Mutaxassislarning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda kurrai zaminda uch mingdan ortiq til bor. Tabiiyki, bu tillarning har biri muayyan bir qavm uchun e’zozli ona tilidir. Demak, ularning har biri o‘zining sobit sohibi, poydor posboniga ega. Zotan, o‘zini, o‘zligini qo‘rishni uddalay olmagan qavmning tili o‘zi bilan birga tarix qa’rida yo‘qlikka mahkum bo‘lganki, bu tillar endilikda «o‘lik tillar» nomini olgan.
O‘sha uch mingdan ortiq tilning biri bo‘lmish o‘zbek tili o‘zbekning ehtiromli va e’tiborli ona tili, mustaqillik sharofati bilan bugun yigirma olti millionli O‘zbekistonning o‘ktam va umriboqiy davlat tili sifatida rivoju ravnaq yo‘lini tutgani aniq.
Har qanday shaxsning, irqu e’tiqodi, zaminu zamonidan qat’i nazar, milliy-ruhiy mag‘zini ona tili tayin va ta’min etadi. Yurtboshimizning quyidagi so‘zlarini hamisha yodda tutmoq lozim: «Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi… Ona tili — bu millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrar».
Aytish joizki, ayni shu milliy-ruhiy mag‘z mutlaqo o‘ziga xos bir mohiyat bo‘lib, millatning tafakkur tarzini, «idrok ko‘zi»ni qat’i belgilab beradi. Dunyo faylasuflari tomonidan ming yillardan beri ta’kidlab kelinayotgan til va tafakkurning birligi to‘g‘risidagi qoidaning asl ma’nisi ham shu. Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan Vladimir Dalning otasi — daniyalik, onasi esa olmon ayoli bo‘lishgan. Uning mana bu e’tirofi diqqatga sazovor: «Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi… Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman». Haqiqat shuki, til millatning tamalini tayin etadigan, iligini sog‘lom saqlaydigan, asrlardan asrlarga to‘zg‘itmay olib o‘tadigan betakror qudratdir.
Shuning uchun ona tilidagi tafakkurning tarxi butun, huzuri uzoq bo‘lishini isbotlamoqning keragi yo‘q. Ona tilidagi tafakkurning tirikligi ajdodlar qonining, bobolar shonining bardavomligi uchun muntazam mas’uliyatning tirikligi, shu til egasi bo‘lmish qavmda shunchaki qorin qayg‘usi emas, balki millat, yurt, Vatan, birlik tuyg‘usining bikirligi bilan chambarchas bog‘liq ekanligi bor gap. Bu o‘rinda yana «ona» istilohining til bilan barobar Vatanga nisbatan ham qo‘llanishini esga olmoq mumkin. Slavyanshunoslar Qadimgi Rusda «yazыk» so‘zining xalq degan ma’nosi ham bo‘lganligini ta’kidlaydilar.
Frantsuz tili dunyodagi nufuzli tillardan biri, 250 million kishi shu tilda so‘zlashadi. Til sohasidagi tadqiqotlari bilan nom qozongan, YuNESKO, NATO, Yevropa hamkorligi komissiyasi maslahatchisi professor Andre Denzin frantsuz tilining kelajagi haqida qayg‘urar ekan, uni asrash, rivojlantirish, kamida ingliz tilidan keyin dunyoda ikkinchi til bo‘lishi uchun sa’y-harakat ko‘rsatish lozimligini aytadi. Frantsiyada ishlab chiqarilgan mahsulot, agar frantsuz tilidagi yorliq bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, mahsulot ishlab chiqaruvchi amaldagi qonunlarga ko‘ra javobgarlikka tortiladi.
Bugun mamlakatimizda Davlat tili haqidagi qonunimiz ishlayapti. Bu qonun ona tilimizning davlat tili sifatidagi rivoji bilan bog‘liq jarayonlarni to‘la-to‘kis belgilab bergan. To‘g‘ri, qonunning ijrosi, uning amaliyotga tatbiqida oqsoqliklar, sustkashliklar, e’tiborsizliklar mavjud. Tilning ravnaqini jamiyat ravnaqi, shu jamiyat a’zolarining milliy-madaniy darajasi, milliy-ruhiy muvozanatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zotan, milliy-madaniy daraja, milliy-ruhiy muvozanat, aqliy yuksalish ona tilisiz mumkin emas. Demakki, mazkur oqsoqliklarning yuzaga kelishida ayni jamiyat a’zolarining ham «hissasi» borki, buni ham e’tirof etmoq lozim.
Mustaqillik bois, dunyo bilan bo‘ylashmoq, yetti iqlimdagi fan va texnologiya ilg‘orlari bilan bo‘ylashmoq, peshqadam ilm qayerda bo‘lsa, o‘sha yerga borib o‘rganmoqday ulkan imkoniyatlar eshigi ochildi. Buning birlamchi vositasi, albatta, tildir, shuning uchun ham xorijiy tillarni jadal va tugal o‘rganish ehtiyoji tug‘ildi. Xorijiy tilni egallash juda ham yaxshi bir urfga kirdi, xorijiy tilni bilish jamiyatda obro‘li sifatga aylandi. Buyuk kelajak bo‘sag‘asida turgan O‘zbekiston uchun bu mutlaqo tabiiy va zaruriy holdir. Ammo Prezidentimiz kadrlar tayyorlashda xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyatini ta’kidlar ekan, shunday deb uqtirgandilar: «Shunga alohida urg‘u berishimiz zarurki, chet tillarni o‘rganish minba’d ona tilini esdan chiqarish hisobiga bo‘lmasligi lozim». Chunki ona tilini unutish hisobiga o‘rganilgan xorijiy til ona tilining o‘rnini bosib olishi muqarrarki, bunda milliy tafakkur va milliy idrok butunlay boshqa, begona tafakkur va begona idrokka aylanadi.
Ana shu favqulodda muhim jihatlar e’tiborga olinadigan bo‘lsa, xorijiy til ta’limi va ayniqsa, xorijiy tildagi ta’limda ona tiliga ayni xorijiy tildan zarracha kam bo‘lmagan ahamiyat berilmog‘i shart. Ingliz, frantsuz yoki boshqa chet tilini mukammal biladigan mutaxassis o‘zbekning birinchi tili, albatta, ona tili bo‘lishi lozim. Ko‘pincha, aksar yoshlar inglizcha yoki boshqa bir chet tilini bilishini katta imtiyoz hisoblashadi-yu, lekin ona tilini bilmasligi ulkan kulfat, favqulodda faqirlik ekanligini idrok etmaydi yoki tan olmaydi. Ingliz tilida bulbul bo‘lib sayraydigan, ammo ona tiliga nopisandlik bilan qaraydigan, o‘z ona tilini xuddi o‘zbekchani yangi o‘rgangan inglizday tatalaydigan o‘zbekdan milliy tuyg‘u izlash mantiqsiz bir harakatdir.
Shuni ham ta’kidlash zarurki, xorijiy tillarni mukammal egallayotganlar yurtimizning eng qobiliyatli, iste’dodli va zakiy farzandlaridir, shubhasiz, ular millatning sara gullaridir, ularning Xudo bergan bu salohiyatlarini muntazam rag‘batlantirish kerak. Bu — mutlaqo isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ayni zamonda, milliy o‘zlikning bemisl qudratga sohib ihotachisi bo‘lmish ona tili bilan yoshlarni muntazam va mukammal qurollantirmaslik ko‘lamli globallashuv jarayonlariga yuz tutgan bugungi dunyoda milliy fojia darvozalarini bilib-bilmasdan ochib qo‘yish bilan barobar. Milliy madaniyatdan begonalashuv, milliy madaniyatning mohiyatidan bebahralik va shuning natijasida yuzaga keladigan milliy qadriyatlarga nopisandlik ayni fojianing omillaridir.
Ona tilidagi sobitlik, ona tili ohanglariga sodiqlik har qanday boshqa milliy madaniyatning mag‘zini chaqa bilish, g‘ayri shuuriy bir tarzda bo‘lsa-da, uni anglash, unga hurmat-ehtirom bilan qarashday insoniy fazilatni barqaror qilishga ko‘mak berishi tabiiy. Masalan, ona tili frantsuz tili bo‘lgan parijlik yoki ingliz tilida so‘zlashuvchi londonlik va yoki nemis tilida fikrlovchi berlinlik betakror san’atkor Munojot Yo‘lchiyevaning sof o‘zbekcha til va tamoman milliy ohang uyg‘unligidan tug‘ilgan mumtoz qo‘shiqlarini huzur bilan tinglab, hayratlarini samimiy olqishlar bilan ifoda etganligini bu o‘rinda eslamoqning o‘zi kifoya.
Har bir kasb egasining o‘ziga xos ish quroli bor, bu qurol ishni bajarishni osonlashtirishga, qulaylashtirishga yordam beradi. Shuning uchun ishni tugatgandan keyin tadbirli odam ish qurolini tozalab, tartibga keltirib, avaylab chetga olib qo‘yadi. San’atkor ham xuddi shunday: dutor, tor yoki boshqa cholg‘u asbobini ehtiyotlab g‘ilofda asraydi, ovozining ham buzilmasligi uchun tegishli tadorigini hamisha ko‘rib yuradi. Ammo taassuflar bo‘lsinki, eng asosiy qurollardan biri bo‘lmish so‘zga esa aksar san’atkor benihoya sezgisiz, palapartish, nopisand munosabatda bo‘ladiki, bu ham bir urfga aylanib bormoqda.
Juda go‘zal va boy adabiyotimiz bor, mumtoz adabiyotimizda ham, bugungi istiqlol davri adabiyotimizda ham betakror she’riyatning dilbar namunalari, qo‘shiq deyiladigan sehrli dunyoga rang va ohang beradigan so‘z durdonalari mavjud. Ammo negadir san’atkor shunday ulkan zahiradan eng g‘arib, eng nochor, eng dovdir so‘z tizmalarini ataylab izlab topganday, agar ana shundaylarini topishga qiynalsa, boringki, topolmasa, unda uning o‘zi almoyi-jalmoyi, yuzsiz, tilini masxaralovchi talmovsirashdan iborat «she’riy namunalar»ni tizib qo‘ya qolayotganday tuyuladi. Tilga istaganicha zo‘rlik qiladi, tildagi so‘zlarning erku irodasiga tamomila zid ravishda bir-biri bilan qovushmaydigan so‘zlarni bo‘ynidan bog‘lab birlashtiradi, ma’no-mazmun, qoida degan tushunchalarni xayoliga ham keltirmaydi. So‘zlar bir-biriga mutlaqo qovushmaydi, ammo «san’atkor» hech bir uyalmay «bu mening ijodim», deb ham qo‘yadi. Bunday «san’atkor» ona tiliga otalikni da’vo qilganday bo‘ladi, ona tilining metinday mustahkam qoidalarini nazar-pisand qilmay, ularni o‘zining mantiqsiz izmiga solishda orlanmaydi.
Bunday nodurust holatlarga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Lekin aytish joizki, ular tanqiddan tuban bo‘lib, ayni tizmalarni tahlil etish qog‘ozni isrof qilishdan boshqaga yaramaydi. Bu haqda matbuotda bot-bot yozilmoqda, tanqid qilinmoqda, takliflar aytilmoqda, tegishli badiiy kengashlarga dashnomlar berilmoqda. Taassufki, jiddiy o‘zgarish ko‘zga tashlanayotgani yo‘q. Menimcha, badiiy kengashlaru notamom qo‘shiqlar matnini «filtrlovchi» yana boshqa muassasalar ham o‘z ishini mas’uliyat bilan ado etmog‘i lozim. Ammo muammoni bu bilan butunlay hal etish qiyin. Bu borada avvalo, qo‘shiqchining til tuyg‘usi, so‘z sezgisi, umuman, milliy madaniyatini muntazam tarbiyalab bormoq birlamchi masalaga aylanmog‘i zarur. San’at bilan bog‘liq o‘quv yurtlarining barchasida ona tili va adabiyot ta’limi sifatiga e’tibor va mas’uliyat keskin oshirilishi bugungi kunning qat’i talabidir. San’atkorning aqliy-ruhiy dunyosida ona tili sezgisi kuchli bo‘lmas ekan, milliy idrok, milliy shuuri muntazamlashmas ekan, har qanday taqiq jiddiy samara berishi mahol.
Kirill-o‘zbek yozuvidagi imlo qoidalarini mensimaslik, uni istagancha o‘zgartirishni ham ona tili qoidalariga otalik da’vosi, deyish mumkin. O‘zbek tilidagi «militsiya» so‘zini «melisa», «tsirk» so‘zini «sirk» tarzida va yana qanchadan-qancha so‘zlarni xohlagancha o‘zgartirib yozish to‘g‘ri emas. Biz lotin-o‘zbek alifbosiga o‘ta boshlagan bo‘lsak ham, kirill-o‘zbek alifbosidagi imlo qoidalarini hech bir davlat muassasasi bekor qilgani yo‘q, bu imlo qoidalariga amal qilish o‘z vaqtida tasdiqlangan rasmiy hujjatga ko‘ra barcha uchun majburiy. Yangi lotin-o‘zbek alifbosining imlo qoidalari butunlay boshqa, uni kirill-o‘zbek yozuviga ko‘chirish to‘g‘ri bo‘lmaydi, bunday qilinganda juda ko‘p chalkashliklar kelib chiqadi.
Tilning asl egasi — xalq. Til dahosi shu qadar buyuk va qudratliki, uning rivojida qat’i qonuniyat bor, uni hech kim buza olmaydi. Tilshunos undagi mavjud qonuniyatlarni ochishi, temir qoidalarining mag‘zini xolis chaqib berishi mumkin, xolos. Biroq yangi qonuniyatlar yaratib, uni tilga «edira olmaydi». Til nimani tan olish, nimani olmaslikni o‘zi hal etadi. Ma’lumki, 90-yillarning boshida «tayyora», «tayyoragoh», «ilmgoh», «hujjat-asrovxona» kabi qanchadan-qancha so‘zlar sun’iy bir tarzda yasaldi va tilga tiqishtirildi, ammo til dahosi ularni aslo qabul qilmadi. Ona tiliga o‘rinsiz otalikni da’vo qilib bo‘lmaydi. Ona tilini boshqa tillarning tazyiqidan asramoq, qo‘rimoq zarur.
Betakror ona tilimiz — o‘zbek tilining teran mantig‘i milliy tafakkurimiz tarozisining asl toshi o‘laroq asrlardan asrlarga salomat o‘tib bormog‘i uchun har bir o‘zbekistonlik mas’uldir. Ona tilimizning poydorligi Vatanimiz poydorligining tamali ekanligini hech kimning unutishga haqqi yo‘q.
Nizomiddin Mahmudov,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 3-sonidan olindi.