Rahmonqul Orzibekov, Dilorom Salohiy. Nuktadon adabiyotshunos (2007)

Sharqona ma’rifat ziyosidan munavvar bir xonadonda tavallud topgan Qobiljon Tohirov o‘tgan asr 60-yillarining boshlaridayoq o‘zbek adabiyotshunosligining umidli yoshlaridan biri sifatida ko‘zga tashlandi. U o‘z davri fanining dolzarb masalalaridan bo‘lmish turkiy xalqlarning adabiy aloqalari, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar, Hindistonda Bobur yaratgan adabiy muhit namoyondalari, xususan, Bayramxon ijodi, yirik o‘zbek yozuvchi va shoirlari Abulg‘ozi Bahodirxon, So‘fi Olloyor, Boborahim Mashrab ijodi haqidagi maqolalari bilan ilmiy jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Q.Tohirovning hassos shoir Andalib ijodi tadqiqiga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasi hamda “Oktyabrdan avvalgi o‘zbek-turkman adabiy aloqalari problemasiga doir” nomli monografiyasida boy adabiy an’analarga ega bo‘lgan o‘zbek va turkman xalqlari orasidagi qadimiy aloqalar tarixi, ijodiy hamkorlik va o‘zaro ta’sirning o‘rni yoritib beriladi.
Kitobda faqat o‘zbek va turkman adabiyotlaridagi lirik she’riyat namunalari haqidagina emas, balki XV — XX asrlarda yaratilgan qissalar, ularning vujudga kelishi va har ikkala xalq adabiyotlari tarixida tutgan o‘rniga doir qiziqarli mulohazalar bayon etiladi. XV – XV asrlar o‘zbek va turkman adabiy aloqalarining yangi muhim bosqichi sifatida baholanar ekan, qimmatli tarixiy ma’lumotlar asosida qay tariqa turkiy tamaddun Oltin O‘rda va uning yirik madaniy markazlaridan biri — Xorazmdan Movarounnahr va Xurosonga ko‘chganligi hikoya qilinadi. Bu jarayon turkiy adabiy tilning yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishi va bir qancha iste’dodli shoirlarning paydo bo‘lishi Alisher Navoiy dahosining yuzaga chiqishi uchun zarur bir omil bo‘ldi.
Qobiljon Tohirovning eski qo‘lyozma manbalarni sinchkovlik bilan o‘rganib, fanga ma’lum etishi tadqiqotchining shu ilmiy ishida ham ko‘zga tashlanadi. Olim qo‘lyozma manbalarni ko‘zdan kechirar ekan, “o‘zbek va turkman klassik adabiyotlarining o‘zaro aloqasini kuchaytirgan, har ikkala adabiyotning ikkala xalq orasida ham birday yoyilishi va shuhrat topishiga sabab bo‘lgan omillardan biri o‘tmish qo‘lyozma bayoz va turli to‘plamlarda o‘zbek va turkman shoirlari asarlarining ko‘pincha yonma-yon ko‘chirilganligidir”, degan xulosaga keladi.
Adabiyotshunosning ilmiy tahlillari, sharhlari, izohlari natijasida ulug‘ Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asarining mukammal nashri amalga oshirildi. Olim har bir so‘zning ma’nosini teran tushunadi, har bir so‘zning matnda tutgan o‘rni, vazifasini aniqlab, mantiqiy xulosa chiqarishga harakat qiladi. Q.Tohirov “Saddi Iskandariy” dostoni ilmiy-tanqidiy matnini yaratish borasida ham ancha zahmat chekdi.
Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarai tarokima” asarini nashr ettirar ekan, u aniq ilmiy faktlarga asoslangan, ortiqcha tafsilot, tavsif va pafosdan xoli sof ilmiy uslubni tanlaydi. Kitobning sarlavhasidayoq ishning mazmunini sharhlab qo‘yadi: “Tadqiqot, matn, lug‘at”.
Eski o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatining bilimdoni Q.Tohirov o‘z asarlarida tarix sohasida ham mulohazakorligi va bilimdonligini namoyon etadi. U ko‘p jildli “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning faol mualliflaridan biridir.
Olim keyingi yillari o‘zbek adabiyoti tarixining eng qadimgi davrlaridan XV asrlarga qadar bo‘lgan davriga oid bir necha o‘quv qo‘llanmalari yozib, nashr ettirdi.
Uning tabiatidagi odamiylik, kamtarlik va xayrihohlik xislatlari yosh olimlar uchun ibratdir. Shu jihatdan ustozning yuqori malakali filolog mutaxassislar, ilmiy kadrlar tayyorlash sohasidagi jonkuyarligi diqqatga sazovor.
Keyingi 50 yil mobaynida O‘zbekistonda yetishgan bir qancha adabiyotshunoslar ishlarining ro‘yobga chiqishida olimning samimiy ko‘magi katta bo‘ldi. U Samarqand davlat universitetida yetishib chiqqan yosh adabiyotshunoslarning ko‘pchiligiga ilmiy rahbar yoki rasmiy opponentlik qildi. Filologiya fanlari nomzodlari — Fazliddin Ravshanov, Usmonjon Qobilov, Gulbahor Rahimova;; aspirant Saodat Yo‘ldosheva, magistr Shahnoza G‘afforova kabi iqtidorli yoshlar Q.Tohirovning shogirdlaridir.
Yaxshi odam haqida gapirilsa, so‘z ham tugamas ekan. Ustoz Qobiljon Tohirov ilmlari ayni yetilgan pallada biz bilan birga hamkor, hamnafas, madadkor bo‘lib turibdilar. Ammo hamon yuzlarida chiroyli tabassum bilan ko‘zlarini yerga qadab, behashmat kamtarona odim tashlaydilar.
Etuk olim, fan zahmatkashi, ajoyib inson Qobiljon Tohirovni tabarruk yetmish yilligi kunlarida samimiy qutlab, o‘zi va ahli oilasiga yangi-yangi ilmiy, ijodiy muvaffaqiyatlar, sog‘liq-omonlik, osuda va barakotli hayot tilaymiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 42-sonidan olindi.