Tohir Qahhor. Odil Yoqubov asarlari turk tilida (2006)

O‘tgan asrda romanlari chet tillarga eng ko‘p tarjima qilingan klassiklarimiz ichida Odil Yoqubov asarlari alohida ajralib turadi. Ayniqsa, “Ulug‘bek xazinasi” dunyoning o‘ttizga yaqin tilida bosilgani adabiyotimizning faxridir. Turkchaga romanlari eng ko‘p o‘girilgan va qayta-qayta nashr etilayotgan o‘zbek yozuvchisi ham Odil Yoqubovdir. Ustodning sakson yoshi qutlanayotgan bugungi kunlarda bu yaxshi ishlarni eslamog‘imiz o‘rinli, albatta.

Hali asarlari turkchada chiqmagan bo‘lsa ham, uning ulkan ijodkorligini eshitgan va bilganlar ko‘p ekanligiga 1990 yil dekabrida Turkiyaga birgalikda ijodiy safar qilganimizda, Istanbuldagi havo maydonidayoq muxlislar va jurnalistlarning kameralari bilan do‘stona qarshilaganlarida, Otaturk madaniyat saroyida o‘tgan uch kunlik Turkiston milliy qurultoyi kunlari Odil akaning chiqishlari gurros olqishlanganida, turli uchrashuvlarda  guvoh bo‘lganman.

Odil Yoqubovning ikki romani — “Ulug‘bek xazinasi” va “Ko‘hna dunyo” Ahsan Botur tarjimasida ART nashriyoti tomonidan 1993 yilda Istanbulda ilk bor chop qilindi. Bu romanlar noshiri va muharriri Yashar Duruning so‘zboshida yozganidek, xalqlar o‘rtasidagi eng mustahkam ko‘prik madaniyat, adabiyot ko‘prigidir. Shu davrgacha biror o‘zbek yozuvchisining romani bosilmagan Turkiyada bu asarlar o‘quvchiga yangilik bo‘ldi, albatta. Zotan, turkiyaliklar Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, Ali Qushchini yaxshi bilishadi va sevishadi, bu ulug‘ shaxslar nomida ulkan jomelar, tib markazlari, maydonlar borligidan, ular haqidagi tarixiy va ilmiy kitoblarning ko‘pligidan ham bilsa bo‘ladi. Odil Yoqubovning romanlari bu mashhur kishilar yashagan davrni, shonli va fojiali muhitni, jamiyatdagi yuksalishlaru tanazzullarni, turli tabaqalar hayoti va undagi dramatik hodisalarni, buyuklarimiz,  ajdodlarimiz taqdirlarini, turkis­tonliklarning siymosi va o‘ziga xos xarakterlarini jonlantirib bergani bilan o‘quvchilar mehrini qozondi.

Tarjimon Ahsan Botur bu asarlardan keyin Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”, Oybekning “Navoiy”, Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarini juda qisqa davrda o‘girib, turk o‘quvchisiga tuhfa etdi (bu asarlar tarjimasini, nashrini tashkil etishda Yashar Duru va Boboxon Sharipovning xizmatlarini ham ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir). O‘zbek adabiyotining Turkiyada tanitilishidagi bu xizmatlari uchun tarjimonga Navoiy mukofoti berilgani (1994 y.) uning g‘ayratiga yana g‘ayrat qo‘shdi. U Odil Yoqubovning “Adolat manzili”, Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni”, Nurali Qobulning “Unutilgan sohillar”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” kabi asarlarini turkchaga tarjima qilib, nashr ettirdi.

Odil Yoqubovning 1996 yilda nashr bo‘lgan “Adolat manzili” romanini tarjimon u hali o‘zbekchada kitob holida bosilmasdan oldin, qo‘lyozmasidan o‘girib, 1994 yilda Istanbulda, “O‘tukan” nash­riyotida chop ettirdi. Roman muxlislar tomonidan yaxshi kutib olindi. 2004 yilda “Salanga” nashriyotida qayta bosildi.  
A. Botur o‘n yil avval o‘z tarjimasida bosilib chiqqan “Ulug‘bek xazinasi” va “Ko‘hna dunyo” romanlarini o‘zi boshqarayotgan “Salanga” nash­riyotida “Odil Yoqubovning to‘la asarlari” seriyasida 2003 yilda qaytadan chop qildirib, o‘zbek yozuvchisining Turkiyada tanilishida yana bir muhim xizmatni bajardi. Kitoblar muqovasi ortida yozuvchi rasmi va u haqdagi tarjimon so‘zi berilgan. Bizning­cha, A. Boturning quyidagi jumlalari e’tiborga loyiqdir: “Odil Yoqubov zamonamizda nafaqat O‘zbekiston va O‘rta Osiyodagi boshqa turkiy davlatlarda, balki butun turkiy dunyoda tengi yo‘q, raqibsiz bir usta yozuvchidir. Uning ijodi o‘ziga xos maktab, sanoqli kishilargina chiqa oladigan cho‘qqidir. Adibning eng ko‘p tarjima qilingan va dunyoga keng tarqalgan asari hisoblangan, hatto Chingiz Ayt­matov ham yostig‘ining yoniga qo‘yib, sevib o‘qiydigan “Ulug‘bek xazinasi” romani va undan keyingi muhim asari “Ko‘hna dunyo”dir. Kitobni o‘qirkansiz, bu so‘zlarimning mubolag‘a emasligiga amin bo‘lasiz”.

Haqiqatan ham, bu so‘zlarda jon bor. Tarjimonning yozuvchimiz ijodiga juda katta hurmat bilan qarashini yuqoridagi so‘zlaridan, ayniqsa, adib romanlari tarjimasiga jiddiy kirishganidan, bilim va zukkolik bilan yondashganidan ham bilsa bo‘ladi.

Tarjimalar saviyasi haqida fikr yuritish uchun muallif matni, qahramonlar nutqi, ayrim milliy urf-odatlar, tilga oid xususiyatlar turkchada qanday aks etgan, degan savolga javob berish kerak bo‘ladi. Biz “Adolat manzili” tarjimasiga oid misollar bilan cheklanmoqchimiz. Romandagi barcha o‘ziga xosliklar tarjimada ham deyarli to‘la aks etgan deyishimiz mumkin. Tarjimon ko‘p yillar yurtimizda yashagani, turmushimiz bilan anchagina  tanish bo‘lgani, o‘zbek va rus tillarini shu yerda o‘rgangani uchun qo‘pol xatolar ko‘zga tashlanmaydi. Ma’lumki, yaqin tillardan o‘girishning o‘ziga xos nozikliklari bor, bu, ayniqsa, turkiy tillarda qo‘llaniladigan o‘zi bir xil, ammo anglami turlicha so‘zlarda ko‘rinadi. Masalan, bobo so‘zi turklarda bizdagiday buva emas, ota, dada, ada ma’nosida ishlatiladi, buvani ular dada deyishadi (ammo ba’zi shevalarda, masalan Qibrisda buba shakli ham uchraydi). Tarjimon bundayin injaliklarni bilgani uning ishida ko‘rinib turibdi. Romanda Marjonoy onasidan “Assalom, momojon. Esonmisiz, omonmisiz, veteran bobomlar…” deya so‘raydi. Onasi “Bobong-da omon…” deydi. Tarjimon asar voqealari Yassi taraflarda bo‘layotganini, personaj nutqida u yerning shevasi saqlanishini, bu o‘rinda bobo so‘zi ota anglamida ekanligini yaxshi ilg‘agan: «Selam, mamacan! Iyi misiniz, mamacan? Gazi babamlar da…» Biroq shu o‘rinda ona ma’nosida qo‘llanilgan momo so‘zining tarjimada «mama» shaklida berilishi, bizningcha, o‘zini oqlamaydi, chunki mama so‘zi «Turk­cha so‘zlik»da ta’kidlanganidek, faqat chaqaloq ovqati anglamida ishlatiladi. Onajonim ma’nosidagi annecig`im so‘zi qo‘llanilsa, matn yanada ochilardi.

O‘zbeklarda kichiklarga senlab, kattalar va hurmatli kishilarga sizlab murojaat qilinadi. Bu turk­larga ham xos. Biroq kundalik turmushda, omma orasidagi muomalada ota-bola ham, ko‘chadagi tanishu notanishlar ham, yoshidan, mansabidan qat’i nazar, bir-biriga senlab gapiradi (afsuski, bundan xabarsiz ba’zi havaskor tarjimonlar  ayrim turk filmlarining tarjimalarida bunga ters o‘laroq ish tutishmoqda, film qahramonlari o‘zbeklarday sizsirab so‘zlashgani uchun turklarning ana shu o‘ziga xos odati yo‘qqa chiqarilmoqda). A. Boturning bu kabi nozik farqlarni yaxshi bilishi tarjimada ko‘rinib turibdi. Romandagi avtor teksti kabi personajlar nutqi ham juda jonli tarjima qilingan. “Sharanovskiy nogahon miyasida yarq etgan bu fikrdan ko‘ngli suv ichganday yorishib, o‘rnidan turib ketdi-yu, Galyaning yelkasiga shaloladay qu­yilgan soch­larini to‘zg‘itib, erkaladi:

— Ja shirin zabon bo‘p ketding-da, sen puchuq! Taslim qilding yaxshi gap bilan. Bor, ayt qahramoningga! Hozir chiqadi de meni!” (“Adolat manzili”, 101 b.)

Turkchasi bunday:

“S`aranavski, birden aklina gelen bu du`s`u`nceyle hayli rahatlanmis bir s`ekilde yerinden kalkip, gileryuz bir cegreyle Galya`nin omuzlarina yayilan saclarini so`yle bir oksayip:

— Senin o tatli dillerini yerim, anam! — dedi. — Git simdi, o kahramanina suyle: Hemen geliyor de!”  (s.130)

 

Asar qo‘lyozmadan tarjima qilingani (yoki tarjimonning ma’lum sabablarga ko‘ra romanning o‘zbekcha  nashrini ko‘rmagani) uchunmi, asl matn va o‘girma qiyoslanganda, o‘rtadagi bir farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Romanning o‘zbekcha nash­ri o‘n olti bob, turkchasi esa o‘n to‘rt bob. Tarjimon asarning kelasi nashrida bu yetishmovchilikni tuzatadi deb umid qilamiz.

Shuni ham aytishimiz joizki, A.Botur eski usmonlichani, arabchani, o‘zbekchani yaxshi biladi, rus tilini ham o‘zlashtirdi; keyingi o‘n yil ichida ruschadan atoqli turkolog Lev Gumilyovning “Eski turklar”, “Xunlar”, “Etnogenez”, “Eski ruslar va Buyuk Bo‘zqir xalqlari” kabi o‘ndan ortiq tarixiy kitobini tarjima qilib, o‘zi boshqarayotgan “Salanga” nashriyotida chop etdi. 
B. N. Grakovning “Iskitlar”, S.G. Klyashtorniy va T.I. Sultonovning “Turkning uch ming yili”, M. Zakiyevning “Turklar va tatarlarning shajarasi” tarixiy kitoblarini ham ruschadan o‘girib, o‘quvchilarga tuhfa etdi. Bu asarlarning ba’zilari 4-5 martadan qayta bosildi. Uning o‘zbek tilidan o‘girgan romanlari o‘zbeklar va turklarning bir-birlarini tanishlariga, adabiy va madaniy aloqalarimizning mustahkamlanishiga qanday xizmat qilsa, rus tilidan o‘girgan tarixiy kitoblari ham Turkiya va Rusiya o‘rtasidagi, bu mintaqada yashayotgan turkiy xalqlarning qardoshlik aloqalarida muhim ko‘prik bo‘lishi shubhasizdir. (Ora-orada u arab tilidan ham tarjima qilib turadi, A. Susaning “Tarixda arablar va yahudiylar”, Mas’udiyning “Oltin bo‘zqirlar” asarlarining tarjimalari buning dalilidir).

Shunchalar keng ko‘lamli tarjima ishi bilan band bo‘lgan Ahsan Botur o‘zbeklarning atoqli yozuvchisi Odil Yoqubov  ijodiga bir maktab deb qaragani uchun uning barcha asarlarini turkchaga tarjima qilishga va nashr etishga bel bog‘lagan. Hozirda u adibning qator qissalari va hikoyalari tarjimasini nihoyasiga yetkazdi va “Er boshiga ish tushsa” romani ustida ishni davom ettirmoqda. Biz bir muxlis sifatida unga muvaffaqiyat tilaymiz. Shundayin jahonshumul romanlar bitgan, o‘zbeklarni va O‘zbekistonni yuksak asarlari bilan dunyoga tanitayotgan ulug‘ inson, ustoz yozuvchimiz Odil Yoqubovni sakson yoshi bilan qutlaymiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi.