Vladimir Alekseevich Solouxin (14 iyun 1924, Alepino qishlog‘i, Vladimir uyezdi, Vladimirskaya guberniyasi — 4 aprel 1997, Moskva) — rus shoiri va yozuvchisi, «qishloq prozasi»ning atoqli vakillaridan biri.
ASSALOM
Yo‘lda nogoh duch keldik ikkov,
Men va oddiy dehqon ayoli.
Elkasini qoplab turardi
Sipogina odmi ro‘moli.
Tor so‘qmoqdan berdim unga yo‘l,
Tizzamgacha botib men qorga.
Ta’zim etib bir-birimizga
– Assalom! –
dedik qovushtirib biz qo‘l.
Salomlashsa notanishlar gar
Axir, buning nimasi yomon.
Salomlashdik atigi bizlar,
Boshqa bir so‘z deganimiz yo‘q.
Nur ko‘paydi olamda go‘yo,
Go‘yo hayot bo‘ldi shirinroq.
– Assalom! –
Bor edi-ku, shunday xush udum,
Salom-alik, ta’zim-tavoze.
Yo‘qoldi bu udum shaharda.
Chunki ular Gorkiy ko‘chasi
Yoki GUMda ivirsib yurgan
Olomonga
Yoxud sen bilan
Teatrga kelgan kishilar
To‘dasiga ta’zim qayoqda.
– Assalom! –
Ya’ni omon bo‘ling,
Ezguliklar yor bo‘lsin sizga!
Assalom! Men sizni
Uchratdim ilk bor.
Axir, men odamman.
Axir, siz odam,
Bir zaminning farzandlarimiz.
Keling, do‘stlar, omonlashaylik.
Yo‘l beraylik bir-birimizga.
(Agar yo‘lda bo‘lsa hamki qor.
Agar yo‘lda bo‘lsa hamki loy)
– Assalom! –
Shu bir so‘zni sizga aytgan chog‘:
Ko‘nglim bo‘lar tog‘!
QO‘ShIQChI
Dala uzra bir qo‘shiq yangrar,
Yo‘llar osha uchar bir navo.
Sho‘x jaranglar mayin jaranglar,
Dilnavozu dilbar, dilrabo.
Shunday tiniq, shunday beg‘ubor,
Shunday sozki, yo‘qdir qiyosi.
Xayolimni yetaklay boshlar,
Dilni tortar ohanrabosi.
Gulga manzar yashil ko‘katlar,
Tong yulduzin eslatar shabnam.
Xurram navo qush kabi uchar,
Kuyga asir bo‘lar subhidam.
Hasratli dam va shavkatli dam,
Ilk novda va ilk qor jilvasi.
Boshoq hidi – hamma-hammasi
Shu qo‘shiqda go‘yo jamuljam.
Qo‘shiqchini bilaman ko‘pdan,
Tanimasam koshkiydi, hayhot.
Fil yasaydi mudom pashshadan,
Shaytonga dars bergan turfa zot.
Qo‘rqoq, g‘ayir, kekchi va kinchi,
Ko‘zi olazarak va ayyor.
Eng yaqin do‘stin-da, o‘tkinchi
Havas uchun sotishga tayyor.
O‘zi sotib, chang solib baxtga,
O‘zi kelar kechirim so‘rab.
Hayot qanot berar kalxatga
Gul o‘stirar botqoqda, yo rab.
Qo‘shiqchining ovozi boshqa,
Dili boshqa. Bu qanday fusun?
O, Adolat, qora balchiqqa
Zarni nechun tashlaysan, nechun?
Erkin Samandar tarjimasi