Byurokratik to‘siqlar deganda men asosan quyidagilarni nazarda tutmoqdaman: TV va radiolarni-ku qo‘yavering… Efirga chiqish maqsadida taklif etilsangiz yoki o‘z ixtiyoringiz bilan borsangiz, xizmat guvohnomangizning hech qanday amaliy ahamiyati yo‘q. Agar yoningizda pasportingiz bo‘lmasa, sizni hech kim kiritmaydi. Bunday holatlar respublika miqyosidagi, hatto ayrim tarmoq gazetalariga ham tegishlidir. To‘g‘ri, saqlanganni Yaratganning o‘zi saqlaydi deganlaridek, har nedan ogoh va hushyor bo‘lganimiz ma’qul, albatta. Shu bois ham u joylarda shunday ichki tartib o‘rnatilgandir, balki…
Xuddi bugungidek yodimda. Biz universitetda tahsil olgan talabalik yillarimizda domlalarimiz jurnalistika nazariyasiga oid ma’ruzalarida har gal, gazeta — bu xalq minbari, millionlar minbari. Shu bois, u joyga tashrif buyurgan qalamkashmi, muxlis yoki arizachimi farqi yo‘q, ular uchun muharririyat eshigi doimo ochiq bo‘lmog‘i kerak. Chunki undan barcha ham g‘oyaviy, ham ma’naviy ozuqa olishlari mumkin deb uqtirishardi.
Domlamizning bergan yuqoridagi o‘gitlari garchand bu sohada qabul qilingan muayyan qonun yoki qaror vazifasini o‘tamasa-da, uning gaplari mantiqan to‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki gazeta qaysi davlat va jamiyatga xizmat qilishidan qat’i nazar, uning manfaatini ifodalash bilan keng jamoatchilik fikrlari xilma-xilligini yoritgan holda hamisha xalqchil bo‘lib, hukumat bilan xalq o‘rtasidagi odil hakam va ayni chog‘da vositachi — ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi.
Yaqinda gazetalardan birida O‘zMU magistranti Nigora To‘xtamurodovaning “Ehtiyotkorlik qimmatga tushmasin” rukni ostida chop etilgan “… Kasb mas’uliyati” sarlavhali maqolasini o‘qib, unda ko‘tarilgan shu kunning dolzarb mavzusi birgina “Nuroniy” gazetasigagina emas, balki respublikamizda chop etilayotgan boshqa qator nufuzli gazetalarga ham tegishli deb o‘ylayman. Bunday deyishimizga birmuncha asoslar, kerak bo‘lsa daliliy isbotlar bor. Boshqa sohalardagi kabi qalam sohiblarining ham haq-huquqlarini muhofaza qiluvchi qonun va ichki me’yoriy-huquqiy hujjatlar borki, ular sirasiga “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni kiritish mumkin.
“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunda fikrlar xilma-xilligini yoritishga alohida e’tibor berilgan. Uning 3-moddasida: “Har kim ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir”, deyiladi. Qolaversa, hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurilayotgani munosabati bilan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va erkinlashtirilishini ta’minlash, faollashtirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida tsenzura bekor qilindi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, amalda turli byurokratik to‘siq va qator muammolarga duch kelinmoqda.
Byurokratik to‘siqlar deganda men asosan quyidagilarni nazarda tutmoqdaman: TV va radiolarni-ku qo‘yavering… Efirga chiqish maqsadida taklif etilsangiz yoki o‘z ixtiyoringiz bilan borsangiz, xizmat guvohnomangizning hech qanday amaliy ahamiyati yo‘q. Agar yoningizda pasportingiz bo‘lmasa, sizni hech kim kiritmaydi. Bunday holatlar respublika miqyosidagi, hatto ayrim tarmoq gazetalariga ham tegishlidir. To‘g‘ri, saqlanganni Yaratganning o‘zi saqlaydi deganlaridek, har nedan ogoh va hushyor bo‘lganimiz ma’qul, albatta. Shu bois ham u joylarda shunday ichki tartib o‘rnatilgandir, balki…
Lekin nima bo‘lganda ham, matbuot xalq, demakki, millionlar minbari ekanligini ham unutmasligimiz, tomoshabin, eshituvchi, gazetaxonu mushtariylarni bunday mo‘tabar dargohga kelib, u yoki bu yumushlari bilan murojaat etishlariga qulay shart-sharoitlar yaratib berilmog‘i maqsadga muvofiq degan fikrdamiz.
Inson zoti hamma narsaga ko‘nikma hosil qilarkan. Bunisiga ham ko‘nikdik, deylik. Lekin hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va iqtisodiy islohotlarni qay darajada amalga oshirilayotgani xususida gazetalarga xabar yoxud maqola, qo‘yingki turli janrlardagi qo‘lyozmalar bilan murojaat etsangiz, antiqa tartib o‘rnatilganini guvohi bo‘lasiz.
Odatda gazetaga kelgan xat-xabaru maqolalar birinchi navbatda xatlar bo‘limiga kelib tushadi va bo‘lim xodimlari tomonidan alohida ish yuritish daftarida qayd etilganidan so‘ng bosh muharrirga, u ta’til, xizmat safarida yoxud betob bo‘lib qolsa, bosh muharrir o‘rinbosariga kiritiladi. Bosh muharrir yoki uning o‘rinbosari kelgan xat-xabarni ko‘rib ularning mazmun-mundarijasiga qarab, imzosi qo‘yilgan holatda yana xatlar bo‘limiga qaytariladi va undan so‘ng tegishli ijroga chiqariladi.
Va ularning ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilar, birorta xat-xabar e’tibordan chetda qolmasdi. Agar kelgan xat-xabarlar bir xil yo‘nalishda yoki mazmunda bo‘lsa, shtatsiz muxbirlarni ranjitib qo‘ymaslik, faolligini so‘ndirmaslik uchun xatlarga sharh (obzor berilardi. Unda har bir maqola muallifining ismi va sharifi alohida ko‘rsatib o‘tilardi. Mabodo muharririyatga kelgan xat-xabar yoki maqola gazetada bosishga lozim topilmasa, uning kamchilik va nuqsonlari ko‘rsatilgani holda maqola muallifiga albatta javob xati yuborilardi. Shu boisdanmi, gazeta sahifalarida chop etilgan maqolalarning 60-70 foizi tashqaridan jalb etilgan shtatsiz muxbirlarniki bo‘lardi. Natijada kundalik davriy nashrlarda e’lon qilingan maqolalar mazmun-mohiyati, geografik o‘rni, texnik bezagi jihatidan rang-barang hamda o‘qimishli bo‘lar, shu bois matbaa tarqatuvchi do‘konlardan gazetxonu muxlislar keti uzilmasdi.
Hozir-chi? Hozir buning mutloq aksi desak ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Aksariyat gazeta sahifalarida chop etilayotgan maqola va xat-xabarlar (onda-sonda uchraydigan ba’zi “o‘gay” muxbirlarni joylardan yozgan shingil maqolalarini hisobga olmaganda) o‘sha gazetaning maxsus muxbirlariniki yoki chet el matbuotidan ko‘chirib olingan uzuq-yuluq rasmiy xabarlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Nazarimizda bunday gazetalar o‘sha yerda faoliyat yuritayotgan qalam sohiblarining monopoliyasiga aylanib qolgandek tuyuladi. Ayrimlari o‘zlarining turli xil ko‘ngilsizliklardan soqit qilish maqsadida “muallif nuqtai nazari tahririyatnikidan farq qilishi mumkin, maqolada keltirilgan faktlar uchun muallif javobgar”, degan ajabtovur izohni yozib qo‘yishgan. Ular bu bilan mas’uliyatdan qochib, gazetxonlar oldidagi burch va vazifalarini unutib qo‘yishganga o‘xshaydi.
Fikrim quruq bo‘lib qolmasligi uchun uni respublikamizdagi gazetalardan biriga “Chimyon” sihatgohi yonidagi qir-adirlardan yangi yer ochib, bog‘-rog‘ barpo etishga kirishgan mehnatkash inson haqida
“UMRBOQIYLIKKA DA’VAT” sarlavhali maqola berganim bilan izohlamoqchiman. Maqolaning taqdiri bo‘yicha uch-to‘rt marta telefonlashganimdan so‘ng gazetaga kirishga to‘g‘ri keldi. Maqolani mas’ul kotib xonasidan bir amallab topdik. Yo‘qotib yuborishmaganlariga shukrona aytib maqolaga ko‘z tashlasam, asl nusxasining uchdan biri ham qolmabdi. Boshqacha aytganda “eti menga, suyagi senga” deganlaridek, o‘quvchiga suyagi qolib, iligi olib tashlanibdi. Maqolani gazetaga topshirganimga olti oy o‘tayotgan bo‘lishiga qaramay, hanuzga qadar bosilmaganiga afsus qilib, yiqilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, yana boshqa bir maqolamni topshirib chiqdim. Bunisi qachon chiqadi bilmayman.
Boshqa bir gazetalarning tashkilot, korxona, xo‘jalik va muassasalar haqida ijobiy maqola hamda tabriklardan tushadigan moddiy manfaatdorlik ketidan quvayotgani oqibatida MILLIONLAR MINBARIDAN PUL MINBARIGA aylanib qolayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Boshqa kasb-kordagilardan farqli o‘laroq hamkasblarimning barcha bilib-bilmay qilgan xurmacha qiliqlarini tushinish mumkin, ammo ayrim gazeta xodimlarining joylarga borib yoritmoqchi bo‘lgan mavzusi bo‘yicha ashyoviy dalil to‘plash, reportaj va intervyular olishdan avval ta’magirlik qilish, hali yozib ulgurmagan maqolasi uchun “qalam uchi” olishga urinishlarini aslo kechira olmayman. Chunki ular mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda tinib-tinchimas, halol va pokiza mehnati bilan boshqa soha xodimlaridan tubdan ajralib turmog‘i lozim deb o‘ylayman.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.