Simonov Konstantin (Kirill) Mixaylovich [1915.15(28).11, Peterburg — 1979.28.8, Moskva] — rus yozuvchisi va jamoat arbobi. Mehnat Qahramoni (1974). M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1938). SSSR Yozuvchilar uyushmasi bosh kotibi o‘rinbosari (1946—54), kotibi (1954—59; 1967—79), «Novыy mir» («Yangi dunyo») jurnali (1946 — 50; 1954—58) va «Literaturnaya gazeta», 1938; 1950-54) ning bosh muharriri. 2-jahon urushiga qadar N. Ostrovskiyga bag‘ishlangan «G‘olib» (1937), «Pavel Chyorniy», «Muz ustidagi jang» (1938), «Suvorov» (1939) dostonlari, «Chin insonlar» (1938), «Yo‘lda yozilgan she’rlar» (1939) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 1939 yildan urush mavzusi S. ijodining ustuvor yo‘nalishiga aylangan («Bir sevgi tarixi», 1940; «Shahrimizdan chiqqan yigit», 1941, pesalar). Urush mavzusi, ayniqsa, lirikasida katta mahorat bilan aks ettirilgan («Lirik kundalik»; «Sen bilan va sensiz»; «Front she’rlari», 1942, to‘plamlari). Simonov lirik she’rlardan tashqari, «Rus kishilari» (1942) va «Shunday bo‘lajak» (1944) pesalari, «Kunlar va tunlar» (1944) qissasini yozgan. Urushdan keyingi yillarda xalqaro munosabatlarning keskinlashishi Simonovning «Praga kashtanlari tagida», «Rus masalasi» (1946) pesalari hamda «Do‘stlar va dushmanlar» (1948) she’rlar kitobida o‘z ifodasini topgan.
Simonov nazdida urush nafakat kishilarning insoniy fazilatlari, ruhiy kuchi va irodasi uchun, balki davlat va siyosiy tuzum uchun ham dahshatli bir sinov bo‘ldi. Ammo, agar davlat ham, siyosiy tuzum ham tug‘ilish va o‘lishga mahkum etilgan ekan, yer yuzidagi birdan-bir abadiy qadriyat inson bo‘lib qoladi. Simonov ana shu aqidadan kelib chiqib, umrining so‘nggi nafasiga qadar urush va inson mavzusiga sodiq qoldi hamda «Quroldosh do‘stlar» (1952), «Tiriklar va o‘liklar» (1959), «Soldat bo‘lib tug‘ilmaydilar» (1964) va «So‘nggi yoz» (1971) roman-trilogiyasini yaratdi. Simonov shuningdek, «Begona soya» (1949), «To‘rtinchi» (1961, p’esa], «Vatan uzra dud» (1947), «Lopatinning yozishmalaridan» (1957), «Urushdan keyingi yigirma kun» (1972), «Biz sen bilan uchrashmaymiz», «Shaxsiy hayot, degin» (1978) va boshqa ko‘plab qissa, ocherk, publitsistik maqolalar to‘plamlari muallifi. Uning asarlari asosida filmlar suratga olingan. Simonov urush qatnashchilarining xotiralaridan iborat 2-jahon urushining ko‘p seriyali kinoyilnomasini yaratgan. 1958—61 yillarda Toshkentda yashagan. Oybek, Abdulla Qahhor va boshqa o‘zbek yozuvchilarining asarlarini rus tiliga tarjima qilgan, Mirzacho‘l haqidagi hujjatli film stsenariysini yozgan. Simonovning ko‘pgina asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
MENI KUTGIL
Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil, juda intizor,
Kutgil, yomg‘ir zeriktirganda,
Meni kutgil, yoqqanida qor,
Atrofingni harorat qoplab,
Eru ko‘kni chang tutganda, kut.
Boshqalarni uzatgan do‘stlar
Kechagina unutganda, kut.
Xat kelmasdan uzoq yerlardan,
Yuragingni qilganida qon,
Kutgil, senla birga kutganlar
Zerikkandan chekkanda fig‘on.
Meni kutgil va men qaytarmen,
Bo‘lsa hamki, ranging za’faron,
Yoring qaytmas, umidingni uz,
Deganlarga tilama omon.
Mayli, o‘g‘lim, singlim, volidam,
Aza ochsin men yo‘q tufayli.
Kutaberib sabri tugagan
Yoru do‘stlar, oshnolar, mayli,
Ayriliqqa berolmasdan tob,
Achchiq-achchiq ichsinlar sharob.
Ko‘zlaringga to‘lsa hamki, yosh
Faqat sen kut va ayla bardosh.
Meni kutgil va men qaytarman,
O‘limlarni qoldirib dog‘da.
Ishi o‘ngdan kepti desinlar
Kutmaganlar meni u chog‘da.
Yot tuyular kutmaganlarga,
Bunday ajib toleing saning.
Kuta-kuta meni ofatdan
Omon saqlab qolaolganing.
Qanday omon qolganligimni,
Yolg‘iz senga aytarman, sirdosh,
Kutaolding meni sen faqat,
Buyuk edi sendagi bardosh.
Hamid Olimjon tarjimasi
VATAN
Uch buyuk ummonning oralig‘ida
Shaharlarin yoyib yastanib yotur.
O‘ralgan mintaqa to‘rlari ila
Engilmas, beqiyos, bepoyon mag‘rur.
So‘nggi granatani qo‘lingga olib
Irg‘itmoqchi bo‘lib ko‘targan kezing
Ulgurmog‘ing kerak esingga solib
Ortda qolgan barcha kechmish izlaring.
Sening xotirangda sen kezib bilgan
Hozirgi kattakon mamlakat emas.
Bolalik chog‘ingda mehringni ilgan
O‘sha yurt nazdingda ko‘tarilar dast;
Uch qayin yashnagan bir parcha zamin,
O‘rmon ortidagi olis yo‘lni ham.
G‘ijirlab suzgan sol, sho‘x daryochani,
Yulg‘un, qum sohilni eslaysan shu dam.
Bizga nasib etdi shunda tug‘ilmoq,
Umrbod, o‘lguncha topgan yerimiz —
Shu parcha zaminda sertashvish, quvnoq
Butun mamlakatni qilish mumkin his.
Qahraton, bo‘ronda yashamoq mumkin,
Mumkin ochlik, sovuq, o‘limga bormoq.
Va lekin shovillab turgan uch qayin…
O‘lmay mumkin emas hech kimga bermoq.
Ma’ruf Jalil tarjimasi