho‘zilib, domla kitobdagi u-bu lavhalarni xuddi yaqindagina o‘qib chiqqandek tiniq eslay boshlaydi. Xayoli asar yozilgan davrlar uzra charx urishga tushadi.
Bir zamonlar ediki, roman yozish ayrim adiblar orasida poygaga aylangandi, sendan mening nimam kam, deya bahslashayotgandek mukofotbop mavzuni poydevor qilvolishib, ustiga shosha-pisha “uy qurishaverardi”. Shuhrat bundaylardan emasdi. Yozayotganida asarining kimlargadir yoqish-yoqmasligini o‘ylab o‘tirmasdi, oddiy xalqning musibatlariga sherik bo‘lishga tirishardi. Bu juda og‘ir yo‘lligini bilib turib, shu yo‘ldan borganlar toifasidan edi u.
— Bu olamda butkul mukammal narsani topish mushkul, — deya tanqidlarni suhbatning oldinrog‘iga ko‘chiradi Said Ahmad domla. — “Jannat qidirganlar”da ham o‘ziga yarasha kamchiliklar bor. Menimcha, o‘zbekning maqol-matallari keragidan ko‘proq ishlatilgan. Ba’zi joylarda uzuq-yuluqlik sezilib turadi. Balki, bu muhokamalardan keyin asarning zamon qolipiga sig‘maydigan talay qismi qisqartib tashlangani tufaylidir. Ammo bular shirin olmaning po‘chog‘idagi chang-chunglariga o‘xshagan narsalar xolos…
Domla ovqatni chaynayotib, bir nuqtaga tikilganicha o‘yini jamlaydi. Roman bitilgan mahallarda millatimizning shonli o‘tmishi, boy madaniy merosi haqida maqtanish uyoqda tursin, hatto “Men — o‘zbekman!” — degan so‘z g‘ururlanibroq aytilsa ham, darrov urdi-surdiga yo‘liqardi. Shuhrat shunday muhitda yashab turib, goh asardagi salbiy qahramonlar, goh chet ellik siyosatdonlar tilidan bo‘lsa-da, katta-katta gaplarni, o‘tkir-o‘tkir fikrlarni ochiq-oydin bayon eta oldi. O‘zimizda savodsiz qaroqchiga chiqarib qo‘yilgan Amir Temurning aslida o‘ta ulug‘ zot ekanligi, xalqimizning bebaho madaniy merosi, jumladan Samarqanddagi noyob tarixiy obidalar ko‘r-ko‘rona oyoqosti qilinayotgani, bosqinchilar mahalliy elatning “bo‘yniga zanglagan zanjir osib qo‘yib, marjon demoqchi” bo‘layotgani, qaram mamlakatda joriy etilgan tsenzura qanchalar bezantirib ko‘rsatilmasin, baribir faqat mustabidlar manfaati uchun xizmat qilishligi kabilar to‘g‘risida yozishga o‘shanda kamdan-kam adibning yuragi dov berardi.
Kuni zambarak sudrab kelganlarga qolgan chorasiz o‘zbekning bor ko‘rguliklarini muallif keng ko‘lamda tasvirlaydi, ahvolga dam mamlakat ichkarisidan, dam xorijdan nigoh tashlaydi. Qay nuqtadan kuzatilmasin, millatimiz fojiasining asosiy sababi milliy davlatchiligimizning qo‘ldan boy berilgani ekanligi shuurlarga chuqurroq singib boradi. Erki qo‘lida turgan yurtda ulg‘ayib, ota-bobolardan qolgan go‘zal urf-odatlar, yuksak axloqiy an’analar ruhida tarbiya ko‘rgan bo‘lsaydi, el-yurtiga ko‘pdan-ko‘p naf keltirishi mumkin bo‘lgan uch nafar iqtidorli shaxs — Saidakbar hoji, A’zam va Ummatali obrazlari asarning asosiy o‘zagidir. Barcha voqealar shularning taqdiriga kelib tutashaveradi.
Behad uddaburon tijoratchi, taqvodor musulmon, oilasining mustahkam tayanchi bo‘lgan Saidakbar hoji hokimiyat qizillarning qo‘liga o‘tgan dastlabki davrlardayoq chet elga qochadi. Iste’dodli muhandis A’zam o‘z yurtida qadriga yetishmayotgandan, arzimagan maosh evaziga qayoqdagi chalasavod kimsalarga malay bo‘lib yurganidan o‘pkalanib, sayohatga borgan chog‘ida xorijdagilardan siyosiy boshpana so‘raydi. Ishning ko‘zini bilgan, kasbining o‘ta fidoyisi bo‘lgan agronom Ummatali o‘z yurtida yashab turgan esa-da, Saidakbar hojining yana qaytamiz deganiga ishonib, xo‘jasini chet elga kuzatib ketgan qochqin qarolning o‘g‘li sifatida tazyiqqa uchrayveradi.
Sinchiklab kuzatilsa, kitob qahramonlarining taqdiri kishandagi millatimizning qismati ayanchli ahvolda ekanligiga ochiq ishoradir. Saidakbar hoji qanchalar davlatmand bo‘lmasin, begona o‘lkaning o‘zgacha xulq-atvorli kimsalari orasida to‘zim topolmaydi, o‘zining va yorug‘ olamdagi birdan-bir yupanchiga aylanib qolgan farzandlarining hayoti achinarli tarzda yakunlanadi. Sovetlar tuzumining xorijdagi muxoliflari yo‘rig‘ida kun kechira boshlagan A’zam g‘oyaviy kurashlar sahnasida mitti qo‘g‘irchoqqa, siyosiy nayranglar janggohida qurbonlikka aylanadi. Ishxonasidagi tazyiqlar, oilasidagi g‘alvalardan bezib, shahardan eng chekka qishloqqa bosh olib ketgan bo‘lsa-da, hanuz “xalq dushmanining o‘g‘li” degan nadomatdan qutulolmay yashayotgan Ummatalining ertangi taqdiri asarda noma’lumligicha qolib ketadi.
— Bu kitobni kavlasang chuqur ma’nolar ko‘p, — deya salmoqlanib choy xo‘playdi Said Ahmad domla. — Sharoit taqozosiga ko‘ra til uchida aytilgan ayrim “zamonabop so‘zlar”ni olib tashlab, ba’zi iboralarga izoh berib, ko‘pni ko‘rgan adabiyotshunoslardan birining roman zamirida yotgan milliy ozodlikka tashnalik tuyg‘ularini ochib beruvchi so‘zboshisi bilan chop etilsa, “Jannat qidirganlar” hozirgi yoshlar uchun ham katta saboq bo‘larli kitob.
Saboq bo‘larlisi shundaki, Saidakbar hojidek qancha mol-dunyo topma, ro‘zg‘oringni nechog‘li bikir qilma, yurtingni o‘z oilangdek farovon, millatingni o‘z farzandingdek ma’rifatli etish yo‘lida bilim va boyligingni ayamaslikka odatlanmas ekansan, kuning bir kunmas bir kuni yot zo‘ravonlarga qoladi, topganing na o‘zingga buyuradi, na bolangga. Iqtidoringga loyiq qadr-qimmat izlasang, A’zamga o‘xshab uni chetdan axtarma. Ummatali bo‘lib, har qanday uqubatlarga chida, yaxshi kunlar kelmog‘idan umid qil, orzularing ushalishi uchun jon-jahding bilan kurash. Agar bu dunyoda jannat yaratish mumkin bo‘lsa, uni o‘z yurtingda yarat, birovlarniki baribir tatimaydi. Jannat — ichingda, adolatga daxldorligingda, imon va e’tiqodingda.
Suhbat qizib boraveradi. Said Ahmad domla romanning goh u, goh bu joyini eslaydi. Meni yangi-yangi sirlardan voqif etishga tirishadi:
— Esingda bo‘lsa, kitobda Zaytuniy degan arab muharrir bor. Mamlakatini bosib olgan frantsuzlarga qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashib yurgan bu odam, bir kuni Parijda birga o‘qigan frantsuz do‘stlarini sog‘inib eslaydi. Kishini o‘ylantirib qo‘yadigan holat-a? Shuhratning o‘zi ham shu Zaytuniydek keng fikrli inson edi — oddiy rus xalqiga nisbatan ko‘nglida keki borligini sira payqamaganman. Rus madaniyatini juda hurmat qilardi, rus klassikasini sevib o‘qirdi, go‘zal-go‘zal tarjimalari bor. Faqat chor Rossiyasi keltirgan mustabid tuzumnigina yomon ko‘rardi, o‘z xalqining haq-huquqi uchun kurashib charchamasdi. Ayniqsa, oshkora aytish mumkin bo‘lmagan gaplarni goh sha’mador qilib, goh niqoblab aytishning ustasi edi.
Domlaning oxirgi so‘zlarini eshitib, bir voqea esimga tushadi. Toshkentga kelib, nashriyotda endi ish boshlagan paytlarim edi. Bo‘lim mudirimiz (u zotni Xudo rahmat qilgan bo‘lsin) meni muharrir sifatida tuzukroq pishitib qo‘ygisi keldimi, qo‘lyozmalarni ko‘rayotganda ba’zi “qitmirona gaplar”ga juda hushyor bo‘lmog‘im lozimligini tayinlab, shaxsan o‘zi qaysi asarlardagi qanday qaltis jumlalarni vaqtida aniqlashga muvaffaq bo‘lgani haqida misollar keltirishga tutindi. Jumladan, Shuhrat og‘aning bir asaridagi (asarning nomi hozir yodimda yo‘q) qahramon hayotda ustma-ust nohaqliklarga uchrab, bu chirkin dunyoga kelgan kunini nazarda tutgan holda: “25 oktyabrning padariga ming la’nat!” — deb so‘kinar ekan. Bu jumla noshirga negadir to‘mtoq tuyulaveribdi. Uzoq o‘ylanib, oxiri ko‘ngli xijil bo‘lganining sababini topibdi — odatda 7 noyabrda bayram qilinadigan “Qizil inqilob kuni” rusumdan chiqib ketgan eski taqvim bo‘yicha 25 oktyabrga to‘g‘ri kelar ekan. O‘shanda sanani noshir shunchaki o‘zgartib qo‘yganmi yoki jumla butunlay olib tashlanganmi, bunisini bilmadim-u, aslida Shuhrat og‘a shu to‘rt og‘izgina so‘zni niqoblab ishlatish uchun ataylab asar yozgan bo‘lishi ehtimoldan holi emasligini o‘ylasa, kishining ichi achishadi.
Shularni mulohazalar ekanman, Said Ahmad domla suhbat orasida: “Shuhrat — oilasining erkagi edi. Shunga o‘xshab, adabiyotdayam erkakcha ishlar qilardi”, deganiga bir qo‘shimcha kiritgim keladi — u zot o‘z yurtining ham erkagi edi. Hamiyatli erkaklari bor yurtning esa tizginidan ushlab turish qiyin. Mard xalqining, asov o‘g‘lonlarining irodasi bilan qayta ozodlikka erishgan O‘zbekistonimiz ana shu haqiqatning yorqin timsolidir. Shuhrat og‘aning ulkan baxti shundaki, entikib-entikib orzulagan kunlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘ra oldi, bu olamni armonlari ushalgan holda tark etdi.
Sozandalar biron ezgin kuyni ijro etsa, ketidan sho‘xrog‘ini chalib qo‘yishadi. Buni “sovutma” deydilar. Anchaga cho‘zilgan jiddiy suhbatimiz yakunida Said Ahmad domla ham o‘ziga xos “sovutma” qilib, meni hazil gap bilan kuzatib qoldi:
— Ho‘, ukam! Bodringdan qarzimni uzdim deb, turup pishig‘igacha yo‘q bo‘pketmagin…
Kishi umri davomida yuzlab xonadonlarning tuzini totadi, har biri haqida turlicha tasavvur hosil qiladi. Said Ahmad domla xonadonining e’tiborli tomoni — qachon kelmang, qalbingizga ziyodek quyuluvchi hikmatli-hikmatli so‘zlarni eshitasiz. Bu gal ustozga qo‘shilib, bir mahallar zo‘r qiziqish bilan o‘qigan kitobimning tubiga yanada chuqurroq sho‘ng‘idim, “Jannat qidirganlar”ning o‘zgacha-o‘zgacha qirralarini kashf etdim, go‘yo Shuhrat og‘aning o‘z og‘zidan nodir bir o‘git eshitgandek bo‘ldim: “Jannatni o‘zingdan qidir!”
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 20-sonidan olindi.
Dadaxon Nuriy. Ustozning so‘nggi bahori (2007)
Buyuk musavvir hamda fidoyi murabbiy Chingiz Ahmarov bir gal Abdulla Qahhor oldiga borib yurganimdan xabar topib, shunday degandi:
— “Sarob” romaniga suratlar ishlash jarayonida yozuvchi huzuriga ko‘p marta borganman. Qahramonlar obrazini yaratishda kimlardan “andoza” olishni maslahat berardi u kishi. Afsus, o‘sha paytlar asar muallifi suratini “qoralama” qilib bo‘lsa-da, qog‘ozga tushirib olmagan ekanman. Mendan o‘tgan bu xatolikni sen qaytarmasliging kerak. Abdulla Qahhor oldiga borganingda yoningda doimo qog‘oz-qalam bo‘lsin!
Chingiz domlaning zimmamga yuklagan vazifasi men uchun avvaliga mutloq amalga oshirib bo‘lmaydigan mushkul ishday tuyulib yurdi. To‘g‘ri-da, ermak uchun onda-sonda suratlar chizib qo‘yadigan menday “chalashogird” qayerda-yu, Abdulla Qahhorday odamga qarab turib suratini ishlashga jur’at qayerda!
Shunday bo‘lsa-da, oradan oylar o‘tgach, u kishining bir nechta “qoralama” suratlarini qog‘ozga tushirib oldim.
Ustoz bir kuni:
— Tabiatni tasvirlashda so‘z “bo‘yoq”laringiz yaxshi. Chizishda-chi? — deb so‘rab qoldi.
— Manzara suratlar ishlaganim bor, — dedim.
Ertasiga man-man degan mo‘yqalam sohibi orzu qiladigan “etyudnik”ka biri “Ko‘cha bo‘yidagi azim daraxt” degan, ikkinchisiga hali nom qo‘yilmagan suratlarni joyladim-da, ustozga ko‘rsatgani olib keldim.
Abdulla akaga har ikki peyzaj ham ma’qul bo‘ldi chog‘i, uzoq qarab qoldi va ikkinchi manzara-surat ostidagi yozuvga ishora qilib:
— “Nanay”. Bu Bo‘stonliqdagi qishloqlardan birining nomi-ku! Nega qishloqning o‘zi ko‘rinmaydi? — dedi.
— Aslida bu, qishloqdan ancha olis Chotqol tog‘lari ichkarisidagi Axsarsoyning Pskom daryosiga quyilish joyi, — deya adibga tushuntira boshladim. — Manavi birinchi planda turgan, tanasidan tortib, tepa shoxlarigacha qorayib ketgan daraxtni bir necha bor yashin urgan. Qurib-qovjirab qolgan paytlari ham bo‘lgan. Baribir yangi novdalar chiqarib, ko‘karib ketavergan. Bu “Bardosh daraxti” haqida menga nanaylik keksa otaxon Tillaxon buva so‘zlab bergan. Endi, Abdulla aka, shu manzara suratga o‘zingiz nom qo‘yib bersangiz. Aslida-ku, men ushbu daraxtni Sizga qiyoslagim keladi.
Adib indamadi. Yuzlarida ham biron o‘zgarish sezilmadi.
Bir payt menga o‘girildi-da:
— Aytib turibsiz-ku, “Bardosh daraxti” deb. Unga “sohil”ni qo‘shaylik.
— “Sohildagi bardosh daraxti”!
— Ana. Olam guliston, — u kishining chehrasi yorishganday bo‘ldi…
“Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida” nomli kitobda “Ustozning so‘nggi surati” degan maqola bilan qatnashganman. Unda 1968 yilning qish oqshomlaridan birida qora tush bilan chizilgan surat haqida gap ketadi.
Aslida ustoz Abdulla Qahhorning oxirgi surati o‘sha yilning ayni bahor, hammayoq gullar tarovatiga burkangan kunlaridan birida qog‘ozga tushirib olingani yaqinda adib bilan uchrashuvlar tafsili qisqacha bayon qilib borilgan papkalarni ko‘zdan kechirayotganimda ma’lum bo‘lib qoldi. Tepasiga “Gulxan” deb yozilgan (avvalroq shu bolalar jurnalida ishlaganman) konvert ichidan Abdulla akaning bir nechta “qoralama” suratlari chiqdi. Suratlarga qo‘yilgan imzo ostida “5-V-68” sanasi ko‘zga tashlanadi. Demak, aynan shu ”chizgi”lar Abdulla Qahhor hayotining Toshkentda kechgan oxirgi kunlari bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi.
Muxtasar ma’lumot sifatida qog‘ozga tushirilgan yozuvlarni o‘qirkanman, beixtiyor bundan salkam qirq yil avvalgi aprel kunlari ko‘z oldimda qayta gavdalanganday bo‘ldi…
Abdulla aka ertalab Ozod Sharafiddinovni yo‘qlab qo‘ng‘iroq qilgandi, go‘shakni kelinoyi ko‘tardi chog‘i ”Sharofatxon, Ozod kelib ketsin” dedilar.
Oradan ko‘p o‘tmay tashqaridan guvillagan ovoz eshitilib, mashina kelib to‘xtadi. Eshikni ochdim. Shundoq ro‘parada anchagina urinib qolgan, Abdulla aka ta’biri bilan aytganda, “Kostryulkarang” mashina turardi.
Bir piyola choy ustida aytilgan gap qisqa bo‘ldi:
— Ozod, bu kunlar ham g‘animatga o‘xshab qoldi. “Ako Buxor” (Abdulla aka istiqomat qiladigan hovliga yaqin joyda do‘konchasi bor sartarosh)ga yuz-boshni bir ko‘rsatib, so‘ng shahar aylanib kelsak.
Anchadan beri xonanishin bo‘lib, tashqariga chiqmay qo‘ygan Abdulla akaning kutilmaganda bunday qarorga kelib qolishi Kibriyo opani quvontirib yubordi.
Ustozga ma’noli qarash qilib:
— Menam sizlar bilan boraman, — dedi.
Abdulla aka bosiq ohangda:
— Ayol kishi kashanda nosqovog‘iday doim uning yonida osilib yuraverishi shart emas. Uning boshqa vazifasi ham bor. Ya’ni, biz aylanib kelgunimizcha pazandalik san’atingizni namoyish qilib tursangiz ulug‘ ish bo‘lardi, — dedi.
Opa indamay qoldi, lekin o‘zini bir gapdan tiyolmadi:
— Shu bahoriy kunlarni “g‘animat”ga chiqarmay, ikkimiz boshqa payt alohida aylanib kelamiz, desangiz bo‘lardi!
— Nasib etsa aylanarmiz. Qutildimmi? Ozod, endi sizning zahmatkash ulovingizga biroz dam beraylik-da, mening mashinamni haydab ko‘chaga olib chiqing. Uni minishga-ku, oyoq yaramay qoldi. Hech bo‘lmasa uch-to‘rt kun xizmat qilsin.
Ozod aka qoshlarini chimirib ustozga qaradi:
— Nega endi uch-to‘rt kun? Yap-yangi mashina bo‘lsa! Hali ko‘p xizmatingizni qiladi, Abdulla aka. Davolanib kelganingizdan keyin Farg‘ona vodiysini o‘zingiz boshchiligingizda yana bir bor aylanamiz.
— Ular meni tuzatib yuborishiga ko‘zingiz yetyaptimi?
— Nega yetmasin, Kreml shifoxonasi bo‘lsa!
— Meni esa “Qamchiq” dovoni tomonlarga ketgim kelyapti. Hozir u yerda tog‘lar etagi ko‘m-ko‘k o‘tlarga burkanib yotgandir. Lolalar ham ochilgan bo‘lsa kerak.
— Xo‘p desangiz ketaveramiz, — dedi Ozod aka qaddini tiklab, ovozini baland qo‘yib, hoziroq yo‘lga tushishga shay kishidek.
Abdulla aka boshini sarak-sarak qildi:
— Qayda. Do‘xtirlar hech qayerga chiqarmay qo‘yishdi-ku! Meni muncha ayashmasa!
— Bugun birinchi aprel, o‘sha do‘xtirlarni bemalol aldayverish mumkin! — gapni hazilga burdi Ozod aka.
Ustozning 60 yilligi munosabati bilan olingan “Volga” kichkina yalanglik to‘ridagi garajda chang bosib yotardi. Uni tashqariga olib chiqib “yuvib-taradik”.
Keyin bir oyoqlari to‘pig‘igacha qalin jigarrang jun ro‘mol bilan o‘ralgan Abdulla akani mashinaga o‘tqazdik. Ular “Ako Buxor” sartaroshxonasiga, so‘ng shahar aylanishga ketishdi.
Abdulla aka kech peshingacha cho‘zilgan “sayr”dan ancha toliqqan holda qaytdi. Katta mehmonxona-zalga kiriladigan eshikning shundoq o‘ng tomoniga devorga yondoshtirib qo‘yilgan divandagi par yostiqqa ohista suyanarkan:
— Har holda ko‘rib kelganim yaxshi bo‘ldi, — deya yarim jilmayish bilan Ozod akaga qarab, qo‘shib qo‘ydi. — Qarang, hamayoqda bahor nafasi. Yashaging keladi…
Ertasiga jajji butoqchalari gulga burkangan bir shoxchani ko‘tarib Shuhrat aka kirib keldi.
— Qarang, Abdulla aka, hovlimizdagi o‘rik gullabdi. Uvol qilib uzmay dedim-u, sizga bir ko‘rsatgim keldi-da.
Abdulla aka shoxchani qo‘liga olib, undagi gardishi nozik pushtirang gullarga tikilib boqdi, hidlagan bo‘ldi, so‘ng Shuhrat akaga o‘girilib dedi:
— Kecha shahar aylanib keldik.
— Eshitdim. Juda yaxshi ish bo‘pti.
— G‘afur G‘ulomning bolaligi o‘tgan Qoratosh mahallasidagi noklar ham oppoq bo‘lib, ochilay deb turibdi. Shuhrat, tabiatning hukmi qiziq-a, mana shu gullar ozgina vaqt o‘tgach, qurib-qovjiraydi, o‘rnida mevalar paydo bo‘ladi. Ular ham pishib to‘kiladi. Bu “to‘kilish” degani umrning poyoni bo‘lsa kerak…
Abdulla akaning qochirimlari hamda tagdor gaplari ma’nosini darrov anglab olib, javobiga shay turadigan Shuhrat aka nima deyishini bilmay, bir lahza taraddudlanib qoldi.
Oraga cho‘kkan sukutni yana Abdulla akaning o‘zi buzdi:
— Do‘rmon tomonlar ham yashnab ketgandir. Bir borib qo‘yish kerak. Endi u yerlarni ko‘rish nasib etadimi-yo‘qmi…
Shuhrat aka kulib yubordi:
— Nega nasib etmasin, Abdulla aka! Mana, hamma yoqda navro‘zi olam. Yaqinda Shabotxon (Xo‘jayev) bir gap aytib qoldi: qishdan eson-omon chiqib olgan bemorlarning yetmish foizidan ko‘prog‘iga tabiatning o‘zi shifo berib tuzalib ketarmish. Kayfiyatni yaxshi tutishda gap ko‘p ekan.
— To‘g‘riku-ya, meni yana qish-qirovli joylarga jo‘natishayotgan bo‘lsa-chi!
Shuhrat aka:
— O‘zbekistonnnig havosidan o‘zim oborib turaman, — dedi.
Ustozning keyingi kunlardagi har bir gapidan ona tuproqdan oyoq uzib ketgisi yo‘qligini anglash mumkin edi. Biroq shifokorlar u kishi Moskvaga borib davolanmasa bo‘lmasligini, hukumat shifoxonasida alohida palata tayyorlab qo‘yilganini aytishardi. Sakkizinchi aprel kuni uchun samolyot chiptasi ham tayyorlab qo‘yilgandi.
Shuhrat aka ustozning Do‘rmonga chiqib kelish haqidagi fikrini qo‘llagan bo‘ldi:
— Sergey bog‘ingizni yangi tushgan kelinchakning hovlisiday saranjom-sarishta qilib, kutib o‘tiribdi.
Beshinchi aprel kuni ertalab Do‘rmonga chiqib keldik. Abdulla aka atrofga zavq bilan ko‘z tashlab oldi-da, yonida qo‘llarini qovushtirib turgan direktorga dedi:
— Sergey, Shrederga — Mahmud Mirzayevga o‘rinbosar qilib yuboraylikmi?
— Rahmat Abdulla aka! Shundog‘am mana shu kichkina xo‘jalikning ishlari yetib-ortayapti.
Kibriyo opa o‘z “kasb-kori” — pazandachilikka unnab ketdi. Limmo-lim suv oqib turgan katta ariq ustiga qo‘yilgan yog‘och karavotga ko‘rpachalar to‘shab, o‘rtadagi xontaxtaga dasturxon yozildi. Bir payt Sergey aka ijod uyi oshxonasi tomondan bahorning tansiq taomi — ko‘kat somsa ko‘tarib kelib, hammani karavotga chorladi.
— Abdulla aka, — dedi direktor o‘rtaga qo‘yilgan laganga ishora qilarkan, — insof bilan o‘zingiz taqsimlamasangiz, kimgadir yetib, kimlargadir yetmay qolishi mumkin.
Abdulla aka jiddiy qarash qilib:
— Ishqilib somsalar “Litfond” hisobidan emasmi! — deb qo‘ydi-da, tarelkalarga ikki donadan qilib, sola boshladi.
… Abdulla akaga suvning salqini ta’sir etdi shekilli, yengil kulrang jensi paltoni yelkalariga tortib, durustroq o‘ranib oldilar. Shundan keyin biz u kishini oftobro‘y joy — yalanglik chetidagi shaftoli daraxti ostiga qo‘yilgan oromkursiga o‘tqazdik. Adib charchoqdanmi, og‘ir nafas olib, boshni orqa suyanchiqqa qo‘ydi. Tip-tiniq osmon yuziga tikilib turgan nigohlari beixtiyor ko‘kda charx urib yurgan qaldirg‘ochlarga tushdi. Birdan o‘sha bahor elchilari pastga tomon sho‘ng‘idi-da, zum o‘tmay yo‘lakning narigi boshida paydo bo‘ldi. Keyin chug‘ur-chug‘ur qilgancha Abdulla aka o‘tirgan yalanglik uzra paydo bo‘ldi, gir aylandi-yu, yana ko‘kka qarab parvoz qildi.
Bu holat shubhasiz adibni hayratga solgandi. “Nahot, shu jajji jonivorlar ham men bilan xayrlashgan bo‘lsa” degandek ular orqasidan qarab qoldi.
Men Abdulla akaning mana shu daqiqalardagi holatini qog‘ozga tushirmoq uchun qo‘limga qalam oldim va bir nechta (o‘sha “5-V-68” raqami qo‘yilgan) “qoralama”lar chizishga ulgurdim. Uchqun Nazarov esa Abdulla akaning “Lyubitelskiy” fotoapparatini ishga solib, suratlar olardi.
O‘sha kuni kechgacha Do‘rmonda bo‘ldik. Oqshom tusha boshladi hamki, Abdulla aka ketaylik demasdi.
Nihoyat Kibriyo opa:
— Jo‘naylik endi. Kunlar isiganda bemalolroq kelarmiz, — dedi.
Abdulla aka sal junjiganday bo‘ldi, so‘ng o‘ziga xos tagdor gap qildi:
— Qishga qarab ketyapmiz-u, qanaqasiga bemalolroq bo‘lsin! Mayli, ketdik, o‘sha tomonlarga!..
Shaharga yo‘lga tushishdan oldin Abdulla aka oldi ayvon, bir dahliz, bir xonali uy yoniga ko‘tarma qilib qurilgan, unga chiqib qarasangiz Farg‘ona vodiysini eslatuvchi zumrad dala-bog‘lar kaftda turganday bo‘lib ko‘rinadigan naqshinkor shiyponga, qiyg‘os gulga burkangan daraxtlarga uzoq tikilib boqdi. Hatto mashina katta yo‘lga chiqib, qayrilgunga qadar o‘z bog‘idan ko‘z uzolmadi…
1968 yilning 8 aprelida ustozni Moskvaga jo‘natishdi. Uning yonida doimiy hamdam-hamrohi Kibriyo Qahhorova, kuzatuvchi bir hamshira qiz bor edi.
Samolyot qo‘ngach, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bemorni oliy toifadagi vrachlar tugul, oddiy shifoxonaning oddiy xodimlari ham kutmayotgan ekan. Kibriyo opaning zir yugurib, ko‘plab idoralar eshigini qoqishi, ancha-muncha sarson-sargardonliklardan so‘ng o‘z yurtida suyukli va ardoqli bo‘lgan O‘zbekning buyuk Yozuvchisi o‘rtamiyona shifoxonaning og‘ir kasallar bilan to‘la umumiy palatasiga yotqiziladi.
Kibriyo Qahhorovaning aytishlariga qaraganda, Abdulla aka u yerdagi shart-sharoitni ko‘rib “Bu yer “Oltinchi palata” (A.Chexovning shu nomli hikoyasiga ishora)ni o‘zi-ku, boshqa joy topisholmabdi-da” degan ekan o‘kinch bilan.
Adib qirq yetti kun davomida bir marta ham “oh” demay, nola-fig‘on chekmay o‘lim bilan mardona olishadi.
Nihoyat umr poyoniga ko‘zi yetgach, sodiq, vafodor kishisi Shuhratni chaqiringlar, deb iltimos qiladi.
Toshkentdan zudlik bilan yetib kelgan shogirdini ko‘radi-da:
— Yaqinroq keling, yurtimizning bahoriy havosidan bir to‘yib nafas olay, — deydi.
Bu xalqimizning fidoyi, buyuk farzandi Abdulla Qahhorning so‘nggi so‘zlari edi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 20-sonidan olindi.