O‘zbeklarning ulug‘ romannavis yozuvchisi Abdulla Qodiriy aytganidek: “So‘z so‘zlashda va undan jumla tuzishda uzoq andisha kerak”. Bu gap bejizga aytilmagan. Men ham ushbu maqolani yozaymi-yozmaymi, deya ko‘p o‘yladim. Nihoyat, yaxshi niyatlar bilan kimgadir foydasi tegar degan umidda qog‘oz qoralashga jazm qildim. Axir o‘zing bir vaqtlar ishlagan ulug‘ dargoh haqida biror narsa deyish ancha qiyin kechadi. Men ham ozmi-ko‘pmi shu dargohning non-tuzini totganman.
Taniqli radiojurnalistlar, rahmatli ustozlarimiz Shuhrat aka Qosimov, Haydarali Isroilov, Abdukarim Abduazimov, Rixsivoy Po‘latov, Narimon Irisov (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin), Abduazim Alimov, Anvar Abduvaliyev, Shavkat Amirov, Munira G‘aniyeva, Erkin Xudoyberganov, Ahmadjon Buzrukov kabi zabardast jurnalistlar bilan birga ishlaganimdan, hamkasb bo‘lganimdan hanuzgacha faxrlanib yuraman, ularning yaxshi jihatlarini har doim tilimdan bol tomib maqtab kelaman. Radioning yaxshi jihatlari juda ko‘p. Ular to‘g‘risida har qancha yozsa, har qancha gapirsa oz. Ayniqsa, hozir zamon o‘zgardi, yaxshi tomonga o‘zgardi. Shunga ko‘ra talab-istaklar ham yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda. Axborot tezkorlikni talab etyapti har bir xodimdan. Zamonaga mos teleko‘rsatuvlar va radioyeshittirishlar tayyorlanyapti, ularning rang-barangligi ortib, mazmunan boyib bormoqda. Bunday yutuqlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yutuqlar haqida yozaman desam, o‘zi bir olam bo‘ladi, men bu maqolamda ayrim mulohazalarimni gazetxonlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Fikr-mulohazalarimni shu kunlarda tavalludining 100 yilligi nishonlanayotgan sevimli adibimiz Abdulla Qahhorning quyidagi so‘zlari bilan boshlamoqchiman: “Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u, holat yo‘q! Bu til ellik yil ichida shunday bir qudrat kasb etdiki, xalqimizni jahon, rus madaniyatiga sherik qilib qo‘ydi. Afsuski, radiomiz mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydi”. Bu fikrlar aytilganiga ham sal kam yarim asr bo‘lyapti.
Radiodan berilayotgan har bir so‘z ma’lum bir maqsadga qaratilgan bo‘ladi. Endi mana shu so‘zga diqqat qiling: “Rek… Rek… Rek… Reklama!..” Har kuni yuz martalab efirda taralayotgan ushbu so‘z orqali nima deyilmoqchi? Bu qanday maqsadga qaratilgan? O‘zbeklar shunday omiki, hatto bitta so‘zni ham eplab talaffuz qila olmaydi demoqchimi? Yoki bu bilan o‘zbeklarning hammasini duduq demoqchimi? Yoki mana bu jumlaga e’tibor bering: “Telefonni eslab qolish juda oson: Ikkita bir, ikkita ikki, to‘rtta xi-xi-xi-xi”. Bu bilan tinglovchilarni ahmoqqa chiqaryaptimi yoki mazax qilyaptimi? Bunday hol teleko‘rsatuvlarda ham mavjud: “Tak-takdan xo-xogacha…”
Takrorlar juda ko‘pligi haqida avval ham yozgan edim. Biroq kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda. “O‘zbekiston radiokanali —oddiy va samimiy to‘lqinlar jilosi” yoki “Quyosh nurini jilovlash ajdodlarimiz orzusi. Arabboy orzularingiz ro‘yobi” kabi jumlalar haddan ziyod ko‘p berilayotibdiki, tinglovchining jon-jonidan o‘tib ketyapti. Ayniqsa, “Siz 103,1 radiokanalini tinglayapsiz” jumlasi nihoyatda ko‘p beriladi. Axir tinglovchi ahmoq emas, qaysi kanalni qo‘yganini o‘zi biladi. Yaxshi bir qo‘shiq eshitayotganingizda qo‘shiqning beliga tepib, musiqasi ustida boshlovchi gap qo‘shib yuboradi: “Radiongizning murvatini balandroq burang. Bu qo‘shiq 103,1 da”. Axir birov qo‘shiqni, birov musiqani tinglaydi. Qo‘shiqni tinglash butkul ixtiyoriy narsa, xohlagan odam o‘zi istagan holatda eshitadi, xohlamasa, pul berib ham unga eshittira olmaysiz. Shunday ekan, nega endi boshlovchi tinglovchiga buyruq beradi? Kim o‘zi u? Nega taniqli bir xonanda yoki mashhur bir hofizning qo‘shig‘i ustidan o‘zicha so‘z qo‘shadi? Bunga uning nima haqqi bor? Mashhur qo‘shiqchilarni mensimaslik emasmi bu? Tinglovchiga ham hurmatsizlik emasmi bu? Axir birov qo‘shiqni jon dili bilan tinglayotganda tomdan tarasha tushganday birov gapirib yuborsa qiziq-da. Bunday bachkanaliklarga chek qo‘yish kerak. Imkon qadar radio va teleko‘rsatuvlar jiddiy bo‘lmog‘i kerak. Yana bir reklamasifat rolik aylantiriladi, juda-juda ko‘p takrorlanadi: “Metkalu… durriya-ya…” bir satr hindcha qo‘shiq, orqasidan: “Yana bir sen kabi jonon borligiga ishonmasman”, yana orqasidan “Biyo… jonon… biyo…” tojikcha qo‘shiq, hammasi bir satrdan beriladi. Bu nima uchun kerak? Bu bilan nima deyilmoqchi? Maqsad nima? Shu haqda hech kim bir o‘ylab, bosh qotirib ko‘rdimi? Yoki bo‘lmasa, Sayyora Qoziyeva ijrosida bo‘lsa kerak: “Hay, hay Emilada… hay, hay emilada…” shu satr qayta-qayta takrorlanaveradi, nima deyilayotganiga hech kim tushunmaydi. Bunday qo‘shiq (qo‘shiq ham deb bo‘lmaydi) kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi?
Xullas, so‘z qo‘llashda nihoyatda ehtiyotkorlik zarur. So‘zning kuchini, qudratini arzimagan narsalarga sarf qilish ham yaramaydi.
Abu Shukur Balxiyning so‘z haqida shunday fikrlari bor:
So‘z kuchidan yiqilur minbar ham, dor ham, So‘z birla chiqar indan ilon-murdor ham.Shunday ekan, so‘z ekan deb har narsani gapiraverish kerak emas. Yetti o‘lchab bir kesish lozim. Chunki radioni millionlab odamlar eshitadi. Shu sabab har so‘zni o‘z o‘rnida, o‘z vaqtida, o‘z muhitida qo‘llash lozim. Hadeb bir so‘z yoki jumlani takrorlayverish ham tinglovchilarni bezdirib qo‘yadi. “So‘z — inson tabiatining ishvagar dilbari, u ko‘zga ko‘rinmaydigan parisifat bir nozaninidir”, degan edi buyuk bobomiz Alisher Navoiy. Yoki Sherali Loyiq so‘z haqida shunday degan edi:
So‘z kamonki, o‘qdin norasoga omon yo‘q, So‘z jahonki, ko‘rkidan o‘zga jannat makon yo‘q…Maqolamni Abdulla Qahhorning so‘zlari bilan boshlagandim. So‘zimni yana mashhur adibning quyidagi gaplari bilan yakunlayman:
“Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilayotibdi? Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?..”
Husanboy Tojimatov,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti O‘zbek tili kafedrasi katta o‘qituvchisi
“Hurriyat” gazetasidan olindi.