Mullanafas (1810-1862)

XIX asrda yashab o‘tgan turkman shoirlari orasida eng mashhurlaridan biri, turkman mumtoz adabiyotida “ishq mulkining sultoni” deb nom olgan ajoyib shoir Mullanafas Qodirberdi o‘g‘li (Mollanepes) ijodida Sharq she’riyati an’analariga xos pand-nasihatlar, xalqona qadriyatlar, muhabbat, vatanparvarlik va boshqa oliy insoniy fazilatlar yuksak ilhom, shoirona ehtiros ila kuylangan.
Shoir 1810 yil Saraxt shahrida ziyoli turkman ulamosi oilasida tug‘ilgan. U Saraxt, Marv kabi nomi butun Sharqqa mashhur shaharlarda voyaga yetdi, maktab va madrasaga qatnab tahsil olgan. Nafas avval otasidan, so‘ng qishloq maktabida, Saraxtdagi va Buxorodagi madrasalarda o‘qib tahsil oladi. U Sharq adabiyotining atoqli namoyandalari – Firdavsiy, Nizomiy, Rumiy, Xisrav Dehlaviy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy va Navoiy, Ozodiy va Maxtumquli kabi sevimli shoirlar ijodidan bahramand bo‘lib o‘sdi.
Mullanafas ijodida asosiy o‘rin egallagan, uning turkman adabiyotidagi mavqeini belgilab bergan mavzu – shubhasiz, uning ishqiy lirik she’rlarida ozod-erkin insonning muhabbati edi. Bunday otash tabiatli muhabbat tasvirlarini biz uning “Zuhra – Tohir” dostonida ham ko‘ramiz. Mashhur xalq afsonasi asosida yozilgan bu doston chin muhabbat talqini, inson erkinligini kuylovchi doston sifatida dovrug‘ qozondi.
Mullanafas 1861 yildagi Qojor qo‘shini bosqinlari turkman xalqining vatanparvarlik tuyg‘ularini, harbiy iqtidorini ko‘z-ko‘zlovchi voqealarni namoyon qildi. Ayrim tarixchilar Mullanafas shoir mana shu voqealar girdobida og‘ir jarohat olganligini, keyinchalik esa shu savashda yetgan jarohatlar tufayli qazo qilganligini taxmin etadilar.

FIROG‘IY

Umr uzoq, yo‘l qisqadir, o‘tding sen
So‘zla, ko‘ray, yo‘ling qayda, Firog‘iy?!
Bu so‘zlarni fikr aylab yotding sen,
Ochgin ko‘zing, eling qayda, Firog‘iy?!

Tunov kuni bu dunyoga kelganding,
Yaxshi-yomon farqin saylab bilganding,
O‘zing ayab, yaproqlarni o‘ylanding,
So‘zla qani, guling qayda, Firog‘iy?..

Jayron ovlab, tog‘ ustida kezarding,
O‘ngingda ne bo‘lar, ko‘rib sezarding,
Nasihat-ta’lim deb doston yozarding,
Qayda qoldi sening ko‘ngling, Firog‘iy?

Eron tomon og‘ir lashkar tortarding,
Osmon yuzin tuman bo‘lib yoparding,
Boshqa bo‘ldi, umr shu! – deb o‘tarding,
Dandon tushdi, tiling qayda, Firog‘iy?

Qani ul do‘stlaring, g‘anim dushmaning,
Qani chechan bo‘lgan to‘ti zaboning,
Qani bog‘ ichida bitgan rayhoning,
Xayol ichra holing qayda, Firog‘iy?

Bu ne g‘aflat, yana qola bilmassan,
Qo‘l uzatib, narsa ola bilmassan,
Endi tomoshalar ko‘ra bilmassan,
Qur’on tutgan qo‘ling qayda, Firog‘iy?

Vayron bo‘ldi qurgan go‘zal uylaring,
Tepangdan tug‘madi kuning, oylaring,
O‘qsiz qoldi elda kamon-yoylaring,
Ari yiqqan boling qayda, Firog‘iy?

Dunyo necha og‘och – barin sanarding,
Qaysi o‘tda nokor bo‘lib yotarding,
Eronda, Afg‘onda go‘yo yonarding,
Suvda suzgan soling qayda, Firog‘iy?

Ko‘r, boq, o‘ylan, sening tugadi umring,
Vatandan ayrildi ul qilgan amring,
Po‘stladi, ko‘kardi po‘lating, temring,
Jon beruvchi suving qayda, Firog‘iy?

Omonat olding sen, egasi so‘rar,
Keltirar har kun deb yo‘lingga qarar,
Qo‘y, dostoning sening haliyam yarar,
Oltmish kechgan soling qayda, Firog‘iy?

Turkmanning ichinda ma’lum mastona,
Ne ozod fikrlar solding dostona,
Kir, ko‘raylik seni ul zimistona,
Keltirib tashladi yo‘ling, Firog‘iy?

Xush qoling, vatanim, ey go‘zal elim,
Mammetjuma do‘stim, mulla Zalilim,
Endi gaplashmoqqa kelmagay tilim,
Kechdi porlab turgan holing, Firog‘iy!

KELSA

Hindi ovchilari chiqsa shikorga,
O‘zga ov istamas “Fil!” sasi kelsa.
O‘tov tuzoq bo‘lsa bulbuli zorga,
O‘tovga o‘t solar “gul” sasi kelsa.

Jayronning bolasin boqsang, bajarsang,
Suv o‘rniga shakar-sharbatlar bersang,
Em qilib gul bersang, bir kuni ko‘rsang,
Vatanga qo‘l siltar “cho‘l” sasi kelsa.

Ziqna boylar sevar tangani, molni,
Bir kun betob bo‘lib ketsa majoli,
Hatto tebranmoqqa bo‘lmasa holi,
Sakrab turar agar “pul!” sasi kelsa.

Buzuq qaror etmas yakka er bilan,
Do‘stin ko‘rsa, bo‘lmas kasbi-kor bilan,
Yo‘lga kirmas tayoq bilan, zo‘r bilan,
Yaxshi zan* tash qochar “kel!” sasi kelsa!

Qulga davlat kelsa, bilmas otasin,
Naql bor: “xar semrib, tepar egasin”,
Qirq chillada ko‘rsang to‘ng‘iz bolasin,
Urar-da, qochadi “jul” sasi kelsa.

Yaxshi zan suxanvar bo‘lsa sipoyi,
Yuzi misli mohtob, o‘n to‘rtning oyi,
Qochar badxo‘rlardan so‘z otgan sayin,
Chiroq ibo qilar “el” sasi kelsa.

Badaslning ko‘ngli yayrar sharr desang,
Hargiz ketmas, el dardiga yur desang,
Mullalarning joni chiqar “ber” desang,
Yangidan jon kirar “ol!” sasi kelsa.

Qorun mulkin olsa bir er yotishi,
“Pulim oz” der, har kun chekar nolishi,
Nuh umriga ega bo‘lsa bir kishi,
Yoqmas qulog‘iga “o‘l!” sasi kelsa.

Nafas, sen so‘zlasang ulus-ellarda,
Bulbul shaydo bo‘lar toza gullarda,
Asal ezgan dahan ichra tillarda,
Ari hujum aylar “bol” sasi kelsa.
________
* Z a n – ayol.

OY ENDI

Visolingdan g‘amgin ko‘nglim ochildi,
Firqatingda alif qaddim yoy endi.
Olam aro yuzing nuri sochildi,
Tug‘ilmagay o‘zing kabi oy endi.

Sahar yeli zulfing parishon etar,
G‘amzang – o‘qdir, jigar-bag‘rim qon etar,
Shum raqiblar ko‘rsa holim tang etar,
Qiz, aylagin o‘z qo‘yningda joy endi.

Sendan o‘zga yorni ko‘zim ko‘rmasin,
Alloh menga sensiz hech zavq bermasin,
Sen bo‘lmasang, dunyo bir dam turmasin,
Yiqilsam ham demam aslo “voy” endi.

Nafas der, bir yor deb belim bog‘larman,
Orif – o‘zim, do‘stlarimni saqlarman,
To o‘lguncha “Durdixon” deb yig‘larman,
Ko‘zlarimdan to‘lib oqsin soy endi.

YoDIMA TUShDI

Nogahon kezardim gulu gulshanda,
Gulgun dudoqlaring yodimga tushdi.
Olma-anoringga ko‘zim tushganda,
Olma yanoqlaring yodima tushdi.

Har dardingdan chekdim fig‘onu nola,
Alifdek qomatim o‘xshadi dola,
Orzu aylab, yetolmayin visola,
Ayriliq chog‘laring yodima tushdi.

Yuzlaring sham erur, siyoh kokillar,
Sochlaring monandi moru sunbullar,
Chamanlar bog‘landi, jam’ bo‘ldi gullar,
Boshdan-oyoqlaring yodima tushdi.

Sening hasratingdan sarg‘ayib-so‘ldim,
Jabring tig‘i bilan bag‘rimni tildim,
Yuz ming armon bilan sendan ayrildim,
Ul kezgan choqlarim yodima tushdi.

Nafas aytar, bag‘rim dog‘lar ichinda,
Bazm aylasam oq o‘tovlar ichinda,
Bodom kamol topmish bog‘lar ichinda,
Bodom qovoqlaring yodima tushdi.

YoR BIR YoNA, BIZ BIR YoNA

Tiri paykonin gizlayur
Qosh – bir yona, ko‘z – bir yona.
Dahanin ochib so‘zlayur
Til – bir yona, so‘z – bir yona.

Xazon ayrilmas gulimdan,
Bir g‘azal yozdim tilimdan,
Yashilbosh uchdi qo‘limdan,
Suv – bir yona, g‘oz – bir yona.

Sevgilim ko‘zimdan uchdi,
Borib raqiblarga tushdi,
Bir so‘z bila ayrilishdi
Yor – bir yona, biz – bir yona.

Bezanib, jonim olarlar,
Ko‘rganlar hayron qolarlar,
Yasanarlar, sollanarlar,
Kelin – bir yon, qiz – bir yona.

Quloq soling ushbu zora,
So‘zlasin Nafas bechora,
Tildi bag‘rimni sad pora
Tig‘ – bir yona, tir – bir yona.


TIShLARINGA

Dur daryodan chiqa bilmas
Nazar qilsa tishlaringa.
Do‘zax meni yoqa bilmas
Yonibman otashlaringa.

Oy sendan chiroy olgandir,
Desalar, bu so‘z yolg‘ondir,
Alifdek qomatim nundir,
Sajda aylab qoshlaringa.

Bu dunyo ham ro‘zi mahshar,
Xayr etsang – xayr, sharr etsang – sharr,
Rahmat ko‘kdan yerga tushar,
Tegib ketib sochlaringa.

Ko‘p sog‘ingandim men o‘zingni,
Eshitay kalom-so‘zingni,
Munosib ayla yozingni,
Duchor etma qishlaringa.

Topmoqlikda mushkul kondir,
Topmaslik ba’zan osondir,
Bandaman, aqlim hayrondir,
San’atinga, ishlaringa.

Nafas der, chekarman zoring,
Orzuyim – sening diydoring,
Jon fidosi – menman, yorim,
Yuzim surtsam toshlaringa.

MULLANAFAS

G‘aflat uyqusida qolding,
Uyg‘on endi, Mullanafas!
Goh sarg‘ayib, gohi so‘lding,
Uyg‘on endi, Mullanafas!

Hijron dilga dard dog‘lashar,
Seni ko‘rsam deb chog‘lashar,
Sevar yoring ko‘p yig‘lashar
Uyg‘on endi, Mullanafas!

Bu dunyoga durlar to‘ldi,
Oylar qochdi, kunlar qoldi,
Turg‘il endi, vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on endi, Mullanafas!

Bir yor keldi olma-norli,
Bulbul zanaxdon, guftorli,
G‘aflat uyqusinda zorli,
Qolding, uyg‘on, Mullanafas!

Qursin-ay yorning firoqi,
Bu dunyo emasdir boqiy,
Shikastlab hijronning o‘qi,
Tegdi, uyg‘on, Mullanafas!

Yod ayladi sevar yorni,
Oq ko‘ksida olma-norni,
Zulflari eslatar torni,
Uyg‘on endi, Mullanafas!

Qora ko‘zlarning qastiga,
Maxmal* yoydi yor ustiga,
Ola o‘ymaning ustiga,
Otdi, uyg‘on, Mullanafas!

Etar erta mahshar kuni,
Qaqshatar jonlaru tanni,
Yor, uyquda, deya seni,
O‘pdi, uyg‘on, Mullanafas!

Sen yotibsan yurak dog‘lab,
Belingni hijronga bog‘lab,
Ifor olib, ko‘p siylog‘lab,
Sepdi, uyg‘on, Mullanafas!

Nafas, kelgin sen hushinga,
Ko‘p o‘yin kelar qoshinga,
Hiyla bilan yor tashinga
Tuzoq qurdi, Mullanafas!
____________
* M a x m a l – baxmal yopinchiq.

QURBONIMAN

Qora soching o‘sib yotar,
Yorim, shuning hayroniman.
Shamol tegsa, anqib ketar,
Aqlim ketib, qurboniman.

Kelsang bizga yo‘lni boshlab,
Soching sanarman qulochlab,
Qarab tursang barmoq tashlab,
Qular yuzing qurboniman.

Uyg‘onursan kechalari,
Zulfing sening – tog‘lar mori,
Oq ko‘ksingda qo‘sh anoring
Bo‘lsam kirib bog‘boniman.

Falak kelar esib yeli,
G‘arq etibdir ko‘zda seli,
Do‘stlar, yorning ul sunbuli –
Mordir, uning qurboniman.

Falak qo‘ymas boyitmoqqa,
Tilim yurmaydi aytmoqqa,
Ko‘zim qiymas uyg‘otmoqqa,
Jismi ichra jononiman.

Kelar yorim oltin taqib,
Oshiqlarin jonin yoqib,
Uyga kirib, to‘g‘ri boqib,
Kulganlarin omoniman.

Mendan boshqa sevgan ko‘pdir,
Yolg‘on ermas, so‘zim haqdir.
Ol yonoqdan terni oqtir,
Siyoh zulflarning shoniman.

Yigit kelar charxin qurib,
Asbobiga tumor berib,
Ko‘zin yumar, yuzin ko‘rib,
Osmondagi toboniman.

Ko‘p yig‘larman, yorim bilmas,
Nasib tortmas, kulib kelmas,
G‘arib dila qo‘lin solmas,
Bilsa, parilar joniman.

Oh, Nafas, sen bo‘lding gado,
Ul yoringdan qolding judo,
Nohaq qilding joning fido,
Bechoralar armoniman.


KO‘ZING BILAN

Nechun dali aylading,
Sevgilim, ko‘zing bilan?

Meni hayronlar qoldirding
Ul to‘ti so‘zing bilan.

Shu’la solding olama,
Yor, nurli yuzing bilan.

Oy-kunni bandi qilding,
Qosh qoqib ko‘zing bilan.

Sayron qilding chamanni,
So‘nayu g‘ozing bilan.

Kapalakday bezading
Tog‘-toshni to‘zing bilan.

Vafo qilmading manga,
O‘tdi kun yozing bilan.

Sayr aylading kunduzlar
Sen kelin-qizing bilan.

Uyqudan uyg‘otding sen
Ul tilla sozing bilan.

Xohlamading, sevmading
Qora qosh ko‘zing bilan.

Bosgan izing o‘pmadim,
O‘tdingmi tizing bilan.

Bulbulni solding dardga,
Shirin ovozing bilan.

To‘y-tomosha aylarsan,
Suhbatli bozing bilan.

Jasadimni tosh etding,
Qish fasli muzing bilan.

Nafas aytar, o‘ldirding
Oxirda nozing bilan…

Muzaffar Ahmad tarjimalari

UMID DARYoSINI QULOChLAB SUZIB

Umid daryosini qulochlab suzib,
Kanorin mayl etib chiqa bilmadim.
Olamni havaslab aylanib, kezib,
Ne yaxshi-yomonga boqa bilmadim.

Saylab sevdim seni ulug‘ ellarda,
Gul yuzli go‘zallar, inja bellarda,
Eram bo‘stonida, behisht, gullarda,
Bulbul bo‘lib, qanot qoqa bilmadim.

Agar boqsa, gul yuzidan nur olar,
Niqob tortsa, kulli jahon o‘t bo‘lar,
Kulib boqsa, ko‘p fikrlar yot bo‘lar,
Botinib, ro‘yingga boqa bilmadim.

Ne ajib, go‘zalsan, o‘zingdek bormi,
So‘zla, men eshitay, yuzlaring normi,
Tavba qildim, g‘ayri nokasga yormi,
Ishq o‘tiga jonim yoqa bilmadim?!

Majmunman, boshimda yo‘qdur tashvishlar,
Sezmasman, dunyoda ko‘p bo‘lgan ishlar,
Olib bozorlardan oltin-kumushlar
Tumorli ko‘ksingga taqa bilmadim.

Ko‘zim yetar, ko‘p savdo bor boshimda,
O‘tirsam, o‘ylanam, tursam qoshimda,
Ilk oqshomdan to tonggacha tushimda,
Ancha havas qildim, yota bilmadim.

Qaytmoq endi bul fikrdan yo‘l olib,
Binohim yiqildi tagin sel olib,
Keng bozorga kirib, saylab bol olib,
Seni yog‘dir deya qota bilmadim.

Mendan g‘ayri birna ko‘ngil bersang-da,
Kecha-kunduz yotmay davron sursang-da,
Nafas aytar, tayoq olib ursang-da,
Parvona, qoshingdan keta bilmadim.

SEVGILIM

Husning xaznasi barpodir,
Yorug‘ jahonga, sevgilim.
Soching saqlov ajdarhodir,
Ul ganji-konga, sevgilim.

Daryolar men kabi toshmas,
Yuzing to‘lin oydir, yoshmas,
Avval-oxir ko‘zim tushmas,
Sendek jononga, sevgilim.

Quruq og‘och mencha yonmas,
Siynamda otashing so‘nmas,
Ey yor, sendan ko‘nglim do‘nmas,
Do‘nsa zamona, sevgilim.

Do‘st do‘st ra’yini tutmasmi,
Oshiq muroda yetmasmi,
Ma’shuq degan rahm etmasmi,
Bu giryon jonga sevgilim?!

Ey siyo zulf, qoshi qora,
Arzim budir sen dildora,
Qilma sirlaring oshkora,
Yaxshi-yomonga, sevgilim.

Kecha boqmasam ul yuzga,
Qarorim yetmas kunduzga,
Toy kelarsan hamma qizga,
Yuz ming jononga sevgilim.

G‘amzang o‘qi tandan o‘tdi,
Bordi, shirin jonga yetdi,
Kofir ko‘zing talon etdi,
Nuri-imonga, sevgilim.

Chekilib qoshing qilichi,
Jigarim tildi bir uchi,
Bag‘ritosh, rahming kelsa-chi,
G‘arq ko‘zim qonga, sevgilim.

Misli bodom qaboqlaring,
Gul yaprog‘i dudoqlaring,
O‘xshaydir ul yanoqlaring
Tar gulistonga, sevgilim.

Tong sahardan zulfing tarab,
Kun bir-la turding yaltirab,
Qiyo boqib, kulib qarab
Qo‘yding armonga, sevgilim.

Nafas deyar,budir so‘zim,
Zulfingdan so‘ldi gul yuzim,
Bir zamon ayrilmas ko‘zim
Sendan bir yonga, sevgilim.

YoDIMGA TUShDI

Nogahon kezardim gulli-gulshanda,
Gulgun yanoqlaring yodimga tushdi.
Olma-anoringga ko‘zim tushganda,
Olma yanoqlaring yodimga tushdi.

Hijronda chekmisham fig‘onu nola,
Alifdek qomatim o‘xshamish «dol»a,
Orzu aylab yeta bilmam visola,
Ayroliq chog‘laring yodimga tushdi.

Yuzlaring sha’mu ul siyo kokillar,
Sochlaring monandi mori-sunbullar,
Chamanlar bog‘landi, jam o‘ldi gullar,
Boshdan-oyoqlaring yodimga tushdi.

Sening hasratingdan sarg‘ayib so‘ldim,
Jabru tig‘ing ila bag‘rimni tildim,
Yuz ming armon bilan sendan ayrildim,
Ul kezgan joylaring yodimga tushdi.

Misli to‘lgan oydek ko‘ksining oqi,
Qonimdan rang topmish dasting bo‘yog‘i,
Chor taraf tortilmish sarvi butog‘i,
Jannat quchoqlaring yodimga tushdi.

Nafas aytar, bag‘rim dog‘lar ichinda,
Bazm aylasam oq o‘tovlar ichinda,
Bodom kamol topmish bog‘lar ichinda,
Bodom qaboqlaring yodimga tushdi.

Turkman tilidan Abdumo‘min Jumayev va Jumanazar Zulpiyev tarjimalari

KO‘ZLARING

Qarashlaring jismimni kuydirdi, ey jon ko‘zlaring,
Yo‘q, yo‘q, yolg‘on dedim, yuz dardga darmon ko‘zlaring.

Ko‘rgan aytar nargisi tog‘lar chekilmish ko‘ksiga,
Tog‘ emasdur, ko‘nglim ichra bo‘ldi mehmon ko‘zlaring.

Boqmayin desam yuzingga, qatlimga bo‘lg‘ay sabab,
Vohki, boqsang jon olgusi mohi tobon ko‘zlaring.

Xanda qilsang lablaring yuz ming o‘likni tiriltar,
Bir qarashda ming tirikni qildi bejon ko‘zlaring.

Yilda bir qurbon etarlar ahli ayyom iyd uchun.
Bir qarashda mingni qurbon qildi ko‘zlaring.

Ko‘zlamay ag‘yor ila, men telbaga qilmish nazar,
Bas, mening kuygan tanimga qoldi hayron ko‘zlaring.

Aqlu hushim jam’ aylab, ishqidan chekdim oyoq,
Bu nafas holin yana, qildi parishon ko‘zlaring.

NOZLI YoR

Qora soching kecha debon uxlabman,
Kunduz ekan ko‘p armonim, nozli yor!
Sabo – sahar vaqti debon chog‘labman,
Ko‘zim ochsam, armon ekan, nozli yor!

Kel, ko‘rishsang mo‘jizakor qo‘lingdan,
Aylanayin dahaningdan, tilingdan.
Ayb etmagil qo‘lim solsam belingdan,
Otashgohi, so‘zanimsan, nozli yor!

Ta’rifin eshitdim qora ko‘zingning,
Gadosiman, jonim, kular yuzingning,
Zabondan ayrilgan har bir so‘zingning
Qurboniman– fidosiman nozli yor!

Nafas deyar, ishqim haddan oshibdir,
Tomoshangga ulus-ellar shoshibdir.
Ko‘zim ochsam, oyim-kunim botibdir,
Zindon bo‘ldi keng jahonim, nozli yor.

Turkman tilidan Olim To‘rayev tarjimasi