Sabohaddin Ali (1907-1948)

Yozuvchi va shoir Sabohaddin Ali (Sabahattin Ali) 1907 yil 25 fevralda Bolgariyaning Kardjali shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limini Uskudarda olgandan so‘ng Chanoqqal’ada o‘rta maktabni tamomlagan. Oliy ta’limini Balikesir muallimlar maktabida olgan.
Sabohaddin 1928 yilda Ta’lim vazirligining stipendiyasi bilan Germaniyaga boradi. 1930 yili vataniga qaytgan adib Ko‘niyada adabiyot muallimi sifatida ishlay boshlaydi. Ilk hikoyasi “Oy” jurnalida chop qilinadi.
U Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturkni haqorat qilganlikda ablanib, hibsga olinadi (1932). Respublikaning o‘n yilligi munosabati bilan qamoqdan ozod qilinadi (1933 yil 29 oktyabr). U o‘zining vatanga va mamlakat asoschisiga sodiqligini isbotlash maqsadida “Borliq” jurnalining 1934 yil 15-yanvar sonida “Mening muhabbatim” nomli Mustafo Kamol Otaturkka bag‘ishlangan she’rini chop qildiradi. Shundan keyin u xalq ta’limi tizimida ishlashga ruxsat oladi.
Dastlab, Anqara musiqa maktabida turk tili o‘qituvchisi, keyin davlat konservatoriyasida tarjimon, o‘qituvchi va dramaturg sifatida ishlaydi. 1945 yildan “Yangi dunyo” gazetasida, 1946 yildan “Marko Posho” gazetalarida siyosiy-tanqidiy maqolalar yoza boshlaydi. 1948 yilda “Zanjirlangan Hurriyat” gazetasidagi maqolasi uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Sabohaddin Ali doimiy ta’qiblardan bezib, chet elga chiqib ketmoqchi bo‘ladi. Chegarada qo‘lga olinib, mahfiy ravishda o‘ldiriladi. Uning jasadi o‘ldirilganidan ikki yarim oy keyin topiladi. Adibning “Tegirmon”, “Ovoz”, “Yangi dunyo”, “Oynavand ko‘shk” hikoyalar kitobi; “Kuyujaklik Yusuf”, “Ichimizdagi shayton”, “Mo‘ynali Madonna” romanlari; “Tog‘lar va shamol” nomli she’r kitobi nashr qilingan.

MA’YuSLIK

Meni eng go‘zal kunimda
Sababsiz bir kadar olur.
Butun umrim qozonida
Achchiq bir quyqasi qolur.

Anglay olmam kadarimni,
Bir otash yoqar terimni,
Ichim tor ko‘rar yerimni
Ko‘nglim tog‘larga belanur.

a qish, na yozni istarman,
Na bir do‘st yuzni istarman,
Hafif dard sozni istarman,
Og‘riqlar, sanchiqlar kelur.

Yonima tushar qo‘llarim,
Ko‘rinmas bo‘lur yo‘llarim,
Eng sevimli amallarim
Oldimda o‘lik ko‘rinur…

Na bir do‘st, na bir sevgili
Dunyodan uzoq bir dalli…
Meni chulg‘ar g‘am, mahzunlik
Boshimda shod savdo o‘lur!

Turk tilidan Yo‘ldosh Eshbek tarjimasi