Bozor Sobir (1938-2018)

Bozor Sobir 1938 yilning 20 noyabrida Fayzobod nohiyasining So‘fiyon qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasidan bevaqt mahrum bo‘lganligi bois Hisor nohiyasidagi maktab-internatda tarbiyalangan. 1957-1962 yillarda Tojikiston davlat Universitetining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. «Madaniyat va maorif», «Sadoi Sharq» jurnallarida nazm bo‘limi boshlig‘i, Yozuvchilar Ittifoqi nazm bo‘limi maslahatchisi vazifalarida ishlagan. 1990 yilda Tojikiston Oliy Soveti deputatligiga saylangan.
«Payvand» (1972), «Otashbarg» (1974), «Guli xor»(1978), «Oftobnihol» (1982), «Simxor»(1995), «Az «Guli xor» to «Simxor» (1997), «Xuni qalam» (2010) kabi kitoblari chop etilgan. Rus tilida «Kamennaya kladka» va «Listya ognya» nomli kitoblari nashr etilgan. Bayron, P. Neruda, A. Rembo, G.Appoliner, A. Fet, S.Esenin, E.Mejelaytes kabi jahonning mashhur shoirlarining she’rlarini  tojik tiliga tarjima qilgan.
Bozor Sobir 1988 yilda Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti, 2013 yilda «Prezident yulduzi» ordeni bilan taqdirlangan. 1973 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi, Tojikiston xalq shoiri.

ZAMIN

Aziz zamin!
Eshitmoqdasan;
Beshik g‘ijiriyu
Bola sasini —
Bular kelayotir mening uyimdan.
Kelajak odamin ko‘rib turibsan:
Mana o‘sha odam
Mana
Etur mening quchoqlarimda.
Hali suyaklari qotmagan uning,
Harakat,
G‘imirlash,
Bidirlash,
Bir parcha kulgiyu yig‘idir bori.
Sutning mayin hidi keladi uydan
Kechayu kunduz.
Qo‘shiq va umidga bo‘lar boshpana
Endi uyimiz.
Mening o‘zimda ham qancha o‘zgarish.
Devorlarga boqib undan go‘yoki
Nedir so‘rayman.
Albatta so‘rayman nimadir…
Unga oq fotiha beringiz, deyman,
So‘rayman do‘stdan ham, begonadan ham,
Nomlari olamga ketganlardan ham,
Butun dunyodan
Dilbandim oling deb quchog‘ingizga,
Sizdan ham so‘rayman yashil tepalar,
Qaynoq biyobonlar, so‘rayman sizdan.
Sizdan ham so‘rayman sokin cho‘qqilar.
Eshitilmay qolsa agar ovozim —
Darada guvillab turgan sharshara
Mening qo‘shig‘imni
Kuylasin unga…
Qirlar, ekinzorlar,
Qushlaru yo‘llar,
Qadrdon qishlog‘u shahar bog‘lari,
Yolg‘izimni sizga topshirmoqdaman.
Shu lahza ko‘ksidan
Mayli qush kabi
Birga parvoz qilsin qo‘shiq va yig‘i,
Mayli o‘z yerida kamol topsin u,
Ona zamin, unga farog‘at tila.

Ma’ruf Jalil tarjimasi

TOJIKISTON

Tojikiston, Tojikiston,
Qayga borsam har zamon,
Chegarangga yetgunimcha,
O‘zga yurtga ketgunimcha,
Barimni qoqibon qo‘yaman qadam,
To xoking bo‘lmasin biror zarra kam,
Barimda ketmasin biror zarra ham.

Qayda suv ko‘rsam agar,
Qayda billurdek buloqlarning labin so‘rsam agar,
Ko‘zima ildim uning bir qatrasin,
Ko‘rinardi goh Zarafshon, gohi Vaxsh,
Xush erur etsam agar bir qatra baxsh.

O‘lkalardan o‘tganimda,
Yo‘l g‘uborin yutganimda,
Qo‘ndirardim har zamon kiprik uchiga zarrasin,
Toki, senga tuhfa etsam,
To ko‘laysin zarralarning karrasi.

Qayda tosh ko‘rsam agar,
Men silardim o‘zga yurtning toshini,
Silagandek xuddi farzand boshini,
O‘zimi derdim, uni
Keltirishgandir Badaxshon bo‘yidan,
Yulqib olgandek go‘dakni mushfiq ona qo‘ynidan.

Har qayon qilsam safar,
Yodladim har bitta yo‘lni bir g‘azaldek beg‘alat,
Xatma-xat,
Boshlasin toki so‘rog‘ingga meni,
Beozor eltsin kuchog‘ingga meni…

Qayda bo‘lsam, bo‘lmasam,
Men o‘shal dehqon bolangman.
G‘am chekarman tog‘laringdan bitta toshing ko‘chsa gar,
G‘am chekarman bir giyohing bargidan rang o‘chsa gar,
Rezgi noningni yutarman bo‘lsa gar noning butun,
Suv icharman bo‘lsa gar daryo ko‘li haddan uzun.

Bir nafas qolsam agar yolg‘iz bo‘lur tog‘ing makon,
Toki, toshga bosh qo‘yib rohatlanib olsam bir on,
Toki, daryo kuyiga etsin meni ham hamzabon,
Toki, yig‘latsin shalola nolasi zor-zor meni,
Toki, yomg‘ir aylabon kuysin bulut bir bor meni,
Toki, yolg‘iz qolmayin yolg‘izligimda hech qachon.

Tojikiston, Tojikiston,
Borlig‘ingga bir emas, ming qatla shukr,
Harna tegsa menga bas, ming qatla shukr,
Menga sarvat ber demayman,
Menga savlat ber demayman,
Ona yurtimsan,
Kifoya yashnasam bag‘rim to‘lib,
Ne saodatdir yashash xoru xasingga teng bo‘lib.

Tojikchadan Jonibek Quvnoq tarjimasi

AYNIY HAYKALI

Xalqning jonu tanidin ul ko‘tardi qomatin,
Aning haykaliga jism bo‘ldi-yu, bo‘ldi bedor tog‘.
Haykal birla yuzma-yuz, hayratdamiz boqqan sayin,
Ayniy timsolida bo‘ldi xalq uchun minbar tog‘.

Haykal-ku, bu — ma’rifat, aqlu zakovat hukmidir,
Toshda shavkat, shonni ko‘r-u, bunda tosh tug‘yonni ko‘r.
Kim unga termulsa gar Firdavsni ko‘rgandek bo‘lur,
Go‘yoki kelbatli Rustam Raxsh uzra o‘ltirur.

Doxundalar davlatin dilda mujassam aylagan,
Neki bor xalqi tilida, qalbida ham boshida.
Men xayol etmoqdaman: kim el uchun bo‘lsa fido,
O‘z eli kaftidadur… Ta’zimdadur xalq qoshida.

Xalq g‘amida umrini sarf etdi Ayniy xomaga,
Chun uning har bir asari teng shahodatnomaga.
Har asarda aks etar sarmanzilimiz, tongimiz,
Ul kitoblar nurida yoyildi qutlug‘ nomimiz.

Garchi Ayniygacha ham so‘z daryosi serob edi,
Tashna xalqqa bir aning shoxobi ham noyob edi.
Vaxsh, Zarafshon bo‘yida ellar yashar erdi va lek
Qatra suvga zor edi, chunki zamon girdob edi.

Yosh kelar ko‘zimga qaynab, Panjrudda ne choq,
Rudakiy nomidan ham nom bormidi gumdonroq?!
Titsa faranglar Somoniy ahlidan noyob asar,
Izlaganday erdi o‘g‘rilar Buxoro ichra zar.

Tojik elin birma-bir dur donalardek topdi u,
Eski qo‘lyozma kabi vayronalardan topdi u.
Tojikiston hamda har tojik aning ash’oridir,
Xalqining bedorligidan tunlar u bedordir.

Rudakiy she’r bobida yakto edi, ziyrak, zakiy,
Ammo Ayniy mehri-la olamni kezdi Rudakiy.
Tabobat dunyosi ichra bo‘lsa ham Sino chaqin,
Ayniy himmat hikmati etdi ani xalqqa yaqin.

Garchi shoir ahliga xaq so‘zni yetkazgan edi,
Gavhar shaklida tizib u xalqqa tutqazgan edi.
Olamga keltirgay mardum zukko farzonani,
Ayniy farzonaligin xalqiga o‘tkazgan edi.

Shukrkim, tog‘ parchasi jismiga jism bo‘ldi aning,
Qomatini tik tutar, go‘yo u davr surmoqdadir.
Tojik xalqin piridir, nuroniy chol holida u
Tojikistonning madori-la javon turmoqdadir.

Bu makonda biz yasharmiz, biz yasharmiz toabad,
Toabad kelmasin duch haykal malomat toshiga.
Yil o‘tar, yillar o‘tar, o‘tmog‘idin ne vahm?
Bosh egishni kanda qilmas vaqt haykal qoshida.

MAKTUBLAR

Sening maktublaringni
Uchirdim havoga qushlar misoli,
Toki bahorgi bulutdek to‘lib,
Yog‘sin ular ko‘kdan quyilib.
Bulut tepaliklar uzra yig‘lasin,
Yig‘lasin chashmayu daryolar uzra,
Mening hayron holim bo‘lib yig‘lasin.

Shamollarga kecha men uzoq
Sen haqingda qildim hikoya.
Xotiralar tilga kirgan choq,
Misralar — sel, bilmas nihoya.

Hikoyamni so‘zlasin sahrolarga shamollar,
Hikoyamni so‘zlasin daryolarga shamollar.
Maydalagan yomg‘ir ostida
Butun kecha o‘y surib yurdim.
Sochlaringga o‘xshatdim juda,
Tomchilarni asta siladim.

Lablaringda qolmagan bo‘sa izlarin
Yo‘l yoqalariga,
Ariq bo‘ylariga
Ekib bordim yurgan yerimda.
Toki, qadam bosgan joylarim —
Yo‘l yoqalarida,
Ariq bo‘ylarida
Gullasin bo‘salar qoqigullardek,
Hid taratsin yalpizlar yanglig‘.

Shu kecha to‘xtamay yomir quyildi,
Daryo toshdi o‘zanga sig‘may.
Shu kecha menda yolg‘izlik kechdi,
Yolg‘izlikka turardim sig‘may.

Kecha yoqqan bulutlar chunon
Yashnatib yubordi zaminni.
Izlaringdan qolmadi nishon,
Yuvdi mening qalbdan g‘amimni.

Ko‘chalarda sarxush kezdim shu oqshom,
Saydini yo‘qotgan sayyoddek tamom.
Bu kecha olam g‘arq edi suvga,
Osmon g‘arq edi,
Zamin g‘arq edi.
Men-chi, sening noming takrorlab
Tashnalikdan quruqshab labim,
Singib borardim yomg‘irlarga.

DIL YoNADIR

Dog‘u alamingdan dam-badam dil yonadir,
Iqbol cho‘g‘i yonmasa ham, dil yonadir.
Ishq-la ko‘zimni ochmagay erding koshki,
Ochilgan ko‘zimda qatra nam, dil yonadir.

G‘amu shoddigingdan lim-lim to‘ldi yuragim,
Guldek ochilib, dur kabi bo‘ldi yuragim.
Ishqing o‘lmadi, tirik o‘ldi yuragim,
O‘lgan yuragim menga alam, dil yonadir.

Ko‘yingda yurak qon yutar, qon behuda,
Muruvvatingni sanadim, son behuda.
Topshirdim muhabbatingda jon behuda,
Jonsiz qoldi, afsus, bu tanam, dil yonadir.

Tor kelsa agar g‘aming bila keng olam,
Sarsari kezib olaman daftaru qalam.
Daftaru qalamdan olaman shunda alam,
Hayf ketdi-ya shu daftar-qalam, dil yonadir.

Tikan zaxmidin ozor chekdi-yu tan,
Ozorim bo‘lib, so‘rmading bir hol mendan.
Bo‘lding menga olam, bo‘lmading lek yaktan,
Cheksa ham hasrat-alam, dil yonadir.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

XOTIRA

Labimda lablaringdan bo‘sa-bo‘sa xotira qoldi,
Tilimda tillaringdan qissa-qissa xotira qoldi.

Ko‘zlaringga boqib ko‘zdan yoshlar to‘kdim ming kosalab,
Ushbu holdan ko‘zlarimda kosa-kosa xotira qoldi.

Yo‘lingda termulib kechgan zor-intizor onlarimdan
Xotiram maysazorida maysa-maysa xotira qoldi .

Hijroningda yonib kuyib ado bo‘lgan yuragimda,
Alamlardan asar bo‘lib g‘ussa-g‘ussa xotira qoldi.

Seni qo‘msab necha yillar sarson yurib ishq dashtida
Horib toldim, vale, dilda hissa-hissa xotira qoldi.

Xulosa, ul mo‘rcha miyon hamda o‘tlug‘ og‘ushingdan
Tamomi borlig‘imda xosa-xosa xotira qoldi.

Hasanboy G‘oyib tarjimasi

ShOIRU ShE’R BOR EKAN TO…

Pablo Neruda xotirasiga

She’r yozib shoirligidan noshod kim,
Men bilmadim.
Lek g‘azalsiz, yangi she’rsiz qolsa bir kun lablarim
Qurib qolgan chashmalarning lablaridek qaqragay,
Shunda hech kim men kabi qon bo‘lmagay.
Ming shukur ul fursatgakim,
Oqsa jigardan toza bayt,
Men shu baytlar qoshida beshik
Quchgan ayoldek shodman.
Men go‘yo erkka erishgan
Mahbus kabi ozodman.
Dard ila dunyoga kelgan,
She’r go‘dakka shukronalar.
Har kuni Navro‘z, agar millat va xalq
Shoiri dunyoga kelgan
Kunni bayram qilsalar.
Shoiru she’r bor ekan to,
Bor mudom g‘amxor kishi,
Xira ranglar she’r ila jilva qilur,
Tashna qolgan siynalar ham nurga qonur.
Shoiru she’r bor ekan to,
Ishq bor,
Shafqatu armon bor,
Ya’ni har beshik boshida onalar
Mijja qoqmay tong ottirar,
Siynada sut, labda esa alla bo‘lar.
Xalq izzati Neronu Iskandar-la mas,
She’r qadriyu shoirlarin shoni bilan.
Shoir ulkim har latif so‘z-ganjni
Olsa uzib misli konchi bag‘ridan,
Olsa tandan go‘yo parcha jonni uzib.
Shodiyona, qayg‘uli onida xalq
Ochar shoir daftaru devonini.
Dardli shoir yuz yilda bir bunyod bo‘lar,
Shoirni ham boylik kabi yo‘q qilmoq oson,
Yo‘qolganni topib bo‘lmas hech qachon.
Asl shoir kech tug‘ilgay, bu jahonda
Shoir umri garchi uzoq emasdir
Hofiz umrin yashab ko‘rmoq ham havasdir.
Kim istamas yil emas, bir soat hatto
Yashab shoir kabi,
Shoir kabi o‘lmakni?
Qolmagay shohona ishlar xalq tilida,
Ammo shoir baytlari xalq dilida.
Badbaxt bo‘lay, mayli, lek shoir bo‘lay,
Sarsaxt bo‘lay, mayli, lek shoir bo‘lay.
Roziman Sa’di Salmondek
Shoirligim-chun ayblab chohu zindon qilsalar,
She’r qotsin lablarimda,
gar toshbo‘ron qilsalar.
Taqdirim bo‘ldi mening shoirligim,
Ne uchun bedard bo‘lay,
toki bordir olamda dard?
She’r yozar onimni menga
Ranji shirin, ranji shirin.
Yolg‘on aytsam bir so‘zim, boshim tovon.
Bosh bahosi hech narsadir, bu xato,
She’rda qilsam gar xato ranjin chekay,
Bu dunyodan Ro‘dakiydek ko‘r ketay.
Roziman o‘lmakka ham,
Qo‘ymasinlar tuproqqa ham, lek
Men qo‘limda she’r-la o‘lgayman,
Men bo‘g‘zimda she’r-la o‘lgayman.
Elu yurtim birla qolgayman.
Elu yurtim birla qolgayman.

Jamshid tarjimasi