Galina Klimova 1947 yilda Moskva shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Moskva Davlat pedagogika instituti geografiya-biologiya fakultetini, 1990 yili Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti qoshidagi Oliy Adabiyot kursini tamomlagan. She’rlari serb, bolgar, polyak, chex, arman, xitoy, golland tillariga tarjima qilingan. Moskva Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Drujba narodov” jurnali poeziya bo‘limi mudiri. “Yo‘qlab olingan maktub”, “Ko‘chirma gap”, “Havoning dastxati”, “Shimol-janub” kitoblari chop etilgan.
* * *
Ayonki, ertaga so‘z
Xarobadan hamda qishki kulbadan
Ichkaridan, kovakdan, mas’um burchakdan,
Fe’l, bog‘lovchi, ko‘makchilardan
Yuz o‘girib chiqib keladi.
Xiyobondagi bolalar kabi gala-gala
bo‘lib chiqar qirg‘oqqa,
Zeb-ziynatsiz, ortiqcha ko‘z yoki so‘zsiz
Musiqiy shar deya bilar dunyoni
Suvning havodagi mavhum dastxati:
goh metin, goh tubsiz –
Momoqaldiroqqacha, ko‘z yoshgacha,
shabnam labigacha to
Muhabbat va o‘lim muhri bosilgan.
* * *
Bu men ketganim yo‘q,
Sen ketmagansan.
O‘tiribsan metin oromkursida
Parashyutning yelpig‘ichli ipak qanoti
Mayin kun uchun.
Bu – kuz
Unut bo‘lib ketgan tilla so‘z.
Yo‘qolgan qog‘ozlar, yillik taxlamlar.
Bu sen parvozsizsan,
Bu men – sal-pal tirikroq
Ostonada qish bor –
Mukammal xato.
Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi