Syotetsu

* * *

To tongacha tinmayin
Yog‘ib chiqar tun bo‘yi,
Necha-necha ajdodlar
Ruhlarini shod aylab
Ko‘hna qishloqqa yomg‘ir.

* * *

Uzoqlardan kelayotgan
Chirildoqlar tovushi
Tobora so‘nib borar,
Qilt etmas, novdalarning
Soyasida mizg‘ir yoz.

* * *

Qarib qoldim butunlay,
Qahraton qora tunda.
O‘lim muqarrar, meni
Olov tagiga ko‘ming
Cho‘g‘lari mo‘l-ko‘l bo‘lgan.

* * *

Muzlab qolar birpasda,
Hatto qish qirovi ham.
Qasirlagan sas kelar,
Oy nurlari to‘shalgan
Zamharir qish kechasi.

* * *

Boshpanam bormi yoki
Yo‘qmi, endi butunlay
Hech ham tashvish qilmayman
Oqshom chog‘i qo‘nalg‘am,
Bahorgi o‘rgimchak to‘r.

Ruschadan Jabbor Eshonqul tarjimasi