Payrav Sulaymoniy (1899-1933)

Payrav Sulaymoniy 1899 yil 15 aprelda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Dastlabki ma’lumotni Marv madrasasida olgan. 1916-1917 yillarda Kogon shahridagi rus-tuzem maktabida ta’lim olgan. 1921-1922 yillarda Buxoro xalq Respublikasining Afg‘onistondagi elchixonasida ikkinchi kotib bo‘lgan. Vatanga qaytgandan so‘ng ijod bilan shug‘ullangan. Tojikiston davlat nashriyotida muharrir va tarjimon bo‘lib ishlagan.
15 yoshidan she’r yoza boshlagan. “Buxoro inqilobi munosabati bilan” (1920) she’ri ko‘pchilik tomonidan olqishlangan. Uning she’rlaridan namunalarni Sadriddin Ayniy “Tojik adabiyoti namunalari” to‘plamiga kiritgan.
“She’rlar” (1931), vafotidan so‘ng “She’rlar to‘plami” (1934), “Asarlar to‘plami” (1962), “Devon” (1971) kabi kitoblari chop etilgan.
Shoir 1933 yil 9 iyunda vafot etgan.

QALAM

Qalam ustodi dostonim erur,
Qalam ozoda tarjimonim erur.

Qalamga rozi dil qilurman fosh,
Qalamim mahrami nihonim erur.

To jahon bor, tirik qolajakdirman,
Qalamim umri jovidonim erur.

Garchi men hayotda kamgapman va lek
Qalamim qosidi bayonim erur.

Tilsizlik o‘limning nishoni ersa,
Qalamim qalammas, u jonim erur.

Men qizil qalamning payravidirman,
Qalamim shohidi zamonim erur.

YoR XAYoLIDA KEChGAN HIJRON KEChASI

Necha kundir yod etardim yodini,
Dilda asrab ul sanamning otini.

Vasli jomi orzuyim erdi mani,
Lek ichardim og‘uli paymonani.

Ham uzun tunlar xayolinda yonib,
Bir ilon shavqi birla ko‘kda charx urib.

Goh samum misli esib, jon o‘rtanib,
Gohi chaqmoq misli chaqnab ham yonib.

Bir bahor abri kabi yig‘lar edim,
Mingta bongdek dod solib, ohlar edim.

Beqarorlikdan jununim dashtida,
O‘zda yo‘q, sarson chopardim behuda.

Bosh berib, jonimga yetgach bir darak,
Jon berib, bir xushxabar topgach yurak.

O‘zni shuncha xoru zor, afgor etib,
Men murod ko‘yiga borgaydim yetib.

Sajda qilgandek bukib qad yerga men,
Ko‘z yoshi yanglig‘ tomib yo‘llarga men.

Nozanin, deb, ushlabon noz barini,
Tortar erdim zahrini nozlarining.

Goh oyog‘idan o‘pib, asta turib,
Goh so‘rib la’li labidan, jo‘sh urib.

Yaxshiroq ko‘z tashlasam har yon bu on,
Ko‘rgay erdim — menga neki noayon!..

Bu xayoldir, qalbni shavqli onidir,
Bu firoqim kechasin dostonidir.

TOR OHANGI

Qulog‘imga tag‘in ohangi tor kelgay
Va yorimning ovozi xush, xumor kelgay!

U tor ohangidan xasta vujudimga
Shifobaxsh ruh kelgay, ruhi nisor kelgay!

Na damlar beqaror erdim, bu dam dilga
Sening bu xush navoingdan qaror kelgay!

Shamol tarqatdimi xushbo‘y sochingni-yo,
Bu yoqlarga nasimi xush bahor kelgay?!.

Bu dam to‘zg‘itmagin yellarda sochingni,
U ham bir kun mening holimga kor kelgay!..

Sening bor kipriging birlan dilim zaxmin
Raqam etsak, ikisi teng, qator kelgay.

Xabar keldi, vafo dashtidagi ey qush,
Seni tutmoq uchun u yor shikor kelgay!

Turur Payrav bo‘lib zoring, quvonchidan
Ko‘ziga yosh qatoru shashqator kelgay!..

Tilak Jo‘ra tarjimasi