Ryokan Taygu (良寛大愚) (1758—1831) — yapon yozuvchisi, shoir, faylasuf, xattot.
* * *
Hech bir fikr
Qolmaganida
O‘rmonga qochaman
Va qaytaman xaltamni
Cho‘pon gulga to‘ldirib.
* * *
Tarki dunyo qilib gar
Baland tog‘da yashasang,
Ko‘kdagi to‘lin oyu
Gullar va kuz yaprog‘i
Qadrdon do‘stdek bo‘lar.
* * *
Ba’zan jimgina o‘tirib,
Xazonlar shivirin tinglayman.
Rostdan ham rohib hayoti
Osuda, dunyo tashvishidan xoli.
Unda, nechun yig‘layapman, men?
* * *
Oqshom chog‘i
Kulbamga kel.
Chirildoqlar qo‘shiq kuylab beradi.
Men esa, seni o‘rmon bilan
Tanishtiraman,
Oydin tunda.
* * *
Ertangi kun, albatta,
Ko‘klam tonggi bo‘lajak.
Yurak gupillab urar.
Ko‘zga uyqu kelmaydi,
Ertaga kelar bahor.
Ruschadan Jabbor Eshonqul tarjimasi
* * *
Bedana sayraydi
Yonib…
Xuddi, to‘rqovoqqa tushmagan kabi.
Rus tilidan Abdu Nabi tarjimasi