Keyingi yillarda Vatanimizda tabiatni tiklash, atrof-muhit muhofazasini yuksak darajaga ko‘tarish maqsadida aniq ishlar ro‘yobga chiqarilmoqda. Shulardan biri mustakilligimizning dastlabki kunlarida tashkil etilgan O‘gam-Chotqol Davlat tabiat milliy bog‘i bo‘ldi.
To‘g‘ri, dastlab bu dargohning ishi unchalik qovushmadi. Tabiatni muhofaza qilish bahonasida uzoq muddat o‘z bilganlaricha mustaqil ish olib borgan, aslida esa tayinli biror natijaga erishmagan qator tashkilotlar milliy bog‘ faoliyatiga faqat to‘siq bo‘lib keldilar. Keyinroq bu to‘siqlar bartaraf etildi. Avval rahbarlari tez-tez almashib turgan milliy bog‘da nihoyat tabiatning chin fidoyilaridan bo‘lmish Abdukarim Abdujamilov rahbar bo‘lib kelgach, dastlabki ishni jamoaga haqiqiy fidoyilarni jalb etish va intizomini mustahkamlashdan boshladi. Eng avvalo, talabchanlikni birinchi navbatda u o‘ziga qo‘ydi. Boshliq shaxsiy namuna ko‘rsatgach, boshqalarning unga ergashishlari shart, albatta…
Xullas, yil sayin navqironlashib borayotgan Vatanimiz sarhadlarida fidoyi insonlarning ibratomuz faoliyatlari evaziga ona tabiat yosharib, uning jarohatlariga malham qo‘yilmoqda. Ammo, yuqorida aytganimizdek, baribir, bu sohada qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilinmas ekan, ko‘ngildagidek natijalarga erishib bo‘lmaydi. Axir jonivorlar, qushlar chegara degan tushunchaga ega emas, xohlagan joyiga uchib, o‘tib ketaveradi. Daryolardagi jonzotlar ham xuddi shunday. Ular uchun barcha davlatlarda bexatar hududlar kerak.
Xuddi shu maqsadda qo‘shni uch davlat orasida o‘zaro hamkorlikning dastlabki qadamlari qo‘yilmoqda. 1998 yil mart oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari tomonidan imzolangan bitim ona tabiatga nisbatan astoydil mehrning amaliy natijasi bo‘ldi. Unga ko‘ra, g‘arbiy Tyan-Shan tog‘laridagi ko‘rkam tabiat boyliklarini asrab-avaylashni yuksak darajaga ko‘tarish maqsadida barcha kuchlarni birlashtirishga kelishildi. Endilikda O‘zbekistonning O‘gam-Chotqol Davlat tabiat milliy bog‘i, Qirg‘izistonning Besh-Orol va Qozog‘istonning Oksu-Jabag‘li qo‘riqxonalarida atrof-muhit muhofazasi sohasida o‘zaro hamkorlikda ish olib bormoqdalar. 2003 yil mart oyida Almati shahrida tashkil etilgan seminar qatnashchilari g‘arbiy Tyan-Shanning bepoyon hududlarida – yaxlit bitta milliy bog‘ tashkil etish taklifini kun tartibiga qo‘ydilar. Aynan shu masalaga yanada oydinlik kiritish, quruq gaplardan amaliy ishga o‘tish niyatida Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq tumanining tog‘ yonbag‘rida joylashgan Chorvoq qo‘rg‘onida uch davlat mutaxassislari ishtirokida yaqinda maxsus yig‘in-trening o‘tkazildi. Bu yig‘inda amaliy ishlarga zudlik bilan kirishish zarurligi qayta-qayta ta’kidlandi. Shunday takliflarning amaliy isboti sifatida uch davlat tarkibida tuzilishi lozim bo‘lgan maxsus milliy bog‘ga munosib nom tanlash va uning kelgusidagi faoliyatini lo‘nda, qisqa hamda mazmunli tarzda ifoda etish yuzasidan katta ko‘rik-tanlov e’lon qilindi.
Chorvoq qo‘rg‘onida o‘tkazilgan uch davlat vakillari kengashidan qaytayotganimizda qorong‘i tusha boshlagan edi. Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘i bo‘ylab g‘izillab borayotgan mashina O‘gam-Chotqol milliy bog‘i nozirlarining boshlig‘i Abdurahmon G‘oyibov imosiga binoan to‘xtadi.
– Anovi miltiqli noinsoflarni ko‘ryapsizmi?! – dedi u keskin qiyofaga kirib. – Qushlar ayni bolalaydigan paytda ov qilib yurishibdi-ya! Orqaga bur mashinani, tog‘ tomondan borib to‘samiz. Barcha ehtiyot choralarini ko‘ringlar, ertaga idorada ushbu holatni muhokamaga qo‘yamiz…
Ushbu voqea ham tabiat himoyachilarining amaliy ishga o‘tganlariga bir dalil, albatta.
“Xalq so‘zi” gazetasi,
2003 yil 17 iyul soni.