Buy Sim Sim (1969)

Buy Sim Sim zamonaviy Vetnam shoiralaridan biri. Xanoy davlat universitetini tamomlagan. Bir qancha xalqaro va milliy mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Hozirda poytaxt Xanoyda yashab ijod qiladi. Shoiraning kitoblari mamlakatda eng ko‘p sevib o‘qiladigan asarlardan hisoblanadi.

ANNAGA ATALGAN HISLAR

Anna Karenina!
Ehtimol, poyezdda turar eding sen,
Muhabbat yetib kelgan samodan yerga?
Anna Karenina,
Sog‘inmayman senday sevishni,
Qiynalishni qayta va qayta.

Tirik qolishingni istadim juda,
Qiynoq zarur bo‘lsa,
girdobga uchaman
boshim bilan men.
O! Nozikkina Annam!
Sen bilan bormasdim birinchilardan,
Bu dunyoda tirik qolmog‘ing uchun,
O‘chmagan, o‘tmagan,
Qo‘rqinchli olovni izlamoq uchun
Dovdir va qaynoq – muhabbat,
Quyosh nurlaridan taftliroq.
Faqat sokin emas, faqat nooddiy,
Yo Tangrim!
Sovqotma, sevgilim!
Men yonib, qovjirayapman!
Anna axtargandi xuddi shu kabi
Bir lahza bo‘lsa-da to‘yib ichmoqni
Men shu taxlit duo qilaman!
Ko‘zin yumsin shunchaki hislar
Uchqunlarsiz, alangalarsiz.
Anna kabi seni qayta-qayta izlashdan
Toliqmasam hech.
Abadiy tuyg‘u bu, abadiy xarxasha emas
Taqdir bu – meniki
Chorlar yarqiroq his: muhabbat.

UNUT VA ESLA

Sevish uchun eslash yetarli emas,
Begonalik uchun unutish shartmas.
Ikki yo‘l oralab izsiz izlayman seni,
Bir tomon engashib, qo‘yib yuboraman boshqa birini.

Oqshom mavjlanadi ko‘kda yulduzlar,
Eshitilar shamolning nafis shiviri.
Maysalar ko‘zlarin mayin yumishgan,
Malaklar tushishar, ilg‘amas ko‘kdan

Yuraklar limmo-lim muhabbat bilan
To‘lqinlar shovuri – xotiralarim,
To‘rtta jaranglagan qatlam oralab
Ismim aytib chorlasang yuragim toshar.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi