Vasko Popa (1922-1991)

Vasko Popa (serb. Vasko Popa; 29 iyul 1922, Grebenats, Serbiya — 5 yanvar 1991, Belgrad, Serbiya) — kelib chiqishi rumin bo‘lgan serb shoiri.

AKS SADO

Bo‘m-bo‘sh xona –
Qotib qolgan vaqt,
Ichimga berkina boshlayman.
Akillaydi menga qarab shift,
Va men unga suyak tashlayman.

Torayib keladi burchaklar,
Gilam bosh ko‘tarar baqirib,
Huradi, horiydi devorlar,
Suyak-la siylayman har birin.
Suyak-la siylayman har birin…

Bo‘m-bo‘sh xona –
Uvillaydi vaqt.
Bo‘m-bo‘shman, ustixonim qolmagan!
Yuzlab javoblar-la hayqiriqqa joman.

Qaytaraman!
Qaytaraman!
Qaytaraman!
Aks sado o‘lmagan!
O‘lmagan!
O‘l-ma-g-a-a-n!

SUHBAT

Ayt, nega voz kechib nafis oqimdan,
Pishqirib boryapsan toshmoqqa mahtal,
axtar sohilingdan chiqmoq yo‘lini,
devorlar tirsillab ketsin yorilib,
Senga qanday cho‘zay yordam qo‘lini –
Qayerdan chiqarib yuboray Erkka?
Qonim-ay, ozodlik istaysan,
yo‘q-yo‘q!
Sen o‘pich kutyapsan quyoshdan
ammo,
Buning oqibatin bilmaysan hamon, yomon,
Kul bo‘lar, kul, Quyoshning labi!
Tushungin, men seni tushungan kabi.
Tashlanma. Og‘irlab boryapman, toki
Engilmasdan yengil uchgil halinchak,
Va beshak,
aylangan boshim misoli,
bo‘g‘zimdan qaytguvchi yoshim misoli
charxpalak bo‘lasan vujudim uzra.
Izlan…
Meni izla…
Bilaman,
erk berdim erksizligimga,
Daxl etib sarhadli cheksizligimni
Chaqib borayotgan alvon ilonim.
Oqaver, har qancha o‘zingga tomon,
To‘xtama!
Davom et,
davom et,
davom!

HIMOYa

Ko‘zlarimga diqqating qarat,
Olovlarni ko‘mganman
qaynoq
Kulgularing atirgulini
lablaringdan olaman uzib.

Men sohilga aylanyapman, boq,
Ko‘nglingdagi ilk bahor uzra,
Hatto, quvonch ko‘zyoshlaringda
tomchilarning sarhadi menman.

Erkinligim shundan iborat.
Ijozatga tushmaydi izim,
Haqiqatning barmoqlari-la
taftish qilib o‘zimni-o‘zim
Dildan
dilga o‘tib boraman.
Himoya qilaman,
Ko‘zlaringdagi
osmonning eng kichik darchasigacha.
Zaminning kaftimiz ichra chizilgan
parchasigacha…
Qara,
Navqiron olmalar quvonchi sinar,
To‘kilar bulbulning qo‘shiqlaridek,
Bo‘g‘zingni arralab borar jazava.
Kesilgan daraxtlar taxlamlarini
Ortmoqlab borarkan yog‘och arava.
Bir chora topaman! Zora topaman…
Hech kimga bermasam ko‘zing shamsini.
Bularning bari
ho-ov ochlik mahali
burda non misoli azizdir menga.
Mudofaa saqlarkan toki jonimni,
Emayman, hech kimga bermam nonimni!

Rus tilidan Nozima Habibullayeva tarjimasi