Asqar Mahkam. Tavajjuh

Asqar Mahkam. Tavajjuh: She’riy qissa. — Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 1993

Bismillahir rohmanir rohiym.
…Arab sahrolarining qora-qo‘ng‘ir toshlariga bod chalgan oyog‘imni bosib, tavallo qildim: Ey Bor Xudo, bir xor yurtdan kelgan xokistar bandaman, xorliklar basdir, bizni ham aziz qil! Ey Bor Xudo, avliyolar va valiyullohlarning xoru-zor mozorlaridan kelgan bir xirqapo‘shman, avliyoullohlaring hurmati mozorlarimizni aziz qil! Ey Bor Xudo, sening dargohingda birgina mazlum bo‘lsa, ul-da bizmiz; birgina xor bo‘lsa, ul-da bizmiz; birgina aziyatpesha bo‘lsa, ul-da bizmiz; birgina xoksor bo‘lsa, ul-da bizmiz; bir-da johil bo‘lsa, ul-da bizmiz… Ey Bor Xudo, bizni ham solih va komil bandalaringdan qil! Ey Bor Xudo, bizni ham Odam qil!…
Men Tangri uyiga tavajjuh aylab takror va takror tiladim: Ey Bor Xudo, bizga rahm qil!…
Oxiratobod yurtning marqadu mozorlarida, janobi sarvari olam, ul zotning chahoryorlari ravzalari qoshida duo qildim: Ey Bor Xudo, bizga Dinimiz va Vatanimizni qaytarib ber!..
Muallif