Davlatmamed Ozodiy (1700-1760)

Davlatmamed Ozodiy (Döwletmämmet Azady) — turkman shoiri va ma’rifatparvari. Mahtumqulining otasi. Turkman mumtoz adabiyotining yirik vakillaridan biri. Avval eski maktabda, so‘ngra Xiva madrasasida o‘qigan, arab, fors tillarini o‘rgangan, keyinchalik shu madrasada mudarrislik qilgan.
U xalq og‘zaki ijodini, Sharq adabiyotlari ulug‘ namoyandalari asarlarini chuqur o‘rgangan, ular ta’sirida qasida, ruboiy, g‘azallar yozgan.
6000 misrali «Va’zi Ozod» nomli yirik ilmiy risola-dostoni (1753—54) Ozodiy ijodida muhim o‘rin tutadi. Asar masnaviy usulda yozilgan bo‘lib, 4 bobdan iborat. 1-qismida mamlakatda tartib o‘rnatish, 2-qismida qal’a va saroylar qurish, 3-qismida jamiyatda fan va maorifning o‘rni, 4-qismida kambag‘allar va darveshlar to‘g‘risida fikr yuritilgan. Asarda turkman kabilalarini birlashtirish, soliqlarni kamaytirish, kanallar o‘tkazish, yo‘l va ko‘priklar qurish kabi masalalar aks etgan.

KONI BOR

G‘ofil odam, kel, nasihat xoni* bor,
Xon ichinda turli ne’mat koni bor.

Xon ichindan ne’mat yegan odamning,
Hech gumonsiz ko‘nglida iymoni bor.

Murda uldirkim, nasihat tinglamas,
Zohiran garchi ichinda joni bor.

Zikri haqdan g‘ofil bo‘lgan odamning,
O‘tsa olamdan aning na soni bor?

Haq azalda kimsani qilsa said,
Bu nasihat mushkidan darmoni bor.

Foniy ichra tutmagan Haq amrini,
Hashrda sonsiz hazor armoni bor.

Tosh ko‘ngilni sol nasihat obiga,
Bo‘lsa tavfiq yumshasa imkoni bor.

Voy agar tavfiqi Haq, yor bo‘lmasa,
Naylasin ul pand degan yoroni bor.

Hech o‘tgaymi urmoq ila toshga o‘q,
Garchi kim qo‘lda po‘lat paykoni bor.

Zolimning ko‘ngli erur toshdan qattiq,
Nosihning gar ilkida suhoni* bor.

Haq ishin oson etar ul bandaning,
Dunyo-oxir har kiming ehsoni bor.

Tirlik etgan zikri Haq birla (duoim) davom,
Ro‘zi mahshar xush kechar davroni bor.

So‘z bila tanbeh qilur bu miskin Ozod,
G‘ofir otlig‘ har kimning subhoni bor.
_____________
* Xon – dasturxon.
* Suhon – egov, arra.

FARYoDIM

Hamdu sano sobit senga,
Yo rab, eshit faryodimi;
Rahm aylabon bu osiyga,
Yo rab, eshit faryodimi.

Bo‘lsin durudi beshumor,
Haq do‘stiga sad*-ming hazor,
Ham oli ashob chahor yor,
Yo rab, eshit faryodimi.

Harchandi badkor o‘lmisham,
Oshufta afkor o‘lmisham,
Afvidan ummid qilmisham,
Yo rab, eshit faryodimi.

Lutf aylabon tutgil qo‘lim,
Xato so‘ylar har on tilim,
O‘zing sari boshla yo‘lim,
Yo rab, eshit faryodimi.

Bahri karamingni baxsh qil,
Ko‘nglimga imonni naqsh qil,
Ham bu yomonni yaxshi qil,
Yo rab, eshit faryodimi.

Kechdi abas vaqti fato*,
Voy hasrat-o, voy hasrat-o,
Mendan xato, sendan ato,
Yo rab, eshit faryodimi.
___________
* Sad – yuz.
* Vaqti fato – yigit vaqti.

BEHIShTNOMA

Bismillahir rohmanir rohim

Sanoyi beadad shohi jalila,
Yaratdi jahonni qudrati ila.

Ustunsiz osmonlarni qoldiribdir,
O‘zining qudratini bildiribdir.

Falakni doimo gardon qilibdir,
O‘n ikki burjini sarson qilibdir.

Jahon ichra qo‘yibdir kecha-kunduz,
Kun ila oyni qildi jami afro‘z.

Jahonni bu ikkovdan ravshan etmish,
Jahon ahli madorina shundan yetmish.

Ajab qudrat bilan qudratli Qodir,
Ki tirgaksiz tikibdir turfa chodir.

To‘shamish yerni, mix etmish jaballar,
Ki ko‘rki jumla bo‘stonu asallar.

Qilibdir bu jahonni koni ne’mat,
Nazar qil, bormi hech poyoni ne’mat.

Yog‘ar yomg‘ir, bulut o‘ynar, esar yel,
Oqar suvlar, chiqar o‘t tegmagan el.

Hayvonotu nabototu jamodat,
Uzalur so‘z tutsam birin-birin ot.

Barini biz uchun tinchsiz etibdir,
Bani Odam nechukki tinch yotibdir.

Kel, insof ayla, ey farzandi Odam,
O‘tar umring ham, ogoh bo‘l damo-dam.

Boshingdan har na o‘tsa, kecha-ertir,
Umring o‘tishida bordir turli sir.

Nazar qil dunyoga nasiba to‘ldi,
Yangi narsa kun-kundan ko‘hna bo‘ldi.

Tamom bo‘lgay binoyi umring, ey jon,
Bilar davlat bu banda amri subhon.

Bo‘lar xizmatda joni birla bedor,
Ki ishqida yonar ko‘ngli, qilar zor.

Nechuk zor etmasin kim banda bo‘lsa,
Qo‘lidan kelmas ish darmonda bo‘lsa.

Tavakkalni durust qilsin Xudoga,
Bo‘yinsunsinki, taslimi – rizoga.

Ilohi, ro‘zi qil tavfiqi toat,
Ki orttir xizmatni soat-basoat.

Durud birla eslaylik Mustafoni,
Bizim uchun chekibdir ko‘p jafoni.

Hamma avlodi azvoj bari birla,
Barcha yoron, xususan, to‘rt yori birla.

Ular kimlar uchun ko‘p jahd etibdir,
Bizim uchun bu yo‘lda ish bitibdir.

Tamomiki anbiyoyu avliyoga,
Ki jumla peshvoyu anbiyoga.

Xususan, hazrati No‘mon bu yo‘lda,
Qattiq johid bo‘lib bu tog‘u cho‘lda.

Alar ruhin, ilohi shodimon et,
Ulug‘ mahsharda qo‘rquvdan omon et.

Oyog‘i tuproqlarin bizga davo qil,
U tuproqdin ko‘zimga to‘tiyo qil.

Dami oxirda iymon ber, ilohim,
Kechirgin sen hamma jurmu gunohim.

Ulug‘ mahsharda, ey sattori olam,
Alar birlaki, qilgil yori-hamdam.

Vohib otlig‘ rasul yoronlaridan,
Ki durlar ochdi so‘z boronlaridan.

Rasuldan naql etibdir ushbu so‘zni,
Eshitar ochsa kim jon ichra ko‘zni.

Yaratgan kun jahonni jannati ham,
Yaratdi tingla so‘z, ey yori hamdam.

Eni har jannatining yer birla ko‘kdak,
Uzunin bilmadi hech kimsa beshak.

Magar Alloh bilar, olimdir o‘zi,
Aning ilmiga tengmas kimsa so‘zi.

Qiyomat kun yeru ko‘klarning, ey yor,
Tortib kengaytar Allohim ul miqdor.

Kengayar bu jahon haddi bepoyon,
Sig‘ar sakiz behisht ahli ham ayon.

Kuchlidir qudrati Parvardigorning,
Ne qilsa jondan bo‘lsin e’tiboring.

Etti yer, yetti osmon, arshi, kursin,
Sig‘dirsa bir hovuchga, nelar dersen?

Kengaytib bu jahonni yuz bu miqdor,
Sakkiz jannat sig‘sa gar, ne so‘zing bor?

Sakiz jannat tamom yuz daraja ul,
Eshikdan eshikka besh yuz sana yo‘l.

Oqar doim bu daryolar ichinda,
Tuganmas, foniy bo‘lmas meva anda.

Yana nozik ayollar nuri iyndan,
Yaratmish alarni nuri mubindan.

Misoli hammasi yoqutu marjon,
Emas alarni g‘ayri kimsa ko‘rgon.

Va g‘ayri nazar etgan emasdir,
Na insu jin ani tutgan emasdir.

Ki yetmish hulla kiymish har birisi,
Tamoman boshqa-boshqa rang barisi.

Ko‘tarmakda yengil bir necha sochdan,
Tamom nozik ipakdan, xush qumoshdan.

Sumaklar, hullalar, etlar toshindan,
Qarasang mag‘zi-inchikni ko‘rarsan.

Qizil sharbat bu yak shisha ichinda,
Aniq ko‘rarsan sen mag‘izni anda.

Lachak bo‘ynuzlari dur birla, ey jon,
Bezamishlar hamma yoqutu marjon.

Ochib jon qulog‘ing, kel, tingla ey yor,
Behisht ichra ajoyib nisbalar bor.

Ilohi, ro‘zi qilg‘il qullaringga,
Hamma mo‘min musulmon ellaringga.

Sakiz jannatni nuridan yaratmish,
Tamoman bir-biridan ayri etmish.

Misoli ayri bo‘lgandek samolar,
Biza aytmish bu so‘zni rahnamolar.

Ettinchi ko‘k uzra mavjuddir alhol,
Ki yo‘qdir ushbu so‘zda qiyl ila qol.

Yuqori bir-biridan, tingla xalo,
Baridan yuqori firdavsi a’lo.

Bo‘lur pora o‘shal kun yetti osmon,
Ki jumla ahli mahshar anda fazon.

Kun ila Oy tutilar anda bari,
Yuzida qolmagay yulduz asari.

Yitar osmonu yetti yer yiqilar,
Tomug‘ning ustiga ko‘prik chekilar.

Etti do‘zax nazarga kelgay anda,
Ne borin osiy qullar bilgay anda.

Bo‘lur jannatga mo‘min ahli nozir,
Samolar ketib, jannat bo‘lar hozir.

Bo‘lurlar jannat ahli shodu hurram,
Bashoratlar bo‘lur, yemas alar g‘am.

Ilohi, ko‘nglimni shodimon qil,
Musulmon qil, toki ahli iymon qil.

Ki jannat vasfin istar, kelsin emdi,
Jon qulog‘in so‘zimga solsin emdi.

Aytayin bilganimcha vasfin, ey yor,
Xaridori kerak, ochildi bozor.

Haqoyiq ahli so‘z bozorin ochdi,
Ki tinmas qatrakim bu sharbat ichdi.

Eshitib bovar etgan ushbu so‘zi,
Sevar ani ikki dunyoda O‘zi.

Bu jannat eshigin sakkiz demishdir,
Biri tikka, birin qumga qo‘ymishdir.

Ki oltin murassa’ javhar ila,
Yasamish Tangri qudrat anvar ila.

Avvalgi eshik uzra yozmish ani,
Kalimai toyyiba az jon bixoni.

Bu eshik anbiyoi mursalindir,
Tag‘in olam ahlin jo‘mardlarindir.

Ikinchi eshik namozxonlar uchundir,
Vuzu’, amal keltirganlar uchundir.

Uchinchi eshik beribdir kim zakotin,
Ishonib anglamish sakiz sifotin.

Bu to‘rtinchi eshikni kimlarga bermish,
Alarkim amri ma’rufga buyurmish.

Dag‘i nahy aylamish munkar ishidan,
Tama’ qilmay Haq uchun bir kishidan.

Bu beshinchi eshikni Haq alarga berdi,
Ki har nafs orzusidan qo‘lin ko‘tardi.

Bu oltinchi eshik – alar haj etmish,
To‘zon, tuproq uzra umraga yetmish.

Bu yettinchi bobni g‘ozilarga berdi,
Alarki kofirlar ila jangda erdi.

Sakkizinchi eshikni so‘rsang aytayin,
Ki jannat vasfini xalqqa yoyayin.

Alarkim istamishdir Tangrini ul,
Ko‘zin yummish haromdan ham tortib qo‘l.

Ota-onasiga xayr etmish alar,
Musulmon qardoshin xush tutmish alar.

Har neni xayr aylamish jahru nihoni,
Qo‘lingdan kelsa qo‘lla jondin oni.

Ilohi, bizni xayrga rog‘ib ayla,
Ki yaxshilar so‘ziga tolib ayla.

Yomon ishdan, yomondan aylagil dur,
Ikki olamda qil fazl ila ma’mur.

Bu jannat sakkiz demishlar tamom ul,
Biriga ot berur “Dorul jinon” ul.

Yasamishdir ani oq durdan Alloh,
Bani Odam uchun vallohi – billoh.

Ikkinchi jannati “Dorul salom”dir,
Xabar bergan bizga bu Haq kalomdir.

Yasamishdir qizil yoqutdan ani,
Olar bir donasi yuz ming jahoni.

Uchinchisi jannati “Ma’vo” turur ot,
Kalamulloh ichida bo‘lmish isbot.

Ani yashil zabarjaddan tuzatmish,
Ajoyib qudrat ila shunday etmish.

To‘rtinchi jannatiga “Xuld” erur ot,
Kalom ichra ani ham aylamish yod.

Bino etmish anga bu sari marjon,
Ki qudrat birla tuzdi ani Subhon.

“Naim” demish beshinchi jannat otin,
Berar Tangrim o‘zi qullar me’rojin.

Binosi jumla muning oq kumushdir,
Kalom ichra Xudo O‘zi demishdir.

Oltinchi jannatning “Firdavs” otidur,
Sevar qullari uchun joylar atalur.

Tuzatmishdir qizil oltindan ani,
Xudoning lutfidir, to‘ma gumoni.

Ettinchi jannatni “Adn” atamish Haq,
Desinlar jumla mo‘min ahli sadaq.

Tuzatmishdir ani oq durdan, ya’ni,
Tamom jannat boshidir, tingla buni.

Bu jannat jumlasidan ilgaridir,
Shuning-chun barcha jannatlar saridir.

Ajab ermas uy uydan yaxshi bo‘lsa,
Ki zebu zevar ila naqshi bo‘lsa.

Bu jannatda ikki eshik mubayyan,
Tuzalmish qudrati Haqdan muayyan.

Ki har eshikda ikki taxta qopi,
Bu tillodan tuzalmish yo‘q xilofi.

Ikki taxta orasin so‘rsang, ey jon,
Xuddi orasidek yer bilan osmon.

Hamma jannat binosin ham demishdir,
Bu kirpichlar bari oltin-kumushdir.

Suvog‘idir tamoman mushki azfar,
Ki xoki za’faron birla anbar.

Ki ko‘shklar bordir durdan tuzalmish,
Aning panjarasi yoqutdan bo‘lmish.

Eshiklari tamom javhar tutur bu,
Yuziga tutdirilmish ma’lul-inju.

Ki vasfi ko‘p erurkim, tilga kelmas,
Noqis aql ila anga yetmak bo‘lmas.

Bu jannatlarda to‘rt daryo oqar ul,
Kim ichsa, qatrasi jonga yoqar ul.

Birisi bahri rahmatdir, oqar bu,
Sakiz jannat uzra, ey yori neku.

Bu suftning toshlari yoqutu lu’lu,
Javohirlar bo‘lur ham anda lu’lu.

Ki garddan oqdir, aning suvlari sof,
Shirinroqdir asaldan demasman lof.

Yana birisi kavsar ariq bo‘lgay,
Bir ichgan suvsamoqdan forig‘ bo‘lgay.

Muhammad arig‘i derlar anga bu,
Borur ushbu ariqdan ummatga suv.

Og‘ochlari aning yoqut ila dur,
Kanori chanoq bo‘lgay jumla pur-pur.

Bu yulduzlar hisobidan o‘kushroq,
Ki jumlasi erur pokizadan pok.

Ichar ummatlari ushbudan ul on,
Bo‘lur ul suv, ey jon, ummatga darmon.

Bu jannatda buloq kofur erurlar,
Dag‘i ariq ki “Tasnim” deyurlar.

Dag‘i bir ariq anda salsabildir,
Birisi dag‘i anda zanjabildir.

“Rohiq-ul-maxtum” atarlar biri bor,
Muhrlikdir, ochilmas kimsa, ey yor.

Ki andan o‘zga suvlar soni yo‘qdir,
Agar bir-bir desam, poyoni yo‘qdir.

Hisobga kelmagay bas Tangri koni,
Ishonmasang bir qara bu jahoni.

Erur ushbu jahon bir joyi foni,
Yana yo‘q suvlarning haddi-soni.

Ilohi, bog‘u bo‘ston gullaringni,
Nasib eti orzulab bulbullaringni.

Ilohi, yaxshilarning sevgisin sol,
Tavoze’ joyini qil misli bir dol.

Payg‘ambar dedi, me’roj kechasinda,
Hamma osmonlarni sayr etdim anda.

Tamom jannat ichra barin bor ko‘rdim,
Anda oqadigan chor anhor ko‘rdim.

Biri suvdir aning ham birisi sut,
Ishongil ushbu so‘zga, bo‘lma mardud.

Yana bir ariqqa “Xamr” ot berurlar,
Ki lazzatli sharbatdir, ichirurlar.

Biri ushbu ariqning, bil, asaldir,
Shakardan ham shirinroq oti boldir.

Bu daryolar oqar jannat ichinda,
Ajab hayron bo‘lur bir ko‘rgan anda.

Tamoman havz ichiga kirar alar,
Bir-biriga qatishmay oqar alar.

Bu havz ichra asal, sut hamda suvlar,
Kirar bo‘lsang to‘piqqa yetmagaylar.

Ulug‘likda bu havzning haddi bo‘lmas,
Noqis aqli, der esam ani bo‘lmas.

Xudoyo, aqlimni afzuntar etgil,
Tilim zikring bilan doim tebratgil.

Havas bergil xaloyiq so‘zlariga,
Ko‘zimizni nozir etgil yuzlariga.

Alar sari uchun bolu parimni,
Kelar yo‘llariga fosh et sirimni.

Qabul ayla tilaklarimni, yo, Rab,
Ravon et ko‘zlarim yoshini har shab.

Xudoning qudratidan ochdi ko‘zni,
Payg‘ambar der Jabroyilga bu so‘zni.

Bu daryolar kelar qaydan, qayerga
Ketar endi, xabar ber shuni bizga.

Dedi Jabroyil havz ichra yelgay alar,
Ki bilmas qaysi yo‘ldan kelgay alar.

Duo qilgin agar ko‘rmak tilasang,
Bularning aslini bilmak istasang.

Duo qildi u dam Rasul Xudoga,
Malak yubordi Xudo u Mustafoga.

Salomdan so‘ng farishta aytdi bu so‘z,
Ayo Ahmad, bu dam yumgil ikki ko‘z.

Yana ochgin dedi, men yumdim-ochdim,
O‘shal holat bir og‘ochga satashdim.

Og‘och ustida oppoq qubbasi bor,
Yashil yoqutdin eshik-qopqasi bor.

Qizil tillodan ham qopi qilindi,
Ochilmas ayladim u bog‘li, bandi.

Etti yer, yetti osmon, ins ila jin,
Qubba uzra qo‘ysa barini birdan.

Bo‘lar misli tog‘ uzra qush qo‘ngandek,
Hamon Qof tog‘iga chumchuq mingandek.

Oqar to‘rt ariqni ko‘rdim taginda,
Dedim, endi qaytsam ushbu yerinda.

Malak dedi, nega kirmading ey jon,
Ki “Indaalloh”da sen aziz mehmon.

Dedim, yo‘qdir kalit menda, ochilmas,
Kalitsiz bu eshikdan kirib bo‘lmas.

Dedi, kalit qo‘lingdir, ochibon kir,
Ajoyib, xush g‘aroyib, ko‘rgil, ey mir.

Desam, qani, dedi, “bismil”dir, ey shoh,
Degil qopu ochilsin, bo‘lgil ogoh.

Dedim, “bismil”ki, bu qopu ochildi,
Xudoning nuri ustimga sochildi.

Ki kirdim qubbaga, ko‘rdimki to‘rt nahr,
Oqar to‘rt rukun qubbadan sarosar.

Dedim, endi chiqayin qubbadan bas,
Malak “Ko‘rdingmi?” deb qildi menga sas.

Dedim, ko‘rdim, bale istagimni men,
Dedi: “Qilgil nazar ikki bor ham sen”.

Nazar qildim, bu to‘rt ruknga yozilmish,
Bu “bismilloh” naqshi ila tuzilmish.

Chiqar suv arig‘in ko‘rdim o‘shal dam,
Bu “bismil” mimidan, ey chashmi purnam.

Yana sut arig‘i, Alloh-o, sendan
Chiqar, ko‘rdim ajoyib qudratingdan.

Ki xamr arig‘i Rahmoni mimdan bu,
Asal mimi Rahimdan, ey mohiro‘.

Ki men bildim bu to‘rt ariqning asli,
Bismildan erur, ey mardi-usulli.

Dedi Alloh o‘shalga, yo Muhammad,
Bu ism ila meni kim aylasa yod.

Sening ummatlaringdan bo‘lsa o‘zi,
Ki xolisona desa gar bu so‘z(n)i.

Sug‘orayin men bu to‘rt ariqdan ani,
Ichsa gar, lazzat olgay kayfi joni.

Kishi Haq yodini sevmak tilasa,
Egasin jon bilan o‘gmak tilasa.

Tutub sunnatni nafsi mone’ bo‘lsin,
Xudoyi har na bersa qone’ bo‘lsin.

Tama’ birla yirtmasinlar yurakni,
Ki uzsin bo‘g‘zidan bu nafsi sakni.

Mujohidda jafoga tutsin ani,
Berib kim ul itga suv birla nonni.

Gar kuch olsa semirib ushbu makkor,
Qilur a’zolaring qulliqda bemor.

Xabardor et Xudo-yo, men qulni sen,
Ki ko‘rsatgil menga to‘g‘ri yo‘lni sen.

Darig‘o, yetmasa fazlingdan imdod,
Dag‘i kimga qilurmen dodu faryod.

Vasfi uchmoqdan sizga zikr aylayum,
Tinglayib jondan inonsa, so‘ylayum.

Uchmoq ichra kirsa, vaqti xush kechar,
Shanba kun uchmoq suvin mo‘min ichar.

Yana yakshanba asal ichgay dag‘i,
Dushanba kuni ichar sut, ey axi.

Xamr icharlar ul dag‘i seshanba kun,
Mast o‘lub, sarxush o‘lurlar ushbu kun.

Mast bo‘lganda ucharlar tikka mudom,
Bir ulug‘ toqqa yetishguncha tamom.

Ul ulug‘ tog‘ mushki xolisdan bo‘lar,
Salsabilning suvlari andin kelar.

Salsabildan suv icharlar ba’dazon,
Ushbu chorshanba kuni bo‘lgay hamon.

Ba’dazon uchgay alar ming yil o‘nga,
Etguncha qasri munifning joyiga.

Ul munif bir ko‘shk erur nurdan tamom,
Etmak bo‘lmas vasfiga hosil kalom.

Taxtlari bordir baland poyoni yo‘q,
Ham qo‘yilmishdir chanoqlar soni yo‘q.
Ba’zi javhar, ba’zi zar nuqra emish,
Turli sharbatdan ichi to‘liq emish.

O‘ltirur har birisi bir taxt uzra,
Jumla Qur’ondir, inongil bu so‘z(g)a.

Yostiqu zebo to‘shaklar ham harir,
Ust-ustiga haddi-bayondin kasir.

Ya’ni qalinu bisotlar zil ipak,
Qudrati Haqdan to‘shalmish, qilma shak.

Ul qadar bo‘lgay baland taxtlar hamon,
Er bilan ko‘kdan bo‘lur mobayni – on.

O‘ltirurlar taxt uzra toqi qilib,
Har birisi hurramu shodmon bo‘lib.

Bularga ingay sharobi zanjabil,
Xush icharlar ushbuni beqolu qil.

Xush ajab ayshu farog‘atlar qilar,
Ul kunni payshanba deb atar alar.

Ayni boqiy chashmasidan oq bulut,
Bular uzra hulla to‘kkay qut-qut.

Ya’ni ming yilga qadar hulla yog‘ar,
Zil ipakdan jumla xush naqshu nigor.

Mo‘mini adnosi yetmish hullani,
Ushbu hulladan kiyar, bilgil buni.

Har birining bo‘lgay ul rangi digar,
Jomayi zeri bo‘lar zebo magar.

Yupqa bo‘lgay hullaning har birisi,
Bargi guldek tingla, ey din tiyrisi.

So‘ngra uchgaylar bu mo‘minlar yana,
Ming yilga yetguncha maqsad joyina.

Maqsadga yetgan kuni juma bo‘lur,
Ul abad sufrasi uzra o‘ltirur.

Ariq ingay alarga, oti rohiq,
Kim bahralik ko‘pik mushkdir, ey rafiq.

Undan ichgaylar bular lazzat bila,
Turli sharbat aysh ila, ishrat bila.

Turli meva, turli osh, turli taom,
Xush ichar, aylar navozish xosu om.

Roziman deb kelgay ul Haqdin salom,
Diydalar bergay bularga ixtimom.

Ko‘z ko‘rgan, quloq eshitgan bo‘lmagay,
Xotiriga kimsaning hech kelmagay.

Nozir bo‘lgay Haqning diydoriga,
Kirdilar chun jannat ahli doriga.

Hasratu g‘amdan asar yo‘q ba’dazon,
Ishrat ichra qolarlar ki jovidon.

Dedi bu so‘zni Rasuli rahbaron,
Tangriga har kimsa keltirsa iymon.

Tutsa amrin, qilsa ul solih amal,
Ijtinob etsa gunohdan bajadal.

Bu karomat, bu sharofatdir anga,
Ham nasib etgay Xudo diydorina.

Ey Xudoyo, ro‘zi qil diydori yor,
Mo‘minga darkor avval, so‘ngra jar.

Bu jannat ahlidan bir kimsa , ey jon,
Qilsa gar orzu diydori Rahmon.

Maloyik keltirur ul dam buroqlar,
Yugani tillo murassa’, ziyn javohir.

Bashorat birla derlar in dodi Haq,
Tutarlar shod bo‘lib, alarga saddaq.

Bu mehmonxonaga tushgaylar ul dam,
Egaylar turli ne’mat shodu hurram.

Salom kelgay Xudoyi benazirdan,
Rahimlik, mehribon Hayyul Karimdan.
Eshiturlar quloq birla salomi,
Bu mehmonxonada bo‘lgay tamomi.

Ya’ni ko‘z birla ko‘rgaylar Xudoni,
Jihatsiz o‘xshashi yo‘q, lomakoni.

Jahonaro jamolin Tangri qodir,
To‘lin oydek ko‘rurlar ahli nozir.

Bizga vojib qilibdir bitmakni ul,
O‘zi bilur o‘zin ko‘rsatmakni ul.

Ilohi, fazl ila diydoringni ber,
Yurakda zavqu shavqdin zoringni ber.

Savol etdi Rasuldan Ka’bul axbor,
Nechuk erkan bu jannat ichra ashjor.

Nabi aytmish og‘ochlar shunday bitmish,
Ajoyib holat ichra anda tutmish.

Qurimas, biror yaprog‘i to‘kilmas,
Tugamas mevasi hech foniy bo‘lmas.

Ki Tubodir og‘ochlarning balandi,
Barcha jannat ichra arjumandi.

Aning asliki oq durdan tuzilgan,
Miyoni ham dag‘i kumushdan bo‘lgan.

Butoqlari zabarjaddan emishdir,
Uning yaprog‘i oltindur, kumushdir.

Ki yetmish ming butoq bor ul og‘ochda,
Yopishmish har butog‘i, soqi arshda.

Ki aning butog‘i osmonga yetmish,
Xudo qudrat birla shunday tuzatmish.

Butun jannat ichra soya solgay,
Ki jannat ahli andin bahra olgay.

Butun butoq samardan shunday purbar,
Bu jannat ahli ayshu ishrat aylar.

Ki har butoqda bor yetmish ming varoq,
Birida bor: “la ilaha illaalloh…”

Agar so‘zga inonsang, bu turur so‘z,
Inonmasang, unda qara ochib ko‘z.

Bu to‘rtinchi samoda sayr etadir,
Yorug‘i butun olamni tutadir.

Yana jannat ichra ko‘pdir og‘ochlar,
Kumush birla tamoman oltin alar.

Butoqlari aning ba’zisi oltin,
Kumushdir ba’zi, so‘zdan angla mazmun.

Og‘ochlarkim bu dunyo ichra bitmish,
Tubi yerda, butoq osmonda ermish.

Shuning chun dunyo ermish joyi taklif,
Inonmadi shuning chun ahli tashrif.

Bu jannat tuprog‘idir mushki anbar,
Dag‘i kofuru xushbo‘y ila azfar.

Ariqlar suvu sut va asaldir,
Dag‘i xamr oti sharbat bexalaldir.

Esar yel ham u yerda xush muloyim,
Tegar yaproqlar bir-biriga doyim.

Chiqar anda alardin turfa ovoz,
Qurilgandek bo‘lur xush ming turli soz.

Eshitgan bor emasdir insu jindan,
Anga mengzash bu dunyoda xush alxon.

Bu sozlarning ovozin tinglayurlar,
Olib lazzat ularki sust bo‘lurlar.

Ular hurram o‘shal turli ovozdan,
Eshitdim ushbu so‘zni dilnavozdan.

Xudoyo rahmatingdan qilma mahrum,
Bizni qo‘yma ikki olamda mazmum.

Alidan fathi bob bo‘ldi bu iqbol,
Rasuldan naql etib ul sohibi hol.

Dedi jannat ichra bir og‘och bor,
Boshida hulla paydo misli asmar.

Haqiqatda ot chiqar, qanotli bo‘lgay,
Egarli ham yugan ziynatli bo‘lgay.

Bezagi dur bilan yoqut erur ul,
Tezak solmas, dag‘i aylamas bavl.

Xudoning do‘stlari mingaylar anda,
Bas ul otlar uchar jannat ichinda.

Oyoq uzra yurgan xalqdir, ilohiy,
Kiydirgansan boshga davlat kulohi.

Bu qullarga qilib sen turfa in’om,
Sabab nedur, bizga bir ayla ilhom.

Xudo der qullariga bu a’boni,
Bo‘lar yog‘ish savollarning javobi.

Namoz alarda pesha, sizda uyqu,
Alarda ro‘za, sizda yemak-ichku.

Alar johid bo‘lib Haq xizmatida,
Hamon siz bevafoning ziynatida.

Tanu jon Tangriga sarf etdi alar,
Menim buyruqlarim xush tutdi alar.

Itobi xush alarga yetdi Rabdan,
Karomat ro‘zi qildim shu sababdan.

Alar otin vali qilmish qatinda,
Azalda sevmish ani hazratinda.

Nasihatdir bu so‘zlar xush bilana,
Bilib joni bilan rag‘bat qilana.

Ilohi, qullaringa yori bergil,
Qilib ehson behisht gulzori bergil.

Nasib et xayr quchmoqni qulingga,
Minib ot anda uchmoqni qulingga.

Rasuldan ochildi bu so‘z bardavom,
Sevar ummatlarga bu so‘zdir in’om.

Dag‘i bor jannat ichra bir shajar ham,
Aning mevasi ko‘p ey yori hamdam.

Suchukdir boldan ham yumshoq ko‘pukdan,
Dag‘i pokizadir toza mush(u)kdan.

Edirmas mevasin qullar bariga,
Magar yedirar namozxon qullariga.

Namozxon bo‘l, namozxon bo‘l, namozxon,
Namozxonlarga bo‘lgay shunday ehson.

Barcha ishlar boshi bilgil namozi,
Namoz ochgay sakiz jannatga izi.

Namozsiz qullarga ul kun zimiston,
Ishi dushvor, ochilmas bandi zindon.

Xudovando musulmon ayla bizni,
Muvahhid ahli iymon ayla bizni.

Yomon yo‘ldan, yomon yo‘ldoshdan, ey Haq,
O‘zing samara ber ishimga mutlaq.

Tortarman har zamon dard ila ohi,
Bu ohim qilma behuda Ilohi.

Xabar ichra Rasuldan dur sochildi,
Uyg‘ondi jon, ko‘ngildan zang ochildi.

Dedi, xalq etdi Haq hur qizlarni,
Ki to‘rt rangdan, ayo odam, negizi.

Biri oq, biri yashil, biri sari,
Birisi surhining laylu nahori.

Badanin za’faron mushkdan etmish,
Dag‘i kofuri anbardan tuzatmish.

Sochi hurning qaranful deb aytayin,
Bu asli xush isli far erur tayin.

Oyoq barmog‘idan tiziga tegru,
Xush isli za’farondir, ey mohiro‘.

Tizidan to badanga mushki azfar,
Badandan to bo‘yinga mushki anbar.

Bo‘yindan to boshi kofurdan o‘lmish,
Ajoyib qudrat ila xush tuzalmish.

Ko‘rganlar ko‘z ololmagay aslo,
Nechuk vasf etsa ham undan adno.

Hur teginsa dunyoga bir marta agar,
Jumla jahonni olar mushki anbar.

Yozilmish siynasiga har birin yodi,
Xudoning otlaridan biror-bir oti.

Ikki gardan orasi to‘rt yog‘och yo‘l,
Bu so‘zdan ma’ni angla, ahli ma’qul.

Ulug‘likda ajab zebo mohiro‘,
Ko‘rgan ko‘zga alarning joni diljo‘.

Ki har qo‘lida o‘n tilla bilazuk,
Dag‘i har barmog‘ida shuncha uzuk.

Har oyoqda yana o‘n burmasi bor,
Barchasi lu’lui javhardan, ey yor.

Har ne istar bo‘lsang anda muhayyo,
Bo‘lur o‘pmagu quchmoq tamosho.

Dema, ey kimsakim – ahli ma’noni,
Ko‘ngildan tutsa do‘st ushbu jahoni.

Xudoyo ma’ni ko‘zlarin o‘zing shod et,
Ki ko‘nglim xonasin anda obod et.

Umid mendan, karam senda Xudoyim,
Bahra hol uzra qilgil lutfni doim.

Rivoyat Ibni Abbosdan qilinmish,
Ajab so‘zdir Rasuldan naql o‘lmish.

Dedi, jannatda ko‘rdim bir ajib hur,
Dedilar, oti aning Lenitadur.

Yaratmish Tangri to‘rt narsadan ani,
Ki anbar, mushk, kofuri za’faroni.

Ki hayvon suvidan balchiq suvalmish,
Ajoyib zebu zevardan tuzalmish.

Hama hurlar aning ishqida vola,
Ki ko‘rsak deb qilarlar zori nola.

Tupursa gar bir bora bahrga ul pok,
Suvi bo‘lgay shakardan ham shirinroq.

Ko‘rgan ajralsa, kunduzi bo‘lar tun,
Bo‘lar bexos alar jigar-bag‘ri xun.

Yozuvli sinasida ushbu xat bor,
Menga har bir kimsa juft bo‘lmak istar.

Ki uning toqati Rab birla bo‘lsin,
Havo birla havosin ortga sursin.

Sahar xush uyquda qil barcha zori,
Xudodan istagil tavfiqi yori.

Ki ul lutf egasi koni karamdir,
Ki bahri qatida olam adamdir.

Ki yo‘qdir asillarga o‘zga chora,
Aning bir zarrasi, bil sad hazaro.

Uzilmas qo‘llaridan dast umidi,
O‘zi derki bo‘lma hech noumidi.

Xabardir Ibni Ma’suddan bu aqvol,
Rasuldan qildi naql sohibi jamol.

Adan jannatini Haq ul dam yaratdi,
Ki Jabroyilga qudrat amrin etdi.

Dedi, bu jannatni sayr et bu soat,
Ko‘rgin, qullarga bo‘lmish ne shafoat.

Ki Jabroyil borib tavof etdi borin,
Ajoyib ko‘rdi bo‘ston lolazorin.

Ki vasf aylarga bulbullar tili lol,
Eshitganlar bo‘lur vasf etsa, behol.

Kezardi sayr etib ul haqi amini,
Ko‘rardi, tinglardi zebu ziyni.

Yo‘liqdi joriya ul hin, ey yor,
Tabassum qildi Jabroyilga yak bor.

Ki tishi oqidan jannat butunlay,
Ishiqlandi tamom, ey mardi shunday.

Yiqildi Jabroyil, kim sajda qildi,
Gumon avval yuz obdon jilva qildi.

“Ko‘rtar bosh” deb nido qildi ul cho‘ri,
Nega sajda qilursan, kel menga to‘g‘ri.

Ko‘rib ul dam ani tang etdi bisyor,
Ajab ziynatlamish qudratli jabbor.

Dedi ul joriya ul dam, menga boq,
Kimlar uchun yaratibdir meni Haq.

Bilurmisen, menga bir qilgil izhor,
Nechuk banda ekan bo‘lgay menga yor.

Javob bermishki Jabroyil o‘shal dam,
Bu ishlarga mening ham donishim kam.

Magar o‘zing bilursan deb so‘zladi,
Eshitsam deb javobin ham ko‘zladi.

Yaratmishdir aning uchun meni Haq,
Rizo bo‘lsa Xudo har holda mutlaq.

Havo birla havasdan bo‘lsa ul dur,
Izo yemasa andin kimsa to mo‘r.

Bahar holda rizo jo‘yanda bo‘lsa,
Rizosin istasa, har qayda bo‘lsa.

Men aning jufti deb berdi javob ul,
Qilur jannat uchun bag‘rin kabob ul.

Qattiq holdir rizo bir qulga tutmoq,
Izi har kimsadan kim tek yuvitmoq.

Pisand aylar ko‘rar na bo‘lsa harchand,
Ichirsa zahri zaqqumni bilur pand.

Jahon ichra hamma noxush anga xush,
Bo‘lur o‘zgalarga har hol qilib bo‘sh.

Xudoning qahri, lutfi yonida teng,
Barobar ko‘rinur anga hamma rang.

Barobardur anga sevmagu o‘gmak,
Tag‘in bir er ishidir yukni chekmak.

Bu holni qil nasib xos qullarga sen,
Shariat ber musulmon ellarga sen.

Xabardor et tariqat yo‘llaridan,
Madadxoh qil haqiqat ellaridan.

Haqoyiq ahlini duch et g‘aribga,
Ko‘ngil dunyoni tutmasin habibga.

Etar jononiga jondan kechganlar,
O‘zini yo‘q aylab sondan kechganlar.

Xabardur ul Rasuldan tingla, ey jon,
Eshitsa bovar aylar ahli iymon.

Dedi, ko‘rdim sakiz jannat ichinda,
Bino aylar maloyik ko‘shklar anda.

Biri kumush, birinj, biri tillo,
Tuzaturlar binosini ziynat ila.

Qarab turdim, binodan chiqdilar el,
Qaradilar bu holatda o‘ngu so‘l.

Savol etdim nega forig‘ turarsiz,
Gohi forig‘ bo‘lib, goh qo‘l urarsiz.

Dedilar, zikrga tursa qasr egasi,
Qo‘l urarmiz turib, bitgay binosi.

Qachon ul zikridan forig‘ bo‘lganda,
Binodan qo‘l tortarmiz biz ham anda.

Davomi Haq zikrin et, ey baxti xush yor,
Sening ishing doim qilsin malaklar.

Ishing bitmas agar g‘ofil yotursan,
Xayf g‘aflat birla umring o‘tirsang.

Xudoga bandalik qil, ey xiradmand,
Zikridan lazzat ol misli shakar, qand.

Xabarda keldi, tinglagin so‘zimni
Agar chandiki xayr bilsang o‘zimni.

Kishikim ro‘za tutsa ro‘za oyi,
Anga ne’mat berur tongla Xudoyi.

Kuniga huri iyndan qizi zebo,
Xudo bergay, eshit, ey joni shaydo.

Tolibdirlar anga dur ila xayma,
O‘zingdan o‘zga ko‘rmabdur, g‘am yema.

Ki har hurga qurilmish taxti – etmish,
Qizil yoqut erur, ey baxti bitmish.

Har taxt ustida yetmish to‘shak bor,
Muhabbat birla soyim anda yoylar.

Yana ming cho‘risi har hurning anda,
Ki oltindan varaq alar alinda.

Alar ziynat bilan oldinda turgay,
Bo‘lur paydo ularni kimsa ko‘rgay.

Kishi kim bo‘lsa soyim ro‘za oyi,
Bu shavkatlar anga bergay Xudoyi.

Gar Haq bandasi bo‘lsang, ro‘zani qo‘yma,
Ki shaytoni la’inning izidan yurma.

Ergashib ayrilmagil, kel, bunday hurdan,
Boshqa ish topilmas ushbu huzurdan.

Vafosiz dunyoning kamdir huzuri,
Bitgan ish yo‘q, jafodir quri-quri.

Xabardir Mustafodan bu so‘z, ey yor,
Iymon shami bo‘lgan kas barobar aylar.

Ajab sahro sirotning engsasinda,
Ki pokiza og‘ochlar bordir anda.

Tubidan har og‘ochning ikki daryo,
Oqar ketar bari jannat sariya.

Biri jannat o‘ngidan, biri chapdan,
Tuzatmish lutf ila Haq bo‘yla cho‘ldan.

Sirotdin mo‘minelar chun kecharlar,
Qattiq suvsab o‘sha suvdan icharlar.

Hisobgohda bo‘lur kunki turibdir,
Changu tuproq, mashaqqatlar ko‘ribdir.

Ichgandan so‘ng yetib hol sinoatga suv,
Xayolot, g‘illu g‘ash bitgay iymon hu.

Bu suvlar kim qachon qorniga borgay,
Najosat, bavlu qon andan ayrilgay.

Ki ichu tashingni poklagay ul suv,
Izi yo‘q yomon hujayrada bir mo‘.

Kelgay alar, yana bir hovzi digar,
Tushar hovuza, bo‘lar nozik badanlar.

Terisi yumshoq alarning ipakdek,
Yuzi bo‘lgay tamoman to‘lin oydek.

Jasad pokiza misli mushki anbar,
Ki xushbo‘ylikda alar to sarosar.

Tamoman bobi jannatga kelurlar,
Ko‘rib andin tafarrujlar qilurlar.

Qizil yoqut binosi bo‘yla xush oy,
Bo‘lib xushvaqt gohi derlar ki hay-hay.

Qoqar har biri ul dam bobi jannat,
Ochar bob, keldi deb ashobi jannat.

Chiqar hurlar sevinib ul dam, ey yor,
Ki har birisi o‘z erin quchoqlar.

Aytar ul hur: sevarim sen erursan,
Xudoyim rozidir, men rozi sendan.

Turkman tilidan Bahodir Karimov tarjimasi