Har qanday yirik adibning adabiy va estetik qarashi, birinchi navbatda, o‘z ijodiga bo‘lgan munosabatida ko‘rinadi. Ulug‘ shoir Alisher Navoiy hazratlari badiiy asarni gulga o‘xshatgan, ya’ni ijod mahsuli shoir nazdida gulday chiroyli bo‘lmog‘i, unda mazmun va shakl uyg‘unlashmog‘i lozim. Bu borada buyuk bobomiz shunday yozgan:
Nazmda ham asl anga ma’ni erur,
Bo‘lsun aning surati har na durur.
Hazrat badiiy tasvirda mubolag‘a, tashbih, istiora me’yoridan ortib ketishini ham qoralagan:
Agar dahr aro sepsa mushki tator,
Ko‘ngulni qilur tiyrayu ko‘zni tor.
Abdurahmon Jomiyning “Qoida va me’yordan ortiq tushgan xol ma’shuq yuzini buzadi”, degan fikri ham mazkur masala mohiyatini teran aks ettiradi. Navoiy nazdida insonni hayotdan, jamiyatda yuz bergan va berayotgan voqea-hodisalardan ajratib tasvirlash aslo mumkin emas. Chunki inson ijtimoiy hayot mahsuli.
Kim havodis yeri durur olam,
Ondin ozod emas bani odam.
Navoiyning insonni tasvirlash borasidagi fikrlari ham g‘oyat qimmatlidir. Inson zohiriy ko‘rinishda bir xil bo‘lsa-da, botiniy, ya’ni tabiati, ruhiyati, dunyoqarashi jihatdan turli-tumandir.
Kimniki inson desang inson emas,
Shaklda bir, fe’lda yakson emas.
Ulug‘ shoir o‘z ijodida mazkur qarashlariga hech og‘ishmay amal qilgani shak-shubhasizdir. Atoqli adib Abdulla Qahhor ham xuddi shu yo‘ldan borgan — so‘zi va ishi bir ijodkor edi. U asar voqealari zamirida kitobxonga aytmoqchi bo‘lgan fikrning salmog‘iga katta e’tibor bergan. Basharti g‘oya salmoqqa ega bo‘lmasa, kimning asari bo‘lishidan qat’i nazar, ayamagan. Bu borada u Arastuning: “Menga do‘stlarim ham, haqiqat ham qadrli, ammo burch haqiqat tarafida bo‘lishni taqozo qiladi”, degan so‘ziga amal qilgan. Jumladan, Said Ahmadning “Tortiq” to‘plami haqida yozgan taqrizida hikoyalarning bo‘shligini mantiqiy asoslab, shunday yozadi: “Uning hikoyasida bo‘lgan “adabiy” kamchiliklarni yoshligi tufayli kechirish mumkin, lekin adabiy tajribasizlikka bog‘liq bo‘lmagan kamchiliklarni kechirmaslik kerak”. Bu fikrni adibning ijodiy printsipi deyish mumkin. Chunki uning o‘zi bir umr shu fikriga, shu printsipga amal qilib keldi.
Abdulla Qahhor faqat bo‘sh asarlarni tanqid qilmagan, balki yaxshi asarlarning jozibasini ham ochib berib, kitobxon fazilatining siri nimada ekanligini inkishof qilib, mahorat yo‘llarini ko‘rsatgan. Said Ahmadning “Ufq” romani e’lon qilinganda adib nihoyatda suyungan va “Ilhom va mahorat samarasi” sarlavhali maqolasini yozgan. Unda shunday deydi: “O‘qishlik kitob yozish, uning har sahifasini, har satrini kitobxonga manzur qilish, kitobxonni quvontirish, uning ko‘nglini topish oson emas. Bunday kitobni yozish uchun yozuvchining mahorati, kitob yozishga havasi, hatto yengib bo‘lmaydigan xohishi ham kifoya qilmaydi, bularning ustiga dard, hayot bergan ilhom, kalla va qalbdan boshqa har qanday mayda orzu-havasini, har qanday manfaat-g‘arazni quvib chiqaradigan yirik-yuksak g‘oya mavj uradigan ilhom kerak. Ilhom bilan mahorat topishgandagina kitob yozuvchining qalbidan qo‘shiqday otilib chiqadi, kitobxonning qalbida aks-sado yangraydi.
…“Ufq”da tasvir etilgan qishloq hayotini, odamlarini ko‘rib har bir o‘zbek katta iftixor bilan: “Biz o‘zbeklar!” — deydi, qardosh xalqlar o‘zbekni mehr bilan: “O‘zbek og‘aynim”, deb ataydi”. Mazkur roman haqida fikr bildirgan birorta adabiyotshunos uning haqiqiy leytmotivini belgilab bermagan edi, Abdulla Qahhor belgilab berdi.
Abdulla Qahhor adabiy qarashlarida nafaqat bir-ikki ijodkorning, balki o‘sha davr adabiyotining oldidagi vazifalarni ham belgilab bergan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, “Ijodiy faollik va jasorat” maqolasida u shunday yozadi: “Yozuvchining qulog‘i hamisha xalqning ko‘ksida bo‘lishi, uning qalbidagi hayajonni darhol sezishi, ilg‘ab olishi, shundan ilhomlanishi, asarini mana shu ilhom, kuchli ehtiros bilan yozishi kerak. O‘shanda yozuvchi xalqning tili uchida turgan gapni aytadi, xalq dilining tarjimoni bo‘ladi. Ehtiros bilan yozilgan haqiqiy asarda loqayd sahifalar emas, satrlar, so‘zlarga ham o‘rin bo‘lmaydi. Bunday asarlar adabiyotdagina emas, xalqning ma’naviy hayotida ham katta voqea bo‘ladi. Shundagina yozuvchining so‘zi kitobxonning qulog‘idan, qiyofasi uning ko‘z o‘ngidan ketmaydi”.
Shuningdek, ushbu maqolada ijodiy faollik va jasoratga to‘g‘ri ta’rif berilgan, uning ijod jarayonidagi mohiyati ochilgan, ya’ni roman ketidan roman, poema ketidan poema, turkum she’rlar, piyesalar yozish emas, balki hayot, davr talablarini teran anglab, badiiy haqiqat orqali xalqning ongiga yetkazish, obrazlar faoliyatida qo‘yilgan masalani hal qilish har bir shaxsning burchi ekanligini anglatish ta’kidlangan. Bu fikr shu paytgacha ham o‘z qimmatini yo‘qotmay kelyapti, bundan keyin ham yo‘qotmaydi.
“Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa xislatlari qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog‘liqdir. …Ulug‘ Navoiy haq-haqqoniyatga kelganda, vazirlik libosini yechib tashlab “qora xalq” quchog‘iga otilgan, Furqat yolg‘onchilik uyasi bo‘lmish boylarning yuziga “tuf” deb she’r yozgan…”, deb qayd qiladi “Shijoat haqida” maqolasida. Ma’lumki, har qanday fikr kishining tabiatiga, ichki nidosiga, dunyoqarashiga bog‘liq. U olam va odamni qanday idrok etsa, shunday tasvirlaydi. Abdulla Qahhor tabiatan shijoatkor edi. Shu xususiyati uning mazkur maqolasiga ham ko‘chgan.
Adib “Poeziya — yuksak san’atdir” maqolasida Chustiy ijodiga to‘xtalib, shoirning dastlabki ijodida mumtoz she’riyatga ergashish, hatto Navoiy, Muqimiy, Furqat, Amiriy she’riy misralaridan foydalanish hollari mavjudligini, vazn, qofiyada o‘z-o‘zini qaytarish hollari borligini xolis ko‘rsatadi. Adib yozadi: “Bog‘imda” she’ri Chustiy ijodining motivi bo‘lsa, “Nur koni keldi” degan she’ri shoirning kamolot darajasini belgilaydigan she’r”. Maqolada kelingan xulosadan ijodkorning o‘ziga bo‘lgan ishonchi susaymaydi, balki ortadi. Ayni paytda, ushbu xulosalar shoirning ijod yo‘lini belgilab olishiga xzmat qiladi. Maqolasiga adib shunday xulosa yasaydi: “Chustiy talantli shoir. U yozgan birmuncha she’rlar, ashulalar hozirgi poeziyamizda ma’lum o‘rinni oladi. Uning vazifasi mana shu muvaffaqiyatni mustahkamlash va olg‘a qarab dadil-dadil qadamlar tashlashdir. Biz yuqorida uning ilgarilashiga xalal berib turgan narsalarni ko‘rsatdik. Oz muddat ichida diqqatni jalb qilarlik faoliyat ko‘rsata olgan shoir uchun bu kamchiliklardan qutulish, birinchi navbatda, zarur bo‘lgan ishdir”. Abdulla Qahhorning adabiy-estetik qarashlari shunday quvvatga egaki, unda adabiyotshunoslik masalalari ijod jarayonining sir-asrorlari bilan uyg‘unlashib ketgan. “Hayot hodisasidan badiiy to‘qimaga” maqolasi bunga yaqqol misol bo‘ladi. Ma’lumki, adabiyotshunoslikda fabula nima, u qanday vosita ekanligini aniq tasavvur qilishga talabalar tugul mutaxassislar ham qiynaladi. Chunki bu boradagi qarashlar har xil, misollar esa kam, ular ham aniq emas, mavhum. Adibning maqolasini o‘qib, ushbu masalaning mohiyatini yaqqol anglaysiz. Hatto fabulaga yorqin, aniq ta’rif berish mumkin: hayotiy voqelikdan kelib chiqqan, undan tug‘ilgan badiiy voqelik, ya’ni badiiy haqiqat — asar voqeasi fabuladir. To‘g‘ri, maqolada “fabula” degan termin ham, bunday ta’rif ham berilmagan. Lekin maqola bunga imkon beradi.
Adib yozadi: “Agar yozuvchilik turmushdan nusxa ko‘chirishdan iborat bo‘lsa, bundan oson ish bo‘lmas edi. Hayotdan aynan ko‘chirish, kitobdan ko‘chirishday gap. Kopiya kopiya bo‘lib qolaveradi. Bunday narsalardan originallik kutish behuda. Originallik hayot haqiqatini dildan o‘tkazish, unga ko‘ngildagi gaplarni singdirish, tilagingni qo‘shib ifodalash bilan yuzaga keladi. Badiiy haqiqat vujudga keltiradigan, mahalla komissiyasining “shunga ishoning”lar, degan mazmundagi spravkasiga hojat qolmaydigan me’yor, fakt va uydirma me’yorini topishning mushkulligi ham xuddi mana shundadir”. Bu gaplarning barchasi mahoratga tegishlidir. Yozuvchining o‘zi esa ijod jarayonida unga amal qilgan, asarlarining o‘qishliligi siri ham ana shundadir.
Adabiy-estetik qarash faqat maqola yozsh bilan cheklanmaydi, balki yosh talantlarni ilg‘ab olishi, ularning ko‘nglini ko‘tarishi, oyoqqa turishiga ko‘mak berishi, asari haqida to‘g‘ri gapni aytib, yo‘lga solish ham belgilanadi. Shukur Xolmirzayevning “To‘lqinlar” nomli birinchi qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida bosilganda, yosh yozuvchining iste’dodini birinchi bo‘lib Abdulla Qahhor ilg‘agan va unga quyidagi xatni yozgan:
“Hurmatli Sh.Xolmirzayev!
“Sharq yulduzi”da bosilgan “To‘lqinlar” povestingizni o‘qidim. Povest yaxshi taassurot qoldirdi. Ma’murjonni boshda tabassum bilan tasvir etasiz. Butun asar davomida qisqalikka intilasiz. Yozuvchilikda ko‘zingiz ochilib kelayotgani ko‘rinib turibdi. Nazarimda, povestning nomi to‘g‘ri emas. Keyingi ishlaringiz baroridan kelsin!
Salom bilan: Abdulla Qahhor”.
Atoqli adibning bu e’tirofi yosh yozuvchiga qanot bog‘ishlaganini uning o‘zi e’tirof etgandi.
Abdulla Qahhorning “Kishi shunga suyunadiki, adabiy yoshlarimiz zamonimizning talabini sezadi, adabiyotga uning yuksak ijtimoiy-estetik vazifasini idrok qilib, oliy maqsad uchun kurashda qo‘lidagi qurol ekanini anglab kirayotibdi”, degan fikri bugungi yoshlar haqida yozilgandek jaranglaydi. Demak, ustoz adibimizning adabiy-estetik qarashlari, o‘lmas asarlari bilan bir qatorda, badiiy ijodning mukammalligi uchun xizmat qilayapti.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 33-sonidan olindi.