Ovsey Ovseevich Driz (שיקע דריז — Shike Driz; 16 [29] may 1908, Krasnoye qishlog‘i, Podolsk guberniyasi — 27 fevral 1971, Moskva) — yahudiy shoiri, idish tilida ijod qilgan.
KIM NIMAGA BOG‘LANGAN?
It zanjirga bog‘langan,
Tulpor esa arqonga.
Chelak quduq boshida,
Mol – pichanga har holda.
Oy osmonga osilgan,
Qo‘riqchidir yulduzlar.
Quyosh yerga parvona,
Nurafshondir kunduzlar.
Odamlar-chi, azaldan
Yaxshilikka chog‘langan.
Shuning uchun hamisha,
Bir-biriga bog‘langan.
KUTILMAGAN VOQEA
– Sababin ayt, hoy, Burga,
Bu qadar nega shodsan?
– Ayiqning po‘stinida,
Gazeta o‘qiyotsam,
Menga miltiq o‘qtalgan,
Ovchiga ko‘zim tushdi.
Bunday dahshatli holni,
Ko‘rmagan yetti pushtim.
Nishonga olib shu payt,
Tepkini bosdi: var-rang!..
Eh, xayriyat to‘satdan
Ayiqqa tegdi, qarang…
TANISh REKLAMA
Bir binoga osilgan
Tanish yozuv – plakat.
“Tozalanar shu yerda
Usti-bosh, qalpoq, xalat”.
Hatto po‘stin, korjoma,
Kirdan xoli, soz bo‘lar.
Har qanday uy bekasin
Mashaqqati oz bo‘lar.
Ko‘plar ushbu binoni
Yoddan bilar, taniydi.
Eh, shu joyda vijdon ham
Tozalansa qaniydi…
OLTIN BOShMOQ
(Ertak)
Juda qadim zamonda,
Quddus degan tomonda
Ertakka arzigulik,
Shunday ish bo‘lgan ekan.
Bobomlarning bobolari,
Buni o‘zi ko‘rgan ekan.
Daniyada, Ispaniyada,
Davlatni qirollar boshqarar.
Belgiyada, Italiyada,
Qirolga bosh egar boshqalar.
Agar Qirol tadbirkor bo‘lsa,
Davlat-u mehnatkash boyigan.
Xelom shahrida teskari,
Barchasi kambag‘al – koyigan.
Shu sababdan Qirol bo‘lmagan
Kamina tug‘ilgan tomonda
Nomzodlar-ku sira ko‘nmagan,
O‘sha qattol, nochor zamonda.
To‘planishdi yetti donishmand,
Manzillari ayvon-yo‘lakcha.
Qirol saylash zarur, shart ekan,
Bu masala muhim bo‘lakcha.
Bir to‘xtamga kelishib oxir,
So‘ng qarorni bayon aylashdi.
Takasaltang Noxemni ajab,
El oldida Qirol saylashdi.
Yangi Qirol odatga ko‘ra,
Bekorchi-da, yurt kezar daydib.
Oq echki-yu, xo‘rozga so‘zlar:
– Men Qirolman! Ular bilmaydi.
Bunday damlar, yurtdosh odamlar,
Tomosha deb yurishmas chopib.
– Qirol emish, shu yalangoyoq,
Mazax qilib, kulishar qotib.
Podshohlar o‘zga ellarda,
Xalqi uchun kuyar emishlar.
Rimda esa Qirollar faqat,
Tillo chuvak kiyar emishlar.
Maslahatni bir joyga qo‘ydi,
Donishmandlar o‘ylab oldindan.
Boshmoq tikib bermoq bo‘ldilar
O‘kchi baland qilib oltindan.
Yalangoyoq bo‘lgani uchun,
Homiylarin Xelom iydirdi.
Donishmandlar tantana bilan,
Unga oltin boshmoq kiydirdi.
Fuqarolar ahvolin so‘rab,
Suhbatlarga suhbat ulandi.
Qing‘ir-qiyshiq tor ko‘chalarda
Oltin boshmoq loyga bulandi.
Daryodan to bozorga qadar,
Erinmasdan kezdi bechora.
O‘z Qirolin tanimaydi el
Axir, yo‘q-da, so‘takka chora.
Donishmandlar qayta to‘planib:
– Oltin boshmoq loy bo‘lmasin deb
Rezinali g‘ilof kalishda,
Yurmog‘ini ko‘rishdilar ep.
Xelom yana shahar aylangach,
Tortishuvlar avjiga mindi.
– Hazrat oltin boshmoqda emas,
Kalish kiyib sayr etar endi.
El og‘ziga elak tutsang ham,
O‘zing bilan, o‘zga mustasno.
Mazax qilar, g‘iybat avjida:
– Qirolga bu yarashmas aslo!
– Kalishining atrofin teshsin!
Zo‘r maslahat berishdi ular.
– Ha, o‘shanda oltin boshmog‘i
Qayg‘a borsa, yarqirab turar.
Xelom esa teshiklar ochdi,
Kalishining orti, yonidan.
Suvlar silqib, pataklar ivib,
O‘tsa hamki sovuq jonidan.
Har kun tongda ko‘chaga chiqib,
Sayri bog‘ni qo‘ymas, tasqara.
Guzardagi keksa-yoshlarga,
Bu gal yana bo‘ldi masxara.
Quyma kalish tashvishi ortib,
Boshi qotib turganda Xelom.
– Teshigiga somon tiqsin, deb
Zo‘r maslahat berishdi shu on.
G‘ilof kalish teshiklariga,
Ehtiyotlab somon joylandi.
Choyni ichib Qirol tushmagur,
Bozor kezdi, ko‘cha aylandi.
Tekin tomoshaning shavqida,
Chopib borar, ana olomon.
Soxta Qirol turqini ko‘rib,
Men ham yoqa ushlab qolaman.
Ko‘cha tirband, yoshu yalanglar,
Bir-birini turtib, yo‘langan.
Devorlarda g‘aroyib shior,
Derazalar gul-la o‘ralgan.
Qirol Xelom hurmati uchun,
Ona tovuq uchar, erkalar.
Xo‘roz karnay chalar baralla,
Sakrar uloq, echki, serkalar.
Rus tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi
QO‘NG‘IROQChA
Bo‘ydor buqa bo‘ynida
Jiringlar quvnoq,
Bir maromda tebranar
Jajji qo‘ng‘iroq.
Degan kabi maqtanib:
“Meni ko‘ringlar!”
Bo‘ydor buqa bo‘ynida
Xushnud jiringlar:
– Jing-jing, jing-jing,
Jing-jiring,
Menga qaranglar, –
Deya o‘ynab, siltanib
Tinmay jaranglar.
– Chiqqan edim bozorga
Kecha yumushga.
Almashmoqchi bo‘lishdi
Bir qop kumushga!
Qo‘ng‘iroqcha jiringlar,
Baxtidan rozi,
Aslida boshqacharoq
Toshu tarozi.
Maqtasa-da garchand u
O‘zini nuqul,
Bo‘ydor buqa bo‘lmasa,
Barisi bir pul!
Nima, qayerda?
Daraxtlar ildizi
Tuproqda pinhon.
Uchqunlar otashi
Kul ichra ayon.
Mevalar mag‘zida
Eman bayoti,
Tuxumda berkingan
Bir qush hayoti.
Sadafda dur nihon,
Anhorda baliq.
Faqat bir nodonlik
Ko‘rinar aniq!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci