Yovan Zmay (1833-1904)

Zmay (asl ism sharifi Yovanovich) Yovan (Јovan Јovanoviћ Zmaј; 1833.24.11, Novi-Sad, 1904.3.6, Kamenitsa, Voyevodina) — serb shoiri. Ijodida milliy vatanparvarlik mavzui asosiy o‘rinni egallaydi («Vila», 1858; «Uch gayduk», 1866; «Baxtsiz ona», 1871 va b.).
Zmay hajviy she’rlar ustasi («Yog‘och qasidasi», 1878; «Serbiyadagi yangi saylovlar», 1884 va b.). Serb she’riyatida birinchilardan bo‘lib serb dehqonlari va shahar qashshoqlarining nochor hayotini tasvirlagan («Uchinchi ulush», 1880; «Sudxo‘r», 1881 va b.).
Zmayning «Atirgullar» (1864), «So‘lg‘in atirgullar» (1882) to‘plamlariga kirgan she’rlari serb romantik she’riyatining eng yaxshi namunalari sanaladi. Zmayning ayrim she’rlari Xurshid Davron tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1989).

TARIXDAN

Allaqaysi ministr
Allaqaysi davlatda
Dedi:- Biz xalqimizni
Qisib qo‘ydik devorga!

Butun bir xalq eshitdi
Ministrning so‘zini,
Ochirmasdan qo‘ygandi
Zulm xalqning ko‘zini.

Xalq bilmasdi: Ne qilsin?
Shunda keldi bir ovoz —
Devor dedi:- Ortda men,
Demak, ey, xalq, olg‘a bos!

Shunda zanjirni uzib
Xalq oldinga tashlandi
Va o‘rtada juda zo‘r
G‘alayonlar boshlandi.

Xalq oldinga tashlanib
Misli g‘addor sher bo‘ldi,
Ministr qo‘rqib ketib
Erga cho‘zilib o‘ldi.

Zulm chekindi, yo‘qoldi,
Yitdi xalq yurak dog‘i.
Mening so‘zim emas, bu
Tarixning bir sabog‘i.

Odamlar necha marta
Bu chorani tanlashgan:
Devorga qisishganda,
Ular olg‘a tashlangan.

Ministrlar to hanuz
Qo‘rqishmaydi bekorga,
Agar ona xalqini
Tirab qo‘ysa devorga…

* * *

Sen unutma, yodingda tut,
Ne aytsam senga:
Serb qizisan, serblarga xos,
Demak, boq menga.

Bu umrimiz – yashil daraxt,
Kulrangli bulbul.
Bu daraxtning panohida
O‘sdik misli gul.

Ammo bugun bu daraxtni
Qurtlar kemirar,
Shu sababdan tushlarimga
Qon va jang kirar.

Har kun, har dam, har daqiqa
Boshlanajak jang
Va botirlar jangda yovning
Holin qilar tang.

Ozodlikning kuni balqar
Qon to‘kilgan dam,
Bu jangohga eng birinchi
Kirarman men ham.

Sen azizsan, vafodorsan,
Ammo jang chog‘i,
Begonadir bo‘sa toti,
Yorning quchog‘i.

Jangda serblar hurlik uchun
To‘ksa qonini,
Tavof ayla, qurbon bo‘lgan
Erlar jonini.

Ishon, men ham serblarday dov
Kirarman jangga…
Sen o‘chimni olar o‘g‘il
Tug‘ib ber menga.

* * *

Men sening qoshingga keldim,
Tonglaring otsin, dedim.
Ammo, dardga to‘ldi ko‘ksim,
Hislarim qoldi yetim.

Ayriliqmi yo bu dam?
Sen visolni yodda tut.
Chekmagin ranju alam,
Sen unut, meni unut.

Ko‘zyoshim oqmas manim,
Yig‘lamaslik ko‘p qiyin.
Senu meni kom yutar
Ko‘zyoshlarim oqqan sayin.

Qo‘y, hadeb cho‘zma qo‘ling!
Sen hali yoshsan, sanam.
Men uchun do‘stdir o‘lim,
Hasratu g‘amu-alam.

Istagim: yoshli ko‘zim
Do‘zax o‘tin tuygan sayin
Vijdonu ishqning so‘zin
Toptashlarini ko‘rmayin.

Bu ochun – qora qafas –
G‘am ila hasrat uyi.
Baxt emas, quvonch emas,
Yangragay faryod kuyi.

Sen manim boshimdagi
Kunlarni ko‘rma hech qachon.
O, pokiza, o beg‘ubor
Qalb egasi, bo‘lgin omon!

* * *

O, ko‘rsaydim bir bor qo‘llaring!
Qanday aziz edi bu qo‘llar
Va juda ko‘p go‘zal gullarni
O‘stirgandi tegramda ular.

Ber kaftingni, qo‘limda tutay…
Bilsang, dilda ortarkan ohim
Qo‘llaringni men panoh etay,
Ular bo‘lsin mening panohim.

Ayri tushib so‘nggi kuchlardan,
Charx urganda boshimda o‘lim.
Men qo‘lingni qattiq ushlarman,
Shunda meni qutqarar qo‘ling.

* * *

Nega menga g‘amgin boqurlar,
Bilganlari g‘amu faryoddir.
Yosh to‘kganim ko‘rmadi ular,
Hasratim ham ularga yotdir.

Dil talpinib yotganini,
Yurakdagi g‘amu-hasratni
So‘ylamadim hech kimga, ammo
Nega ular ayarlar meni?!

Qoshlarida tiz cho‘kmadim-ku,
Urmadim-ku mushtlab ko‘ksimni!
Dilda qoldi eng achchiq tuyg‘u,
To‘ldirmadim yoshga ko‘zimni.

Kulgungizni sezdim men faqat
Va angladim sizga boqqan on:
Ko‘ksimdagi bu so‘lg‘in gullar
Sizni hayron etmoqda, hayron?!

Qattol davr! Gunohimdan o‘t.
Ko‘r, bu qo‘lda tutgan gullarni.
Yulib oldim yorim qabridan
Ayamasdan bugun ularni.

Garchi ular tirikdir, biroq
G‘ijimlayman tag‘in-da, tag‘in.
Qabristonning bu gullarini
Kitobimga tashlayman g‘amgin.

* * *

Qog‘ozlarning ichida yotgan
Kitobimning qatidan birdan
Topib oldim eski she’rimni –
Gul topgandek qor bosgan yerdan.

Bu she’rimda ilk muhabbatning
Saodati, baxti jo edi,
U quvonchim haqda so‘ylardi,
U ilk tuyg‘u jarangi edi.

Tirik edi unda yosh dilda
Uyg‘ongan pok, jannatiy so‘zlar,
Umid tog‘i sochgan shu’ladan
Yurak tori bu she’rda bo‘zlar.

Qoshimda sham yonib turardi,
Tushar edi qog‘ozga nuri.
Men she’rimni olovga tutdim,
Olov yamlay boshladi she’rni.

Bir daqiqa lov etdi uchqun,
Bir daqiqa barq urdi gulday.
She’r yondirdim unutmoq uchun,
Ammo so‘zlar qolgandi kulda.

Men o‘qirman yurak ohlarin,
Har bitta so‘z baxtdan ovoza
Men o‘qirdim ne-ki bor edi
Hozirgina yongan qog‘ozda.

Demak, dilda yashagan ishqni
O‘lim kelib tortib ololmas!
Hatto yonib ketsayam qog‘oz,
Kuldayam ishq so‘zi yo‘qolmas.

Qutlug‘ hislar bo‘lmagay xarob,
Dilda tirik har bitta ohim.
Oh, sen she’rim, ey, olis sarob,
Kuldir mening butun boyligim.

* * *

O‘lim, o‘lim, o qattol o‘lim,
Yorimni deb keldingmi, nahot?!
Yalinaman, cho‘zmagin qo‘ling,
Dilni g‘amdan aylagin ozod.

O‘lim dedi: Azaldan dillar
Birligini kelaman buzib.
Ammo sizning orangizdagi
Birlikni hech bo‘lmaydi uzib.

Faqatgina bu birlik nomin
O‘zgartirdim, aylamay xarob:
U muhabbat deb atalardi,
Endi uning nomi: iztirob.

* * *

O, ko‘zlari yulduzdek ravshan,
Tun kelmoqda tegrani qurshab.
Sen ko‘ksimga boshingni qo‘y-da,
Eng pok orzu, xayolni o‘yla.

Nega bungcha g‘amlisan, erkam?
Meni qattiq qucha qol bu dam –
Aytgin, meni quchgan bu kezlar
Dillarimiz ne haqda so‘zlar?

Tushlarini aylarmi bayon,
Yo hurlikdan o‘qirmi ertak,
Yo umiddan aytarmi doston,
Yo kechmishni aylarmi ermak?

Senga bular barchasi ayon,
Senga yetar dil chekkan har oh –
Yuzlaringga yugurgan bu qon
Va ko‘zyoshing – so‘zimga guvoh.

* * *

“Sen ozod et, meni qo‘y ber,
Uchmoq istayman,
O‘tloqdagi ol gulimni
Quchmoq istayman.

Qo‘y ber, bahor faslin ko‘rib
Uchay misli qush” –
Shivirladi menga tungi
Sokin bir tovush.

“Tun uzundir. Mayli, uchgin,
Qush kabi uchgin.
Seni ushlab turmoq uchun
Etmaydi kuchim.

Faqat g‘amni yashir yorning
Ko‘zidan pinhon.
Hasratimiz va ohimiz
Bo‘lmasin ayon”.

“Yo‘q, u g‘amni bilmas hanuz,
Begona faryod.
Ipak libos kiyay, g‘amim
Unga bo‘lar yot.

Men qo‘shiqqa aylanarman,
Toki bu vido
Iztirobim ekanin yor
Bilmasin hatto”.

Xurshid Davron tarjimalari