Valentin Berestov (1928-1998)

Taniqli rus bolalar shoiri. Kaluga viloyatining Meshovsk shahrida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. 1942 yil, Ikkinchi jahon urushi paytida Berestovlar oilasi Toshkentga evakuatsiya qilinadi. Valentin Toshkentda Anna Axmatova, keyinroq Korney Chukovskiy bilan tanishadi. Ular yosh shoir ijodiga qiziqish va e’tibor bilan qarab, uning taqdirida muhim rol o‘ynashadi. 1944 yilda Berestovlar Podmoskovega ko‘chib ketishadi. Moskva davlat universitetining tarix fakultetini, Etnografiya institutining aspiranturasini bitirgan Valentin Berestovning keyingi taqdiri yana O‘zbekiston bilan bog‘lanadi. U Xorazm viloyatida arxeologiya ishlari olib borishda qatnashadi, ayni chog‘da bolalar uchun o‘ndan ortiq asarlar yaratadi.

BOLALAR VA GULLAR

Qanday chizsa bo‘lar bolaning rasmin?
Birdan qochib qolar uyga qizaloq.
O‘g‘il bolalar-ku toqatsiz asli.
Cho‘tkasin bo‘yoqqa rassom botirib,
Ertak aytib berar, solishar quloq
Va shunda bolalar jilmas o‘tirib.

Qanday chizsa bo‘lar, ayting gul rasmin?
Axir, u qochmasdan turar, harqalay!
Shamolda raqs tushsin, taratib isin,
Yashnab o‘saversin, gurkirab so‘lmay.
Uvol qilmas rassom hech mahal yulib,
Kutsin asalari yo kapalakni
Va termulib boqsin quyoshga kulib.

* * *

Yoqtirarlar seni hech bir sababsiz,
Shunchaki, nabira bo‘lganing uchun.
O‘g‘ilsan, suydilar ortiqcha gapsiz,
Ulg‘ayganing, kuchga to‘lganing uchun.

Ota-onang sevar o‘zin suyganday,
Ularga o‘xshaysan quyib qo‘yganday.
Bu mehru muhabbat tayanch bo‘lajak,
Kulib boqar senga baxtli kelajak.

TINChLIK

“Tinchlik” so‘zi bo‘lmasmidi, ehtimol,
Basharti batamom yo‘qolsa urush.
Shunda bu jumladan endi bemalol,
Anglanardi hayot, shunchaki turmush.

Ha, faqat bolalar oqil, bilimdon,
O‘ynab “urush-urush” toshib zavq-shavqi,
Yuguraverishdan charchashib bir on,
Eslardilar, uni shahidlar haqqi.

HINDU

Hindu bo‘lib uyg‘ondi u! Hammaga salom!
Qayeri kam Chingachgukdan, Gayavatadan.
Qani ukpar bosh kiyimi? Qilmasmi alam.
Gayavata kabi turar karavotidan.
Zag‘cha, zog‘lar chug‘urlashgan keng to‘qayzorda,
Qizilishton mo‘ljal qilgan qarag‘ayzorda…
Qanday patlar topilmas-a, bor istaganing!
Va kun o‘tdi shirin tushday, xotira zo‘r-da,
Ko‘z oldingda hinduga xos pat izlaganing.

PARVOZ QIL

Tong chog‘ida ona qush,
Shaylar palaponini
Ilk parvozga, erkalab,
Berib jismi-jonini:

– Ana – temir raketa,
Uchar qaydan-qaylarga.
Qo‘rquv nima bilmaydi,
Etar yulduz, oylarga.

Zilday og‘ir samolyot,
Osmonda uchar mag‘rur.
Namuncha cho‘chimasang?!
Qani sendagi g‘urur?

Oppoq parquv bulutlar,
Suzishar biram yengil.
Sen ham ucha olasan,
Polvonim, qo‘ysang ko‘ngil.

Nomuslarga qoldirma,
Bolam, cho‘chishni bas qil.
Agar chindan qush bo‘lsang,
Qo‘rqmay dadil parvoz qil!

IBTIDOIY ODAMLAR

Deraza pardasin shoshmay mahkamlab,
Karavot tagiga berkinib birrov,
Akam bilan toshni toshga ishqalab,
Kelishdik uchqundan yoqishga olov.

Yo‘q, bu joy uy emas, ibtidoiy g‘or,
Timqorong‘i kecha, kun emas hozir.
Momaqaldiroq bu chaqmog‘i ham bor,
Shu bir juft chaqmoqtosh tilloga arzir.

O, bebaho uchqun – mehnatga hamroh!
Eng avvalo, yoqding olovni emas.
Idrok nuri bilan yoritib, evoh,
Kimningdir qalb ko‘zin yashnatding sen, bas.

Na shimol bug‘isi, na sodiq ko‘ppak,
Qo‘lga o‘rgatilgan na ot, na mushuk.
Insonga bo‘ysungan chaqmoqtosh, demak,
Ilk bor olov kirgan va ochib eshik.

XAYoLPARAST

O‘tiribman baland daraxt shoxida,
Razvedkachi sezsam o‘zim gohida.
Yoinki machtadan termilib uzoq
“Er!” deb qichqirishga tayyorday shu chog‘.
Daraxt tebransa ham tinchim buzmaydi,
Hech kimsa, hech bir zog‘ meni sezmaydi.
Daraxtda – balandda oyoq uzatib
O‘tirgum hammani bir-bir kuzatib.

IKKIMIZ

O‘rmon so‘qmog‘idan birinchi sinfga
Boramiz, quvonchim sig‘mas ta’rifga.
Har yondan ilashar o‘rgimchak ini,
Archalar sochadi ignabargini.
Tikan bo‘lib ketar yelkalarimiz,
Shapkamizu hatto sumkalarimiz.
Men qo‘shiq aytaman baland pardada,
Qo‘shni qiz chalg‘itsam, axir, harna-da.
Mardligu matonat, janglar haqida
Osmonu yorug‘lik, ranglar haqida.
Qishloq chetidagi aziz maktabda,
Kutar har xil yumush, do‘stlar shu tobda.
Ohista olasan sumkang qo‘limdan,
Anglab bo‘lmas tuyg‘u kechar dilimdan.
Sen bilan o‘rmonda hozir yonma-yon,
Uzoq sayr qilgim kelar bearmon.
O, qanday holat bu, o‘ylamagandim,
Ilgari hech bunday kuylamagandim.

Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi