Lesya Ukrainka (1871-1913)

Lesya Ukrainka [Lesya Ukraїnka; taxallusi; asl ism-sharifi Kosach (Kosach-Kvitka) Larisa Petrovna; Larisa Petrіvna Kosach-Kvіtka; 1871.13(25).2, Novgorod-Volinskiy, hozirgi Jitomir viloyati — 1913.19.7(1.8), Surami (Gruziya); Kiyevda dafn etilgan] — ukrain yozuvchisi. Onasi Olyona Pchilka ham yozuvchi bo‘lgan.
Lesya Ukrainka she’riyatda va dramaturgiyada Shevchenko an’analarini davom ettirgan. Ilk she’rlar to‘plami «Qo‘shiqlar qanotida» 1893 yilda nashr etilgan. Mazkur to‘plamdan joy olgan she’rlarda ukrain xalq og‘zaki she’riyatiga xos ohanglar ko‘zga tashlanadi. «O‘ylar va orzular» (1899), «Aks-sadolar» (1902) to‘plamlarida shoiraning chor hokimiyatiga nisbatan nafratli munosabati ifodalangan.
Lesya Ukrainkaning «Oy afsonasi» (1892), «Robert Bryus, Shotland qiroli» (1893), «Asir» (1903), «Oppoqqina Izolda» (1912) kabi dostonlari ham bor. Yozuvchining «Moviy gul» (1896) nomli birinchi dramasi o‘sha yillardagi ukrain dramaturgiyasiga xos maishiy hayot va etnografik urf-odatlar tasviriga qarshi isyon sifatida maydonga kelgan. «Kuz ertagi» va «Mag‘oralarda» (1906) dramalarida 1905 yil inqilobi bilan uyg‘un g‘oyalarni olg‘a surgan. «Kassandra» (1908), «Tosh xo‘jayin» (1912) dramalarida mifologik obraz va syujetlarga murojaat etgan holda o‘z davri voqealariga munosabat bildirishga uringan.
«O‘rmon qo‘shig‘i» (1912) dramasi Lesya Ukrainka ijodining cho‘qqisidir. Bu asar xalq folklori asosida yozilganligi va faol gumanistik mohiyati bilan ajralib turadi. Unda ukrain adabiyotida birinchi marta inson va tabiat mavzui qalamga olindi. Ushbu drama asosida opera, balet va kino asarlari yaratilgan. Lesya Ukrainka «Dengiz uzra» (1898), «Do‘stlik» (1905), «Xato» (1906) singari nasriy asarlarning ham muallifi. 1971 yilda Lesya Ukrainkaning 100 yilligi keng nishonlandi.
Naim Karimov.

UMID

Baxtim qaro ekan, toleim nigun,
Yolg‘iz umid bilan yashayman bugun:

Umidim — bir ko‘rsam Ukrainamni,
Diyorim — munisim, jonim onamni.

Zangor Dneprga bir boqar bo‘lsam,
Armonim yo‘q edi so‘ng mayli, o‘lsam.

Qiru adirlarda yursaydim yana,
Toshqin o‘ylarimni sursaydim yana…

Baxtim qaro ekan, toleim nigun,
Faqat umid bilan yashayman bugun.
1880

MARVARID GUL

O‘sdi tanho marvarid gul,
Yuksak eman qoshida —
Asrab uni bo‘ronlardan
Posbon bo‘ldi boshida.

Lekin uzoq yasholmadi
Marvarid gul bechora,
Tannoz bir qiz uzib oldi,
Rahm etmadi — ne chora?

Uzib oldi, parvo qilmay,
Davom etdi yo‘lida.
Barno kirdi gavjum balga
Gulni tutib qo‘lida.

Har tomonda shodlik, o‘yin,
Har tomonda sho‘x ko‘lgu.
Marvarid gul so‘lib borar,
Boshin asta egar u.

Qiz charx urib raqs tushdi,
O, naqadar shod ko‘ngil.
Dona-dona yaproqlarin
Ko‘z yoshidek to‘kdi gul..

Yig‘lab sho‘rlik vido aytdi:
«Xayr, o‘rmon — ey ona!
Alvido, ey yuksak eman,
Do‘stim eding yagona!»

Shunday deya jim bo‘ldi gul,
Bukdi nihol qaddini.
Ko‘zlarini yumdi, e voh,
Uloqtirdi qiz uni.

Ey nozanin, bir kun sendan
Yuz o‘girar saodat.
Uloqtirgan shu gulingni
Xotiringda tut albat.

O‘yin, kulgu, shod kunlaring
Tez o‘tgusi — bilib qo‘y.
Erta seni maftunlaring
Unutgusi, bilib qo‘y.

Sen qalbingni bag‘ishlagan,
Jondan sevgan bir odam —
Xazon bo‘lgan shu gul kabi
Tashlab ketar seni ham.
1884

ALLA

Jonginam qo‘zim,
Oy boqar xushhol.
Ko‘zlaringni yum,
Bir zum orom ol,
Kech bo‘ldi, qo‘zim!

Tuning xush bo‘lsin,
Ko‘ngling xush bo‘lsin,
Bu kech ko‘rganing
Shirin tush bo‘lsin,
Ko‘ngling xush bo‘lsin.

Qayg‘urmoq nechun?
Kim bilar bu kun—
Taqdirda ne bor?
Balki yorug‘ kun,
Balki alam, zor,
Kim bilar bu kun?

Kulfatda jahon,
G‘urbatda zamon.
Butun el noshod.
Zahmatda har on
Kechadi hayot,
Butun el noshod.

Bas, egdik ko‘p bosh,
Bas, to‘kdik ko‘p yosh,
Shuncha qildik, bas—
Taqdirga bardosh,
Yo‘q, endi bo‘lmas!

Jonginam qo‘zim,
Oy boqar xushhol.
Ko‘zlaringni yum,
Uxlab orom ol.

Tin olsin bir zum —
Bu murg‘ak joning.
Uxla, jon qo‘zim,
Kelar davroning.
1890

TONGOTAR MASh’ALLARI

Horg‘in bu el uzra qanotin
Astagina yoydi qaro tun.
Sha’mlar o‘chgan, zim-ziyo har yon,
Etar shirin uyquda jahon,
Tun borliqni qamragan butun.
Alam chekar kim bo‘lsa bedor!
Uxlaganlar qanday baxtiyor!
Ko‘zlarimga kelmaydi uyqu,
Atrof jim-jit, atrof qorong‘u
Sukut ichra go‘yoki mozor.
Kecha uzoq, toqatlarim toq,
Go‘yo tunning so‘nggi yo‘q mutloq,
Shu tob birdan ko‘rindi ziyo,
Zulmat ichra kasb etib jilo—
Uzoqlarda porladi chiroq.
Chiroq! Berib quyoshdan xabar,
Tun bag‘rini tilkalab yonar,
Yonar bo‘lmay ufqlar alvon,
Yonar turmay uyqudan jahon —
Mehnat ahli yoqqan mash’allar.
To‘lqin urar ko‘ngilda isyon,
Uyg‘on, seni ish kutar, uyg‘on!
Hayda tunning g‘aflat uyqusin,
Yoq tongotar mash’alini sen,
Quyosh chiqmay, uyg‘onmay jahon!
1892

SAFGA TURDIK

Safga turdik — haqdir yo‘limiz,
Bilamiz, haq aslo yengilmas.
Shu ishonch-la kuchli qo‘limiz,
Shu ishonch-la olamiz nafas.

Safimizda yo‘q biror olchoq,
Qo‘rqitolmas bizlarni zulmat.
Qo‘limizda muqaddas bayroq,
Baland tutib boramiz har vaqt.

Kim haq uchun qilsa fido jon,
Bizning safga tursin barobar.
Unga qalblar ochiq har qachon,
Haqni sevgan bizga birodar.
1893

Erkin Vohidov tarjimalari

OQShOMGI SOATDA

Quyosh og‘ib ufqqa botdi,
Derazamdan kumush oy boqdi.
Parpiradi osmonda yulduz,
Atrof uxlab… g‘ussa yumdi ko‘z.
Boqqa chiqib olaman nafas,
Oy nurida kuylayman birpas…
Bu yer qanday toza, keng, erkin,
Unutildi hamma g‘am sekin.
Tevarak bog‘, uylar qorday oq,
Sayroq bulbul o‘rmonda uyg‘oq,
Volindagi hayotday xuddi.
Hayot qayda begona yurtda?
Ona quchgan kabi ardoqlab,
Uylarni tun olgan quchoqlab,
Go‘yo shirin farzand beshigin
Tebratganday allalab sekin
Nafas olar bahorgi yel jim…
Yurak to‘lar qo‘shiqlarga lim…
1889

UMID KUTAMAN

Bas! Tarqaling, og‘ir xayollar,
Er yuzida yashnadi ko‘klam,
Nahot yolg‘iz g‘ussa, faryodlar
Tumanida so‘lar yoshlik dam?
Yo‘q! Men ko‘zda yosh bilan kulib
Qayg‘uda ham qo‘ymam kuylarim,
Men baribir umidga to‘lib
Kulmoqchiman, keting, o‘ylarim!
Men hattoki xarobalikda,
Vayronada o‘stiraman gul.
Yo‘llarga gul ekib—sovuqda
Sug‘oraman ko‘z yosh-la butkul.
Bu yoshlardan qo‘zg‘almas bo‘ron,
Erir undan muzlik qatlamlar.
Men ekkan gul ochilib chandon
Balki kelar ajib ko‘klamlar.
Bu yo‘llarning cho‘qqilariga
Zinalarni toshdan quyarman,
Xarsanglarni ko‘targanda ham
Qo‘shig‘imni tinmay kuylarman.
Yilday uzun qorong‘u tunlar
Mijja qoqmay o‘taman uyg‘oq,
Tunlar shohi—yo‘lchi yulduzni
O‘z ko‘zim-la bo‘laman ko‘rmoq.
Ha, ko‘zda yosh bilan kulaman,
Qayg‘uda ham qo‘ymam kuylarim.
Men baribir umid kutaman,
Bas, tarqaling, g‘amgin o‘ylarim!
1890

KUYLARIM

Kuylarim! Nega siz chaqmoqday bo‘lib,
Janglarda yonuvchi po‘lat emassiz?
Yo dushman boshini beshafqat uzib
Tashlovchi shamshiri qasos emassiz?

Ey mening toblangan tig‘im — kuylarim,
Sizni qiningizdan olsam sug‘urib,
Faqat oqizasiz dildan xunlarim,
Yov bag‘rin teshmaysiz yashinday urib!..

Bag‘ishlab barcha kuch, bilim, san’atni,
Men po‘lat shamshirni charxlayman jangga,
Yarqirab devorning bo‘lib ziynati
Turgan bu po‘latdan ne foyda menga?

Ey mening kurashga tayyor kuylarim,
Biz halok bo‘lmasmiz behuda hech bir.
Balki siz notanish jasur do‘stlarim
Qo‘lida bo‘lersiz dushmanga shamshir.

Kishanga tekkan tig‘ chiqargan sado
Dushman qo‘rg‘onini qo‘porib tashlar.
Ozod qardoshlarning dardiga davo
Bo‘lib kurash sari, jang sari boshlar.

Qasoskor hech qachon jangda yengilmas,
Hujumga kirarkan qo‘shiq-la hamdam.
Kuylarim! Bu zaif qo‘llarga emas,
Jasur kurashchiga yor bo‘ling har dam!
1896

MARVARID YoShLAR

Oh, o‘lkam… bepoyon dalalar yurti,
Nechun hamma yoqqa cho‘kmish sukunat?
Nechun guldurakni kutganday xuddi
Mung‘aygan o‘rmonda chirqirab faqat
Qushlar jim bo‘ladi… tuman hukmron?
Holimiz yomon!..

Sen qayda, ey ko‘kning yulduzi — hurlik,
Osmoningdan pastga tushmaysan nechuk?
Erkni nonday kutib bizning yer sho‘rlik
Qiynaldi… va hamon quyuqlashib tun,
Haqiqat-la yakkash riyo qilar jang,
Ahvolimiz tang!..

Butun xalq, oilam, onam va inim
Zanjirda ingraydi suyagi qaqshab,
Ukrainam tani tilim va tilim,
Yallig‘lab yonadi olovga o‘xshab.
Zanjirni uzishga madad berar kim!
Bilmayman, tangrim!..

Tokay shunday bo‘lur, yo kular taqdir?
Bu zaif qo‘llarga ming va ming la’nat!
Nega qabr ichra tug‘ildik axir,
Nahot qullik bordir qismatda faqat?
Gar shunday bo‘lsa biz o‘lmakka hozir…
Naqadar og‘ir!..
1897

Zulfiya tarjimalari

ERK HAQIDA QO‘ShIQ

Odamlar boradi, bayroqlar cho‘g‘day
Lovullab hilpirab. Qalin olomon —
Tutunday o‘rmalar, chayqalar saflar,
«Erk qo‘shig‘i» yangrar bosh uzra hamon.

Dahshatli kunlarda yashagandik biz,
Jangga ko‘tarildik tongotar chog‘da.
«Yo‘q, yorug‘ kunlarga yetolmaysiz!» deb,
Takrorlanar edi bir kuy quloqda.

Siz o‘zga avlodsiz. navqiron avlod,
Sizga boshqa qo‘shiq munosib bu chog‘.
Ko‘ksingiz to‘ldirib olasiz nafas,
Marsiya kuylashga hali ertaroq.

Umringiz gullarga burkansin butkul,
Mungli kuy quymasin dillarga zahar.
Ohu voh yarashmas sizlarga aslo,
Yangi qo‘shiq to‘qing, qadrdon do‘stlar!

Shunday bir qo‘shiqki, nur sochsin ko‘kda,
U bilan izma-iz osmonga o‘rlab,
Ezgu qizil bayroq tovlanib nurda,
Mo‘jiza yaratsin mag‘rur hilpirab!
1905

Uyg‘un tarjimasi

TUSh

Quyosh qizdirmoqda… Nahot bu Misr?
Ha, Misr… Naq o‘zi… Osmoni baland,
Osmon chodiri ham moviy va yorqin,
Nechog‘liq yuksak-a! Osuda, shodmon.
Naq Misr o‘zi…

Yoqimtoy erkalash… Ukrainamisan?
Ha, mening sevikli Ukraikam bu,
Yog‘och uy va chorbog‘, yashil chamanzor,
Chakalak ortida o‘t bosgan hovuz…
Bu — Ukraina…

Etar darbadarlik…. Yo‘ldan ozish bas…
Hayot yorug‘ bo‘lgay.. Tug‘ilgan o‘lkam.
Men bilan azobdan qutulding sen ham.
Osmon yig‘lamaydi, odamlar xushvaqt.
Uxlasamu doim shu tushni ko‘rsam…
Hayot yorug‘ bo‘lgay…
1910

Mirtemir tarjimasi

UKRAINA

Nozik deya, kim aytdi mani, –
Qismat bilan kurashmadi deb?
Nahot titrar qo‘llarim, tanim,
Tovushim ham nahotki zaif?

Garchi unda bordir gohida
Shikoyat va to‘lqinli nafas.
Bu bir toshqin – bahor chog‘ida,
Zerikarli kuz yomg‘irimas.

Kuz bo‘lsa ham…
yo‘qdir zarari.
Kimdir yashnar, kim esa so‘lar.
Hovuz bo‘yi tollarning bari,
So‘nggi damda shafaqrang bo‘lar.

O‘rmonlarni etib ship-shiydam,
Kafan bilan yopganida qish.
Gullar qabri uzra o‘zi ham,
Rangdor barglar sochar boyaqish.

Nima bo‘pti, yashayman go‘yo –
Sukunatga g‘arq bo‘lgan dengiz –
Suv yuzasi garchi tinch, ammo
Yaqinlashar to‘lqinlar bu kez.

Rus tilidan Nosir Muhammad tarjimasi