Romul Yeliseev 1971 yilda Bokuda tug‘ilgan. Moskvada yashaydi.
* * *
Sog‘inchdan yig‘lamasin mayli musiqa;
Ixramasin sozda kamoncha ham, bas.
Faqat g‘ariblarning ohi haqiqat,
Arshga shom namoz chog‘ o‘rlasa bir pas.
Menikimi bir cho‘g‘ Izmer tunida,
Samarqand quyoshidan atalgan in’om.
Chorjo‘y qovunlari isi mast qilgan,
Buxoro husayini rangiday kalom!
Mengami shu xazina, yot ellarniki!
Ko‘ksimdan bir boshqacha uchmoqda duo.
Bugun ul dilrabo Noz – boqmasa hamki
Shoyi chodrasini tushirmasa ham ravo.
Mayli bilakuzuklar bezasin chandon,
Oychehra Nilufarim qo‘llarin gul-gul.
Bangi chilimini o‘t oldirajak xandon,
Qaysar Go‘zal kibriyaoyimga men qul.
Faqat yolg‘iz qolmoq haddan dahshatli.
Jome’ gumbazlariday panohbon neki.
Meniki Xotami anbiyo so‘zi hikmatli,
Feruza Sharq osmonlari ko‘ring, meniki.
Faqat shamol suron bilan shitob esadi
Qismat boshida quturgan yirtqich turlanar.
Goh yovvoyi qoplon kabi tashna kezadi,
Goh qoyalar aro, kimningdir arvohiday sirg‘alar.
Istambulning dev, adashar jinko‘chalari
Go‘zallik-la uchrashmoqqa chiqishar bog‘lab navo.
Men bugun minoralar hayoti ila mag‘rur turib
Sening isming yarim kecha hayqiraman dilrabo.
Baxt haqida nimadir de keksa donishmand,
Bag‘rim vasvasadan uvada-xarob siyrat.
Aytishar-ku, yurt go‘zallarining dilband
Yuragida Alloh kalomi yashaydi faqat.
Deydilarki, ular misoli oq-oppoq tosh
Nushob qadahlarida doim shu’la taratib.
Sarxush davralarga hech bo‘lmaganlar sirdosh,
Tong nuri-da o‘pmagay manglaylarin porlatib.
Naqshlangan ilonlar qiyshanglagaylar holsiz,
Chekkalarida nozik marmar uzuklarining.
Nega ayting Ilohiyot qolgaymi bir on ojiz?
Nechun latofatlari o‘likmijoz ularning?
Faqat oqsoqollar-da berishmas bunga javob,
Qalbimda ular dardi berolmasa-da taskin.
Jannat ne’matlarning hech birini ham bu tob,
Layli qaynoq bo‘sasiga tenglashtirolmam lekin.
Hazarning shunchakimas har bir mavjli to‘lqini,
Shabodasi nigohdan go‘yo sirg‘alib o‘tar.
Men faqat nafs xohishin lazzatlarini,
Hech qachon alishmayman jinniliklaringga dilbar.
Sog‘inchdan yig‘lamasin mayli musiqa;
Ixramasin sozda kamoncha ham, bas.
Faqat g‘ariblarning ohi haqiqat,
Arshga shom namoz chog‘ o‘rlasa bir pas.
Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi