Shandor Petyofi (Petőfi Sándor) venger xalqining iftixori va milliy she’riyati asoschisi hisoblanadi. Venger adabiyotshunoslari shoirning adabiyotda tutgan o‘rnini Pushkin va Shevchenko bilan tenglashtirishsa, asarlarining g‘oyasini Beranje, Geyne ijodi, ijtimoiy qirralarini Nekrasov she’riyati bilan yonma-yon qo‘yishadi.
Shandor Petyofi 1823 yil 1 yanvarda tavallud topgan. Ilk she’rlar to‘plami 1844 yili dunyo yuzini ko‘rdi. Petyofi shakl va mazmun jihatidan venger she’riyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Ona vatani ozodligi haqida baralla kuylagan yosh shoir Avstriya imperiyasi istibdodiga qarshi olib borilgan 1848–1849 yillardagi jangovar kurash yo‘lboshchilaridan biri sifatida tanildi va yigirma olti yoshida milliy inqilobni bostirishda qatnashgan rus kazaklari bilan bilan kechgan tengsiz jangda qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shoirning “Qishloq bolg‘asi” (1844), “Pahlavon Yanosh” (1844), “Shamollar” (1845–1846), “Pishta Silay” (1846), “Shalgo” (1846), “Havoriy” (1848) to‘plamlari hamon qo‘lma-qo‘l o‘qiladi.
«Yanosh botir» (1965) dostoni,«Tanlangan asarlari» (1973) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
HASRAT
G‘am-hasrat — kattakon bir dengiz,
Quvonch-chi, undagi javohir.
Shuni ham, shuni ham, ming afsus —
Topguncha qilamiz qaro yer.
NIMA YeGANSAN TUPROQ?
Nima yegansan tuproq? —
Bir lahza bo‘lgin sirdosh.
Namuncha qon ichasan,
Ichasan muncha ko‘zyosh?..
Ruschadan Ma’ruf Jalil tarjimasi
OTASh
Istamayman majnuntol kabi
Botqoqlikda chirishni mutloq.
Qani endi, chinor bo‘lsamu
Kuydirsa ham roziman chaqmoq.
Men o‘t bo‘lsam, suv quchog‘ida
Ola bersin baqalar rohat.
Yuksaklikka qilolmay parvoz
Vaqirlashsa yaralgan faqat.
Otash, qalbim tug‘yoni sensan!
Onlar bo‘ldi ba’zan muzladim.
Qaqshatsa ham sovuq qalbimda –
Bir alanga doim gurladi.
Mening qaynoq ehtirosimga
Sen ham yonib javob ber, ey qiz!
Menga sovuq purkar ekansan
Ko‘zlarimdan yo‘qol o‘sha kez.
Mayxonaga may qo‘y! Mayingga
Zarracha suv qo‘shsang, ey shayton.
May kosangni otmay yuzingga
Erga otib qilaman yakson.
Yashash uchun o‘tli hislaru
Sharob kayfi hamisha darkor.
Unutibman bir narsani men –
Yashab bo‘lmas qo‘shiqsiz zinhor!
Kuylang, o‘tli qo‘shiqlarin siz!
Qo‘shig‘ingiz qalbga o‘t solsin.
Kuyib-yonib aytmagan ko‘ngil
Qo‘shiqlari bo‘g‘zida qolsin!
Istamayman – majnuntol kabi
Botqoqlikda chirishni mutloq.
Men istayman chinor bo‘lmoqni
Kuydirsa ham roziman chaqmoq.
Shukrullo tarjimasi
* * *
Nur bag‘ishlab , rangsiz umrimga
Yana keldi kuz bilan afsun.
Bu faslga oshnoman nega? –
Mudom undan izlayman mazmun.
Tikilaman olis ufq sari;
Qiyama tog‘ chimzorlar aro
O‘tiraman tinglab, xazonning
Shitirlashi qalbimga oro.
Zamin uzra quyosh jilmayar,
Charaqlaydi sokin nur elab,
Ona kabi asta tebratar,
Farzandini beshikka belab.
Borliq zamin mudraydi asta,
Bu o‘limmas – uyqudir faqat.
Yo‘q, u pari o‘z xobgohida
Hali tirik, uxlaydi bevaqt.
Yoyibdi u yon -atrofiga,
Egnidagi ko‘rkam libosin,
Va nogahon cho‘chib qolsa gar,
Kiyib olar hayo qabosin.
Uxla, xushro‘y, tanti tabiat,
Uxla, bahor kuni kelguncha.
Hali kelar nurafshon kunlar,
Shirin tushlar ko‘rgin ungacha.
Titroq barmoq uchlari bilan
Ushlamoqchi bo‘laman uni.
Sokin shivir taralar birdan,
Tushlariga chorlar u meni.
O‘tir, do‘stim, men-la salqinda,
Sukut saqla , gapirma, tin ol.
Tovush so‘nar suvning sathida,
Shivirlaydi birgina shamol.
Agar dillar bo‘sa istasa,
Sal tegsa-da lablariga lab,
Uyg‘otmasin shu onda bo‘sa
Orom olsin farishtam uxlab.
ERKAKMISAN, ERKAK BO‘L!..
Erkakmisan, erkak bo‘l,
Minba’d bo‘lma – qo‘g‘irchoq,
Taqdiringni kimlardir
Qilmasinlar o‘yinchoq!
Jasurlarni qo‘rqitmas
It hurgandek taqdirlar, –
Demak, sen taslim bo‘lma,
Darhol unga peshvoz chiq!
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Erkni sevgin , so‘znimas.
Gapga chechan bo‘lish-chi
Erkakka loyiq ishmas!
Emir, sindir, bo‘l dadil,
Tor-mor qil yovlaringni,
Ko‘kragingni tut adl,
Ishga sol dovlaringni!
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Haqiqatga bo‘l qalqon,
Sen haqsan va bo‘l tayyor,
Arzir u deb to‘ksang qon!
Yaxshisi, sen yuz bora
Shirin joningdan kechgil,
Baxtsiz bechora bo‘lib
Yashashni sen or bilgil?
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Erkak emas o‘z g‘amin yeb,
Dunyo va boylikni deb
O‘z erkini berganlar!
Razildir manfaat-chun
Ona yurtin sotganlar!
“Faqirman, lek ozodman!” –
Bo‘lsin sening shioring.
Erkakmisan, erkak bo‘l!
Jasur bo‘l jangda , inon.
Na taqdir, na odamlar
Senga yetkazmas ziyon!
Bamisli azim eman –
Dovullarda mag‘rur bo‘l,
Qismating zabun kelsa
Qaddingni tik tutib o‘l!
MUHABBAT VA ERK
Muhabbat va erk –
Menga shuning o‘zi yetadi!
Jonni fido qilib
Ishqni toparman,
Va erk uchun uni yana
Qurbon qilarman!
AGAR QIZLAR SEVMASALAR
Agar qizlar sevmasalar,
Ich, og‘ayni,
Tushlaringda band etursan
Sen barchani.
Pul bo‘lmasa cho‘ntagingda,
Ich, og‘ayni,
Va uxlasang ko‘rmabdilar
Sendek boyni.
Agar boshga kulfat tushsa,
May ich, og‘a,
Va tutundek tarqaladi
Boshdan g‘alva.
Barchasidan ayrildim, lek –
Dard-la to‘qman,
Achchiq dardlar amr etadi:
Ichmay bo‘pman!
VENGRIYa
Senga, mening aziz yurtim,
Ega bo‘lish buyurmagan:
Yo tepadan boshlanar zax,
Kuyib borar yo ostidan.
Mo‘l-ko‘l yashar baxtlilari
Bo‘ksa-da, hech tiymas nafsin,
Bu vaqt esa faqirlari
Non topolmay o‘lar ochdan!
QAYG‘U
Qayg‘u – bu ulkan dengiz,
Shodlik – unda marvarid.
Dur topilguncha, abas!
G‘avvos misol kezamiz.
SEN NIMA YeB QO‘YDING, ZAMIN?
Sen nima yeb qo‘yding, zamin, javob ber savolimga, bebosh,
Nega buncha qon ichasan va yana shuncha ichasan ko‘z yosh?
Ruschadan Davron Rajab tarjimasi
JANGOVAR QO‘ShIQ
Uvillar karnay,
Guvillar dovul!
Olg‘a bos, askar!
Olg‘a, yasovul!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Ulib uchar o‘q,
Yarqirar qilich,
Botir bo‘l, askar,
Yov qonini ich!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Qo‘lingda yalov,
Hilpirar bayroq,
Bayroqni ko‘tar,
Dushmanga tik boq!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Bayroqda yashnar
“Ozodlik” so‘zi.
Havas-la boqar
Dunyoning ko‘zi!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Mojorlar asli
Bo‘ladi botir,
Botir qondoshim
Engishga qodir!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Olg‘a bos, mojor!
Yorlaqar Xudo,
G‘alaba uchun
Jonni qil fido!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Oh, qip-qizil qon
Maysalar usti!
Oh, o‘qqa uchdi
Jangovar do‘sting!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Halok bo‘ldi-ya
Botir navqiron!
O‘limdan qo‘rqma!
O‘t och o‘qbo‘ron!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Jang maydon uzra
Tortamiz na’ra!
Bizning qo‘shinlar
Chekinmas sira!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Kim qolar omon?
Jang borar yomon!
Biroq o‘lmaydi
Vatan onajon!
Ur-hooo, mojor!
Ur-hooo!
Ur-hooo, navkar,
Ur-hooo!
LIRA VA QILICh
Qora bulutlar bosdi
Yurtim osmonin nogoh.
Dovul boshlanar emish,
Turibman hushyor, ogoh.
Nihoyatda charchagan,
Sukutni istar liram.
Hadeb kuylayverishdan
Zerikkan torlari ham.
Chetda qolgan qilichim
O‘pkalab der shu zahot:
“Qiyomat kunigacha
Qindan chiqmasam, nahot?!”
TAShLAB KETILGAN BAYROQ
Tahqirlangan, xo‘rlangan
Bu bayroq. Tilka-pora,
Cho‘lda ochilgan guldek –
Yolg‘iz qolgan bechora.
Cho‘lda dahshatli dovul
Chang solar hayotiga.
Xudo so‘zi yozilgan
Bayroqning qanotiga.
Kamayar jangovar saf…
Yov o‘qi tutdek to‘kar.
Bayroqni tashlab qochgan
Askar yovga tiz cho‘kar…
Bizga bunday qo‘rqoqlar
Kerakmas, qochib ketsin.
Qaldirg‘ochlardek issiq
Yurtlarga uchib ketsin.
Burgutlarning vatani
Cho‘qqilar, baland osmon.
Burgutlar yurtdan qochmas,
Vatanga sodiq posbon.
Bu bayroqda qanday sir,
Qanday kuchli qudrat bor!
Bayroqqa qancha botir
Jonini qildi nisor.
Aziz bayroq turgan joy
Xudoning mehrobidir –
Jon fido qilganlarning
Muqaddas turobidir.
Mayli, qo‘rqoq sotqinlar
Tashlab ketsin mehrobni.
Biroq jonim chiqquncha
Qo‘riqlayman turobni.
BEShINChI AVGUST
Ajab bo‘ldi, ajab bo‘ldi!
Uzuk taqdim, uzuk taqdim,
Sevar yorim, dudog‘ingga
Bodom chaqdim, bodom chaqdim.
G‘uncha labdan, g‘uncha labdan
Gulob ichdim, gulob ichdim –
Bo‘sangdan mast bo‘lib, jonim,
Beling quchdim, beling quchdim.
O‘pich bergin, birov ko‘rmas,
Kel-ey, jon-e, kel-ey, jon-e:
Nikoh bo‘lgach o‘pich olmoq
Emas mone, emas mone.
Dudog‘ing ber, yanog‘ing ber,
Peshonangga labim tiygay –
Yonog‘idan kun o‘pganda
Samo kuygay, samo kuygay.
Mastman. Mayin qo‘ling tutsin,
Yiqilgayman, boshim yo‘qdir.
Bo‘sami bu, bo‘zami bu…
Bilolmayman, hushim yo‘qdir.
Ilohlar cho‘ng Olimp tog‘da
Faqat no‘shi sharob qilgay.
Ilohmasman, menam banda,
Sharobing xor-xarob qilgay.
Samolarga ko‘targaydir,
Bu qanday kayf, bu qanday kayf!
Eru osmon abas bo‘lgay,
Xayolim xayf, xayolim xayf.
Izimdan bir gala daydi,
Olaqanot bulut yelgay.
Yulduz – bulbul, bulbul – yulduz,
Samodan avj navo kelgay.
Qanday navo! Bolday navo!
Menga osmonda o‘t yoqqay –
Lak-lak yashin, lak-lak chaqmoq
Atrofimda qanot qoqqay.
Shoshma, yurak deyman! Yurak!
Yurak ahvoli ne bo‘lgay?
Bo‘l ogohkim, goho baxtu
Saodatdan yigit o‘lgay!
Rustam Musurmon tarjimasi