Mamlakatimizda boy ko‘mir zaxiralari mavjud. Bu qazilma boylik o‘lkamizning asosan ikki mintaqasida joylashgan. Hozirda Angren konidan qo‘ng‘ir ko‘mir, Sharg‘un va Boysun konlaridan esa toshko‘mir qazib olinmoqda.
Boysun ko‘mir konida ayni paytda qazish ishlari ikki yo‘nalish bo‘yicha olib borilyapti. Mutaxassislar “Janubiy” maydondan tashqari “Markaziy va Sharqiy” maydonlarda 29 million tonna o‘ta sifatli bo‘lgan toshko‘mir borligini aniqladilar.
Boysun ko‘mir konlari zaxiralari g‘arb tomonga qarab salkam 125 kilometrga cho‘zilgan. Ko‘hitang tog‘ etaklariga borganda ko‘mir qatlamining qalinligi 25-30 santimetr bo‘lsa, sharq tomondagi ko‘mir qatlami 2 metrdan 18 metrgacha yetadi. Demak, Boysun ko‘mir konida ishlar to‘liq quvvat bilan amalga oshirilsa, ona zamin bag‘ridagi boylikdan xalqimiz uzoq yillar mobaynida foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Konda ko‘mir qazib olish yopiq usulda bajariladi, ya’ni maxsus moslamalar yordamida portlatilib vagonchalar bilan tashqariga olib chiqarilardi. Natijada mahsulotning sifati yo‘qolib, 70-80 foizi kulga aylanardi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, sifatini yo‘qotgan ko‘mir xaridor va iste’molchilarning talabiga javob bera olmaydi. 58 million so‘m mablag‘ hisobiga kichik briket fabrikasining qurib ishga tushirilishi bilan sifat va samaradorlik ancha ko‘tarildi. Eng muhimi,qazib olinayotgan ko‘mirdan ortiqcha chiqit chiqmaydi. Yangi korxonaning afzalligi ham ana shunda. Endilikda ishlab chiqarilayotgan ko‘mir-briket 2 kilogramm og‘irlikda g‘isht shaklida bo‘lib, o‘ta sifatliligi bilan juda ham xaridorgir bo‘lmoqda. Ta’kidlash lozimki, boshqa hudud konlaridagi briketga mazut qo‘shiladi. Qo‘shilgan mahsulotdan qo‘lansa hid tarqalib, olov yo‘llarini kukun bosadi. Boysun ko‘miriga esa bentonit mahsuloti va Denov yog‘ zavodidan sovun chiqindisi hisoblanmish maxsus aralashma qo‘shiladi. Mahalliy mahsulot aralashmasi bilan tayyorlangan ko‘mir ekologik jihatdan toza hisoblanib, atrof-muhitni bir qadar zararlanishdan ham asraydi.
Mutaxassislarning fikricha, qazib olinayotgan ko‘mir 8-200 kilokalloriyagacha issiqlik beradi. Shuning o‘zi ham Boysun ko‘mirining sifati juda yuqori ekanligidan darak beradi. Ma’lum bo‘lishicha, Boysun ko‘mirining tarkibida juda muhim bo‘lgan ko‘mir koksi, ko‘mir elektrodi, karbit-kaltsiy moddalari mavjud.
Navoiydagi elektrokimyo zavodi laboratoriyasida o‘tkazilgan tajribalarda To‘da ko‘mir konidan eng sifatli aktivlashgan ko‘mir olish mumkin ekanligi aniqlangan. Ya’ni 10 tonna mahsulotdan 3 tonnagacha aktivlashgan ko‘mir olish mumkinligi ilmiy va amaliy jihatdan isbotlandi. Hozirda ana shunday aktivlashgan ko‘mirga O‘zbekistonning ehtiyoji 1,5-2 ming tonna atrofida bo‘lib, asosan xorijdan keltirilmoqda. Aktivlashgan ko‘mirning 1 tonnasi jahon bozorida 1500 dan 4000 dollargacha baholanar ekan. Holbuki, yuqori sifatli aktivlashgan ko‘mirni Boysunda ham tayyorlash imkoniyati mavjud. Darvoqe, bu noyob mahsulot oziq-ovqat, tibbiyot, yengil sanoat, harbiy texnika, radio texnika uchun ham juda kerak.
To‘da ko‘mir koni bilan xorijiy ishbilarmonlar hamisha qiziqishgan. Masalan, bundan 10-15 yil muqaddam ko‘pgina xorijlik ishbilarmonlar yiliga 500 ming tonna ko‘mir ishlab chiqaradigan korxona qurishni taklif qilgan edilar. Biroq konning temir yo‘ldan uzoq masofada joylashgani ushbu loyihani amalga oshirishga imkon bermasdi. “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘lining barpo etilishi esa bu kabi ishlarga keng yo‘l ochdi. Agar mazkur temir yo‘l liniyasi To‘da ko‘mir koniga tutashtirilsa, haqiqiy Boysun mo‘jizasi ro‘y berishi, shubhasiz.
Natijada, xalqimiz va xorijiy iste’molchilarga yiliga ming-ming tonnalab sifatli toshko‘mir va briket mahsulotlari yetkazib beriladi. Shu bilan birga mamlakatimiz ehtiyoji uchun xorijdan keltirilayotgan aktivlashgan ko‘mir ham aynan Boysunda ishlab chiqariladi.
Yana shuni aytish quvonchliki, hozirda ushbu ko‘mir konidan atigi to‘rt kilometr uzoqlikda koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tsement zavodi qurish uchun amaliy ishlar boshlanishi ko‘zda tutilmoqda. To‘da ko‘mir konida esa ayni chog‘da kuniga 15-20 tonna ko‘mir hozir qazib olinayotgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar joriy qilinsa, har kuni 300-400 tonna mahsulot qazib olish mumkin bo‘lar ekan.
Mutaxassislarning aniqlashicha, ushbu kon zaxirasi 100 yilga yetadi.
Ha, istiqlol tufayli mo‘jizalarga boy yurtimizning boyliklarini qazib olish, undan samarali foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Sherali QODIROV,
“Hurriyat” muxbiri.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.