Toshkentning mashhur Oloy bozorida 1990 yillar boshida yuzasi kattaligi rosmana ikki qarich keladigan patir non bozorning eng mazali nonlaridan hisoblanardi. Falakning gardishi bilan bir gurungda yonimdagi notanish suhbatdoshim Oloy bozorining o‘sha mashhur patirini yopadigan novvoy ekanini bilib qoldim. Ma’lum bo‘lishicha, ularning non yopishdagi san’atining muxlisi bo‘lgan va keyinchalik Tel-Avivga butunlay ko‘chib ketgan bir nechta hamshaharimiz ushbu novvoyni ham yaxshi haq berish sharti bilan ko‘ndirishib olib ketishibdi. Tel-Avivning tuprog‘i tandir yasash uchun yaroqsiz chiqqani uchun u yerliklar Toshkentdan bir nechta tandirni yashiklarga joylab uchoqqa ortib, mashhur novoyimizga yetkazib ham berishibdi. O‘shanda telavivliklar aksariyat oilalarida kam jon bo‘lib yashagani uchun novvoyning patirlar o‘lchamini kichraytirishiga to‘g‘ri kelgan ekan.
Har bir viloyat novvoylari nonlarning sifati, mazasi, turli-tumanligi bo‘yicha go‘yo bir-biri bilan musobaqalashgandek… Namanganga borganda faqat bir ko‘cha bo‘ylab bozor darvozasi tomon yetib olguningizcha yuzdan ortiq novvoylarning savatlarga solib qo‘yilgan turli nonlari o‘z jilvasi bilan ko‘zingizni qamashtiradi, taratayotgan yoqimli hidi ishtahangizni ochib yuboradi.
Farg‘ona vodiyida tayyorlanadigan nonlarning nomlari: obi non; obi jimjima; uy noni, kulcha non, jizzali non, go‘shtli non, yog‘li non, chapchap non, gijda non, oddiy patir, yog‘li patir, qashqar patir, yog‘siz patir, qatlama patir, to‘y patir, lo‘lda patir, qo‘shaloq shirmoy, payvand, obi xol olcha guli, shirmoy kulcha, shirmon patir, kungirali shirmoy, kunjutli bozor noni, sedanali bozor noni, bayram bezakli noni va hokazo.
Buxoro, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo vohasida tayyorlanadigan nonlarning nomlari: obi, yakqafo, gaxsaki, noni zargaron, hindugi, fatiri qashqari, shirmoli dujuft, tafton, taftori du bez, noni taroqi, osiyoiy, po‘lodiy, jazzain, kulchai ravg‘anin, obi jimjima, turfon, noni xaman, kulobodi, zaboni gov, soxta shirmol, shirmoli sedana payvand, shirmoli obi xoli olchaguli, noni salang, lavash, churek, davra, sovg‘atin naqshin, un noni, qo‘shaloq baraka kulcha, kuyov kulcha non, parkup non, kunjutli obi non, sedanali obi non, kunjutli patir non.
Qoraqalpog‘iston va Xorazm vohasida tayyorlanadigan non nomlari: obi non, to‘y noni, Xorazm noni, katta patir, kichik patir, sutli churek, shirmon, shirmon qo‘shaloq, kunjutli non, lavash non va boshqalar.
Hazrat Hizr hassasini suqib ketgan azim Toshkent shahri hozir katta bir novvoyxonaga o‘xshaydi. Bu yerda vatanimizning turli viloyatlaridan kelgan novvoylar, mana, bir necha yildan beri kimning noni mazali, kim usta novvoy musobaqasini o‘tkazayotgandek nonlarning turlarini kun sari ko‘paytirib borishyapti. Nonning biz uchun azizligi urf-odat va an’analarimizning non bilan bog‘liqligidir. U yerda-buyerda non ushog‘ini ko‘rsak, darrov bir chetga olib qo‘yishga tarbiyalanganmiz: qushlar yoki it-mushuk yeb ketar, deymiz. Chunki bu bebaho ne’mat insonning peshona teriyu qalb qo‘ri bilan bunyodga keladi. Albert Eynshteyndan “Siz dunyo yaratilganidan buyon insoniyatning qaysi kashfiyotini eng buyuk deb hisoblaysiz?” deb so‘rashganida u: “Nonni”, deb javob bergan ekan.
“Hayot” gazetasi, 2007 yil 22-noyabr