Otajan Tog‘on (Atajan Tagan) 1940 yil 15 mayda Turkmanistonning Mari viloyati Murgap tumanida tavallud topgan. Yozuvchi 1967 yilda Moskva Adabiyot institutini tamomlagan. O‘sha yili Turkmaniston Yozuvchilar tashkiloti uni Moskvaga, SSSR Yozuvchilar uyushmasiga turkman adabiyoti bo‘yicha maslahatchi lavozimiga jo‘natadi va u yerda 1993 yilgacha, Turkmanistonga qaytib kelguniga qadar faoliyat yuritgan.
Otahon Tog‘on turkman, rus, bolgar, tojik va qirg‘iz tillarida jami 620 ming nusxada nashr etilgan 15 dan ortiq kitoblar muallifidir. Eng sara hikoya va qissalari “Drujba narodov”, “Ogonyok”, “Znamya”, “Oktyabr” kabi mashhur jurnallarda bosilgan, ayrim hikoyalari, ayniqsa, “Urush qachon tugaydi?” qissasi o‘nlab tillarga tarjima qilingan.
Yozuvchining asarlari asosida “Boboqambarning qaytishi”, “Taqdir”, “Tentak”, “O‘g‘il” (“Oq qizning yo‘li”) kabi badiiy filmlar suratga olingan.
“Muhabbat hurmati uchun” (“Urushdan keyingi urush”), “Podachining tollari”, “Qaynona”, “Eng go‘zal qiz” pesalari teatrlarda sahnalashtirilgan. “Begona” (“G‘aroyib asirning xotirasi”) tarixiy romani asosidagi spektakl esa ko‘p yillardan beri Ashxoboddagi A.S. Pushkin nomidagi rus davlat drama teatri sahnasidan tushmay kelmoqda.
Otajon Tog‘on tarjimon sifatida Jek London, E. Xeminguyey, Ch. Aytmatov, V. Rasputin, I. Turgenev, M. Lukonin, V. Shukshin va boshqa bir qancha rus yozuvchilarining asarlarini mahorat bilan turkman tiliga tarjima qilgan.
O‘zbekistonda Otajon Tog‘onning Muzaffar Ahmad va Masharif Saparov tarjimasida “Begona” nomli tarixiy-hujjatli romani chop etilgan.
O‘N SAKKIZ MANAT HAQDA ELEGIYa
Momomning xotirasiga
Har oyda bir marta — o‘n sakkiz manat,
Har oyda bir marta kelardi, tamom.
Har oyda o‘n sakkiz manat kelgan payt,
Men xursand bo‘lardim, yig‘lardi momom…
O‘n sakkiz manatni kim berar bizga,
Kim u unutmas do‘st-yorligimizni?
U qanday mehribon, saxiy farishta
Bilar shu pulga ham zorligimizni?!
Momom mahzun tortib ochib yuragin
Derdi: “Bu pullarni jo‘natar otang”.
Men aytardim: “Nega kelmaydi o‘zi,
Kutmoqda ayoli, o‘g‘li holi tang?”
“Kelar…” deb ko‘zyoshin artardi momom,
“Kelar, bolajonim, albatta, bir kun.
Ikkimiz do‘konga chiqamiz u dam
Senga sovg‘a xarid qilmoqlik uchun”.
Men esa kutardim. To‘qqizda yoshim,
O‘n uchga ham kirdim, otam kelmadi.
O‘n sakkiz manatni yubordi, lekin
Dardu sog‘inchimiz aslo bilmadi.
Bilsam…
Otam o‘lgan ekan urushda.
Men motamga cho‘mdim bilganim uchun.
Har oyda hukumat pul ajratarkan
Frontchining o‘g‘li bo‘lganim uchun.
Hozir ham kutaman…
Garchi sochim oq,
Anglayman, padarim kelmaydi takror.
O‘n sakkiz manatni unutmam biroq,
Toki bu ko‘ksimda inson qalbi bor.
Chunki, huv o‘n sakkiz manat kelganda,
Motamga burkanar edi eski tom.
Har oyda o‘n sakkiz manat kelardi —
Har oyda qaytadan o‘lardi bobom…
1961 yil.
OTAMGA
Ota!
Sen urushdan qaytib kelmading,
Keltirmading uyga eski shinel ham.
Yodning hidi bilan, o‘q sasi bilan,
Askar telpagini kiymadi o‘g‘ling.
Umrida bir marta, hatto bir marta,
Masrur boqib “Dada!” demadi o‘g‘ling.
Ehtimol, unutdi “dada” so‘zini,
Davr-u davron g‘o‘r tilini bog‘ladi.
Madori yo‘q na yig‘lash, na kulishga,
U ko‘zyosh to‘kmadi, turmush yig‘ladi…
O‘tiz bir yoshingda etganding vafot,
Men sening yo‘qliging garchi kech sezdim.
Tanbeh berib, shapaloq tushirmading,
O‘sha shapaloqni hayotdan yedim…
O‘tiz bir yosh nima?
Nima yashading?
O‘rtacha umrning yarmidan-da kam.
Seni qandoq, hech bo‘lmasa oltmishga
Etirib bo‘larkan, degan bir hayol
Meni tinch qo‘ymadi kunduz-u kecha.
Hech bo‘lmasa sochlaring oqarsaydi,
Hech bo‘lmasa men-la teng-to‘sh yigitlar
Bir bor “Tog‘on og‘a” deb chaqirsaydi…
“Ko‘proq zahmat chekish – sharafim” deya,
Tarang qilma aslo qahr yoyini.
Men ham yashash, ham ishlashim shart axir,
Ham o‘zimning hamda sening poyingni…
1959 yil.
FOLChI KELINGA
Folchi kelin, ko‘zlaringda jodu bor,
Balki, ular mening dunyom jodular.
“Gullar so‘lmas”, deya ishontir meni,
“Do‘stlar o‘lmas”, deya ishontir meni.
Yolg‘on so‘zlasang ham boqib yuzimga,
Tikilmoq mushkuldir qora ko‘zingga.
Tug‘ilgan o‘lmas, deb ishontir meni,
Osmon kirlanmas, deb ishontir meni.
Oy hovliqsa, hovliqma, deb ishontir,
Haqiqatga hayiqma, deb ishontir.
So‘ngra ayt: “Qudrat bor, sehr bor folda”,
Xudo ham aldamas, meni bir alda…
Umring falsafasi bo‘lsa-da balli,
Folchi kelin, ber qalbimga tasalli.
Fol och, yana gap-gap bilan ochil san,
Kar qulog‘i, ko‘rning ko‘zi ochilsin.
To‘kmasin onalar ko‘zidan yoshin,
Burmasin suluvlar qaldirg‘och qoshin.
Etimning onasi kelsin, ishontir,
Umidsiz umidi kulsin, ishontir.
“Gullar so‘lmas”, deya ishontir meni,
“Do‘stlar o‘lmas”, deya ishontir meni…
1976 yil.
AGARDA…
Jodiko‘yga
Agarda, nazaring baxsh etsang menga,
Bir olam go‘zallik yaratajakman.
Nigohing tiriklik chashmidan ziyod,
Qalbni motamga ters qaratajakman.
Agarda, so‘zlaring baxsh etsang menga,
Qarg‘ani bulbuldek sayratajakman.
Saharlar nozingni baxsh etgin menga,
Ishqingga suyanib yashasin bag‘rim.
Suv parisi kabi boqma bir chetdan,
Topayin axtargan ming yillik hovrim.
Qadam tovushingni baxsh etgin menga,
Sen yurgan yo‘llarda yashnasin olam.
Malham topsin sening marhamtingdan
Qovjiragan bog‘ ham, chanqagan yo‘l ham.
Bir ajib shodliklar baxsh etgin menga,
G‘amgin dunyo ko‘nglini bir ochayin.
Hovuchimni duolarga to‘ldirib
Hasratimni yuz-ko‘zingga sochayin.
“Chax-chax” urishingni baxsh etgin menga,
Hayron boqsin kakliklaru bulbullar.
Sening nolang umr qo‘shar umrimga,
Undan faqat rohat olgay ko‘ngillar.
Qalbing pokligini baxsh etgin menga,
Uni sezgan mahal quvonsin har kim.
Yoningdan ohista o‘tayotganda
Qoralik-oqlikka qorishsin ko‘rking.
Hasrating bor bo‘lsa, uni ham baxsh et,
Eshitmay ortingdan ag‘yor zorini.
Dunyo-la bo‘lishmay zarrasini-da
Ko‘ksimda asrayin bori-borini.
1987 yil.
YaNGLIShISh
“V etoy jizni vse pravda, vse loj”.
Kalderon
Yolg‘onga ishonmay, yanglishdim,
Chinlarga ishonib, yanglishdim.
Bir maqsadni qo‘yib, yanglishdim,
Va maqsadga yetib, yanglishdim.
Do‘stlarga ishonib, yanglishdim,
Dushmanga ishonmay, yanglishdim.
Yolg‘onchi va tuhmatchini
Hech odam sanamay, yanglishdim.
Gul ochdik, lek meva bermadik,
Yozimga ishonib, yanglishdim.
O‘zim uchun o‘zimni atab,
O‘zimga ishonib, yanglishdim.
Shu yo‘ldan ketmagin, dedilar,
Shu yo‘ldan ketmasdan, yanglishdim.
Yaxshilik etmagin, dedilar,
Yomonlik etmasdan, yanglishdim.
Vatanimni sevdim yurakdan,
Sevdim hayqirmasdan, indamay.
Vatan, seni sevaman, deya,
Kim turarkan panalarda shay…
Yashagan umrimning o‘rtasi,
Ham boshiyu so‘ngi xatodir.
Sabablar-ki bari bahona,
Ehtimol, mening bu jahona
Kelganimning o‘zi xatodir.
ORZU
Sen tillo uzugim, sen mahak toshim,
Baxt senga nazarin solsin, azizim.
Shum xabar eshitib, oqsa ko‘zyoshing,
Yolg‘on bo‘lsin, yolg‘on bo‘lsin, azizim.
Mudom to‘la bo‘lsin baxt piyolasi,
Hargiz yig‘lamasin inson bolasi,
Dushmanning kulgusi, do‘stning nolasi,
Yolg‘on bo‘lsin, yolg‘on bo‘lsin, azizim.
Bulbul oshiq bo‘lib bahor qiziga,
Xonish qilsa shaydolanib noziga,
Qish shoshilsa olis tog‘dan iziga,
Yolg‘on bo‘lsin, yolg‘on bo‘lsin, azizim.
Qo‘sha yurak, qo‘sha orzu — toyim sen,
Ko‘kdan tushib, yerda to‘lgan Oyim sen,
Bir g‘am kelib ikbolimdan koyinsam,
Yolg‘on bo‘lsin, yolg‘on bo‘lsin, azizim.
Ishonmagil, bir bevafo desalar,
Ishonmagil, bu ish xato desalar,
“Yoring sendan ko‘ngli ayro”, desalar,
Yolg‘on bo‘lsin, yolg‘on bo‘lsin, azizim.
1964 yil.
* * *
O‘qiganim “Vagzi-Ozod”,
Shul murodi yod etarman.
Umri oshkor bergan Izzat,
Shirin zori yod etarman.
Jondan ziyod nomus-orim,
Haq yo‘lina harna borim,
Etti iqlim madadkorim,
Choriyori yod etarman.
Qanday hayot oshsiz-nonsiz,
Qanday hayot honumonsiz,
Kechdi umrim Chovdurxonsiz,
Do‘st-u yori yod etarman.
Ketdi qo‘ldan gul dostonim,
So‘ldi chaman-gulistonim,
Vayron bo‘ldi Dahistonim,
Harna bori yod etarman.
Qayda maqsad, qayda ma’ni,
Yoqdi firoq shirin joni,
Bersa Tangri Menglixoni,
Zulfi tori yod etarman.
Etdi mezon, so‘ldi bog‘im,
O‘tdi maylis — javon chog‘im,
Topsa agar So‘nutog‘im,
Olma-nori yod etarman.
Firog‘iy, saksandir solim,
Kundan-kunga tangdir holim,
Madinaga tushsa yo‘lim,
Bir-u bori yod etarman.
Turkmanchadan Rahmat Bobojon o‘girmasi