Nikolay Gatsunayev (1933)

Gatsunayev Nikolay Konstantinovich – rus shoiri, fantast yozuvchi va tarjimon. Xiva shahrida tug‘ilgan. Bolaligi Urganchda o‘tgan. Odessa chet tillari institutini tamomlagan. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti bosh muharriri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Uning «Haqqoniyat», «Alvon bulutlar», «Devqal’a», «Bolalik shahri» kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

XIVA

Qani ibtidong?
Qay asrdansan?
Olis kechmishingni
Ilg‘ayman arang.
Shartmi
Aniq bilmoq –
Qanday sirdansan?
Xiva.
Bir so‘z.
Shu bas.
Basdir shu jarang.
Sarson
Va sargardon
Birov…
Allakim…
Karvondan qolgandir
Qiynab dard,
Firoq.
Nomingni manguga
Taratgan,
Balkim,
Shu karvondan
Tushib qolgan
Qo‘ng‘iroq.
Balki quchib -kezib
Kezmoqdan bezib,
Bu qumlarda
Qutlug‘ bir hikmat sezib.
Bunda qurgan
sobiq ko‘chmanchi chodir,
balki
shundan noming
tarixga jodir?
Xotira
O‘rtanib chekadi nola.
Qadim lahjalarni
ilg‘aymiz arang.
“Xiva”
Der ekanmiz
Bizga havola.
Bu sirli pichirlash,
Sirli bu jarang
Nishonlardan nishon
Etgandir bizga.
Maftunmiz
Bilganlarki bilganning
Deylik,
Qanday qilib
Tarhini chizgan
qadimgi muhandis
Qo‘yqirilganning?
Ko‘pming yil muqaddam
Noma’lum kulol
Yasab ketgan
oddiy ko‘zaning naqshi
o‘zga sayyoradan
olingan misol –
shu qadar sehrli!
Shu qadar yaxshi!
She’r
mardlik
faromush bo‘lurmi sira,
pahlavon Mahmudmi
hech unutilar?
Qumda
To‘lqin-to‘lqin
Barxanlar uzra
Kezib yurar
Karvon-karvon bulutlar…
Nur taralar
Har bir moviy minordan
Har gumbaz – mangulik
Daraxtdan meva
O‘zimni topishga
Sen berding yordam.
Oldingda abadiy
qarzdorman
Xiva!

QAL’AJIQ

Osmon
ohor to‘kkan
yozning taftidan,
sarob jimirlaydi
boqsang tikilib.
Ulkan bir yoqutdek
sahro kiftida
mo‘ltirab mudraydi
Qal’ajiq ko‘li.
Jimjitlik.
Kaltakesak yelar
Misli o‘q,
So‘ngra yer bag‘irlab
dong qotib qolar.
Hayot so‘ngan
shinak —
ko‘zlarini lo‘q
qilib turar qadimiy qal’a.
Suv uzra qo‘rg‘onlar —
baland tog‘simon.
Bundan
o‘nlab asr muqaddam,
zotan,
Xorazmiylar bunda
turganlar posbon,
Vatanini asrab
balo-qazodan.
Ular
sahroyidek hamlakor, o‘ktam,
g‘azab o‘rnatganlar
nayza uchiga.
Ular na’ra bilan
jangga kirgan dam
kelgindilar dami
tushgan ichiga.
Qilichlar jarangi
chaqnatgan uchqun,
Quloqlar ostida
shamol tortgan uv.
Qilich sermab,
xuddi yeldirim — uchqur
zarba bergan ular
«Ur-ho!»
«Quv, ho, quv!»
so‘ngra atrof sokin,
so‘ngra atrof jim.
Ular g‘oyib bo‘lgan
o‘tmish qa’riga,
sopqondan tosh yanglig‘ tag‘in kelish-chun
lozim bo‘lsa
savash maydonlariga
Qal’ajiq…
paxsalar rahnalarida
shamol tinim bilmay
ishqirib* turar.
Yuksakda,
osmonning qa’ri-qa’rida
suzar uzuq-yuluq,
alvon bulutlar.
O‘tar ekan
boqmay inson ra’yiga
g‘amlar,
manglaylarning
sho‘ridan taxir,
asrlar
ustma-ust
qal’a poyiga
ko‘ldan to‘lqinlardek
tashlaydi bag‘ir.
Quyosh qaptalida
uchadi lochin,
baxsh etib yurakka
sehrli bir ruh…
Mening Qoraqumim,
eh, Qoraqumim,
Sen
o‘tmish haqdagi
samoviy anduh…
__________
* Ishqirmoq — Hushtak chalmoq (Xorazm lahjasi).

BURGUT

Yodgor bo‘lsin,
Menga burgut tuhfa et.
Baliqchisan,
Senga burgut ne darkor.
Oqchorloqmidiki,
suvga urib to‘sh
u chavoq ovlasa
sen bilan hamkor.
U — burgut.
Burgutning yo‘rig‘i bo‘lak.
Yirtqichlar holini
qilmoq istar tang.
Unda o‘zga shiddat,
O‘zga o‘t-yurak,
makoni —yuksaklik,
dasturidir — jang.
Burgutning yo‘rig‘i —
quyun!
bo‘ron!
ko‘k!
Quloqlarda — hushtak!
qanotlarda — yel!
O‘tinaman,
uni menga ko‘rma ko‘p,
burgutni sovg‘a qil,
ikkilanma, kel.
Men osmoniy xayol
sohibimasman,
er tashvishi, aksar,
kiftdan bosadi.
Lekin
yuksak-yuksak orzular — ba’zan
mening-da tepamda qanot yozadi.
Shunda men
burgutga qilaman havas,
sovg‘a qil burgutni,
iltimos, manga…
Ushlab turaman-da
uni bir nafas
qo‘yib yuboraman
so‘ngra osmonga!

Matnazar Abdulhakim tarjimasi