Gulchehra Sulaymoniy 1928 yil 1 yanvarda Buxoroda mashhur shoir Payrav Sulaymoniy oilasida tug‘ilgan. Buxoro o‘qituvchilar institutining til va adabiyot fakultetini tamomlagan. “Tojikiston pioneri”, “Mash’al”, “Sadoi Sharq”, “Maorif” nashrlarida ishlagan.
«Bugun bayram» (1957), «Ikki tup olcha» (1962), «Nargis» (1966), «Charxfalak» (1971), «Qirq kokil» (1972), «Xubon olmasi» (1974), «Tori marjon» (1976), «Ilhom» (1977), «Tirukamon» (1979), «Lolalar ochilgan payt» (1982), «Sicharog‘» (1988), «Kurtai chakan» (1989) kabi kitoblari chop etilgan.
Gulchehra Sulaymoniy J. Jabayev, S. Marshak, A. Barto, V. Inber, S. Mixalkov, Q. Muhammadiy, S. Kaputikyan, Zulfiya, M. Maltseva she’rlarini tojik tiligan tarjima qilgan.
U Tojikiston xalq shoiri (1988), Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti (1977) va “Xalqlar do‘stligi” ordeni (1986) sohibi.
2003 yil 5 aprelda vafot etgan.
BUXORO
Mening aziz shahrim, qadim Buxoro —
She’r maskani, zebo so‘zlar maskani.
Sendadir bolalik yodim, Buxoro,
Shayman, onam kabi qalbga bosgani.
Tarixsan — mo‘jiza, san’atga to‘liq,
Pirsan — ja’mi jahon ziyorat qilgan.
Sensan men kuylagan eng to‘ng‘ich qo‘shiq,
Go‘dak hayratlarim senga to‘kilgan.
Naqshinkor bag‘ringni sevaman jondan,
Sohir ranglaringni, oydin yuzingni.
Mehri ohanrabo, chehrasi xandon,
Sevaman yoqimli talaffuzingni.
Mening yuragimda qolgan naqshlanib
Asriy obidalar jilvasi, rangi.
Nazdimda, o‘zingdan ketar boshlanib
Dilbar kunduzlarning shafaqli tongi.
Sen chunon ko‘hnasan, chunon navqiron,
Bag‘ring yog‘dularga shunchalar boykim,
Bor qora dog‘larga keltirding qiron,
Qalbing oydinligin oldida oy kim?!.
VARRAK
Hushimni o‘g‘irlab
Uchmoqda varrak,
Men yetmagan ko‘kni
Quchmoqda varrak.
Varrakni uchirgan
Shamolmi? Shamol?!
Xayollarim ipi
Tortar, ehtimol.
Balki tortayotir
Uni ushbu dam
Bolalikning shirin
Orzulari ham!
Pastda nima bo‘lsa,
Qo‘yib armonga,
Ucha ber, varragim,
Quyosh tomonga.
Ucha ber, ne bo‘lsa,
Baridan baland,
Va lekin xo‘shlashma
O‘z uying bilan
biror payt oqqushday
Qo‘ngil tomiga,
Chorlab tursa hamki
Fazo komiga.
Turgan bo‘lar tomda
Bolakay shodon,
Naq o‘zi parvozdan
Qaytganday shu on.
…Aylanaverarkan
Umr parragi.
Qani u bolakay,
Qani varragi?!.
Tilak Jo‘ra tarjimasi